Zidlov bogʻlovchili bogʻlangan qoʻshma gaplar
Bogʻlangan qoʻshma gap qismlarini oʻzaro bogʻlashda ammo, lekin, biroq kabi bogʻlovchilar va shu bogʻlovchilarga vazifadosh –u (-yu), -da yuklamalari ishlatiladi.
Zidlov bogʻlovchili bogʻlangan qoʻshma gaplardagi mazmun toʻsiqsiz ergash gapli qoʻshma gapdagi mazmunga yaqin boʻladi:bogʻlangan qoʻshma gaplarda ham bir-biriga zid boʻlgan ikki hodisa ifodalanadi. Masalan, Sobir Oʻktamni kabinaga oʻtirishga qistadi, lekin u unamadi. (O. ) – bogʻlan gan qoʻshma gap.
Sobir Oʻktamni kabinaga oʻtirishga qistasa ham, u unamadi – toʻsiqsiz ergash gapli qoʻshma gap.
Ammo bogʻlovchisi bilan tuzilgan qoʻshma gaplarda qismlardagi mazmun bir-biriga qarama-qarshi qoʻyiladi: Hamroqul suvni ichib, bir oz oʻziga kelganday boʻldi, ammo qayragʻochdagi chumchuqlarning chugʻurlashi negadir koʻnglini ozdirdi. (A. Q.)
Lekin bogʻlovchisi ham mazmunan bir-biriga zid ikki sodda gapni bogʻlaydi va ikkinchi qismning boshida qoʻllanib, predikativ qismlardan biridagi voqeaning yuzaga kelganligini koʻrsatadi: Onaxon yangi shaharga kam kelgan, lekin bu koʻchalardagi katta-katta binolar esida qolgan ekan. (As. M.)
Ba’zan ammo, lekin bogʻlovchilari yordami bilan birikkan bogʻlangan qoʻshma gaplarda zidlikni kuchaytirish uchun birinchi gap oxirida -u(-yu) yuklamasi ishlatilishi ham mumkin. Masalan: Qishloqda yumushlarim boshdan oshib yotibdi-yu, lekin kelmaslikka ilojim yoʻq. (0.) Bashorat bilan Tursunoy yugurib-yelib yetib keldilar-u, lekin Safiya Boʻriyevna hali ham uyda yoʻq edi. (As.M.)
Ba’zan (soʻzlashuv nutqida) bu bogʻlovchilar birga qoʻllanadi va ma’no kuchaytiriladi: Paxtamizning hozirgi holati kuzda yaxshi hosil olishga ishontirib turibdi, ammo lekin shu vaqtgacha majlis uchun bironta klubimiz yoʻq, (S. Ahm.)
Do'stlaringiz bilan baham: |