VII. Ayrim tabiiy obyektlar va majmualarni saqlab qolish, takror ko‘paytirish va tiklash uchun
mo‘ljallangan hududlar
29-modda. Ayrim tabiiy obyektlar va majmualarni saqlab qolish, takror ko‘paytirish va
tiklash uchun mo‘ljallangan hududlarning turlari
Ayrim tabiiy obyektlar va majmualarni saqlab qolish, takror ko‘paytirish va tiklash uchun
mo‘ljallangan hududlar buyurtma qo‘riqxonalar, tabiiy pitomniklar va baliq xo‘jaligi zonalari
tariqasida tashkil etiladi.
30-modda. Buyurtma qo‘riqxonalar
Ayrim tabiiy obyektlar va majmualarni saqlab qolish, takror ko‘paytirish va tiklash uchun
mo‘ljallangan muhofaza etiladigan tabiiy hududlar buyurtma qo‘riqxonalar hisoblanadi.
Buyurtma qo‘riqxonalar quyidagi turlarga bo‘linadi:
o‘simliklar va hayvonlarning qimmatli, noyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan turlarini,
tirik organizmlarning ko‘chib o‘tish yo‘llarini saqlab qolish, takror ko‘paytirish va tiklash uchun
mo‘ljallangan biologik (botanik, zoologik) buyurtma qo‘riqxonalar;
ayrim qazilma obyektlar va ularning majmualarini saqlab qolish uchun mo‘ljallangan
paleontologik buyurtma qo‘riqxonalar;
qimmatli suv obyektlarini saqlab qolish uchun mo‘ljallangan gidrologik (botqoq, ko‘l, daryo)
buyurtma qo‘riqxonalar;
nodir geologik va mineralogik hosilalarni saqlab qolish uchun mo‘ljallangan geologik va
mineralogik buyurtma qo‘riqxonalar.
Buyurtma qo‘riqxonalar umumdavlat yoki mahalliy ahamiyatga molik bo‘lishi mumkin.
31-modda. Buyurtma qo‘riqxonalarni tashkil etish
Umumdavlat ahamiyatiga molik buyurtma qo‘riqxonalar maxsus vakolatli davlat organining
taqdimnomasi, shuningdek yuridik yoki jismoniy shaxslarning iltimosnomasiga binoan O‘zbekiston
Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tashkil etiladi.
Mahalliy ahamiyatga molik buyurtma qo‘riqxonalar maxsus vakolatli davlat organining
taqdimnomasi, shuningdek yuridik yoki jismoniy shaxslarning iltimosnomasiga binoan mahalliy
davlat hokimiyati organlarining qarorlari bilan tashkil etiladi.
Buyurtma qo‘riqxonalar faoliyat muddatlari ko‘rsatilmagan holda (muddatsiz) yoki kamida o‘n
yil muddatga tashkil etiladi.
Buyurtma qo‘riqxonalar davlatga qarashli yoki xususiy bo‘lishi, yuridik shaxs tashkil etgan
holda yoki yuridik shaxs tashkil etmagan holda bo‘lishi mumkin.
Xususiy buyurtma qo‘riqxonalarni va yuridik shaxs tashkil etgan holdagi davlat buyurtma
qo‘riqxonalarini tashkil etish uchun yer uchastkalari va ayrim tabiiy obyektlar belgilangan tartibda
beriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |