Toshkent davlat yuridik universiteti


Download 5.5 Mb.
Pdf ko'rish
bet150/284
Sana16.11.2023
Hajmi5.5 Mb.
#1777668
1   ...   146   147   148   149   150   151   152   153   ...   284
Bog'liq
Fuqarolik huquqi II-qism

46-BOB. TOPSHIRIQ SHARTNOMASI 
1. 
Topshiriq shartnomasi tushunchasi va o’ziga xos xususiyatlari. 
O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 817-moddasiga muvofiq 
topshiriq shartnomasi bo’yicha bir taraf (vakil) ikkinchi taraf (topshiriq 
beruvchi)ning nomidan va uning hisobidan muayyan yuridik harakatlarni sodir 
etish majburiyatini oladi. Vakil tuzgan bitim bo’yicha huquq va majburiyatlar 
bevosita topshiriq beruvchida vujudga keladi. 
Topshiriq shartnomasining huquqiy doirasi FKning 46-bobida (817-831-
moddalar) belgilangan normalar hamda “Vakillik va ishonchnoma” nomli 10-bob 
bilan tartibga solinadi.
Topshiriq shartnomasi jahon va milliy yurisprudensiya tarixida o’ziga xos 
uzoq va qiziqarli tarixga ega bo’lgan shartnomalardan biridir. Kundalik hayotda 
uchrab turadigan turli sabablarga ko’ra (kasallik, ayrim masalalar bo’yicha maxsus 
bilimlarning yetishmasligi, yashash joyida uzoq muddat bo’lmasligi va boshq.) 


308 
fuqarolik-huquqiy munosabat ishtirokchilari mustaqil ravishda bitim tuzish va 
boshqa yuridik harakatlarni amalga oshirish imkoniyatiga ega bo’lmasliklari 
mumkin. Bunday hollarda topshiriq shartnomasini tuzish orqali ular uchun ushbu 
harakatlarni boshqa shaxslar vositasida bajarilishi ta’minlanadi.
Bozor munosabatlariga asoslangan iqtisodiy tizim sharoitida mazkur 
shartnomaning qo’llanilish doirasi (turar va noturar joylarni sotish va sotib solish, 
yuridik xizmat, marketing va boshq.) yildan yilga kengayib bormoqda. Topshiriq 
shartnomasi vakillik institutining klassik ko’rinishlaridan hisoblanadi, chunki vakil 
tomonidan sodir etilgan harakatlar bevosita topshiriq beruvchi uchun muayyan 
huquq va majburiyatlarni vujudga keltiradi. Bunda vakil tegishli harakatlarni o’z 
nomidan emas, balki topshiriq beruvchi nomidan amalga oshiradi. 
Shu bilan birgalikda, ishonchli vakilning uchinchi shaxslar oldidagi 
vakolatlarini belgilashga yo’naltirilgan vakillikdan farqli ravishda, topshiriq 
shartnomasi ishonchli vakil va topshiriq beruvchi o’rtasidagi munosabatlarning 
“ichki” tomonini tartibga soladi. Odatda, ishonchnoma berilgunga qadar ishonchli 
vakil tomonidan topshiriq beruvchining manfaatlari yo’lida uchinchi shaxslar 
oldida harakat qilish shartlari belgilangan topshiriq shartnomasi tuziladi. 
2. Topshiriq shartnomasi konsensual, ikki tomonlama va odatda, tekin 
tuziladigan shartnoma hisoblanadi. FK 818-moddasiga muvofiq agar qonun 
hujjatlarida yoki topshiriq shartnomasida nazarda tutilgan bo’lsa, ishonchli vakilga 
haq to’lanishi shart. Agar topshiriq shartnomasi ikkala taraf yoki ulardan birining 
tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishi bilan bog’liq bo’lsa, topshiriq beruvchi, 
agar shartnomada boshqa hol nazarda tutilgan bo’lmasa, ishonchli vakilga haq 
to’lashi shart. Vakil talab qilingan hamma harakatlarni tegishli darajada amalga 
oshirgan, biroq topshiriq u aybdor bo’lmagan holda bajarilmay qolgan taqdirda 
ham haq to’lanishi kerak. 
Mazkur shartnomaning yana bir o’ziga xos xususiyati uning fidutsiar 
xarakterga egaligida, ya’ni shaxsiy ishonchga asoslanganligida namoyon bo’ladi. 
Shartnoma taraflarining nomlanishi ham aynan shundan dalolat beradi: topshiriq 
beruvchi va ishonchli vakil. Ular o’rtasidagi munosabatlarda fidutsiarlikning 
yo’qolishi taraflar tomonidan shartnomani bekor qilinishiga olib kelishi mumkin. 
FK 823-moddasi 2-qismiga muvofiq, topshiriq beruvchi istagan vaqtda topshiriqni 
bekor qilishga, vakil esa topshiriqdan bosh tortishga haqli. Bu huquqdan voz 
kechish haqidagi kelishuv o’z-o’zidan haqiqiy bo’lmaydi.
Muomalaga layoqatli jismoniy shaxslar, shuningdek yuridik shaxslar 
shartnomaning taraflari bo’lishi mumkin. Agar topshiriq shartnomasi tijorat 
vakilligiga oid munosabatlarni rasmiylashtirsa vakil sifatida yakka tartibdagi 
tadbirkor yoki tijoratchi yuridik shaxslar harakat qilishi mumkin. 
Muayyan bir yuridik harakatlar amalga oshirishga doir xizmatlar mazkur 
shartnomaning predmetini tashkil etadi. Ushbu yuridik xizmatning asosiy 
mohiyatini fuqarolik muomalasi qatnashchisining maxsus vakolat berilgan shaxslar 
orqali bitimda taraf sifatida ishtirok etish imkoniyatini qo’lga kiritish tashkil etadi. 
Qonunning to’g’ridan-to’g’ri ko’rsatmasiga muvofiq yoki o’ta shaxsiy tusga ega 
bo’lganligi tufayli vakil orqali amalga oshirilmaydigan yuridik harakatlar 


309 
(vasiyatnoma tuzilishi, nikoh qayd etilishi) ushbu shartnomaning predmeti 
bo’lmaydi. 
FK 817-moddasida o’rnatilgan qoidaga muvofiq, topshiriq shartnomasi qat’iy 
ravishda yozma shaklda tuzilishi lozim. Shartnoma shakliga rioya qilmaslik uning 
haqiqiy emasligini keltirib chiqaradi. 
Topshiriq shartnomasi muddati vakil tomonidan amalga oshirilishi lozim 
bo’lgan topshiriq xarakterini hisobga olib aniqlanadi. Topshiriq shartnomasi vakil 
topshiriq beruvchining nomidan ish olib borishga haqli bo’ladigan muddatni 
ko’rsatgan yoki bunday muddatni ko’rsatmagan holda tuzilishi mumkin.
Topshiriq beruvchi ishonchli vakilga muayyan harakatlarni amalga oshirish 
uchun ishonchnoma berishi nazarda tutilgan. Bunday hollarda shartnoma muddati 
berilgan ishonchnoma muddatidan kam bo’lishi mumkin emas. Shartnoma muddati 
ishonchnomani amal qilish muddati bilan bir xil yoxud undan ortiq bo’lishi lozim.
3. Topshiriq shartnomasi ikki tomonlama shartnoma hisoblanishi tufayli 
topshiriq beruvchi va ishonchli vakil tegishli huquqlarga ega bo’ladi va ularga 
tegishli majburiyatlar yuklanadi. 
Vakil o’ziga berilgan topshiriqni topshiriq beruvchining ko’rsatmalariga 
muvofiq bajarishi shart. Topshiriq beruvchining ko’rsatmalari topshiriqni ijro etish 
usullari va tartibiga hamda vakil tomonidan amalga oshiriladigan bitimning 
shartlari va mazmuniga doir bo’lishi mumkin. Qonunning qat’iy talabiga muvofiq 
ushbu ko’rsatmalar aniq, yo’l qo’yiladigan va bajariladigan bo’lishi lozim (FK 
819-modda). 
Qoidaga ko’ra, topshiriq beruvchining ko’rsatmalaridan chetga chiqishga 
yo’l qo’yilmaydi. Biroq, amaliyotda vakil unga berilgan ko’rsatmalarga muvofiq 
topshiriqni ijro etish imkoniga ega bo’lmagan holatlar yuzaga kelishi mumkin. 
Bunday vaziyatda quyidagi shartlarga amal qilgan holda vakilning topshiriq 
beruvchining ko’rsatmalaridan chetga chiqishiga yo’l qo’yiladi:
- ishning holatlariga ko’ra, topshiriq beruvchining manfaatlari uchun zarur 
bo’lsa;
- topshiriq beruvchidan bu haqda oldindan so’ray olmagan yoxud o’z 
so’roviga oqilona muddatda javob olmagan bo’lsa.
Bunday hollarda vakil imkoni bo’lishi bilan yo’l qo’yilgan chetga chiqishlar 
haqida topshiriq beruvchini xabardor qilishi shart. Topshiriq beruvchining 
ko’rsatmalaridan chetga chiqqan holda bajarilgan topshiriqni lozim darajada 
bajarilgan deb hisoblanishi uchun uni o’z vaqtida xabardor etish muhim ahamiyat 
kasb etadi. Yuqorida ko’rsatilgan ikki shartlardan birining mavjud bo’lmasligi 
vakil tomonidan amalga oshirilgan bitimning salbiy oqibatlari uning zimmasiga 
yuklanishiga sabab bo’ladi. 
Agar vakil tijorat vakili sifatida ish olib borayotgan bo’lsa, topshiriq 
beruvchi vakilga o’zining ko’rsatmalaridan chetga chiqish borasida kengroq 
harakat qilish erkinligini taqdim etishi mumkin. Topshiriq beruvchi tijorat vakili 
sifatida ish olib boradigan vakilga topshiriq beruvchining manfaatlarini ko’zlab 
oldindan so’rov yubormagan holda topshiriq beruvchining ko’rsatmalaridan chetga 
chiqish huquqini berishi mumkin. Bunday hollarda tijorat vakili, agar topshiriq 


310 
shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo’lmasa, yo’l qo’yilgan chetga 
chiqishlar haqida topshiriq beruvchiga oqilona muddatda xabar berishi shart. 
Vakilning topshiriqni shaxsan o’zi bajarishi navbatdagi majburiyati 
hisoblanadi. 
Ushbu 
majburiyat 
shartnomaning 
shaxsiy 
ishonchga 
asoslanganligidan, unda vakilning shaxsiga nisbatan ishonch muhim ahamiyat kasb 
etishidan kelib chiqadi. Topshiriqni bajarish jarayonida vakil qo’shimcha faktik 
harakatlarni (mashinist, duradgor, haydovchi, kompyuterda matn teruvchi va 
boshq.) amalga oshirish uchun yordamchi jalb etishi mumkin va bu holat 
majburiyatni shaxsan bajarishi lozim degan qoidadan chetga chiqish 
hisoblanmaydi. Yordamchining harakatlari uchun vakil topshiriq beruvchi oldida 
o’z harakatlari kabi javob beradi. Agar shartnomada nazarda tutilmagan bo’lsa, 
yordamchini topshiriqni bajarishga jalb etish uchun topshiriq beruvchining roziligi 
talab etilmaydi.
FK 820-moddasi vakilning topshiriqni shaxsan o’zi bajarishi lozim, degan 
qoidadan ba’zi istisnolarni nazarda tutadi. Muayyan hollarda vakil topshiriqni 
bajarishni boshqa shaxsga topshirishiga yo’l qo’yiladi.
FK 822-moddasiga ko’ra, agar topshiriq shartnomasida nazarda tutilgan 
bo’lsa yoki vakil topshiriq beruvchining manfaatlarini himoya qilish maqsadida 
vaziyat taqazosi bilan majbur bo’lsa, topshiriqni bajarishni boshqa shaxsga 
(o’rinbosarga) ishonib topshirishi mumkin. 
Topshiriq beruvchi aynan kim tomonidan topshiriqlar bajarilishiga nisbatan 
befarq bo’lmaydi. Bunday hollarda vakil bu haqda darhol topshiriq beruvchini 
o’rinbosar to’g’risidagi barcha zarur ma’lumotlar xususida xabardor qilishi shart. 
O’rinbosarning nomi topshiriq shartnomasida keltirilmagan bo’lsa, topshiriq 
beruvchi vakil tanlagan o’rinbosarni rad etishga haqli. 
Agar vakil o’rinbosarining nomi shartnomada ko’rsatilgan bo’lsa, 
shuningdek, ishlarning o’rinbosar tomonidan olib borilishi shartnomada nazarda 
tutilgan bo’lsa-yu, lekin o’rinbosarning nomi unda ko’rsatilgan bo’lmasa, vakil 
ishlarning o’rinbosar tomonidan olib borilishi uchun javobgar bo’lmaydi. Lekin 
vakilning o’rinbosari tomonidan ish yuritilishi topshiriq shartnomasida nazarda 
tutilmagan bo’lsa, vakil o’z o’rinbosarining har qanday harakatlari uchun javobgar 
bo’ladi. 
Topshiriq beruvchining talabiga muvofiq unga topshiriq qanday 
bajarilayotganligi haqida ma’lumot berib turish vakilning majburiyatlaridan biridir. 
Ushbu majburiyat topshiriq beruvchiga ishlarning joriy holati to’g’risida doimiy 
xabardor bo’lish va zarur hollarda tegishli choralar ko’rish imkoniyatini beradi. 
Shuningdek, topshiriqni bajarish uchun tuzilgan bitimlar bo’yicha olingan hamma 
narsalarni (pullar, qimmatli qog’ozlar, ashyolar) vakil kechiktirmasdan topshiriq 
beruvchiga topshirishi shart.
Biroq, qonunda nazarda tutilgan hollarda topshiriq beruvchi o’z 
majburiyatlarini lozim darajada bajargunga qadar vakil ushbu majburiyatini 
bajarmasligi mumkin. FK 818-moddasi 5-qismiga ko’ra, tijorat vakili sifatida ish 
olib boruvchi ishonchli vakil ushbu Kodeksning 290-moddasiga muvofiq, topshiriq 
beruvchiga topshirilishi kerak bo’lgan o’z qo’lidagi ashyolarni topshiriq 
shartnomasi bo’yicha o’z talablarini ta’minlash uchun ushlab turishga haqli. 


311 
Vakilga tegishli bo’lgan mazkur ushlab turish huquqi shartnoma bo’yicha haq 
olishini va topshiriqni bajarish jarayonida qilingan xarajatlari qoplanishini 
ta’minlaydi.
Vakil topshiriq bajarilgan hollarda topshiriq beruvchi va uchinchi shaxslar 
o’rtasidagi huquqiy munosabatlar vujudga kelishi, o’zgarishi va bekor bo’lishini 
tasdiqlaydigan hujjatlarni topshiriq beruvchiga taqdim etishi shart.
Shuningdek, vakil topshiriq bajarib bo’linganidan keyin amal qilish muddati 
tamom bo’lmagan ishonchnomani kechiktirmasdan topshiriq beruvchiga qaytarib 
berishi va, agar shartnoma shartlariga yoki topshiriqning xususiyatiga ko’ra zarur 
bo’lsa, hisobot taqdim etib, unga isbotlovchi hujjatlarni ilova qilishi shart. Hisobot 
yozma shaklda tuzilib, unda amalga oshirilgan xarajatlarning miqdori va 
zarurligini isbotlovchi bajarilgan harakatlar va ularning natijalari to’g’risidagi 
ma’lumotlar aks etishi zarur.
Topshiriq beruvchi vakil shartnomaga muvofiq bajargan ishlarini, ya’ni 
hujjatlar, pullar, qimmatli qog’ozlar va boshqa mol-mulk hamda amal qilish 
muddati o’tmagan ishonchnomani kechiktirmasdan qabul qilib olishi shart. 
Topshiriq beruvchi vakilni topshiriqni bajarish uchun zarur bo’lgan 
mablag’lar bilan ta’minlashi lozim. Xarajatlar qoplanishini vakil tomonidan 
amalga oshiriladigan harakatlarning ijobiy natijaga olib kelishi bilan bog’lash 
maqsadga muvofiq emas. Agar topshiriq beruvchi tomonidan ajratilgan mablag’lar 
topshiriqni bajarish uchun yetarli bo’lmaganda vakil o’z hisobidan xarajat qilgan 
bo’lsa, topshiriq beruvchi qilingan zarur xarajatlarni to’lashi shart. 
Yuqoridan ta’kidlanganidek, topshiriq beruvchi topshiriq bajarilganidan 
keyin, agar qonun hujjatlarida yoki shartnomada nazarda tutilgan bo’lsa, vakilga 
haq to’lashi shart. 
3. 
Topshiriq 
shartnomasining 
bekor 
bo’lishi 
va 
huquqiy vorislik masalalari. 
Topshiriq shartnomasi quyidagi hollarda bekor qilinadi:
topshiriq beruvchi tashabbusi bilan;
vakil topshiriqdan bosh tortishi natijasida;
topshiriq beruvchining yoki vakilning vafot etishi, ulardan birining 
muomalaga layoqatsiz, muomala layoqati cheklangan yoki bedarak yo’qolgan deb 
topilishi natijasida. 
Topshiriq beruvchi istagan vaqtda topshiriqni bekor qilishga, vakil esa 
topshiriqdan bosh tortishga haqli. Bu huquqdan voz kechish haqidagi kelishuv o’z-
o’zidan haqiqiy bo’lmaydi. 
Tadbirkor sifatida ish olib borilayotgan hollarda vakil bilan topshiriq 
shartnomasidan bosh tortayotgan taraf shartnomani bekor qilish to’g’risida 
ikkinchi tarafni kamida o’ttiz kun oldin (shartnomada uzoqroq muddat nazarda 
tutilgan bo’lmasa) xabardor qilishi shart. Tijorat vakili bo’lgan yuridik shaxs qayta 
tashkil etilganida topshiriq beruvchi o’z topshirig’ini oldindan xabar bermay ham 
turib bekor qilishga haqli. 
Agar topshiriq shartnomasi topshiriq vakil tomonidan to’liq bajarilishidan 
oldin bekor qilingan bo’lsa, topshiriq beruvchi vakilga topshiriqni bajarish vaqtida 
qilingan chiqimlarni to’lashi, vakilga haq berilishi kerak bo’lganida esa, unga 


312 
bajarilgan ishga muvofiq haq to’lashi ham shart. Vakil tomonidan topshiriqning 
bekor qilinganini bilgan yoki bilishi lozim bo’lganidan keyin bajarilgan ishlarga 
o’z navbatida haq to’lanmaydi (824-modda). 
Vakil vafot etgan taqdirda, uning merosxo’rlari yoki meros mulkning 
saqlanishini ta’minlash majburiyati yuklatilgan boshqa shaxslar topshiriq 
shartnomasi bekor qilinishi haqida topshiriq beruvchiga kechiktirmay xabar 
berishlari hamda topshiriq beruvchining mol-mulkini muhofaza qilish uchun zarur 
choralarni ko’rishlari, xususan, topshiriq beruvchining ashyolarini, shuningdek 
hujjatlarini saqlab qo’yishlari, so’ngra esa unga topshirishlari shart. Vakil 
(ishonchli vakil) bo’lgan yuridik shaxsni tugatayotgan shaxsning zimmasida ham 
shunday majburiyat bo’ladi. 
Vakil (ishonchli vakil) sifatida ish olib borayotgan yuridik shaxs qayta 
tashkil etilganida topshiriq beruvchi bu haqda darhol xabardor qilinishi kerak. 
Mazkur holatda bunday yuridik shaxsning huquq va majburiyatlari, agar topshiriq 
beruvchi o’ttiz kunlik muddatda topshiriq shartnomasidan bosh tortishini ma’lum 
qilmasa, uning qonuniy vorisiga o’tadi. 
Agar vakil topshiriq shartnomasining bekor qilingani haqida bilmagan va 
bilishi lozim bo’lmagan bo’lsa, uning topshiriq beruvchi ko’rsatmasiga muvofiq 
qonuniy ravishda qilgan harakatlari topshiriq beruvchi (uning qonuniy vorisi) 
zimmasiga uchinchi shaxslar va vakilga nisbatan majburiyat yuklaydi. 

Download 5.5 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   146   147   148   149   150   151   152   153   ...   284




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling