Microsoft Word shaytanat4 ziyouz com doc
Download 5.08 Kb. Pdf ko'rish
|
Shaytanat 4- kitob (2)
www.ziyouz.com kutubxonasi
211 Bankning ishonchsiz ekani Xongireyning o‘ziga ham yaxshi ma’lum. Shu paytga qadar omonat kassaga sariq chaqa ham qo‘ymagan. Changaliga tushgan odamlarning uyidan jamg‘arma daftarchalarini olganda ularning laqmaligidan kulardi. Yarim yilcha muqaddam bir iqtisodchi bankdan olinishi mumkin bo‘lgan foydaning miqdorini aytganda Xongirey bu ishga qiziqib qoldi. Mo‘ljalicha, uzog‘i bilan ikki oy ichida hal etilishi lozim bo‘lgan ishning yarim yilga cho‘zilishiga boshqa toqat qilolmadi. Ayniqsa har bir hujjatdagi imzo uchun haq to‘lash uning izzat-nafsiga tegardi. «Kuch bilan bitadigan ish uchun haq to‘lash ahmoqlikdir», deb so‘kinardi. So‘kinardi-yu, kuch hamisha ham natija beravermasligiga aqli yetib, o‘zini tiyardi. Oqim asosiy to‘g‘onlardan biriga kelib to‘xtaganda uning toqati toq bo‘ldi. Mamatbey xo‘jayinining kallasiga qanday shumlik kelganini bilmasdi, bilganida ham to‘xtatishga qurbi yetmasdi. Chunki Xongirey xuddi Hosilboyvachcha kabi yonidagilardan maslahat so‘rardi-yu, lekin o‘z bilganidan qolmas edi. Baygildin — ustoz, Mamat- bey — yaqin yordamchi hisoblanganlari bilan vazifalari buyruqni bajarish, amrga so‘zsiz itoat etishdan iborat ekanini yaxshi bilardilar. Mamatbey xo‘jayinining amri bilan tug‘ilgan kun nishonlanadigan joyni aniqlagach, belgilangan vaqtdan yarim soat avval «Praga» restoraniga keldilar. Xongirey yigirma kishiga mo‘ljallangan dasturxonga ko‘z yugurtirib, yana o‘n stul qo‘yishni, dasturxon ustini yanada to‘kinroq bezashni buyurdi. — Ha, gapimga tushunmadingmi? — dedi Xongirey buyruqni bajarishga shoshilmayotgan restoran xo‘jayiniga qarab. — Tushundim, — dedi restoran xo‘jayini, — lekin... egalari norozi bo‘lisharmikin? — Egalari deganing bankdagilarmi? — Ular mehmonlar. Dasturxonni «Orxideya» buyurgan. — Restoran, xo‘jayini «shuni ham bilmaysizmi?» deganday qarab oldi. Xongirey o‘z navbatida xuddi shu savol nazari bilan Mamatbeyga qaradi. Mamatbey «xabarim yo‘q edi», degan ma’noda yelkasini qisdi. Temir buyumlar sotish bilan shug‘ullanadigan bu firma Xongireyga ma’lum edi. Bugay laqabli o‘g‘riboshi kasbini o‘zgartirib, savdo firmasi tashkil etayotganida Xongireyning maslahatini, aniqroq aytilsa, roziligini olgan edi. To‘da kichikroq, kuchsizroq bo‘lgani sababli Xongirey ularga to‘siq yasamadi. «Praga» restorani ko‘p yillardan beri Bugay ixtiyorida ekani, unga cho‘tal to‘lab turishini ham yaxshi bilardi. Mamatbey tug‘ilgan kun «Praga»da nishonlanishini aytganda «bu tasodifmi yo Bugay bilan aloqasi bormi bularning» deb o‘ylagandi. Restoran xo‘jayinining gapidan keyin buyrug‘ini bekor qilib, o‘zi uchun hozirlab qo‘yilgan joyga borib o‘tirdi. — Bugayning bular bilan qanday oldi-berdisi bor?— dedi Xongirey Mamatbeyga o‘tli nigohini qadab. Xo‘jayinining g‘azablanganini sezgan Mamatbey nimadir deyishga majbur edi. Shu sababli haqiqatni emas, taxminini ayta qoldi: — Balki Bankdan qarz olmoqchidir? Xongireyga bunaqa mujmal javob kerak emasdi. U o‘t oldirgan sigaretini ro‘parasida o‘tirgan Mamatbeyga qarab otdi-da: — Shu ziyofat tugaguncha aniq bilib ol, ahmoq! — deb amr etdi. Mamatbey sigaretni kuldonga astalik bilan qo‘yib, o‘rnidan turdi. Tashqarida qolgan yigitlarning biriga amrni yetkazib, joyiga qaytdi. Shodiyonaga aytilganlar birin-sirin kelib, ziyofat boshlangach, Xongirey ularga qarab turib: — Maoshga yashaydigan halol odamlar shularmi? — dedi piching bilan. — Ha, bu bechoralarga qiyin, — dedi Mamatbey bu piching ohangini quvvatlab. — Biz muttahamlarmiz, bular esa halol odamlar. Qara, xotini menbop ekanmi? — Sal qarilik qiladi. — Bugun uyiga mehmon bo‘laman. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2025
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling