431-modda. Sud hujjatlarini nazorat tartibida qayta ko‘rish uchun asoslar mavjud emasligi to‘g‘risidagi ajrim
Sud hujjatlarini nazorat tartibida qayta ko‘rish uchun asoslar mavjud emasligi to‘g‘risidagi ajrimda quyidagilar ko‘rsatilishi kerak:
1) ajrim chiqarilgan vaqt va joy;
2) ajrim chiqargan sudyaning familiyasi, ismi, otasining ismi;
3) nazorat tartibida shikoyat bergan shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi (nomi);
4) ustidan shikoyat qilinayotgan sud hujjatlari;
5) sud hujjatlari qabul qilingan ish mazmunining qisqacha bayoni;
6) nazorat tartibidagi shikoyatni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga ko‘rib chiqish uchun o‘tkazishni rad etish sabablarining qisqacha bayoni.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi yoki uning o‘rinbosari sudyaning sud hujjatlarini nazorat tartibida qayta ko‘rish uchun asoslar mavjud emasligi to‘g‘risidagi ajrimini o‘z tashabbusiga yoki nazorat tartibida shikoyat bergan shaxsning arizasiga ko‘ra bekor qilishga va ishni ko‘rib chiqish uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga o‘tkazishga haqli.
Nazorat tartibidagi shikoyatni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atida ko‘rib chiqish uchun o‘tkazishni rad etish to‘g‘risidagi ajrimni bekor qilish haqidagi ariza sud hujjati ustidan nazorat tartibida shikoyat qilish uchun belgilangan muddat doirasida berilishi mumkin.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 422, 430, 431, 436-moddalari.
432-modda. Nazorat tartibidagi shikoyatni (protestni) ko‘rish uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga o‘tkazish to‘g‘risidagi ajrim
Nazorat tartibidagi shikoyatni ko‘rish uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga o‘tkazish to‘g‘risidagi ajrimda quyidagilar ko‘rsatilishi kerak:
1) ajrim chiqarilgan vaqt va joy;
2) ajrim chiqargan sudyaning familiyasi, ismi, otasining ismi;
3) shikoyatni bergan shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi (nomi);
4) ustidan shikoyat qilinayotgan sud hujjatlari;
5) sud hujjatlari qabul qilingan ish mazmunining qisqacha bayoni;
6) shikoyatni ko‘rib chiqish uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga o‘tkazish sabablari va asoslari;
7) O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan ish ko‘riladigan joy va sana.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasi shikoyatni mazmunan ko‘rish uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga o‘tkazish haqida qaror qilish bilan bir vaqtda nizolashilayotgan sud hujjatining ijrosini shikoyat bergan shaxsning iltimosnomasiga ko‘ra, nazorat tartibida ish yuritish tugaguniga qadar to‘xtatib turishga haqli.
Protest kelib tushgan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasi uni ko‘rib chiqish uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga o‘tkazish to‘g‘risida ajrim chiqaradi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasi o‘zi chiqargan ajrim bilan birga shikoyatni (protestni) ish bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga o‘tkazadi.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 422, 430, 431, 436-moddalari.
Do'stlaringiz bilan baham: |