Microsoft Word shaytanat4 ziyouz com doc
Download 5.08 Kb. Pdf ko'rish
|
Shaytanat 4- kitob (2)
www.ziyouz.com kutubxonasi
147 Asadbek bu gapni eshitishi bilan ko‘z oldiga darrov Kesakpolvon keldi. Chuvrindining bunaqa demasligiga amin bo‘lsa-da: — Bo‘yi uzunroq, gavdali, mendan sal yoshroq odammidi? — deb so‘radi. — Yo‘-o‘q... bo‘ylari sizdan ancha past edi... — Ha... qora chigirtkaga o‘xshaganmi? Ayol «ha» ishorasini qildi. — Qabristonda menga shuni aytmoqchimidingiz? — Yo‘q... hozir... — Nasiba shunday deb tezgina iziga qaytdi-da, sal o‘tmay, qo‘lida gazetaga o‘ralgan bir nimani Asadbekka uzatdi. — Nima bu? — deb so‘radi Asadbek, gazeta o‘ramiga qo‘l uzatmay. — Bu... sotilgan uyimizning qolgan puli. — Nima? — Asadbek «bu xotinning esi sog‘mi?» deganday tikilib qaradi. — Bu pulni... nega menga ber-yapsiz? Yo... eringiz vasiyat qiluvdimi? — Sharif akamning bir og‘iz so‘zlariga zor bo‘lib qoldik-ku... — Nasiba shunday deb xo‘rsindi. So‘ng Asadbekka dadilroq qaradi: — Bu pul qurdirayotgan uyingizniki. Bugun shu omonatni bergani bormoqchi edim. Asadbekka Nasibaning bu qilig‘i malol kelib, achchiqlandi, yuzlari uchdi. Jerkib ham bermoqchi bo‘ldi. Ammo jahl uchquni alanga olmay, «bu bechorada ayb yo‘q-ku», degan fikrda o‘zini tiydi. «Pul o‘zingizda qolaversin, bolalarga ishlating», demoqqa og‘iz juft- ladi-yu, ammo xayoliga boshqa bir fikr kelib, bu gapni aytmadi. Faqat... Halimga ko‘z qarashi bilan «pulni ol» degan ishora qildi... ...Hozir o‘sha pul o‘ramini Kesakpolvonga uzatganida Nasibaning titroq lablaridan uchgan so‘zlar quloqlari ostida jaranglaganday bo‘ldi. Kesakpolvon Nasibaning najot istab kelganini esladi. «Bek nima uchun buni kavlashtirib yuribdi? Endi shu xotinga yordamlashmaganim uchun siquvga olmoqchimi?» — deb o‘yladi. Lekin u kutgan gap aytilmadi. Asadbek: — Xotin zoti asli aqlsiz bo‘ladi, o‘zing bilasan. Sharifniki ahmoqlikda hammasidan o‘tib tusharkan. Erini ko‘mib kelib, uyni sotibdi. Pulning cho‘g‘iga qaraganda ozginasini ishlatib qo‘yganga o‘xshaydi. Endi men aralashsam yarashmaydi. Sen uyni sotib olgan odamga yotig‘i bilan tushuntir, pulini qaytib olsin. Pulning yetmaganini qo‘sharsan, ilojing bo‘lmasa, men bera qolaman, — dedi-da, pul o‘ramini Kesakpolvonning tizzasi ustiga qo‘ydi: — Bu mening oxirgi buyrug‘im. Bundan buyog‘idagilari endi iltimos bo‘ladi. — Sen nima qilayotganingni bilayapsanmi?! — Kesakpolvon achchiqlanib turib ketdi. — Sen meni... pichoqsiz so‘yyapsan! Kesakpolvonning bu holati Asadbekka rohat baxsh etdi. Ko‘zlari kuldi. «Qani edi, sen marazni o‘tmas pichoq bilan kindigingdan bo‘g‘zingacha so‘ysam», deb o‘yladi. — Haydar, sen hozir lovillayapsan, mayli, bir gurillab ol. Lekin ertaga hovuring bosiladi. O‘shanda «Asad to‘g‘ri qilgan ekan», deysan. Mening gaplarim shu yerda qoladi, a? Do‘st-dushman bu o‘zgarishni bilmay qo‘yaversin.— Asadbek shunday deb o‘rnidan turdi-da, yengil kerishdi. — Aslida ikki-uch yil oldin shunday qilishim kerak edi. Hozir yelkamni ezib turgan tog‘ birdan ag‘darildi. Endi uyga borib bola-chaqa bilan g‘am- tashvishsiz, bi-ir chaqchaqlashib o‘tiray. Ertalabdan xudo xohlasa, to‘yni harakatini boshlaymiz. Mahmudning qirqi o‘tib olsin, bi-ir to‘y qilaylik, a oshna? Bir-birlarini «oshna» deb ataganlari bilan oralarida hech qachon sof, samimiy do‘stlik bo‘lmagan, aksincha, Jalilning ta’biri bilan aytganda faqatgina manfaat qoidasiga itoat etib yashagan bu ikki odam dillarini qafasga solganlari holda, faqat til uchida gaplashdilar. Tillardan go‘yo bol tomdi, dil esa zaxarli o‘qlarga to‘ldi. Qalblar uzil-kesil dushmanga aylangani holda xayr-lashdilar. Birovi sobiq, birovi esa yangi xo‘jayin sifatida ko‘chaga chiqdilar. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2025
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling