Prokurorning sudda ishtiroki Reja: Sudlarda jinoyat ishlari ko`rilishida prokurorning ishtiroki
Sudning chinakam mustaqilligiga nima to‘sqinlik qiladi?
Download 75.92 Kb.
|
prokurorlik nazorati mustaqil ish
- Bu sahifa navigatsiya:
- Farmon bilan prokuror vakolatlari o‘zgardimi
Sudning chinakam mustaqilligiga nima to‘sqinlik qiladi?
Mamlakatimizda sudlarning mustaqilligi, tergov va prokuratura organlari va boshqa ta’sirlardan xoliligi ularning hokimiyatning alohida bo‘g‘ini sifatida mavqeini oshirishga xizmat qiladi. Afsuski, hozirda sudning chinakam mustaqilligini, taraflarning sudda tortishuvchanlik va tengligi tamoyilini to‘liq ta’minlashga to‘sqinlik qiluvchi quyidagi salbiy omillar saqlanib qolmoqda. Birinchidan, qonunchilikda prokuror sudda ayblovdan voz kechgan taqdirda sudya qanday qaror qabul qilishi kerakligi belgilanmagan. Natijada, oxirgi 3 yil davomida prokurorlar tomonidan biron marotaba ham ayblovdan voz kechilmagan. Ikkinchidan, prokuror ishtiroki shart bo‘lmagan fuqarolar yoki tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq ishlar ko‘rilishida tanlov asosida qatnashib, taraflar yoki sudga bosim o‘tkazishi mumkinligi istisno etilmaydi. Uchinchidan, prokuror tomonidan suddan ishni o‘z tashabbusi bilan chaqirib olinishi taraflarning tengligi tamoyili buzilishiga va turli suiiste’molliklarga olib kelishi mumkin. Prokuror tomonidan suddan ishni o‘z tashabbusi bilan chaqirib olinishi esa taraflarning tengligi tamoyili buzilishiga va turli suiiste’molchiliklarga olib kelishi tayin. Shunga binoan, prokurorning sudda ish ko‘rilishi jarayonida ishtirok etish tartibini ilg‘or xalqaro standartlarga moslashtirish zarurati mavjud. Farmon bilan prokuror vakolatlari o‘zgardimi? Prezidentning 2020 yil 24 iyuldagi Farmoni asosida prokurorning qator vakolatlariga ilg‘or xorijiy tajriba va xalqaro standartlarga moslashtirilgan holda o‘zgartishlar kiritilishi belgilandi. Jumladan, davlat ayblovchisi ayblovdan voz kechgan taqdirda reabilitasiya asoslariga ko‘ra jinoyat ishini tugatish, taraflar murojaati mavjud bo‘lgan holdagina prokuror tomonidan suddan ishlarni chaqirib olish, boshqa shaxslarning tashabbusi bilan qo‘zg‘atilgan fuqarolik va iqtisodiy ishlarning ko‘rilishida prokuror o‘z tashabbusi bilan ishtirok etishini istisno etish nazarda tutilmoqda. Bunday qoidalarning kiritilishi albatta sudning mustaqilligini, taraflarning sudda tortishuvchanlik va tengligi tamoyilini amalda ta’minlashga xizmat qiladi. Shu bilan birga hozirga qadar sud tomonidan tegishli qaror qabul qilib bo‘lingan sud ishlarini prokuror tomonidan o‘z tashabbusiga ko‘ra chaqirib olib o‘rganish amaliyoti mavjud edi. Masalan, agar prokuror biror sudyaning aniq bitta ish bo‘yicha hukmidan norozi bo‘lsa, mazkur sudya tomonidan barcha (100, 200, 400ta) jinoyat ishlarini chaqirib olishi va o‘rganib chiqib (tirnoq ostidan kir qidirib) protest kiritish vakolatiga ega edi. Bu esa qaysidir ma’noda taraflar murojaati bo‘lmay turib sud hujjatini o‘rganilishi, ya’ni sud ustidan nazorat ma’nosini ham anglatar va turli xalqaro va milliy mutaxassis-olimlarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lar edi. Farmon bilan prokuror tomonidan sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi, hal qiluv qarori, ajrimi yoki qarori bo‘yicha ishlarni, ushbu ishlar yuzasidan taraflar murojaati mavjud bo‘lgan holdagina, suddan chaqirib olib o‘rganish tizimi joriy qilinmoqda. Bu esa prokuror vakolatini ma’lum ma’noda qisqarishi, prokurorning o‘z tashabbusiga ko‘ra sud ishlarini o‘rganish amaliyotiga barham beradi. Farmon bilan fuqarolik va iqtisodiy ishlarning ko‘rilishida prokurorning sudda ishtiroki ham kamaytirish xususida qaror qabul qilingan. Zero aksariyat rivojlangan davlatlar (Germaniya, Fransiya, AQSh va boshqa)da prokurorning fuqarolik, iqtisodiy ishlar va, hattoki ma’muriy nizolar ko‘rilishida sudda ishtiroki ayrim istisnoli hollardan tashqari umuman mavjud emas. Mazkur rivojlangan xorijiy davlatlarda prokuror asosan jinoyat ishlari yuzasidan sudda ishtirok etishi va dastlabki tergovni muvofiqlashtirishi nazarda tutilgan. Bunda qonunda nazarda tutilgan hollardan tashqari sudlarda boshqa shaxslarning tashabbusi bilan qo‘zg‘atilgan fuqarolik va iqtisodiy ishlarning ko‘rilishida prokuror o‘z tashabbusi bilan ishtirok etishini istisno etish nazarda tutilgan. Masalan, ikkita fuqaro yoki ikkita tadbirkor o‘rtasida shartnomaviy huquqiy masalada nizo yuzaga keldi. Bu sof holda xususiy-huquqiy munosabat bo‘lib, ishda prokurorning ishtiroki aslini olganda umuman keraksiz. Chunki prokuror qaysidir tarafning foydasiga fikr bildirishi uning xolisligiga, o‘z navbatida, qarshi tarafning haqli e’tiroziga sabab bo‘lsa, prokurorning qonun himoyachisi sifatida ikki tarafga ham yon bosmay faqat qonun himoyasida turishi esa qaysidir ma’noda sudyaning rolini bajarishiga o‘xshab qolar edi. Shuning uchun ham Farmon bilan fuqarolik va iqtisodiy ishlarning ko‘rilishida prokurorning sudda ishtirokining qisqartirilishi xususiy-huquqiy munosabatlar doirasidagi nizolarning taraflar o‘rtasida, prokuror aralashuvisiz, o‘zaro hal qilinishi imkoniyatlarini ham kengaytiradi. Shu bilan birga sudlar faoliyatida hanuzgacha byurokratik to‘siqlar saqlanib qolayotganligi, sud qarorlarini qayta ko‘rishdagi bir-birini takrorlovchi bosqichlar mavjudligi, tortishuv prinsipining yetarlicha ta’minlanmayotganligi, investorlar huquqlarining sud himoyasida bo‘lishi qoniqarli darajada emasligi, prokurorlarning suddagi ishtirokida ba’zi vakolatlarning saqlanib qolganligi sud to‘g‘risidagi qonunchilikni zamon talablari va xalqaro standartlarga muvofiqlashtirishni talab etmoqda. Shunga ko‘ra, Farmon bilan sud ishlarini nazorat tartibida ko‘rish instituti tugatiladi, ya’ni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi, Bosh prokurori va ular o‘rinbosarlarining sudning hal qiluv qarorlari, hukmlari, ajrimlari hamda qarorlari ustidan nazorat tartibida protest kiritish huquqi 2021 yil 1 yanvaridan bekor qilinadi. Bu esa sudda har bir ish bo‘yicha yakuniy to‘xtamga kelish hamda taraflarning sarson bo‘lishining oldini olishga qaratilgan muhim qadam hisoblanadi. Ta’kidlash joizki, joriy etilayotgan tartib sudning chinakam mustaqilligini, taraflarning sudda tortishuvchanlik va tengligi tamoyilini mustahkamlashga, prokuratura va sud orasidagi munosabatlarni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirishga hamda jinoyat prosessi ishtirokchilari vakolatlarining o‘zaro muvozanatini ta’minlashga xizmat qiladi. Darhaqiqat sud – odil sudlovni amalga oshiradigan, adolatni qaror toptirishi shart bo‘lgan tizim bo‘lib, Konstitusiyada belgilangan “Inson huquqlari oliy qadriyat” tamoyilini amalda ro‘yobga chiqarilishiga xizmat qilishi shart. Inson huquqlarining amalda ta’minlanishi, fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini muhofaza qilinishi va buzilgan huquqlarining tiklanishi bevosita sud hokimiyatining mustaqilligi, adolatli va xolis qaror qabul qilishi bilan baholanadi. Davlatimiz rahbari bejiz, - “Sud binosiga kelgan har bir inson O‘zbekistonda adolat borligiga ishonib chiqib ketishi kerak. Bu Prezident talabi!”, deb ta’kidlamagan va shu orqali sud zimmasiga yuklatilgan mas’uliyatning nechog‘li yuksakligini yana bir bor eslatib o‘tgandi. Bir so‘z bilan aytganda, sud tizimi, sudyalar faoliyatini yaxshilash bo‘yicha dolzarb va aniq vazifalar qo‘yildi. Bular to‘laqonli amalga oshsa, sudlar chinakam adolat idoralariga aylanadi. Shu jihatdan Prezidentimiz tomonidan 2020 yilning 24 iyulda qabul qilingan «Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmon yuqorida tilga olingan muammolarni hal etishga xizmat qiladigan tarixiy hujjatdir. Download 75.92 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling