Differensial tashxis qilish. Kasallikning gastrointestinal turini boshqa etiologiyali gastroenteritlardan, salmonellyoz, Zonne dizenteriyasi, stafilokokk etiologiyali oziq-ovqatdan zaharlanishlardan, organizmda suvsizlanish bo‘lsa, vabodai differensial tashxis qilinadi. Kampilobakteriozning generalizatsiyalangan (yoyilgan) turini boshqa etiologiyali sepsislardan differensiallanadi.
Qonda qo‘zg‘atuvchi borligi aniqlangandagina tashxis tasdiqlanadi. Xastalikni boshqa surunkali yuqumli kasalliklar (brutselloz, toksoplazmozlar) dan ham ajrata bilish zarur.
Davosi. Etiotrop terapiyada eritromitsin va gentamitsin birmuncha yaxshi natija beradi. Boshqa antibiotiklar (kanamitsin, karbenitsillyn) dan ham foydalanish mumkin bo‘lsa-da, ularning nafi kamroq bo‘ladi. Suvsizlanish sindromida regidratatsiya o‘tkaziladi. Kasallikning surunkali turida 7—10 kun oralatib, takroran umumiy quvvat beruvchi davo bilan birga turli antibiotiklar bilan davolash kursi ham o‘tkaziladi.
Prognozi. Kasallikning oqibati yomon tugamaydi. Uning g‘eneralizatsiyalangan (septik) turida, bolalarda oqibati ba’zan yomon bo‘lishi mumkin.
Profilaktikasi va kasallik o‘chog‘idagi chora-tadbirlar. Infeksiyani hayvonlar orasida tugatish, shaxsiy gigiyenaga rioya qilish, oziq-ovqat mahsulotlarini ifloslanishdan saqlash, go‘sht mahsulotlariga issiq ishlov berish kasallik tarqalishiga qarshi chora-tadbirlardan hisoblanadi. Maxsus profilaktika chora-tadbirlari ishlab chiqilmagan. Bemor atrofidagilar uchun alohida xavf tug‘dirmaydi. Bemorni klinik ko‘rsatmalarga muvofiq kasalxonaga joylashtiriladi.
KOLIINFEKSIYA
Ichak bakteriyalari avlodiga mansub bo‘lgan ichak patogen mikroblari keltirib chiqaradigan o‘tkir kasallikdir.
Etiologiyasi. (011, 055, 026, va boshq) Somatik antigenlari bo‘yicha farqlanadigan ichak tayoqchalari enterogen shtammlarining turli serologik turlari bu kasallikning qo‘zg‘atuvchisidir.
Koliinfeksiyaning qo‘zg‘atuvchilari (EPCHT) gram-manfiy harakatchan tayoqchalardir, ular murakkab antigen tarkibiga ega bo‘lib, qizdirilganda tez inaktivlanadi. Ichak tayoqchalari quyidagicha klassifikatsiya qilinadi: 1) enteropatogenli—1 guruh; 2) enteroinvazion —II guruh; 3) enterotoksigenli—III guruh; 4) o‘rab oluvchi—IV guruh. Koliinfeksiya qo‘zg‘atuvchilari tashqi muhitga chidamlidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |