Mirzo ulug’bek nomidagi o’zbekiston milliy universiteti fitrat o’zbek adabiyoti namunalari 1 –jild Toshkent «mumtoz so‘Z»


Download 390.19 Kb.
bet23/73
Sana30.04.2023
Hajmi390.19 Kb.
#1403639
1   ...   19   20   21   22   23   24   25   26   ...   73
Bog'liq
Fitrat adabiyot namunalari

[UCHINCHI BO’LIM


SAVDO SARMOYASI DAVRI

Biz bu unvon ostida “Qutadg’u bilig”dan (XI asr) boshlab, temu¬riylar davlatining o’zbeklar hujumi bilan bitirilgani (XVI asr)gacha butan O’rta Osiyo turkiy adabiyotini oldik. Bu adabiyotning bizga ma’lum bo’lg’an eng birinchi namunasi mashhur “Qutadg’u bilig” kitobidir. Bu kitob “Bolosog’un”li1 Yusuf Xos Hojib degan bir olim tomonidan milodiy 1069/70 - yilda yozilib uyg’ur xoni Ulug’ Bug’ro Qoraxon Ayali Hasan ibn Arslonxonga hadya qiling’andir. Uyg’urlar turklarning eski bir sho’basi. Bularning milodiy sakkizinchi asrda “tukyu”lar o’rnida bir hukumat qurib to’qqizinchi asrning o’rtalarig’acha davom qilg’anlari, undan keyin qora qirg’iz hujumi bilan tarqalib janubrakga ko’chganlari, Beshbaliq bilan Qashg’arni ikki markaz qilib, ikki hukumat qilg’anlari ma’lum. “Qutadg’u bilig” kitobi o’ziga bag’ishlang’an “Bug’ro Qoraxon” esa shul Qashg’ardagi uyg’ur hukumatining xonidir.


Tarixchimiz o’rtoq Bo’lot Soliyev o’zining “O’rta Osiyo tarixi”da: Mashhur Chingizning jahongirlik safariga eng muhim sabab qilib uyg’ur savdo sarmoyasini ko’rsatadir. Bo’lot Soliyevning bu haqli da’vosiga ko’ra, uyg’ur savdo sarmoyasi XIII asrda boshlang’an Chingiz jahongirligi kabi ulug’ bir hodisag’a sabab ham rahbar bo’lg’an ekan; uning mazkur hodisadan bir yarim asr burun, ya’ni “Qutadg’u bilig” zamonida feodallarning ko’ziga ko’rarlik, ularga ta’sir qilarliq darajada surila boshlag’an bo’lishi lozim. Mana biz xuddi shu paytlarda “Qutadg’u bilig”ning yozilg’anin ko’ramiz. “Qutadg’u bilig” yozilg’an zamonda uyg’ur hukumati doirasidag’i xalq: qora buzun (omma), beklar, ma’murlar, askarlar, saidlar, bilkalar (olim), tabiblar, tush ta’birchilari, yulduzchilar, shoirlar, bitikchilar, tarig’chilar (ekinchilar), mashriqdan mag’ribg’acha dunyoni kezib mol kelturg’uchi sotig’chilar (savdogarlar), chorvadorlar, temirchilar, etukchilar, qirmachilar, o’qchilar, yoychilar kabi gu¬ruhlar, tabaqalar paydo bo’lg’an. Savdogarlar manfaati nuqtai nazaridan shu guruhlarning hammasi bilan hisoblashmoq, ularni yaxshi idora qilishning u zamong’i qoraxoniy feodallarg’a lozim bo’lg’ani sezilgan edi. Bizning “Qutadg’u bilig” egasi
Yusuf Xos Hojib o’zining kitobini mana shu lozim bo’lg’an ishga rahbarlik qilmoq uchun yozg’an.
Yusuf Xos Hojib o’zining kitobida boshlab qo’shun boshlig’ining, vazirning, elchining, qopqachining, bekning qanday bo’lub, ulug’ feodalg’a qanday xizmat qilishlarini ko’rsatadir. Undan keyin yuqorida sanalg’an sinflar, guruhlarning har biriga o’zincha qimmat berib, ulug’ feodalning ular bilan qanday munosabat qilishini ko’rsatadir. Bilim o’rganishning kerakligi, mamlakat(ni) idora qilish uchun bilim va siyosatning tuzumi, dunyoning foniyligi, ezgulikning foydalari to’g’risida ancha nasihatlar ham beradir.
Undan keyin bu kitob ikkinchi namuna bo’lib, “Hibat al-haqoyiq” («Hibatu-l-haqoyiq») keladir. Milodiy XIII asrning birinchi yarmida yo XII asrning oxirlarida bizning Farg’onada yozilg’an bu kitob “Qutadg’u bilig”dan juda ko’p foydali yozilg’andir. “Qutadg’u bilig”ning axloqiy qismidan foydalanib yozilg’an bu kitobning butun mundarijasi bilim o’rganish, yaxshiliq qilish, sog’liq, dunyoning foniylig’i, unga tayanib bo’lmasliq kabi u zamonning axloqiy dasturlaridan iboratdir.
Undan keyin uchinchi namuna qilib kirgizganim Yassaviy ham uning shogirdi bo’lg’an Hakim Sulaymon ota Boqirg’oniyning she’rlaridir. Yassaviylar O’rta Osiyoda ayricha bir adabiy maktab egalaridirkim, bu maktab milodiy XI-XII asrdan boshlab zamonimizg’acha davom qilg’andir. Bilamiz: Yassaviylar tasavvuf vakillari. Tasavvufning Ahmad Yassaviydan burun ham O’rta Osiyoda borlig’i ma’lum. Biroq, tasavvuf maslagi O’rta Osiyoda Ahmad Yassaviy bilan Abdulholiq G’ijduvoniyg’a mansub oqim bo’lib, ikkinchisi Ahmad Yassaviyga mansub oqimdir. Yassaviy oqimi dalada yashag’an ko’chmanchi xalqlar orasida ish ko’rgan. “Abdulholiqchilar” esa shaharlar, qishloqlarda o’troqlar aro yashag’an. Bu ikki oqim tasavvuf orasida anchagina raqobat tuyg’ularining hukm surgani “manoqib" kitoblaridan ma’lum bo’ladir. Xatto milodiy XV asrda ko’chmanchi qabilalarni to’plab, Temur bolalarig’a hujum qilg’an Shayboniyxong’a yassaviylar yordam qildilar. Temur bolalari tomonda esa “abdulholiqchilar” (naqshbandlar) turdilar. Mana bu raqobatning chin sabablarini izoh qilmoq uchun bizning qo’limizda keraklik vasiqalar yo’q. Shunday bo’lsa ham Yassaviy she’rlarining ruhini anglashka yordam qilmoq uchun chamalab bo’lsa ham fikr yurutish lozim; ma’lumki, shaharning mullasi, eshoni, hukumat odami, savdogari dalada yashag’an ko’chmanchi xalqni talaylar. Hukumat odamlari solug’ ham xizmat haqqi deb, mullasi zakot, fitr, sadaqa deb, eshoniy nazr-niyoz deb dala xalqini aldaylar. Savdogarlari har vaqt ko’chmanchi xalq orasig’a chiqib olish-berish yo’li bilan ularni talab kelganlari kabi daladan hayvon, yun(g) ortib shaharga sotish uchun kirgan chorvachilarni ham, shahar dallollari bilan birlashib, yap-yalang’och qilib junatadirlar. Mening “Eski turk adabiyoti namunalari”mda shunday voqealarning birini ko’rsataturg’an qiziq bir tizma bor (“Eng eski turk adabiyoti namunalari”, 60-bet, VIV parcha). Mana shu va shu kabi ishlar sababli ko’chmanchi xalq bilan o’troqlar orasida dushmanlik tuyg’ulari paydo bo’lib turadir. Ko’chmanchilar shaharlilarni, o’troqlarni yomon ko’radir. Yassaviyning o’zi shul dala xalqi orasidan chiqib, shular orasida yashag’ani uchun shul tuyg’ulardan uzoq tura olmag’an, albatta, bunda boshqa Yassaviy dala xalqi orasidan chiqqani uchun xalqni o’ziga tortmoq uchun uning yuqorida aytilgan tuyg’ularini juda ustalik bilan ifodalag’an.
Muftilar, mullalar, eshonlar, shayxlar, qozilar, hokimlarni qatorlab so’kush kabi Yassaviy she’rlarida ko’rganimiz nuqtalarni shu yo’llar bilan izoh etish mumkin. Yassaviy g’ariblar, yetimlar, kambag’allar uchun ham qayg’uradir. O’zini ularning namoyandasi kabi ko’rsatishka tirishadir. Ularga marhamat ko’zi bilan qarashni buyuradir. Shunday bo’lsa ham ul dinli bir kishi ham dinning ruhoniysi, shayxi. Har voqeaga ilohiy sabablar axtarib, ilohiy sabablar to’qig’an bir kishi. Ul ezilg’anlarga, kambag’al sinfga qutulishning moddiy, chin inqilobiy yo’llarini ko’rsatmaydir, ko’rsata olmaydir, ularning ezilishlarig’a ilohiy sabablar izlaydir: “Senga zulm qilg’uchilar, eshonlar, mullalar, boy-beglar emaslar. Bularning zulmlari Xudo tomonidan senga yuborilg’an g’azab, jazodir”, deydir. “Seni bu holdan qutqaraturg’an birdan-bir kuch Xudoning o’zi, unga yalin, unga topin, uning ishqi bilan mashg’ul bo’l, unga yaqinlashmoq uchun pirga qo’l ber” degan bo’ladir.
Yassaviy maktabining shoirlari juda ko’p. Men bunda hammasidan namunalar bermadim, mavzui bir, uslub bir, shakl bir bo’lg’ach, Ahmad Yassaviyning o’zi bilan shogirdi Sulaymon Boqirg’oniydan ba’zi namu¬nalar berish bilan kifoyalandim.
Milodiy XII asrda O’rta Osiyoning sharq ham g’arb tomonlarida ikki turkum savdo sarmoyasi tashakkul qilg’an, bir-biriga qarshi kurashiga tayyorlana boshlag’an edi. Sharq tomondag’i savdo sarmoyasining markazi Qashg’ar bo’lsa, g’arb tomondag’ining markazlari Marv, Buxoro, Xorazm edi. XIII asrdan boshlab xorazmshohlar bilan uy’gurlar archiqib, eng so’ng Chingizning xorazmshohlarni yengishi bilan bitkan janjallarni shul ikki savdo sarmoyasining bir-biriga qarshi kurashi deb izoh qilish mumkin. Bu ikki raqib kuchdan g’arblisi bo’lgan xorazmshohlarning o’zlari turk bo’lsalar ham saroy hayotlari forslashg’an, ularning saroylari fors shoirlari bilan to’lg’an edi. G’arbdag’i uyg’ur adabiyoti esa endigina musulmonlasha boshlag’an, fors-arab so’zlarini, fors-arab vaznini endigina olishg’a kirishkan edi. Bu davrda adabiyotimizda ko’rinaturgan eng katta xususiyat uning fors-arab adabiyoti ta’siriga kundan-kun berila boshlag’ani, kun sayin o’zini fors-arab adabiyotig’a ko’brak o’xshatmoqchi bo’lg’anidan iboratdir. Bu davrdagi adabiyotimiz
savdo sarmoyasi mafkurasini tashig’an islom dinining har tomonig’a ikki qo’llab yopishadir. Islomiy hikoyalar tarjima qilinadir. Fiqh qoidalari, aqoyid dasturlari, Muhammadning (s.a.v) hadislari tarjima qilinadir.
Diniy, mazhabiy taassublar boshqa ellar bilan bo’lg’an savdo ishlariga zarar bermaslik darajaga tushiriladir. Musulmon Ka’basi bilan majus dayri, Budda butxonasi badiiy parchalarda yondosh bo’lub turadirlar. Noqus (kalisa qo’ng’irog’i), but, zunnor kabi islomg’a qarshu bo’lg’an otlar mazhab istilohlari bo’lib kiradir (tasavvufda). “Qutadg’u bilig” egasi Yusuf Xos Hojibning yuqorida ko’rganimiz “yo’llarini tinchit, xususiy mulk qonunlarin ta’min et, savdogar solug’ingni bera bersin” degan na sifati amalga oshirilg’ani, aynuqsa, Temur jahongirligi munosabati bilan Osiyoning ko’p o’runlaridag’i xazinalarning talanib, O’rta Osiyog’a tashilg’ani uchun mundagi markaziy o’runlarda ko’p boyliqlar yig’iladir. Shahar hayoti o’sadir. Boylar ko’payadirlar. Beklar, hokimlar, boylar, bularning davlati ko’lankasida yashovchilar o’sadirlar. Endiki shaharlarda san’at, san’atkorlik fikrlari kuchayadir. Musiqachi, xushxat, rassom, naqqosh, shoir, adib guruhlar paydo bo’ladir. Yig’ilg’an boyliqlar foydalang’uchi hokim sinfning kayf-safo kechalari uchun may, ma’shuq, gul, bulbul, ashula, cholg’ug’a oyid go’zal g’azallar rivojlanadir. Fors adabiyotig’a ergashib ishqiy dostonlar maydong’a keladir.
Biroq Chingizdan Temurgacha bo’lg’an 1/2 asrlik davr (1218-1363) Chingizning ur-yiqiti ham undan keyingi daxliy tinchsizliqlar ta’siri bilan bo’lsa kerak, adabiyotimizning turg’unliq davridir. Bu davrda maydong’a kelgan o’z boshli, tugal bir badiiy asarning borlig’i ma’lum emas. Bu turg’unliq davrining adabiyot namunalari deb Rabg’uziy “Qisasu-l-anbiyo”sini hamda yana shu davrda yozilg’ani mening tomonimdan gumon qilinmoqda bo’lgan “Miftohu-l-adl” otli asarni ko’rsatish mumkin.
Bulardan birinchisi bo’lg’an “Qisasu-l-anbiyo” kitobi milodiy 1310 da Burhoniddin o’g’li Nosiriddin Rabg’uziy tomonidan yozilgandir. Bu asar o’z otidan anglashilg’ani kabi payg’ambarlarning hikoyacharidan iboratdir. Biroq shoir tabiatli, o’tkur bir odamning usta qalami bilan yozilg’ani uchun uslubiy jonli, she’riy parchalari ko’pdir.
Ikkinchi asar O’zbekiston Maorif komissarligi huzurida bo’lg’an o’zbek ilmiy markazining kitoblari orasida bo’lg’an “Miftohu-l-adl” kitobidir. Buning qachon va kim tomonidan yozilg’aniga oyid hech bir qayd kitobning o’zida yo’q. O’z otini yozmag’an musannif bu asarni Shahzoda Temurg’a bag’ishlab yozilg’anin bildirgan. Bu Shahzoda Temurning ham kim bo’lib, qachon o’tkani majhul! Men uslubiga qarab bu asar¬ning Amir Temurdan burunroq, Rabg’uziydan keyin yozilg’anini gumon qilaman. Bu kitob, asosan, bir fiqh kitobidir. Bunda shariatning qozixonag’a keraklik hukmlari yozilg’an. Biroq, bosh tomonidan bir qator axloqiy hikoyalar bor. Shul zamondag’i xonlar, beklarga qaratib yozilg’an bu hikoyalardan chiqaturg’an natijalar (qissadan hissalar): yaxshiliq qilish, yaxshiliqning qadrini bilish, omonatg’a xiyonat qilmasliq, podshohg’a isyon qilmasliq kabi ishlarga oyiddir.
Mana shu ikki namunadan keyin temuriylar davriga o’tib qolamiz. Bu davrning eng birinchi namunasi qilib Temurning o’z tilidan (balkim o’z tomonidan) yozilg’an “Tuzuki Temur” yo “Tuzukoti Temuriy” otli asarni ko’rsatish kerak. Biroq baxtg’a qarshu bu kitobning asl chig’atoychasi bizning qo’limizda yo’q undan bir narsa ololmadiq. Shuning uchun temuriylar davrining eng burung’i asari qilib, milodiy (1409-10)da , Temur o’lganidan 5-4 yil so’ng Balx shahrida Durbek degan kishi tomonidan yozilg’an “Yusuf, Zulayho” kitobi olindi.
So’ngra qatorlanib Atoyi, Lutfiy, Boyqaro, Navoyi, Bobir kabi mashhur chig’atoy shoirlarining asarlari keladirkim, bular haqida shu maqolaning boshida qisqagina qilib aytkanim so’zlar yetirlikdir. Shuni aytib qo’yish kerakkim, Navoyiga zamondosh bo’lg’an yo undan burun o’tkan chig’atoy shoirlarining hammasi shu emas. Sakkokiy, Mir Haydar, Vaysiy, G’aribiy, Sulton Xalil, Hisomiy kabi ko’b-ko’b shoirlar o’tkan. Lekin ularning devonlari bizga ma’lum bo’lmadi. Necha yildan beri bor kuchim bilan tirishkanim holda burung’i shoirlarimizning asarlaridan juda ozini topishg’a muvaffaq bo’ldim. Xatto professur Samoylovichning “O’rta Osiyo turk adabiyotiga oyid materiallar” degan kitobchasi bo’lmag’anda «Atoyi» devonining “Aziatskiy muzey”da yotg’anidan ham xabarsiz qolardim! Burung’i shoirlarimizning asarlarini topib maydong’a chiqarish uchun hali ko’p tirishmagimiz kerak.
So’ng ikki-uch yilda Maorif kamisarligimiz huzuridagi ilmiy mar¬kaz ham xususiy adabiyotchilarimiz tomonidan bu to’g’rida jiddiy g’ayratlar bo’lib turg’anin ko’rib sevingan bo’lsam-da1, bu yo’lda ko’rilib turg’an ishlarning juda oz bo’lg’anin aytib o’tishni o’zimga vazifa deb bilaman.



Download 390.19 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   19   20   21   22   23   24   25   26   ...   73




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling