Microsoft Word shaytanat2 ziyouz com doc
Download 0.8 Mb. Pdf ko'rish
|
www.ziyouz.com kutubxonasi
125 — Ovuling menga yoqdi, — dedi. — Hayron bo‘lma, sening ovuling ham xuddi shunday, — dedi haydovchi. 2 Uch-to‘rt odam qulochi arang yetadigan yo‘g‘on chinor qishloq guzari hisoblanardi. Chinor soyasida gurunglashib o‘tirgan qariyalar to‘xtagan mashinaga, undan tushgan yo‘lovchiga jiddiy e’tibor qaratmadilar. Haydovchi ularga yaqinlashib, salom bergach, maqsadini aytdi. Shundagina qariyalar mashinadan tushib, ochiq eshikka jag‘ini tirab turgan Zelixonga tikilib qarashdi. Haydovchi iziga qaytdi-da, Zelixonga: — Avval shularga salom ber. Bular ota-bobongni eslashdi, — dedi. Keyin joyiga o‘tira turib qo‘shib qo‘ydi: — Ovulimni ko‘rding. Boshingga ish tushib qolsa to‘g‘ri boraver. Kechagi gaplarimga xafa bo‘lma. Men to‘g‘ri gapni yaxshi ko‘raman. Zelixon unga rahmat aytib, kelishilgan kira haqini uzatdi. Haydovchi bir pulga, bir Zelixonga o‘qrayib qaradi-da: — Sening chechenligingga ishonmay qoldim! — deb eshikni jahl bilan yopdi. Zelixon shitob bilan qo‘zg‘olgan mashina ortidan bir oz qarab turdi-da, pulni cho‘ntagiga qayta solib, og‘ir qadamlar bilan qariyalar tomon yurdi. Nazarida bobosi olamdan o‘tgach, bu yerga kelib qolganday, shu qariyalar davrasiga qo‘shilganday, hozir esa davradan ajralib chiqib quchoq ochib kutib oladiganday edi. Shu fikrda davraga yaqinlashgach, bobosiga o‘xshagan bir qariyani ko‘rdi-yu, yuragi shig‘ etib ketdi. Oqsoqollar salomiga alik olishib u bilan qadrdonlarday quchoqlashib ko‘rishishdi. So‘ng davra o‘rtasidan joy berishdi. Zelixon bulardan ham «tilingni bilmaysanmi» degan ta’nani eshitmayin, deb xijolat bo‘lib turgan edi, bobosiga o‘xshatgan qariya ruschalab gap boshladi: — Bobongni tanirdim. U tengsiz polvon edi. Chechen ovullar nima ekan, u yoqda ingush ovullar, u yoqda avarlar, qo‘miqlar... Eh-he, kurash bor joyda polvonlar undan zirillab turishardi. Uning kuragi bir marta yerga tekkan. Uni o‘ttiz oltinchi yilda men yengganman. Xuddi shu yerda. — Qariya shunday deb mo‘ylovini burab qo‘ydi. — Men yosh edim, u esa keksaya boshlagan edi. Yiqitishga yiqitib qo‘yib, «ustoz, kechiring» debman. U o‘rnidan turib, meni quchoqlab, peshonamdan o‘pdi. Keyin bir tarsaki tushirdi. Odamlar hayron bo‘lib so‘rashdi: «Quchoqlab o‘pganing nimayu urganing nima?» U aytdi: «Meni yenggani uchun quchoqlab o‘pdim. Kechirim so‘ragani uchun tarsaki tushirdim» Ha... shunaqa odam edi... Ammo otangdan polvon chiqmadi. U urushga mendan oldinroq ketgan edi. Men qaytdim, undan darak bo‘lmadi... Qariyalar shoshilmasdan, birining gapiga ikkinchisi aralashmasdan qiziqqan savollarini so‘ray boshladilar. «Shu paytgacha nima uchun kelmading?» degan savolga Zelixon «Uy-joy, bola chaqa bilan o‘ralashdim», deb bahona qildi. Bu gapni eshitib oqsoqollar jim bo‘lishdi. Ayrimlari «attang» deganday boshla-rini sarak-sarak qilib qo‘yishdi. Bobosiga o‘xshagan qariya esa burgutniki kabi o‘tkir nigohini unga qadadi-da: — Bobong tirik bo‘lganida shu gaping uchun bir tarsaki tushirardi, — dedi. Zelixon «nima uchun?» deb so‘ramadi. Yolg‘oni fosh bo‘lganini sezdi. — Boshqa sabablar ham bor, — dedi boshini egib. — O‘sha boshqa sabablarni gapirishing joiz edi. Bizni bu avloqda po‘panak bosib yotgan chollar, deb o‘yladingmi? Qamoqdan qachon chiqding? — Bir yil bo‘lib qoldi. — Nima qilmoqchisan? |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling