Toshkent davlat yuridik universiteti
Qurilish pudrati shartnomasi bo`yicha javobgarlik
Download 5.5 Mb. Pdf ko'rish
|
Fuqarolik huquqi II-qism
Qurilish pudrati shartnomasi bo`yicha javobgarlik. Qurilish pudrati
shartnomasi bo`yicha javobgarlik pudrat shartnomalaridan kelib chiqadigan umumiy javobgarlik bilan birga maxsus javobgarlik holatlari ham Fuqarolik kodeksida nazarda tutilgan. FKning 668-moddasiga asosan bajarilayotgan ishlarning xavfsizligi uchun pudratchi javobgar bo`ladi. Chunki pudratchi aynan texnika xavfsizlik qoidalariga rioya qilgan holda qurilish-ta’mirlash ishlarini amalga oshirayotgan paytda uning atrofini o`rab olishi yoki biror belgi qo`yishi lozim. Aks holda atrof muxitga, fuqarolarning hayoti va sog’lig’iga, mulklarga jiddiy zarar yetkazish ehtimoli mavjud bo`ladi. Aynan bu holat FKning 678- moddasida nazarda tutilgan. Ushbu moddaga ko`ra, pudratchi qurilish va u bilan bog’liq ishlarni amalga oshirayotgan vaqtda atrof-muhitni muhofaza qilish va qurilish ishlarini xavfsiz olib borishga doir qonun hujjatlarining talablariga rioya etishi shart va bunday talablar buzilganligi uchun uchinchi shaxslar oldida javobgar bo`ladi. Shartnomada butun qurilishni yoki uning muayyan qismini moddiy ta’minlash buyurtmachi tomonidan amalga oshirilishi nazarda tutilgan bo`lmasa, qurilishni materiallar, shu jumladan detallar va konstrukstiyalar, shuningdek uskunalar bilan ta’minlash majburiyati pudratchi zimmasida bo`ladi. Qurilishni ta’minlash majburiyatini zimmasiga olgan taraf o`zi topshirgan materiallar (detallar, konstruksiyalar)dan, shuningdek uskunalardan bajarilayotgan ishlar sifatini yomonlashtirmagan holda foydalanib bo`lmasligi vujudga kelganligi uchun, agar foydalanib bo`lmaslik ikkinchi taraf javob beradigan vaziyatlar tufayli vujudga kelganligini isbot qilmasa, javobgar bo`ladi. Buyurtmachi bergan materiallar yoki uskunalardan bajarilayotgan ishlar sifatini yomonlashtirmagan holda foydalanish mumkin emasligi aniqlangan va buyurtmachi ularni almashtirishdan bosh tortgan taqdirda, pudratchi qurilish pudrati shartnomasidan voz kechishga va buyurtmachidan ishning bajarilgan qismiga mutanosib ravishda shartnoma narxini to`lashni talab qilishga haqli. Pudratchi qurilish pudrati shartnomasida, texnikaviy loyihada va taraflar uchun majburiy bo`lgan qurilish normalari va qoidalarida nazarda tutilgan talablardan chekinishga yo`l qo`yilganligi, shuningdek qurilish obyektining loyiha- smeta hujjatlarida belgilangan ko`rsatkichlariga, jumladan korxonaning ishlab chiqarish quvvatiga erishilmaganligi uchun buyurtmachi oldida javobgar bo`ladi. Bino yoki inshoot rekonstruksiya qilinganida (yangilangan, qayta qurilgan, restavrastiya qilinganida va hokazo) binoning, inshootning yoki uning bir qismining mustahkamligi, barqarorligi, ishonchliligi pasaygani yoki yo`qolgani uchun javobgarlik pudratchi zimmasiga yuklanadi. Pudratchi buyurtmachining roziligisiz loyiha hujjatlaridan buyurtmachining jiddiy manfaatlariga ta’sir qilmaydigan tarzda ozgina chetga chiqish hollariga yo`l qo`yganligi uchun, basharti bu hol qurilishning sifatiga ta’sir etmaganligini isbotlab bera olsa, javobgar bo`lmaydi. Agar qurilish pudrati shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo`lmasa, pudratchi qurilish obyektining loyiha-smeta hujjatlarida belgilangan ko`rsatkichlarga erishishini va obyektni kafolat muddati davomida shartnomaga 205 muvofiq holda ishlatish mumkinligini kafolatlaydi. Agar qonunda yoki shartnomada boshqacha kafolat muddati nazarda tutilgan bo`lmasa, kafolat muddati obyekt buyurtmachi tomondan qabul qilingan kundan boshlab o`n yilni tashkil etadi. Agar pudratchi kafolat muddati davomida aniqlangan kamchiliklar (nuqsonlar) obyektning yoki uning qismlarining normal eskirishi, uning noto`g’ri ishlatilishi yoxud buyurtmachining o`zi yoki u jalb qilgan uchinchi shaxslar ishlab chiqqan qo`llanmaning noto`g’riligi, obyektni buyurtmachining o`zi yoki u jalb qilgan uchinchi shaxslar tegishli darajada ta’mirlamaganligi oqibatida vujudga kelganligini isbotlay olmasa, bu kamchiliklar uchun javobgar bo`ladi. Kafolat muddati pudratchi javobgar bo`lgan kamchiliklar natijasida obyektdan foydalanish mumkin bo`lmagan butun vaqtga to`xtatib turiladi. Kafolat muddati davomida kamchiliklar aniqlangan taqdirda, buyurtmachi kamchiliklar aniqlangandan keyingi oqilona muddat davomida ular haqida pudratchini xabardor qilishi kerak. Qurilish pudrati shartnomasida pudratchining u javobgar bo`lmagan kamchiliklarni buyurtmachining talabi bo`yicha va buyurtmachi hisobidan bartaraf qilish majburiyati nazarda tutilishi mumkin. Kamchiliklarni bartaraf qilish ishi qurilish pudrati shartnomasining narsasiga bevosita bog’liq bo`lmagan yoki bu ishni pudratchi o`ziga aloqasi yo`q sabablarga ko`ra bajara olmaydigan hollarda pudratchi ko`rsatilgan majburiyatni bajarishdan bosh tortishga haqli. Masalan, qurilish pudrati shartnomasi predmeti sifatida uy-joy binosini qurish nazarda tutilgan bo`lsa, pudratchi ushbu shartnomaning predmetiga umuman daxldor bo`lmagan korxona binosini qurilishidagi kamchiliklarni bartaraf etishni talab qilishga haqli emas. Ya’ni, bunday holda qonun va shartnoma shartlariga muvofiq bunday talablarni bajarishdan bosh tortishga haqli. Bu holat taraflar o`zaro tuzilgan shartnoma shartlariga qat’iy amal qilishini zaruriyat qilib qo`yadi. Bu esa o`z navbatida, taraflarning qurilish shartnomasi bo`yicha shartnoma intizomiga rioya qilishlikning muhim omili bo`lib hisoblanadi. Download 5.5 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling