FALSAFANING QONUN VA KATEGORIYALARI
5.1. Falsafada rivojlanish haqidagi qarashlar evolyutsiyasi. Qonun
tushunchasi. Qonun turlari
Falsafiy fikrlash o‘ziga xos bir qator tamoyil, qonun-qoidalarga asoslanadi va
ularga qatiy rioya etishni talab etadi. Shular ustida qisqacha to‘xtalib o‘tamiz.
Dialektik tafakkur olamdagi har qanday narsa yoki hodisani o‘rganishda
ularning hamma tomon va bog‘lanishlarini, shuningdek, uning boshqa narsalar va
hodisalar bilan o‘zaro munosabatlarini hisobga olishni talab etadi.
Real voqelikdagi narsalar bir-biridan ajralgan, alohida holda mavjud
bo‘lmasdan, balki bir-biri bilan mustahkam o‘zaro bog‘lanishlarda bo‘ladi va bir-
birini taqozo qiladi. Shuning uchun olamdagi narsalar mantiqning in’ikosi bo‘lgan
inson tafakkuri mantig‘i voqelikdagi narsa va hodisalarni butun tashqi olam bilan
birga jonli va turli-tuman aloqasini qamrab olishi, aks etishi kerak. Nazariy bilim
o‘rganilayotgan ob’ektning har tomonlama munosabatlarda bo‘lishini ko‘rsatib
berishi lozim. Faqat narsa va hodisalarning hamma bog‘lanish va o‘zaro
munosabatlarini bilish insonga haqiqatga erishish imkoniyatini beradi.
Tabiat va jamiyatda hech bir hodisa ajralgan boshqa hodisalarga bog‘liq
bo‘lmagan holda yasholmaydi va yashashi ham mumkin emas. Sirtdan qaraganda
narsalar, voqealar bir-birlaridan ajralgandek bo‘lib ko‘rinishi mumkin. Aslida esa,
ular o‘zaro aloqada bo‘lib, biri ikkinchisidan kelib chiqadi, bir-birlarini taqozo qilib
turadi. Narsa, hodisa va voqealar o‘rtasidagi ichki bog‘liqlik, aloqadorlik va bir-biriga
ta’sir qilishlik ob’ektiv qonuniy holdir. Ana shu qonuniyatni ochib berish - fanning
vazifasidir.
“Tabiatni faqat uning qonunlariga bo’ysunish
yo’li bilangina yengish mumkin”.
F.Bekon
Do'stlaringiz bilan baham: |