2.3. Statistik tasniflashning mohiyati va ahamiyati
Statistikada tasniflash deganda o‘rganilayotgan narsalar va hodisalarni tartiblash maqsadida ularning tabiati, o‘xshashlik va farqlovchi xususiyatlariga qarab ma’lum qismlarga, guruhlarga, sinflarga, turkumlarga, turlarga taqsimlash tushuniladi. Taqsimlash asosi qilib olingan belgi yoki belgilar to‘dasi tasniflash belgisi, ularning har bir sohibi tasniflash birligi deb ataladi.
Statistik tasniflash hamma sohalarda qo‘llaniladi va turlicha nomlar bilan yuritiladi. Sotsial-iqtisodiy statistikada ijtimoiy-iqtisodiy tasniflashlar tizimi ishlab chiqilgan, ularning milliy va xalqaro standartlari ham mavjud. Iqtisodiy tasniflashlarni EHM yordamida amalga oshirish uchun tasniflagichlar yaratilgan.
Statistikada tasniflagich deb ma’lum tasniflashga muvofiq kodlar bilan nishonlangan obyektlarning (iqtisodiyot tarmoqlari va sektorlari, korxonalar, faoliyat turlari, tovar va xizmatlar, budjet daromadlari va xarajatlari, kasb-hunarlar, asosiy fondlar va h. k.) tartiblashtirilgan ro‘yxati (sanoqnomasi) yuritiladi. Kod - bu tasniflash guruhlari va obyektlarini belgilash uchun qabul qilingan shartli nishon yoki alomatlar to‘plami. U obyekt nomi o‘rnini bosadi va uni identifikatsiyalash (tasniflashdagi o‘rnini, qaysi tavsif guruhiga mansubligini aniqlash) vositasi bo‘lib xizmat qiladi.
Hodisa va obyektlarni ma’lum sinf va guruhlarga mansubligini belgilash uchun tasniflagich uchun batafsil yo‘riqnoma va lug‘atlar tuziladi.
Nomenklaturada tasniflagichga qo‘shimchalar kiritiladi va u har taraflama batafsillashtiriladi. Nomeklatura - bu obyektlar va ularning guruhlarini standart shakldagi ro‘yxatidir (sanoqnomasi). Masalan, tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasida tashqi savdo obyekti bo‘ladigan tovar va xizmatlar ularning guruhlari va turlari bo‘yicha batafsil nomma-nom ko‘rsatiladi.
2.4. Statistik guruhlash va uning turlari
Tasniflash odatda atributiv belgilar asosida tuziladi va barqarorlik xislatiga ega bo‘lib, uzoq muddat davomida xizmat qiladi. U faset yoki ieriarxik (pog‘onama-pog‘ona) usuli yoki ikkala usul birikmasi yordamida barpo etiladi. Shu jihatdan tasniflagichlarni faset yoki ieriarxik tuuilma turlariga ajratish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |