Proffessor Hamidov Hojiakbar Hamidovich Ernazarov Shermuxammat Eshbekovich Raxmonov Bahodir Mirzaevich
Download 4.88 Mb. Pdf ko'rish
|
O`zbekiston tarixi
- Bu sahifa navigatsiya:
- Kudzula Kadfiz
Kushon davlati. Mil. avv. 140-130 yy. ko`chmanchi yuechji qabilalari
Yunon-Baqtriya davlatini bosib olib Baqtriyaga kelib o`rnashdilar. Milodiy I asrda Guyshuan (Kushon) xonadonining boshlig’i barcha yuechji mulklarini o`z hokimiyatiga birlashtirib, Kushon davlatiga asos soladi. Birlashgan yuechji mulklarning birinchi hukmdori bo`lgan Kudzula Kadfiz davrida Kushon davlatiga Afg’oniston va Kashmir qo`shib olingan. Kudzulaning vorisi Vima Kadfiz hukmronligi davrida Kushon davlati hududi yanada kengaydi. Podsho Kanishka (78-123 yy.) davrida poytaxt Baqtriyadan Peshovar (Pokiston)ga ko`chiriladi, Kushon podsholigi ulkan davlatga aylanadi. Kushon davlati hududiga: Hindiston, Xo`tan, Afg’oniston va O`zbekistonning janubigacha bo`lgan erlar kirgan. Rim, Parfiya, Xitoy kabi Kushon davlati ham ulkan podsholiklardan biriga aylangan. Kushon davlati to`xtovsiz urushlar oqibatida inqirozga yuz tutdi va parchalanib (III asr) ketdi. Vima Kadfiz davridan Kushon podsholigida hukmdor nomi ko`rsatilgan tanga zarb qilish boshlandi. Hukmdor pul islohati o`tkazadi, tangalar qadri ortadi. Tangalar oltin, kumush, misdan zarb qilingan. Kanishka davrida (78-123) Kushon davlati o`z taraqqiyotining cho`qqisiga erishadi. Yangi shaharlar qurildi, Hindiston, Xitoy va Rim imperiyasi bilan savdo-elchilik o`rnatildi. Hunarmandchilik ham yuksak darajada taraqqiy etgan. Surxon vohasidagi Kushon davlati yodgorliklari: Xolchayon, Dalvarzintepa, Ayritom, Zartepa, Qoratepa kabi topilmalar buni tasdiqlaydi. Kushon davlati iqtisodiyotining asosini sug’orma dehqonchilik, savdo va hunarmandchilik tashkil qilgan. Kushon davlati davrida suv tegirmoni, chig’ir turlaridan keng foydalanildi, erga ishlov berish qurollari takomillashtirildi. Oromiy yozuvi G’arbiy Osiyoda paydo bo`lib, alifboga asoslangani tufayli o`zlashtirish oson bo`lgan. Kushon davlatida yashagan xalqlarning o`zaro madaniy va savdo aloqalari tufayli O`rta Osiyoda qadimgi oromiy yozuvi keng tarqaladi. 46 Qadimgi Termiz yodgorliklaridan oromiy yozuvi asosidagi kushon-baqtriya alifbosidagi yozuv namunalari topilgan. Kushon mamlakatida yana kushon shaklli yozuvi bo`lgan, bunda harflar burchakli, to`rtburchak va aylana shaklida yozilgan. Kushon podsholigida yozuv qadimdan mavjudligini Surxko`tal (Afg’onistondagi Qunduz shahri yaqinida) yodgorligidan topilgan yunon alfbosidagi kushon bitiklari ham tasdiqlaydi. Amudaryo quyi oqimida, Zarafshon va Qashqadaryo vohalarida oromiy alifbosi asosidagi xorazmiy va so`g’diy yozuvlar ham keng tarqalgan edi. Yozuvning turli ko`rinishlariga oid topilmalar Kushon podsholigining jahondagi ko`plab davlatlar bilan keng ko`lamli aloqalaridan guvohlik beradi. Kushon davlati tashkil topayotganda Baqtriya va So`g’diyonaning asosiy aholisi zardushtiylik dinida edi. Kanishka Hindistonning bir qismini qo`shib olgach Kushon hududiga kirib kelgan buddaviylik dini zardushtiylik bilan birga VIII asrgacha O`rta Osiyoda saqlanib qoldi. Surxon vohasi orqali buddaviylik O`rta Osiyo bo`ylab tarqala boshladi. Kushonlar davrida binokorlik va me’morchilik yuksak darajada taraqqiy etgan. Dalvarzin va Eski Termiz shaharlari xom g’ishtdan qurilgan mustahkam istehkom devorlari bilan o`ralgan edi. SHaharlar hunarmandlar mahallalariga va turar joy mavzelariga ajratilgan. Xolchayondagi Kushon hukmdorlari saroyi, Eski Termiz (Qoratepa, Fayoztepa) va Dalvarzintepadagi buddaviylik ibodatxonalarida devoriy tasvir va haykaltaroshlikning yuksak san’at namunalari o`rganilgan. Bular: Budda haykali, shahzodalar, saroy a’yonlari, jangchilar tasviri va Ayritomda topilgan do`mbirachi va ud chalayotgan musiqachilar tasviridir. Kandakorlik yuqori rivojlangan. Dalvarzintepadan fil suyagidan yasalgan shaxmat donalari topilgan. Kushon san’atida mahalliy an’analar, Qadimgi Sharq va Qadimgi Yunoniston ellinistik san’ati uslublari muvofiqlashgan. Download 4.88 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling