Kompozitsiya usuliga ko‘ra ikki so‘z asosini ma’lum bir qolipda birikishi, tizilishi orqali harakatning bitta belgisini ifodalaydigan ravish yasaladi. Bu usul bilan qo‘shma va juft ravishlar yasaladi.
Qo‘shma ravish quyidagicha yasaladi:
1) har olmoshi bilan o‘rin yoki payt ma’nosini bildiruvchi so‘zlarni biriktirish bilan: har vaqt, har lahza, har on, har gal, har yoq, har zamon kabi;
2) ko‘rsatish olmoshlariga yon, er, yoq so‘zlarini qo‘shish bilan: shu er, shu yoqqa, shu yonda, bu erda, bu yoqqa, o‘sha yoqda, o‘sha yoqqa, u erdan kabi;
3) bir soniga o‘rin, payt, miqdor ma’nosini bildiruvchi so‘zlarni yoki mustaqil ishlatilmaydigan so‘zlarni qo‘shish bilan: bir zum, bir lahza, bir zamon, bir yo‘la, birmuncha, birvarakay, bir yoqqa, birato‘la, bir oz kabi;
4) turli so‘z turkumiga oid ikki so‘z shaklining (o‘z leksik ma’nosini saqlagan, ba’zan mustaqil ishlatilmaydigan so‘z bilan) birikishi bilan: tez orada, hali zamon, shu zahoti, tunov kun, kuni kecha, qadim zamon, ozmuncha kabi.
Juft ravish ikki so‘zning teng bog‘lanishi bilan yasaladi.
Juft ravish quyidagicha yasaladi:
1) ma’nosi bir-biriga yaqin (sinonim) so‘zlarning teng bog‘lanishi bilan: asta-sekin, ochiq-oydin, eson-omon kabi;
2) qarama-qarshi ma’noli (antonim) so‘zlarning teng bog‘lanishi bilan: bugun-erta, yozin-qishin, nari-beri kabi;
3) –ma (-ba) elementlari, shuningdek, chiqish va jo‘nalish (ba’zan bosh) kelishigi shaklini olgan so‘zlarni takrorlash bilan: yuzma-yuz, yonma-yon, dam-badam, kundan-kunga, naridan-beri, kamdan-kam kabi;
4) turli fe’l shakllarining takrorlanishi hamda ularni bo‘lishli va bo‘lishsiz shaklda takrorlash bilan: qayta-qayta, sezilar-sezilmas, qo‘yarda-qo‘ymay, bilinar-bilinmas kabi.
Ravishlarning tuzilishi jihatdan turlari. Ravish tuzilishiga ko‘ra:
1) sodda, 2) qo‘shma, 3) juft, 4) takroriy ravishlarga bo‘ladi.
Sodda ravishlar bir o‘zak morfemadan tuziladi: yaqqol, ko‘p, hozir, vijdonan, kamtarona kabi.
Do'stlaringiz bilan baham: |