Microsoft Word qaynona ahmad lutfi lotin ziyouz com doc
Download 363.78 Kb. Pdf ko'rish
|
qaynona ahmad lutfi lotin ziyouz com
www.ziyouz.com kutubxonasi
52 bir oz narida bu ibrat sahnasiga hayrat ichra qarab qolgan Aminani ko‘rdi. Suv qaynoq, lekin jun ko‘rpadan o‘tib, Aliga ta’sir qilguncha bir-ikki lahza o‘tgan, bu orada onasi juda ham tez harakat bilan yechintirgan, balki bir hamlada ko‘ylagini ustidan yirtib olib tashlagan edi. Ali bir oz kuydi. Lekin shunisi ham xasta bolaga yetib ortdi, faryodi ko‘klarga yetdi. Aminaning yuzi sarg‘aydi, qo‘l-oyog‘i titrab, nima deyishini, nima qilishini bilmadi. Qaltirardi. Munavvarxonimga yordam qilsinmi yo qo‘shnilarni yordamga chaqirsinmi? Bir qarorga, bir fikrga kelolmasdi. Bolaning yelkasi ancha qattiq kuygan, hatto ba’zi joylarining terisi shishib chiqqandi. Busiz ham dardmand bolasining bu ahvolini ko‘rib Munavvarxonimning yuragi ham kuyib-yondi. Ko‘zlaridan injularidek tizilgan yoshlar nurli yuzlariga dumalab tushar, bolaning azobini ziyodaroq his etardi. — Uyda kuyishga qarshi dori bor, Amina, tez keltiring qizim. Amina yugurdi, javonni ochdi, uch-to‘rt xil dori bor edi, qaysi biri ekanini bilmadi, hammasini to‘plab keltirdi. Bu achchiq hodisa qarshisida o‘zini yo‘qotib qo‘ymagan Munavvarxonim dorini olib, Alining kuygan joylariga «shifo bo‘lsin» deb mo‘l-mo‘l surdi. Peshindan so‘ng kelgan Yusuf afandining xotini Alini yuztuban yotgan holda ko‘rdi. «Mazasi yo‘q, xasta», dedilar. — Nega yuz tuban yotibdi? — dedi. Ali javob berdi: — Kuyib qoldim. Ustimga suv to‘kildi. — Kim to‘kdi, bolam. Ali javob bermadi. Onasiga qaradi. U kuydirdi demoqchi bo‘ldi. Munavvarxonim: — Na chora, shunday bo‘lib qoldi, jigarim. Falokat oyoq ostida bo‘larkan. Buning ustiga bolamning sal tobi qochgandi, dedi. Amina ich-ichini yerdi, vijdoni qiynalardi. Kuygan bolasining azobi yetarli bo‘lsa ham Munavvarxonim Aminani o‘ylab bu ishni o‘z bo‘yniga oldi. Uning ko‘ziga qaradi. Amina: «Alini men kuydirdim, aybni onam o‘z bo‘yniga olmoqda», demoqchi edi. Munavvarxonim «tovushingni chiqarma» degandek unga ilkis qaradi. Amina indamadi. Lekin ko‘ngli ham tinchimadi. Ichidan qon yig‘lardi Amina. Oqshom Yusuf afandi va Mustafo kelgach, voqeani qisqacha tushuntirdilar. — Voh bolam-a, voh bolam, — deb Alining boshini silardi Yusuf afandi. — Amina yangam shu yerda edi, onam unga qildirsaydi balki to‘kilmasdi, — ilk bor tovushini chiqardi Ali. — Ne iloj, qo‘zim. Shunday bo‘lishini bilibmanmi? Mendan xafa bo‘ldingmi, o‘g‘lim. — Yo‘q, ona, sizdan xafa bo‘larmidim, siz mening birdan bir onamsiz-ku?! Shu bilan masala yechildi. Mehmonlar kechgacha o‘tirdi, shifo tiladilar. Shundan so‘ng Munavvarxonim Aminaning qulog‘iga: — Meni yaxshi ko‘rasizmi, Amina? — dedi. Amina uning yuziga hayron bo‘lib qaradi: — Bu nima deganingiz, ona, sizni yaxshi ko‘rmasam, kimni yaxshi ko‘raman?! — Shunday bo‘lsa, Ali haqida Mustafoga boshqacha gapirmang. Meni yaxshi ko‘rsangiz... — Lekin, ona, nechun? — Bu mening sizga buyrug‘im! Amina g‘alati bo‘lib ketdi, ajablandi. — Bu bo‘ladigan narsa emas, chidolmayapman, ona. — Agar gapimga quloq solmasangiz, rozi emasman. Aqlingizni yig‘ing, — dedi Munavvarxonim. Bu orada mehmonlarni kuzatib qaytgan Mustafo ichkari kirdi: — Nimani gaplashyapsizlar, ona? — dedi. Onasi kulimsirab: — Ona va qiz nimani gaplashsa, biz ham shuni gaplashyapmiz, — dedi. Shu kecha tonggacha uxlayolmagan uch juft ko‘z bor edi. Bu ko‘zlar kuygan bir vujudni, mahzun bir qalbni, zirqiragan bir vijdonni tamsil etardi. Download 363.78 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling