2. Dissimilyatsiyada ikkita aynan yoki qisman o‘xshash tovushdan biri yoki har ikkalasi talaffuzda o‘zgarib, noo‘xshash tovushga aylanib qoladi. Masalan, zarur – zaril (zarar so‘zi tarkibidagi ikkita bir xil r undoshining biri talaffuzda l ga aylangan). Yana qiyoslang: koridor>kalidor, devor>devol, nodon>lodon, biror>biron (yozilishi: zarur, koridor, devor, biror yoki biror, nodon).
3. Metateza so‘z tarkibidagi ayrim tovushlarning talaffuzda o‘rin almashuvidir. Masalan: daryo – dayro (bunda r va y undoshlarining o‘zaro o‘rin almashuvi yuz bergan); ahvol – avhol (hv-vh), aylanay – aynalay (ln-nl), tuproq-turpoq (pr-rp); yog‘mir-yomg‘ir (g‘m- mg‘ ); yozilishi: daryo, ahvol, aylanay, tuproq, yomg‘ir.
3-masala bayoni
Pozitsion o‘zgarishlar
Tovushning so‘z tarkibidagi o‘rni (joylashish tarkibi) uning pozitsiyasini tashkil qiladi. Tovush so‘zning turli o‘rinlarida kela oladi. Masalan, d undoshi dono, dehqon, doston so‘zlarining boshida; abadiy, aerodrom, badiiy, bayroqdor so‘zlarining o‘rtasida; taqlid, obod so‘zlarining esa oxirida kelgan. Shu so‘zlarni talaffuz qilganimizda, ularning ayrimlari (masalan, dono, dehqon, doston, abadiy, aerodrom, badiiy, bayroqdor...) tarkibidagi d undoshi hech qanday o‘zgarishga uchramaydi, ammo taqlid, obod so‘zlari tarkibidagi bu undosh jarangsiz t tarzida (taqlit, obot) aytiladi. Demak, mazkur undoshning talaffuzda o‘zgarishi – jarangli tovushning jarangsizlanishi uning ma’lum bir pozitsiyada – so‘z oxirida kelishi bilan bog‘liq. Kosmonavt, kosmodrom, limonad, mikrofon, orkestr so‘zlarining urg‘usiz bo‘g‘inida kelgan o unlisi a tarzida (kasmanavt, kasmadrom, limanad, arkestr, mikrafon kabi) talaffuz qilinsa, kartoshka, direktor, lektor, diktor, agressor so‘zlarining urg‘usiz bo‘g‘inida kelgan o unlisi qisqa i tarzida (kartishka, direktir, lektir, diktir, agressir kabi) talaffuz qilinadi. Bu tipdagi ruscha-internatsional so‘zlar tarkibidagi o tovushining goh a, goh i kabi aytilishi ularning urg‘usiz bo‘g‘inda kelishi bilan bog‘liqdir.
Tovushning so‘zdagi o‘rni, urg‘uli yoki urg‘usiz bo‘g‘inda kelishi bilan bog‘liq holda yuz beradigan o‘zgarishlar pozitsion o‘zgarishlar deyiladi. Pozitsion o‘zgarishlarning quyidagi turlari bor:
Do'stlaringiz bilan baham: |