Samarqand Arab xalifaligi hukmronligi davrida IX – XIV asrning birinchi yarmidagi siyosiy jarayonlar. Samarqand shahrining tuzilmalari


IX – XIV asrning birinchi yarmidagi siyosiy jarayonlar


Download 84.29 Kb.
bet2/9
Sana17.06.2023
Hajmi84.29 Kb.
#1535756
1   2   3   4   5   6   7   8   9
Bog'liq
2-ma`ruza777

IX – XIV asrning birinchi yarmidagi siyosiy jarayonlar
VII-VIII asrlarda shakllangan arab xalifaligi yirik davlat bo‘lib, Pireneydan Hind daryosigacha cho‘zilgan edi. O‘z tarkibiga turli xil madaniyatlarga ega bo‘lgan ko‘plab xalqlarni birlashtirgan edi. Yagona davlat, yagona din, arab tilining muloqot tili sifatida joriy qilinishi va yoyilishi, xalifalikning turli hududlari orasidagi iqtisodiy aloqalarning o‘sishi Bag‘doddan Farg‘onagacha bo‘lgan madaniyatlarni unifikatsiyasini tezlashtirdi. Xalifalikda yangi markazlashgan siyosiy tizim ishlab chiqilgan edi. Bu tizim O‘rta Osiyo ikkidaryo oralig‘idagi vohalarga ham tarqalib, hududning keyingi siyosiy hayotiga ta’sir ko‘rsatdi.
Ilk Islom davrida Samarqand xalifalik shaharlaridan biri bo‘lib, musulmon dunyosida qog‘oz ishlab chiqarish markazi, Muhammad payg‘ambarning (s.a.v.) amakivachchasi – Qusam ibn Abbos dafn etilgan joy sifatida tanilgan edi.
Arab xalifaligi bosqini va sug‘diylarning ko‘pmartali qo‘zg‘olonlaridan so‘ng shahardagi nisbiy tinchlik va normal hayot sharoitlarini tiklash imkoni kelib chiqishi jihatidan mahalliy bo‘lgan Somoniylar sulolasi davrida ro‘y berdi. Ular o‘z boshqaruviga O‘rta Osiyo, Shimoliy va Sharqiy Eron, Shimoliy Afg‘onistonni birlashtirgan edi. Somoniylar bu hududlarga abbosiy xalifalar taqdim etgan «amir» unvonini saqlab qoldi.
819-820 yillarda mahalliy zodagonlar vakili Somonning nabiralari (Asadning o‘g‘illari) xalifa Ma’mun (813-833) oldidagi xizmatlari uchun qator O‘rta Osiyo viloyatlari boshqaruvini qo‘lga kiritdi. Katta nabira – Nuh ibn Asad (vafoti 841/842) Samarqand viloyatini oldi. U 820-821 yillardan Samarqandda mis tangalar chiqargan. U somoniylarning yuksalishi uchun ko‘p ishlar qilgan. Uning vafotidan so‘ng Samarqandni Xuroson noibi toxiriy Abdulloh ko‘rsatmasiga ko‘ra uning ukalari Ahmad va Yahyo ibn Asadlar birgalikda boshqargan. Keyin esa boshqaruv Ahmadning o‘g‘li Nasrning qo‘liga o‘tdi. U 875 yilda oila boshlig‘i sifatida xalifa Mutamiddan (870-892) butun Movarounnahr boshqaruvi haqida yorliq oldi.
Nasr ibn Ahmad (865-892) davrida somoniylarning poytaxti Samarqand edi. Lekin 892 yildan Ismoil Somoniy (892-907) davrida poytaxt Buxoroga ko‘chirilgan. Biroq Samarqand poytaxt shahar maqomini yo‘qotsa ham, Movarounnahrning yirik iqtisodiy va madaniy markazi bo‘lib qolaverdi. Ismoil Somoniy mis tangalari – fulslarni Buxoroda emas, Samarqandda chiqargan. Nasr II ibn Axmad (914-943) boshqaruvining boshida, 914 yilda uning Samarqanddagi vakili, amakisi Ishoq ibn Ahmad ibn Asad qo‘zg‘olon ko‘targan. Hatto o‘z nomidan mis tangalar ham chiqargan, lekin mag‘lubiyatga uchragan.
Samarqandning Arab xalifaligi va somoniylar tarkibiga kirishi din, qonunchilik va davlat tizimini o‘zgarishiga olib keldi. Bu davrda Sug‘dning alohida ajralib turadigan shahar-davlatlari yirik viloyatlarning markaziga aylandi.
Bu davrda Samarqand atrofida tumanlar bo‘lib, ular rustoqlar deb nomlangan. Samarqanddan janubda 7 rustoq joylashgan: Panjikent, Varaqsar, Maymurg‘, Sanjarfag‘n, Darg‘om, Abgor, Shovdor. Shimolda esa 6 ta: Yorkat, Burnamad, Buzmajon, Kabudanjakent, Vador, Marzbon ibn Turkesh.
Belgilangan shahar qoidalari mavjud bo‘lgan, jumladan, sanitariyaga oid qoidalarning bajarilishini maxsus amaldor – muxtasib nazorat qilgan. Shaharning suv ta’minotini boshqaruvchi amaldor ham bo‘lgan.
999 yilda Samarqand turkiy qabilalar chigil, yag‘mo, qorluqlar asos solgan Qoraxoniylar xoqonligi (840-1209) tarkibiga kirdi. Qoraxoniylarning asoschisi qorluqlarning oldingi yabg‘usi Bilga Kul Qodir-xoqon edi. Qoraxoniylar o‘zlarini Turonning afsonaviy podshosi – Afrosiyob avlodlariga mansub deb hisoblagan. O‘z sulolasini «al-Afrosiyob» – Afrosiyob urug‘i deb nomlagan. X asr o‘rtalarida Qoraxoniylar Islom dinini davlat dini deb e’lon qildilar. Somoniylardan farqli o‘laroq Qoraxoniylar davrida davlatni boshqarishda ulus tizimi amal qilgan.
Hojib Begtuzun kabi ayrim somoniy amaldorlari Qoraxoniylar xizmatiga o‘tdi. Unga 1016 yilda Samarqandni boshqarish taqdim qilingan. XI asr o‘rtalaridan Samarqand g‘arbiy Qoraxoniylarning poytaxti edi. G‘arbiy Qoraxoniylar davlatining asoschisi Ibrohim Tamg‘achxon (1040-1068) bo‘lib, uning qarorgohi Samarqandda joylashgan. U markazlashtirish siyosatini olib borgan va mintaqada madaniyat rivojlanishini qo‘llab quvvatlagan. Avfiyning yozishicha, «uning davrida ulug‘ tinchlik hukm surgan, fuqarolari tinch-totuv yashagan». Ibrohim Tamg‘achxon mamlakatda jinoyatchilikka qarshi keskin kurash olib borgan va go‘sht narxini tartibga solishni joriy qilgan. Ibrohim Tamg‘achxon davrida uluslar soni kamaygan. Uning yaqin vorislari davrida uluslarda tanga zarbi bo‘lgani ma’lum emas. Ko‘p yillar davomida mamlakatdagi tinch barqaror vaziyat uning farovonligini oshirdi va aholining keng qatlamlari ahvolini yaxshiladi. Avfiy Ibrohim Tamg‘achxonni adolatli podshoh deb hisoblagan. V.V.Bartold uni «misli ko‘rilmagan hukmdor» deb atagan.
G‘arbiy Qoraxoniylar xoqonligining keyingi markazlashuvi Ibrohim Tamg‘achxonning o‘g‘li – Shams ul-mulk (1068-1080) davrida sodir bo‘ldi. Undan so‘ng Xizr (1080-1087), so‘ng esa Xizrning o‘g‘li – Ahmad (1087-1089, 1092-1095) hukmronlik qilgan.
1089 yillarda Samarqand saljuqiy Malikshoh tomonidan bosib olinadi. Shundan so‘ng Qoraxoniylar Saljuqiylarga qaram bo‘lib qoladi. Ahmadxon Isfaxonga jo‘natiladi. Keyinroq u Samarqandga qaytarilgan, lekin 1095 yilda uni dahriylikda va zindiklar guruhiga a’zolikda ayblanib, o‘ldirilgan.
1102 yilda saljuqiy sulton Sanjar Samarqandga qoraxoniy Muhammad Arslanxon ibn Sulaymonni hokim qilib tayinlagan. 1130 yilda Sulton Sanjar shaharni bosib olgan va hokim etib Muhammad Arslanxonning o‘g‘li Mahmudxonni tayinlagan. Saljuqiylar davrida rais sulton hokimiyatining shahardagi vakili edi. U o‘zining devonxonasiga ega bo‘lib, o‘zining vazifalarini shaharning boshqa mansabdor shaxslari (muxtasib, shixna, qozi va boshqalar) faoliyati bilan muvofiqlashtirgan.
1141 yilda saljuqiylar va qoraxoniylarning birlashgan qo‘shini Qatvon dashtida (Bulung‘ur yaqinida) qoraxitoylarning hukmdori Yelyu Dashi (1087-1143) qo‘shinlaridan mag‘lubiyatga uchragan. Shundan so‘ng Samarqand voqealari qoraxitoylarga bog‘liq bo‘lgan. Qoraxitoylar davlati g‘arbda Amudaryodan shimolda Oltoygacha bo‘lgan hududlarni o‘z ichiga olgan. Yelyu Dashi Samarqandda 90 kunni o‘tkazadi va shahar hokimi etib qoraxoniy Ibrohim ibn Muhammadni tayinlaydi. Bu davrda Qoraxitoylar davlatining markazi Bolosog‘un bo‘lib, ayrim manbalarda Samarqand uning g‘arbiy poytaxti bo‘lgan deya keltiriladi.
1178 yilda Samarqandda qoraxoniy Ibrohim ibn Husayn mustahkamlanib oldi. Bungacha u O‘zgand hokimi edi. Keyinroq u o‘z ta’sirini Buxoroga ham yoydi. 1207 yilda uning o‘g‘li Samarqand hokimi – qoraxoniy Usmon xorazmshoh Alouddin Muhammaddan qoraxitoylarga qarshi yordam so‘ragan. 1209 yilda u xorazmshohning vassali bo‘lgan va uning nomidan tangalar chiqargan. 1210 yilda xorazmshoh Muhammad qoraxitoylarni yakson qilib, Samarqandni uzil-kesil qo‘lga kiritdi. Shaharni boshqarish tizimi qanchalik o‘zgarganini aytish qiyin. Balki eski tizim saqlangan, lekin shaharda xorazmshohning harbiy elitasi hokimiyati kuchaygan. Bu keyinchalik Samarqandda harbiylarning o‘zboshimchaligi va aholining noroziligiga olib keldi. Natijada 1212 yilda shaharda oxirgi qoraxoniy Nusrataddin Usmon ibn Ibrahim ibn Xusayn boshchiligida xorazmshoh Muhammad hukumatiga qarshi qo‘zg‘olon sodir bo‘ldi. Qo‘zg‘olon shafqatsizlarcha bostirilgan. Usmon esa xorazmshohning kuyovi bo‘lishiga qaramasdan jazolangan. Buning natijasida shaharni ikki asrdan ziyod boshqarib kelayotgan qoraxoniylar hokimiyati yo‘q qilindi. Qoraxoniylar sulolasining ko‘plab vakillari jazolangan. 1213 yildan Samarqandda Muhammad ibn Takash nomi bilan mis, kumush dirxamlar, oltin dinorlar chiqarilgan.
Shaharning gullab yashnashiga, O‘rta Osiyoning ko‘plab shaharlariga fojeali ta’sir ko‘rsatgan Chingizxon yurishlari katta zarar yetkazdi. 1220 yil 17 mart kuni Samarqand Chingizxon mo‘g‘ullari tomonidan bosib olingan va xonavayron qilingan. Xitoylik elchilar Chan Chun va Yelyu Chu Sza ma’lumotlariga ko‘ra 1221-1222 yillarda Samarqandning 400 minglik aholisidan mo‘g‘ullar bosqinidan so‘ng faqat 50 ming kishi tirik qolgan.
Movarounnahr va Samarqand uchun mug‘ul bosqini oqibatlari quyidagilarda aks etgan: aholining keskin kamayishi, yirik iqtisodiy inqiroz, quldorlik tartibining tiklanishi (hunarmandlarning qulga aylantirilishi), iqtisodiyotni tiklashga to‘sqinliq qiluvchi xonavayron qiladigan soliq siyosati, davlatda va qonunchilikda kuchli hokimiyatning yo‘qligi, O‘rta Osiyoga juda ko‘plab ko‘chmanchilarning kirib kelishi, mahalliy aholiga singib ketishi, dehqonchilik maydonlarining qisqarishi va boshqalar.
1224 yilda Chingizxon o‘z davlati yerlarini to‘rt o‘g‘liga bo‘lib berdi. Movarounnahr tarkibidagi Samarqand ikkinchi o‘g‘li Chig‘atoy ulusi tarkibiga kirdi. Chig‘atoyning avlodlari Movarounnahrni o‘z noiblari xorazmlik Mahmud Yalavoch (1224-1238) va uning o‘g‘li Masudbek (1238-1289) orqali boshqargan. Masudbekning 1280 yillarda boshlangan pul islohoti pul munosabatlarining nisbatan yaxshilanishiga xizmat qildi.
1330 yillarda Xurosonda sarbadorlar harakati vujudga keladi. Ular 1337 yilda markazi Sabzavorda bo‘lgan davlat tuzishga muvaffaq bo‘lgan. Sarbadorlar harakatida shaharliklar, hunarmandlar, dehqonlar ishtirok etgan. 1360 yillarning boshida sarbadorlarning g‘oyalari Movarounnahrga kirib keladi. Ular Buxoro va Samarqandda o‘z tarafdorlarini topadi. Aholining ommaviy qirg‘ini va mug‘ullarning og‘ir zulmiga qaramasdan samarqandliklar Mavlonozoda, Abu Bakr Kalaviy, Mirzo Xurdak Buxoriy kabi sarbadorlar boshchiligida 1365 yilda mo‘g‘ullarga qarshi qo‘zg‘olon ko‘tarishga o‘zlarida kuch topdi. Mo‘g‘ul hukmdori Ilyosxo‘janing qo‘shiniga shaharni bosib olish va vayron qilishga yo‘l qo‘ymadi. Sarbadorlarning rahbarlaridan ikki nafari mahalliy ma’rifatparvarlar vakillaridan bo‘lgani diqqatga sazovor. Sarbadorlarning rahbarlaridan biri jome’ masjidiga yig‘ilgan xalqni mo‘g‘ullarga qarshi kurashga chorladi. Biroq sarbadorlarning dasturi keng edi. Ular uzoq vazifalarni ko‘zlagan edi. Mudofaa devorlarinng yo‘qligiga qaramasdan, ajoyib tashkil etilgan shahar mudofaasi mo‘g‘ullarga Samarqandni egalllash va xonavayron qilishga imkon bermadi. 1365 yildan 1366 yil bahorigacha Samarqand aholisi o‘zini o‘zi boshqarish tizimiga ega bo‘lgan. Samarqand misolida tadqiqotchilar hatto «Sarbadorlar respublikasi» iborasini taklif qilishadi.
Ular ko‘chmanchi mo‘g‘ullarni yo‘q qilish va mamlakatni ularning yangi hujumlaridan himoya qilishni to‘liq amalga oshira olmadilar. Bu buyuk vazifa sohibqiron Amir Temur tomonidan munosib ravishda uddalandi.

Download 84.29 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling