O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi samarqand davlat chet tillar instituti til nazariyasi va adabiyotshunoslik kafedrasi


Download 233.38 Kb.
bet7/35
Sana24.04.2023
Hajmi233.38 Kb.
#1394024
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   35
Bog'liq
нутқ маданияти Majjmu

5-ma’ruza: Nutq madaniyati va notiqlik san’ati
2 soat
Reja:

  1. Nutq madaniyati sohasining vazifalari.

  2. Fonetik variantlar yoki dubletlar so‘zlarning tovush tomonidan farqlanishi

  3. Leksik variantlar haqida.

  4. Morfologik variantlar haqida.



Tayanch so‘z va iboralar: variant, dublet, fonetik variant, leksik variant, morfologik variant, sintaktik variant, neytral sinonim, madaniy nutq me’yori.

Nutq madaniyati sohasining asosiy vazifalaridan biri nutqiy vositalarning funkstional xususiyatlarini o‘rganishdir. Bu masala yozma adabiy nutqning har qanday ko‘rinishida ham so‘z va iboralarni o‘rinli va adabiy til me’yoriga mos tarzda ishlatish bilan bog‘liqdir.


Ravshanki, tilning amalda qo‘llanilishida so‘z tanlanishi va variantdorlik muhim ahamiyat kasb etadi. Biroq bu masalani o‘rganish bobida tilshunosligimizda hali qilinishi lozim bo‘lgan tadqiqot ishlari me’yor darajasida amalga oshirilgani yo‘q. To‘g‘ri, mazkur masala bo‘yicha rus tilshunosligida anchagina ishlar bajarilgan. Ammo o‘zbek tilshunosligida ushbu masala tadqiqiga bag‘ishlangan ishlar juda kam.
Shuni ham aytish kerakki, til elementlarining variantliligi haqida so‘z yuritilganda ikki narsaga e’tibor qaratish lozim bo‘ladi: variantlar va dubletlar. Ular birdan ortiq ko‘rinish, shaklga ega ekanligi bilan bir-biriga o‘xshasa-da, ko‘p shakllilik va ikki shakllilik tushunchalari doirasida farqlidir. Variant tushunchasi ko‘p shakllilik bilan, dublet tushunchasi esa ikki shakllilik ma’nosi bilan bir-biridan farqlanadi.
Aynan ana shu variant va dublet tushunchalari biz ahamiyat berishimiz lozim bo‘lgan fonetik, leksik, morfologik va sintaktik variantlilik hodisalarini o‘rganishimiz uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. Quyida ana shularning har biriga qisqacha to‘xtalamiz.
Fonetik variantlar yoki dubletlar so‘zlarning tovush tomonidan farqlanishi asosida hosil bo‘ladi. Masalan: biror – biron, bugun – bukun, barakali – barakatli, obro‘ – obro‘y, bebosh – bevosh, bo‘lgusi – bo‘lg‘usi, shohi – shoyi va h.k. Bunday variant yoxud dublet so‘zlar, garchi ma’no jihatidan farq qilmasa ham, ulardan nutqning ma’lum turida oqilona foydalanish shu nutqning uslubiy jihatdan buzilmasligi mezoni sanaladi. Ayniqsa, bir qator fonetik so‘z variantlarining she’riyat tili uchun xoslanganligi yaqqol seziladi. Ayni paytda variantlar tanlanishi she’riy nutqning ta’sirchanligini oshirish uchun xizmat qiladi. Biroq bunday fonetik so‘z variantlari she’riy nutq me’yorlariga mos bo‘lsa ham, adabiy nutq me’yoriga mos kelmasligi mumkin.
Fonetik so‘z variantlariga xos eng muhim xususiyatlardan biri, variantlardan birining adabiy tilga, ikkinchisining sheva tiliga yoki oddiy so‘zlashuvga xosligidir. Ko‘pgina fonetik so‘z variantlarining talaffuz jarayonida vujudga kelishi yaqqol sezilib turadi va bunday variantlar nutqda aktiv yoki passiv qo‘llanishi bilan xarakterlanadi: qora – qaro, qovun – qavun, arava – aroba, asta – osta va h.k.
Bunday variantlarni bugungi kunda yozma nutqda ham, og‘zaki nutqda ham uchratamiz. Bir qator fonetik variantlar borki, ularda shevalarga xos belgilar ko‘rinib turadi. Ular adabiy tilning fonetik me’yorlariga to‘g‘ri kelmaydi. Masalan, nayzavozlik, qilichvozlik, beboshlik, inonmoq kabi so‘zlarda fonetik nuqsonlar borligini ko‘rish qiyin emas. Shuning uchun adabiy tilda so‘zlashuvchi kishi uning fonetik me’yorlariga ham ahamiyat bermog‘i lozim. Variantlilik qatoridagi har bir variantning o‘z o‘rni bo‘lib, ularning bir qismini leksik variantlar deb ataymiz. Mazkur variantlarning ma’lum bir qismini dubletlar tashkil etadi, yana bir qismini esa neytral sinonimlardan iboratdir. Quyida ana shunday dubletlarga to‘xtalamiz.
Shuni ham aytish kerakki, leksik variantlar, odatda, neytral sinonimlar doirasida uchraydi: bajarmoq – ado etmoq – uddalamoq – do‘ndirmoq; ishlamoq – mehnat qilmoq – ter to‘kmoq, kurashmoq – jang qilmoq; chop etmoq – nashr qilmoq – bosmadan chiqarmoq va h.k.
Hayotda ro‘y berib turadigan turli hodisa va voqealarni adabiy tilda madaniy variantlarni saqlagan holda ifodalash uchun turli xil fe’l shakllaridan foydalanamiz: erishmoq – etishmoq – qozonmoq – egallamoq – qo‘lga kiritmoq – muvaffaq bo‘lmoq – sazovor bo‘lmoq. Biroq mazkur so‘zlar ma’nolariga ko‘ra o‘xshash bo‘lsa-da, ulardan nutqiy jarayonning talabiga ko‘ra foydalana olamiz. Masalan, erishmoq so‘zini muvaffaqiyat so‘zining distributiv talabiga ko‘ra ishlata olmaymiz. Muvaffaqiyat so‘zi bu o‘rinda qozonmoq so‘zi bilangina distributiv munosabatda bo‘la oladi. Erishmoq so‘zi esa g‘alabaga erishmoq, yutuqqa erishmoq, niyatga erishmoq kabi qo‘llanishlarda o‘z distributiv o‘rnini topa oladi. To‘g‘ri, muvaffaqiyatga erishmoq tarzidagi birikmani nuqsonli deya olmaymiz. Biroq muvaffaqiyat tarzida bosh kelishikda kelgan so‘z faqat qozonmoq so‘zi bilan sintagmatik munosabat tashkil eta oladi.
Leksik variantlar madaniy til yoxud madaniyatli nutq doirasidan chiqmagan holda vaqti-vaqti bilan yangi variantlar kashf etishi ham mumkin: erishmoq – muvaffaq bo‘lmoq – muyassar bo‘lmoq – musharraf bo‘lmoq – sazovor bo‘lmoq. Ana shuning o‘zi ham madaniy nutqimiz adabiy taraqqiyoti bilan hamohang holda ravnaq topishini ko‘rsatadi. Bu singari leksik variantlardagi til taraqqiyoti bilan bog‘liq o‘zgarishlar avval yozma nutqimizda vujudga keladi, keyinchalik ularning iste’molda qay tarzda qo‘llanishi bilan bog‘liq holda bunday o‘zgarishlar adabiy tilning og‘zaki shaklida ham ko‘rina boshlaydi.
Yuqoridagilardan tashqari, madaniy nutqimizda boshqa tillardan o‘zlashgan so‘zlar ham ko‘p qo‘llanilishini ko‘ramiz: sovg‘a qilmoq – tortiq qilmoq – tuhfa etmoq – hadya etmoq – in’om etmoq.
Morfologik belgilariga ko‘ra ajralib turuvchi so‘zlarni morfologik variantlar deb ataymiz. Morfologik belgilar tillarda har xil bo‘lishi mumkin. O‘zbek tilida bunday belgilar jumlasiga so‘z o‘zagiga qo‘shiladigan affikslarni kiritamiz. Affikslar so‘z o‘zagi old qismiga yoki o‘zakdan keyin qo‘shiladi:
- o‘zakdan oldin no– morfemasi, o‘zakdan keyin –siz morfemasi qo‘shiladi: noto‘g‘ri – o‘rinsiz, noiloj – ilojsiz, noinsof – insofsiz;
- o‘zakdan oldin be– morfemasi, o‘zakdan keyin –siz affikslari keladi: beminnat – minnatsiz, bexato – xatosiz, bexabar – xabarsiz;
- o‘zakdan keyin –chi, –kor affikslari qo‘shiladi: xizmatchi – xizmatkor, qasoschi – qasoskor, jinoyatchi – jinoyatkor;
- o‘zakdan keyin –li, –dor yoki –viy affikslari qo‘shiladi: zotli – zotdor, jozibali – jozibador, namunali – namunaviy;
- o‘zakdan oldin ser–, o‘zakdan keyin –dor yoki –chan qo‘shimchalari keladi: sermahsul – mahsuldor, serhimmat – himmatli, serharakat – harakatchan;
- o‘zakka turli qo‘shimchalar tirkaladi: loy – loyqa, past – pastlik, kun – kunduz, musht – mushtum, kamchil – kamyob, bo‘lg‘usi – bo‘lajak;
- sonlarga –ov, –ovlon qo‘shimchalari qo‘shiladi: ikki – ikkov – ikkovlon;
- rang bildiruvchi sifatlarga –ish, –imtir qo‘shimchalari tirkaladi: sarg‘ish – sarg‘imtir, ko‘kish – ko‘kimtir, oqish – oqimtir.
Morfologik variantlarning shakllanishi tilning lug‘at tarkibini boyitish uchun xizmat qiladi. Biroq morfologik variantlardan ham o‘rinli foydalana bilmoq zarur, zotan, har bir so‘z o‘z o‘rnida qo‘llanilmas ekan, adabiy til me’yori ham, nutqimiz madaniyati ham buziladi. Morfologik variantlar ko‘p paytlarda bir xil ma’no anglatgandek ko‘rinsa ham, ular har doim ham bir-birini almashtirish imkoniyatiga ega bo‘lmaydi. Masalan, o‘qni bexato nishonga urish deyish mumkin, lekin ayni paytda o‘qni xatosiz nishonga urdi deb bo‘lmaydi. Albatta, o‘qni xatosiz nishonga urdi deyishimiz ham mumkin. Lekin bunda madaniy nutqning morfologik me’yori qisman buziladi. Yoki bebaho yigit deganimizda madaniy nutq me’yori to‘liq saqlansa, bahosiz yigit deydigan bo‘lsak, mazkur me’yorga qisman putur etkazilishi ham fikrimiz dalili bo‘la oladi.
Yuqoridagilardan tashqari, sintaktik variantlardan o‘rinli foydalanish masalasi ham nutqimiz madaniyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Sintaktik variantlar haqida so‘z yuritganimizda eng avval muayyan sintaktik qurilma komponentlarining muqobil variantlar bilan almashtirilishini tushunmoq darkor. Masalan, Hamid Olimjonning quyidagi ikki qator she’riga e’tibor qarataylik:
Farzand guldir, ona bir bo‘ston,
Shuning bilan jahon guliston.
Bu o‘rinda shoir xalq tilida azaldan qo‘llanib kelayotgan “olam guliston” birikmasining bir komponentini o‘zgartirib qo‘ygani sababli ta’sirchan va madaniy nutqni shakllantiruvchi holatni vujudga keltira olgan.
Nafaqat yozma nutqda, balki og‘zaki nutqda ham bunday holatni kuzata olamiz. Agar biz kimdandir qarzdor bo‘lsak (masalan, pul qarzi), uni egasiga qaytarayotganimizda ikki xil variantdan foydalanish imkoniga ega bo‘lamiz: qarzingizni olib keldim – omonatingizni olib keldim. Ayni paytda, albatta, ikkinchi variantning madaniy nutq doirasida ekanligi izoh talab qilmaydi.
Sintaktik variantlar ham nutqiy jarayonning talabiga ko‘ra qo‘llaniladi. Masalan, “Oq oltin” xirmoni, paxta xirmoni birikmalari, garchi ular ma’nolariga ko‘ra farqlanmasada, har doim ham bir-birini almashtira olmaydi. Agar tantanali holatda “oq oltin” xirmoni birikmasidan foydalansak, oddiy nutq jarayonida paxta xirmoni sintaktik variantidan foydalanamiz.
Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Biroq har qanday nutqiy jarayonning o‘z talablari va imkoniyatlarini har doim yodda saqlamoq lozim.



Download 233.38 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   35




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling