Istiora (metafora). Badiiy adabiyot asarlarida so’z asl ma'nolaridan tashqari ko’chma ma'nolarda ham ishlatiladiki, bunga istiora deyiladi. Masalan, biz biror odam haqida "oqko’ngil odam" desak, „oqko’ngil" so’z birikmasida „oq" so’zi odam ko’nglining rangini ko’rsatmaydi, balki uning boshqa sifatiga - yaxshilikka moyilligiga, g’arazgo’y emasligiga ishora rolini o’ynaydi. Bu yerda, umuman, oq narsalarga xos sifat - musaffolik ko’ngilga ko’chiriladi va bu so’z orqali ko’ngilning yomon sifatlardan xoliligi uqtirib o’tiladi. Ko’chma ma'noda ishlatilgan so’z „majoz" deb ataladi. „Oqko’ngil" so’z birikmasi majozning bir turi bo’lgan „istiora"dir. Istiorada o’xshagan narsa tushirib qoldiriladi-da, o’xshatilgan narsa va o’xshagan narsaning sifatigina saqlanadi. „Oqko’ngil" istiorasida juda ko’p oq narsalar ko’zda tutiladi, ammo ular tilga olinmay, ularga xos soflik saqlanadi va u ko’ngilga nisbat beriladi. Shu jihatdan istiorani qisqartirilgan, ixcham o’xshatish deb atash mumkin. Bu qisqartirish natijasida istiorada umumlashtirish kuchayadi. Majoziy mamoda ishlatilgan soz sifatlovchi vazifasini bajarsa, bunday sifatlash "istioraviy sifatlash" deb ataladi. „Qora xabar" va "telba so’zlar" istioralaridagi „qora" va „telba" so’zlari istioraviy sifatlashdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |