Microsoft Word +++Jinoyat huquqi Umum. Rustambayev 2006. doc
Takroran jinoyat sodir qilish deganda
Download 1.81 Mb. Pdf ko'rish
|
Jinoyat huquqi Umum.Rustambayev 2006
Takroran jinoyat sodir qilish deganda, xuddi shunday jinoyatni
ikkinchi, uchinchi va hokazo marta sodir qilish tushuniladi. Bunga jinoyat huquqi nazariyasida turli xil fikrlar bildirilgan. Xususan I.I.Gorelik «Uchinchi marta emas, balki faqat ikkinchi marta jinoyat sodir etilishini takroran jinoyat sodir qilish deb hisoblash kerak» degan fikrni bildirgan. 1 I.I.Gorelikning fikricha, bir xil jinoyatni uchinchi marta sodir qilinganda takroran sodir qilinmaslikka olib keladi. Takroran jinoyat sodir etish muammosini tadqiq qilgan ko‘pchilik olimlar ikkinchi va keyingi jinoyatlarni ham takroran jinoyat sodir etish deb hisoblaydilar. Respublikamizning amaldagi jinoyat qonunida ushbu masala o‘zining to‘g‘ri yechimini topgan. Unga ko‘ra shaxs aynan bir xil jinoyatni ikki yoki bir necha marta sodir qilganda ham takroran jinoyat sodir etish deb hisoblanaveradi. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 32-moddasida mustahkamlangan talabdan kelib chiqib, takroran jinoyat sodir etishning quyidagi belgilarini ko‘rsatish mumkin: 1) takroran jinoyat sodir etish bir necha jinoyat sodir etishning shakli bo‘lib, unga ko‘ra shaxs javobgarlikka tortiladigan aynan bir-biriga o‘xshash bo‘lgan ikki yoki bir necha jinoiy qilmishni sodir qiladi; 2) sodir etilgan qilmishlar jinoyat qonuni maxsus qismining aynan bir moddasida, qismida, kodeksda alohida ko‘rsatilgan hollarda esa turli moddalarida nazarda tutilgan qilmishlarni ham qamrab oladi; 3) sodir etilgan jinoiy qilmishlarning birortasi uchun ham shaxs sudlangan bo‘lmasligi; 4) jinoyat takroran sodir etilgan deb hisobanishi uchun ular turli vaqtlarda sodir qilingan va mustaqil jinoyat tarkibini tashkil qilishi. Bir shaxs tomonidan Jinoyat qonuni maxsus qismining aynan bir moddasida, qismida nazarda tutilgan ikki yoki bir necha jinoiy qilmishning sodir etilishi takroran jinoyat sodir etishning asosiy jinoyat huquqiy belgilaridan biri bo‘lib, bunda shaxs tomonidan sodir qilingan har bir jinoiy qilmish amaldagi jinoyat qonuni 14-moddasiga muvofiq, yagona mustaqil jinoyat sifatida baholanadi. Ushbu jinoyatlar mustaqil ravishda alohida kvalifikatsiya qilinadi va alohida sanksiyaga ega bo‘ladi. Shuning 1 И.И.Горелик. Квалификация преступлений опасных для жизни и здоровья. Минск 1973 год. Стр- 128. 293 bilan birga Jinoyat kodeksi 32-moddasi 1-qismiga ko‘ra nafaqat tugallangan jinoyatlar, balki, tamom bo‘lmagan, ya’ni jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyatga suiqasd qilish, ishtirokchilikda sodir qilingan jinoyatlar ham takroran jinoyatlarni tashkil qilishi mumkin. Ammo bunda sodir etilgan barcha jinoyatlar Jinoyat kodeksining bitta moddasi yoki bitta moddasining bitta qismida nazarda tutilgan belgilarga ega bo‘lishi kerak. Jinoyat kodeksi 32-moddasi 1-qismida «Tamom bo‘lgan jinoyat ham, jazoga sazovor bo‘lgan jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish yoki jinoyat sodir etishga suiqasd qilish ham, shuningdek, ishtirokchilikda jinoyat sodir etish ham takroran jinoyat sodir etish deb topiladi,» deyilgan. SH. Rajabov tomonidan olib borilgan tadqiqotlarida 1215 shaxsning sodir qilgan jinoyati bo‘yicha o‘tkazilgan tekshirishlar shuni ko‘rsatadiki, atigi 52 marta jinoyatga suiqasd bo‘lganligi va biror marta ham jinoyatga tayyorgarlik ko‘rganlik uchun javobgarlikka tortish hollari aniqlanmagan. AQSH, Angliya, Fransiya kabi rivojlangan mamlakatlar jinoyat qonunchiligida jinoyatga tayyorganlik ko‘rganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanmagan. Shaxs sodir etgan qilmishlarini takroran sodir etilgan jinoyat deb topishning shartlaridan yana biri uning takroriy jinoyatlarni tashkil qiluvchi jinoiy qilmishlarning birortasi uchun ham sudlanmaganligidir. Jinoyatni takroran sodir qilishning belgilari to‘g‘risida jinoyat huquqi fanida ba’zi hollarda hatto qarama-qarshi fikrlar ham berilgan. Ko‘pchilik mualliflar ikkinchi jinoyat uchun shaxs sudlangan yoki sudlanmaganligidan qat’i nazar takroran sodir etilgan deb hisoblash kerak, deb ta’kidlaydilar. 1 Bu borada N.S. Tagansev jinoyatning takrorlanishini uchta shart bilan izohlaydi, ya’ni ularning eng muhimi oldindangi jinoyati uchun jazoni o‘taganlik, ikkinchisi esa oldindangi va keyingi jinoyatlar o‘rtasida ma’lum bog‘liqlik (maxsus retsidiv) va uchinchisi oldindangi jinoyati uchun jazoni o‘tagan vaqt bilan yangi sodir qilingan jinoyat o‘rtasida ma’lum vaqtning o‘tganligi. 2 Xuddi shunday nuqtai nazarni professor A.M.Yakovlev ham ma’qullab faqat oldindangi jinoyati uchun sudlanganidan keyin, yangi jinoyat sodir etishni takroran jinoyat sodir etish deb hisoblaydi. 3 Masalaning bunday qo‘yilishini ular takroran jinoyat sodir qilish, yuqori darajada ijtimoiy xavfli bo‘ladi, qachonki ular jinoiy 1 Малков В.П. Множественность преступлений М.Казань, 1982г, Стр-51 2 Таганцев И.С. «Русское уголовное право. Часть общая». // Том-1, Санкт Петербург, 1902, 1357, 1358. 3 Яковлев А.М Борьба с рецидивной преступностью. М.., 1964 г. Стр26-32 294 jazoga hukm qilingan va subyektlarga ta’sir ko‘rsatmagan bo‘lsagina takroran jinoyat sodir etish hisoblanadi degan tushunchaga asoslanadilar. Lekin takroran jinoyat sodir etishning o‘ta ijtimoiy xavfliligi bir necha holatlar bilan bog‘liq. Ko‘p hollarda qisqa vaqt ichida sodir etilgan ikki yoki undan ko‘p, bir xil, ayniqsa o‘xshash jinoyatlarni sodir etish va birinchi jinoyati uchun javobgarlikdan qutilib qolish imkonini qila olganlik, har xil jinoyatlarni sodir qilib, birinchisi yuzasidan sudlangan va jazoni o‘tab bo‘lib, ancha vaqt o‘tgandan keyin yana jinoyat sodir etishga nisbatan ijtimoiy xavfliroqdir. Jinoyat kodeksining 32-moddasi 1-qismining mazmuniga ko‘ra, shaxs sodir qilingan jinoyatlardan birortasi uchun ham sudlanmagan bo‘lishi kerak, ya’ni takroran jinoyatlarni tashkil qiluvchi qilmishlarning har biri shaxs sudlangunga qadar sodir etilgan, sud tomonidan muhokama qilinmagan bo‘lishi lozim. Jinoyat kodeksining 77- moddasi 2-qismiga ko‘ra jazo tayinlangan ayblov hukmi qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab shaxs sudlangan deb hisoblanadi. Shunga ko‘ra agar shaxs sodir etgan ikki jinoyatdan biri uchun sudlanib sudlanganligi tegishli tartibda olib tashlanmagan, tugallanmagan bo‘lsa uning harakatini takroran jinoyat sodir etish deb topish mumkin emas. Shaxsning sodir qilgan jinoyatlarini takroran jinoyat sodir etish deb topishning uchinchi sharti shaxsni dastlabki sodir etgan qilmishi uchun javobgarlikdan ozod qilish muddati o‘tib ketmagan bo‘lishi kerak. Bu yerda javobgarlikka tortish muddatining o‘tib ketganligi tufayli javobgarlikdan ozod qilish (64-modda), shaxs yoki qilmishning ijtimoiy xavflilik xususiyatini yo‘qotganligi tufayli javobgarlikdan ozod qilish, yoxud yarashganligi munosabati bilan jinoiy javobgarlikdan ozod qilish, 66-moddada kasalligi tufayli javobgarlikdan, 67 va 75-moddalar amnistiya akti yoki afv etish asosida jinoiy javobgarlikdan ozod qilish nazarda tutilgan. Oldindangi jinoyati uchun shartli hukm qilish qo‘llanilgan bo‘lsa, takroran jinoyat sodir etish deb hisoblanmaydi. Chunki shaxs O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 72-moddasi 8-qismiga muvofiq sinov muddati davomida yangi jinoyat sodir etsa, sud unga nisbatan Jinoyat kodeksining 60-moddasi bir necha hukm yuzasidan jazo tayinlash uchun belgilangan qoidalarga asoslangan holda jazo tayinlaydi. Shuning uchun bu hol takroran jinoyat sodir etish tushunchasini istisno etadi. Oldindangi jinoyati uchun hukm qilingan shaxs yangi jinoyat sodir qilsa faqat har ikki jinoyat qasddan sodir qilingan taqdirdagina 56-modda 1-qismining «n» bandida nazarda tutilgan og‘irlashtiruvchi holatlarni 295 tashkil etadi va ushbu holda Jinoyat kodeksi maxsus qismining «takroran sodir qilinsa» degan bandi bilan kvalifikatsiya qilinmaydi. Chunki shaxs sodir etgan jinoyatini takroran sodir etish deb topish uchun, jinoyatlar uchun javobgarlikka tortish muddati o‘tib ketmagan bo‘lib, shundan keyingina bir xil jinoyatni turli vaqtlarda sodir qilgandagina va ularning birortasi uchun sudlangan bo‘lmasa, jinoyat takroran sodir qilingan deb hisoblanadi. Javobgarlikka tortish yoki tortmaslik masalasini hal qilishda javobgarlikka tortish muddati Jinoyat kodeksining 64-moddasida ko‘rsatilgan muddatdan oshib ketmagan bo‘lishi kerak. Agar jinoyatlar o‘rtasidagi vaqt Jinoyat kodeksining 64-moddasida nazarda tutilgan muddatdan oshib ketgan bo‘lsa, qilmishni takroran sodir etilgan deb hisoblab bo‘lmaydi va shaxs javobgarlikka tortish muddati o‘tib ketmagan jinoyati uchungina javobgar bo‘ladi. Agar shaxs takroran sodir qilingan jinoyat deb hisoblanishi mumkin bo‘lgan jinoyatlarni sodir etgan bo‘lib, bu jinoyatlardan biri hukm chiqarilgunga qadar, ikkinchisi esa hukm chiqarilgandan keyin aniqlangan bo‘lsa, takroran jinoyat sodir qilish deb hisoblashga asos bormi, degan savol tug‘iladi. Jinoyat kodeksining 59-moddasi 3-qismida «agar ish bo‘yicha» hukm chiqarilgandan keyin mahkumning birinchi ish bo‘yicha chiqarilgan hukmigacha yana boshqa jinoyatda aybli ekanligi aniqlansa ham jazo o‘sha tartibda – jinoyatlar jami bo‘yicha jazo tayinlanadi. Bunday holatda jinoyatlar majmui tariqasida sud tomonidan tayinlangan jazo muddatiga birinchi hukm yuzasidan jazoning o‘talgan qismi ham qo‘shiladi» deyilgan. Qonun mazmuniga ko‘ra jinoyatlar majmui uchun jazo tayinlashning ushbu qoidalari o‘z navbatida takroran jinoyat sodir etishga nisbatan ham qo‘llanishi mumkin. Bunday holda jinoyatlarning har ikkalasi aynan bir xil jinoyatlar bo‘lganligi va jinoyatlarning biri uchun sudlanmay qolishiga sabab huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning jinoyatning o‘z vaqtida fosh etilmaganligi sababli bo‘lishi mumkin. Yuridik adabiyotlarda olimlar takroran jinoyat sodir etishni ikki guruhga bo‘ladilar. Jumladan, V.N Kudyavsev, B.M. Leontyev takroran jinoyat sodir qilishni – umumiy takroran jinoyat sodir etish va maxsus takroran jinoyat sodir etishga ajratadilar. 1 O‘z navbatida shuni ta’kidlash kerakki, takroran jinoyat sodir qilishni bunday turlarga ajratish 1959 yilda qabul qilinib, 1995 yilning 1 apreliga 1 В.Н Кудрявцев Квалификация преступлений , М. Госюрздат 1963 г, Стр-304 296 qadar amalda bo‘lgan Jinoyat kodeksi asosida ishlab chiqilgan edi. Jinoyat huquqida takroran jinoyat sodir etishni bunday turlarga bo‘linishi amaldagi Jinoyat kodeksiga to‘g‘ri kelmaydi. Chunki umumiy takroran jinoyat sodir qilish deganda, turli vaqtlarda Jinoyat kodeksi Maxsus qismining turli moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilish tushuniladi. Bu holat o‘z navbatida jinoyatni kvalifikatsiya qilishning zaruriy belgisi bo‘lib hisobanmaydi, balki ayrim hollarda Jinoyat kodeksining 56-moddasinining «a» bandida ko‘rsatilganidek jazoni og‘irlashtiruvchi holat bo‘lishi mumkin. Maxsus takroran jinoyat sodir qilish deganda, Jinoyat kodeksi Maxsus qismining bitta moddasi yoki o‘sha moddaning yoxud modda qismining zaruriy belgisi sifatida ko‘rsatilgan holatlar nazarda tutiladi, ya’ni maxsus takroran jinoyat sodir qilishda bir xil jinoyatni kamida ikki marta sodir qilish tushuniladi. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 32-moddasining 1-qismiga binoan alohida ko‘rsatilgan hollarda maxsus qisminning turli moddalarida nazarda tutilgan ikki yoki bir necha jinoyatni shaxs turli vaqtlarda sodir etgan, ammo ularning birortasi uchun ham sudlangan bo‘lmasa, takroran jinoyat sodir etish deb topiladi. Takroran jinoyat sodir etish deb hisoblashning bunday qoidalari Jinoyat kodeksi Maxsus qismining bir qancha moddalarida nazarda tutilgan. Masalan, Jinoyat kodeksining 104- moddasi 2-qismining «b» bandi, 105-moddaning 2-qismi «k» bandi, 118- moddaning 2-qismi «b» bandi, 164-moddaning 3-qismi «a» bandi va boshqa qator moddalar. Agar oldindan Jinoyat kodeksining 119-moddasida nazarda tutilgan, jinoyatni sodir etgan shaxs tomonidan so‘ngra 118-moddada nazarda tutilgan jinoyatni sodir etsa, keyingi jinoyati takroran jinoyat deb topiladi. F.Toxirov odam o‘ldirishdan oldindan terrorizm, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hayotiga tajovuz qilish va hokazo jinoyatlar sodir etilgan bo‘lsa, qilmish takroran odam o‘ldirish kabi baholanishi kerak deb ta’kidlaydi. 1 Takroran jinoyat sodir etishning subyekti bir shaxs bo‘lgani holda, jinoyat qonuni bilan qo‘riqlanadigan turli xil ijtimoiy munosabatlarga zarar yetkazilishi mumkin. Ya’ni tajovvuz obyekti turlicha bo‘lishi mumkin. Obyektiv tomondan esa ushbu jinoyat aynan bir-biriga o‘xshash jinoyatlarni, qonunda alohida ko‘rsatilgan hollarda esa turli jinoyatlarni sodir etishda ifodalanadi. Shu bilan birga takroran jinoyat sodir etish jinoyatlarni tashkil qiluvchi qilmishlarning har biri Jinoyat kodeksining 14-moddasiga ko‘ra ijtimoiy xavfliligi, huquqqa xilofligi, aybning 1 Ф.Тохиров «Шахсга қарши жиноятларнинг юридик таҳлили» Тошкент. 2000 й 15-бет. 297 mavjudligi, jazoga sazovorligi bilan xususiyatlanadi. Shu jumladan ularning barchasida yuqorida ta’kidlanganidek, jinoyat tarkibining barcha alomatlari bo‘ladi. Shaxs garchi har biri mustaqil bo‘lgan, lekin aynan bir- biriga o‘xshash yuqoridagiday jinoyatlarni sodir etgani hollarida uning qilmishi Jinoyat kodeksi Maxsus qismining «takroran sodir qilinsa» degan bandiga asoslanib jazo tayinlanadi. Bu borada takroran jinoyat sodir etishning bir qator huquqiy belgilari bilan birga uning subyektiv tomonidan to‘g‘ri aniqlash muhimdir. Takroran jinoyat sodir etishning subyektiv tomoni, shaxsning sodir qilgan ikki yoki undan ortiq qilmishi va ularning oqibatlariga nisbatan ruhiy munosabatida ifodalanadi. Ushbu jinoyatni tashkil qiluvchi jinoiy qilmishlar o‘z navbatida ayb shaklining yagonaligi bilan xususiyatlanadi. Ya’ni takroran jinoyat sodir etish deb topish uchun shaxsning sodir qilgan ikki yoki bir necha jinoyati aybning qasd shakliga ega bo‘lishi kerak. Jinoyat qonunida takroran jinoyat sodir etish deb topishning zaruriy belgisi sifatida 38 ga yaqin jinoyat tarkiblarida nazarda tutilgan bo‘lib, ularning barchasi qasddan sodir etiladigan jinoyatlardir. Qolaversa, jinoyat qonuniga ko‘ra ilgari ham qasddan jinoyat sodir etgan shaxsning takroran yoki qasddan yangi jinoyat sodir etishi jazoni og‘irlashtiruvchi holat sifatida (Jinoyat kodeksi 56-modda, 1-qismi, «n»bandi) qaraladi. Ehtiyotsizlikdan sodir etiladigan jinoyatlarda shaxsning o‘z talab va niyatlarini jinoyat sodir qilish orqali qondirish to‘g‘risida gap bo‘lishi mumkin emas. Bu jinoyatlar ko‘proq vaziyatning va shaxs harakatining u yoki bu variantini tanlashga jiddiy yondashishi bilan bog‘liq bo‘ladi. Takroran sodir etiladigan jinoyatlarni subyektiv tomonida uni o‘z navbatida tashkil etuvchi har bir jinoyat qasd qilish, mustaqil ravishda shakllanadi. Ammo bu holatda ular o‘rtasida ichki bog‘liqlik bo‘lmaydi degan tushunchani anglatmaydi. Takroran jinoyat sodir etish deb topilgan barcha jinoyatlar bir-biriga bog‘liq bo‘ladi. Takroran jinoyat sodir etishning subyektiv tomoni uning barcha belgilari bilan o‘ziga xos huquqiy ahamiyatga ega bo‘lib, jinoyatni to‘g‘ri kvalifikatsiya qilish va adolatli jazo tayinlashda muhimdir. Takroran jinoyat sodir etish o‘z navbatida yuqoridagi belgilariga ko‘ra davomli, uzoqqa cho‘zilgan, retsidiv jinoyatlardan farq qiladi. Takroran sodir etilgan jinoyatni davomli jinoyatdan farq qilish lozim. Davomli jinoyat tushunchasi Jinoyat kodeksi 32-moddasining 3-qismida ifodalangan. Bu jinoyatlar o‘rtasidagi asosiy farq sodir etilgan jinoyatning subyektiv tomoniga to‘g‘ri keladi, lekin obyektiv belgilari mos tushadi. Davomli jinoyat deganda, yagona maqsad yo‘lida amalga oshiriladigan 298 umumiy qasd doirasida birlashgan ikki va undan ortiq ijtimoiy xavfli harakatlar tushuniladi. Takroran jinoyat sodir etish esa doimo yangi qasd orqali amalga oshiriladi. Davomli jinoyatda qasdni amalga oshirish vaqti oralig‘ida doimo muayyan vaqt mavjud bo‘ladi. Davomli jinoyatning o‘ziga xos xususiyati shundan iboratki, barcha qilmish jinoyatlarning o‘zaro bog‘liqligi, har bir butunni tashkil qilishda namoyon bo‘ladigan barcha epizodlarning yagonaligidadir. Davomli jinoyatning boshlanishi bir davom etadigan jinoyatdan iborat bo‘lgan qator o‘xshash harakatlarning dastlabkisini sodir etishdir. Demak, davomli jinoyatlar quyidagi o‘ziga xos belgilarga ega bo‘ladi: a) bir xildagi harakatlarning majmui; b) barcha harakatlar aynan bitta obyektga qaratilgan bo‘ladi; d) ularning hammasi bitta maqsad yo‘lida birlashgan va shuning uchun ham bir butunlikni tashkil qiladi. Jinoyat kodeksining 32-moddasi 4-qismida uzoqqa cho‘zilgan jinoyat tushunchasi bayon etilgan, unga ko‘ra vazifalarni uzoq vaqt mobaynida bajarmaslikdan iborat bo‘lib, bir jinoyatning uzluksiz tarkibini tashkil qilgan jinoyatlar tushuniladi. Shundan kelib chiqib uzoqqa cho‘zilgan jinoyat jinoiy tajovuzning muayyan vaqt davomida uzluksizligi bilan ta’riflanadi. Uning xususiyati muayyan harakat yoki harakatsizlikni amalga oshirish vaqtidan boshlab shaxsning qonunda ko‘rsatilgan jinoyatni tugallangan bosqichidagi o‘z majburiyatlarini bundan buyon ham uzluksiz bajarmasligi bilan ifodalanadi. Bunday jinoiy holat ikki: a) ixtiyoriy, b) majburiy sababga ko‘ra tugatiladi. Ixtiyoriylik shaxsning o‘z tashabbusi bilan harakatsizlkka chek qo‘yishda ifadalanadi. Majburiylik jinoyatni bajarishni bundan keyin ham davom ettirishga monelik qiladigan hodisaning boshlanishidan iboratdir. Uzoqqa cho‘zilgan jinoyatning tamomlanishi shaxsning qonunda ko‘rsatilagan majburiyatlarini bajarmaslikni boshlagan vaqtdan vujudga keladi, bundan keyingi nisbiy muayyan vaqtda ham u mazkur talablarini bajarmaslikda davom etsa, bunday holatning ichki yagonaligi o‘zaro bog‘liqligidan tarkiblarning ko‘pligi vujudga kelmaydi. Lekin yuqoridagilarga ham qaramasdan jinoyat huquqi nazariyasida takroran jinoyat sodir etishning, ushbu jinoyatlardan umuman farqi yo‘q degan fikrlar ham mavjud. V.P Malkov «Retsidiv jinoyat sodir qilish takroran jinoyat sodir qilishning bir ko‘rinishi holos, shuning uchun retsidiv jinoyat sodir qilish – bir qancha jinoyat sodir etishning shakli bo‘la 299 olmaydi va takroran jinoyat sodir etish retsidiv jinoyat sodir etishni ham o‘z ichiga qamrab oladi», deb hisobaydi. 1 Ye.A.Florov va R.Galiakbarovlarning fikricha «Retsidiv — bu ham takroran sodir etiladigan jinoyatdir. Uning uchun xuddi takroran jinyat sodir etish kabi har bir mustaqil jinoyat tarkibi belgilariga ega bo‘lgan kamida ikkita jinoyat sodir etishga xosdir. Lekin takroran jinoyat sodir etishdan farqli ravishda, retsidiv jinoyat deganda jazoni o‘tab chiqqan, jazoni o‘tayotgan shaxsning sudlanganligi mavjud bo‘lgani holda yangi jinoyat sodir etishdir» 2 . Yuqorida tahlil etilgan masala bo‘yicha quyidagi xulosalarni chiqarish mumkin, takroran jinoyat sodir etish tushunchasining Jinoyat kodeksiga kiritilishi: 1) Jinoyat kodeksida nazarda tutilgan holatlarda jazoni og‘irlashtiruvchi holat sifatida olinadi; 2) jinoyatni kvalifikatsiya qilishda bevosita ta’sir qilishi; 3) jinoyatni kvalifikatsiya qilishning zaruriy belgisi bo‘lib hisobanishi kabi huquqiy ahamiyatga ega. Download 1.81 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling