Soliqqa tortish birligi - bu obyektning o‘lchov birligi. Masalan,
daromad yoki mol-mulk solig‘ida obyektning o‘lchov birligi bo‘lib
uning so‘mdagi bahosi ifodalansa, yer solig‘ida o‘lchov birligi bo‘lib
kv.m. yoki gektar hisoblanadi.
Soliq stavkasi - obyektning har bir birligi uchun davlat tomonidan
belgilab qo‘yilgan me’yordir. Soliq stavkasi soliq elementlari ichida eng
ko‘p amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan unsurdir. Chunki soliq stavkalarini
o‘zgartirish orqali davlat xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatiga
sezilarli ta’sir etadi, ayrim faoliyat, sohaga ustuvorlik berilishi, kapital
zarur sohalarga yo‘naltirilishi, rag‘batlantirilishi mumkin. Soliqlar va
boshqa majburiy to‘lovlarning stavkalari, agar Soliq kodeksida
boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, O‘zbekiston Respublikasi
Prezidentining qarori bilan belgilanadi.
Soliq imtiyozlari - soliq to‘lovchilarga soliqlar bo‘yicha turli xil
yengilliklar bo‘lib, ular vaqtinchalik va doimiy, to‘liq yoki qisman va
boshqa ko‘rinishlarda berilishi mumkin. O‘zbekiston Respublikasi Soliq
kodeksining 30-moddasida imtiyozlar quyidagicha izohlangan: «Soliq
kodeksida, boshqa qonunlarda va O‘zbekiston Respublikasi
Prezidentining qarorlarida nazarda tutilgan, boshqa soliq to‘lovchilarga
nisbatan ayrim toifadagi soliq to‘lovchilarga beriladigan afzalliklar, shu
jumladan soliq va (yoki) boshqa majburiy to‘lov to‘lamaslik yoxud
ularni kamroq miqdorda to‘lash imkoniyati soliqlar va boshqa majburiy
to‘lovlar bo‘yicha imtiyozlar deb e’tirof etiladi».
Soliq imtiyozlarining turlari, amal qilish mexanizmlari, belgilash
mezonlari mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasidan kelib
chiqqan holda belgilanadi.
Soliq bazasini hisoblash usullari. Soliq bazasini hisoblashning ikki
xil usuli mavjud bo‘lib, ular kassa usuli va hisobga olish usullaridir.
Kassa usulida soliq to‘lovchida soliqlarni to‘lash majburiyatlari daromad
olganidan keyin vujudga kelsa, hisobga olish usulida esa daromad
olingan yoki sotishdan tushum qachon kelib tushishidan qat’iy nazar
tovarlarning jo‘natilishi o‘z navbatida soliqlarni to‘lash majburiyatlarini
vujudga keltiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |