10-modda. Ijro ishi yuritishda voyaga yetmaganlarning ishtiroki
Ijro ishi yuritishda voyaga yetmaganlarning huquqlarini ularning qonuniy vakillari — ota-onalari, farzandlikka oluvchilari, vasiylari yoki homiylari amalga oshiradilar.
Fuqarolik, oilaviy, mehnat, ma’muriy huquqiy munosabatlardan hamda olingan ish haqini yoki boshqa daromadni tasarruf etish bilan bog‘liq bitimlardan kelib chiqadigan ishlar bo‘yicha sud hujjatlari va boshqa organlarning hujjatlari asosida berilgan ijro hujjatlari ijro etilayotganda voyaga yetmaganlar qonunda nazarda tutilgan hollarda ijro ishi yuritishda mustaqil ravishda o‘z huquqlarini amalga oshirishlari va majburiyatlarni bajarishlari mumkin.
O‘n olti yoshga to‘lgan, voyaga yetmagan shaxs to‘la muomalaga layoqatli deb e’lon qilingan taqdirda (emansipatsiya), u ijro ishi yuritishda mustaqil ravishda o‘z huquqlarini amalga oshirishi va majburiyatlarni bajarishi mumkin.
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 28-moddasiga qarang.
11-modda. Ijro ishi yuritishda taraflarning huquq va majburiyatlari
Oldingi tahrirga qarang.
Taraflar ijro harakatlarini amalga oshirishda ijro ishi yuritish materiallari bilan tanishish, ulardan ko‘chirmalar, nusxalar olish, qo‘shimcha materiallar taqdim etish, iltimosnomalar berish, ijro harakatlarini amalga oshirishda ishtirok etish, ijro harakatlari jarayonida og‘zaki va yozma tushuntirishlar berish, ijro ishi yuritilishi davomida paydo bo‘ladigan masalalar yuzasidan o‘z vajlari va fikr-mulohazalarini bildirish, ijro ishi yuritishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning iltimosnomalari, vajlari va fikr-mulohazalariga qarshi e’tiroz bildirish, rad qilish, davlat ijrochisining harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish huquqiga egadirlar.
(11-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 30-iyuldagi O‘RQ-551-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 30.07.2019-y., 03/19/551/3493-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Taraflar ijro harakatlarini amalga oshirayotganda sud hujjatlarini va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risidagi qonunchilikning talablarini bajarishlari shart.
(11-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Do'stlaringiz bilan baham: |