Toshkent davlat yuridik universiteti
§. Tovar (xizmat ko’rsatish) belgisiga bo’lgan huquq
Download 5.5 Mb. Pdf ko'rish
|
Fuqarolik huquqi II-qism
3 §. Tovar (xizmat ko’rsatish) belgisiga bo’lgan huquq
Tovar (xizmat) belgisi bu bir jismoniy yoki yuridik shaxsning tovarlari va xizmatlarining boshqa yuridik yoki jismoniy shaxslarning bir turdagi tovarlari va 583 xizmatlaridan farqlash uchun foydalaniladigan belgilardir. Tovar belgisi sifatida so’zlar, tasvirlar, qabariq va boshqa belgilar yoki ularning jamlama ifodasi ro’yxatdan o’tkazilishi mumkin. Tovar belgisi istalgan bir rangda yoki turli ranglarda bo’lishi mumkin. O’zbekiston Respublikasida tovar (xizmat) belgilarini ro’yxatdan o’tkazish, huquqiy jihatdan muhofaza qilish va ulardan foydalanish bilan bog’liq munosabatlar FK, «Tovar belgilari, xizmat ko’rsatish belgilari, tovar kelib chiqqan joy nomlari to’g’risida» 2001 yil 30 avgustdagi Qonun (bundan keyin matnda qonun deb yuritiladi) va tegishli qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi. Qonunga asosan quyidagi hollarda tovar belgilarini ro’yxatdan o’tkazishga yo’l qo’yilmaydi, agarda ular: 1) davlat gerblari, bayroqlari va davlat mukofotlarining tasviri tushirilgan belgilar; 2) davlatlarning rasmiy nomlari, xalqaro yoki hukumatlararo tashkilotlarning qisqartirilgan yoki to’liq nomlari; 3) rasmiy nazorat, kafolat tamg’alari va namuna yo’sinidagi tamg’alar, muhrlar; 4) davlat xizmatlarining O’zbekiston Respublikasida qo’llaniladigan ajratish va farqlash belgilari tasvirlari; 5) farqlash xususiyatiga ega bo’lmagan belgilar; 6) muayyan turdagi tovarlarning belgisi sifatida umum foydalanishda bo’lgan belgilar; 7) umum e’tirof etilgan ramzlar va atamalar hisoblangan belgilar; 8) tovarlarni, shu jumladan ularning turi, sifati, soni, xususiyati, qanday maqsadga mo’ljallanganligi va qiymatini, shuningdek ularning ishlab chiqariladigan yoki o’tkaziladigan joyi va vaqtini tavsiflash uchun foydalaniladigan belgilar; 9) tovar yoki uning tayyorlovchisi xususidagi yolg’on yoki iste’molchini chalg’itishi mumkin bo’lgan belgilar; 10) tovar kelib chiqqan haqiqiy joyni rasman ko’rsatuvchi, lekin tovar boshqa hududda chiqarilayotganligi haqida yanglish tasavvur beruvchi belgilar; 11) ma’danli suvlar, vino yoki kuchli spirtli ichimliklarning asliyatini aks ettiruvchi jo’g’rofiy nomlar bo’lgan yoki shunday nomlarni ifodalovchi belgilar, mazkur joyda chiqarilmagan tovarlarni belgilash uchun ishlatilgan belgilar, shuningdek basharti ular tarjima qilinib yoki "ko’rinishdagi", "turdagi", "usuldagi" va boshqa shunga o’xshash so’zlar bilan qo’shilgan holda qo’llanilsa; 12) jamiyat manfaatlariga, odamiylik va axloq qoidalariga zid bo’lgan belgilar; 13) quyidagi belgilar: ilgari O’zbekiston Respublikasida boshqa shaxs nomiga ro’yxatdan o’tkazilgan yoki ro’yxatdan o’tkazish so’rab talabnoma berilgan, shuningdek O’zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq ro’yxatdan o’tkazilmay ham muhofaza qilinadigan yoki shu turdagi tovarlarga nisbatan ancha ilgariroq ustuvorlikka ega bo’lgan tovar belgilari bilan adashtirib yuborish darajasida bir xil yoki ularga aynan o’xshash bo’lgan belgilar; 584 har qanday tovarlarga nisbatan boshqa shaxslarning belgilangan tartibda umum e’tirof etilgan tovar belgilari bilan adashtirib yuborish darajasida bir xil yoki ularga aynan o’xshash bo’lgan belgilar; ushbu qonunga muvofiq muhofaza qilinadigan tovar kelib chiqqan joy nomi bo’lgan belgilar bilan adashtirib yuborish darajasida bir xil yoki ularga aynan o’xshash bo’lgan belgilar, bu belgilar har qanday tovarlarga nisbatan shunday nomdan foydalanish huquqiga ega bo’lgan shaxs nomiga ro’yxatdan o’tkazilayotgan tovar belgisiga muhofaza qilinmaydigan qism sifatida kiritilgan hollar bundan mustasno; belgilangan tartibda ro’yxatdan o’tkazilgan sertifikatlash belgilari bilan adashtirib yuborish darajasida bir xil yoki ularga aynan o’xshash bo’lgan belgilar; 14) quyidagi belgilar: o’zga shaxslarga tegishli va O’zbekiston Respublikasi hududida taniqli bo’lgan firma nomlarini (yoki ularning bir qismini), agar bu nomga bo’lgan huquq bir turdagi tovarlarni belgilash uchun tovar belgisiga doir talabnoma kelib tushgan sanadan avvalroq olingan bo’lsa, takrorlovchi belgilar; sanoat namunalarini, agar ularga bo’lgan huquq O’zbekiston Respublikasida o’zga shaxslarga tegishli bo’lsa, takrorlovchi belgilar; O’zbekiston Respublikasida mashhur bo’lgan ilmiy asarlar, adabiyot va san’at asarlarining nomlarini, ularning qahramonlarini yoki iboralarini, san’at asarlarini yoki ulardan ko’rinishlarni mualliflik huquqiga ega bo’lgan shaxs yoki uning huquqiy vorislari (merosxo’rlari) roziligini olmagan tarzda takrorlovchi belgilar; atoqli shaxslarning familiyalari, ismlari, taxalluslarini va ulardan yasalgan so’zlarni, bunday shaxslarning portretlarini hamda dastxatlarini, basharti bular O’zbekiston Respublikasining tarixiy va madaniy boyligi bo’lsa, ana shu atoqli shaxslar, ularning merosxo’rlari yoki davlat organi roziligini olmagan tarzda takrorlovchi belgilar. Sanab o’tilganlarning 1-4-bandlarida ko’rsatilgan belgilar, agar bunga tegishli davlat organining yoki belgi egasining roziligi bo’lsa, tovar belgisiga muhofaza qilinmaydigan qismlar sifatida kiritilishi mumkin, yuqoridagilarning 5- 8-bandlarida ko’rsatilgan belgilar, agar ular tovar belgisida ustun mavqega ega bo’lmasa, bu belgiga muhofaza qilinmaydigan qismlar sifatida kiritilishi mumkin. Yuqorida ko’rsatib o’tilgan 5-8-bandlarida ko’rsatilgan belgilarni ro’yxatdan o’tkazishga, basharti bu belgilar amalda ulardan foydalanish natijasida farqlanish xususiyatiga ega bo’lgan taqdirdagina, yo’l qo’yilishi mumkin. Sanab o’tilganlarning 13-bandidagi ikkinchi va uchinchi xatboshilarda ko’rsatilgan tovar belgisi bilan adashtirib yuborish darajasida ularga aynan o’xshash bo’lgan belgilarni ro’yxatdan o’tkazishga tovar belgisi egasining bu belgini ro’yxatga olish uchun roziligi bo’lgan taqdirdagina yo’l qo’yilishi mumkin (Qonunning 10-moddasi). Tovar belgisini huquqiy muhofaza qilishning asosiy sharti uning tegishli vakolatli davlat idorasida ro’yxatdan o’tkazdirilganligi hisoblanadi. Tovar belgisi, xizmat ko’rsatish belgisini ro’yxatdan o’tkazdirish uchun talabnoma yuridik yoki jismoniy shaxslar tomonidan shaxsan yoki Intellektual 585 mulk agentligida ro’yxatga olingan patent vakili orqali (xorijiy subyektlar uchun) berilishi mumkin. Umumiy qoida bo’yicha tovar belgisi, xizmat ko’rsatish belgisining ustuvorligi tegishli tarzda rasmiylashtirilgan talabnoma Intellektual mulk agentligiga kelib tushgan kunga qarab belgilanadi. Talabnoma va talabnomada ifodalangan belgi belgilangan tartibda ekspertizadan o’tkaziladi va uning natijalariga qarab, tovar belgisini ro’yxatdan o’tkazish yoki rad etish haqida qaror qabul qilinadi. Rad etish haqidagi qaror ustidan Intellektual mulk agentligining Apellyastiya kengashiga shikoyat qilish mumkin. Apellatsiya kengashi qarori bo’yicha norozi tomon olti oy ichida sudga shikoyat qilishga haqli. Tovar belgisi, xizmat ko’rsatish belgisini ro’yxatga olish haqidagi qarorga asosan, Intellektual mulk agentligi tovar belgisini O’zbekiston Respublikasining tovar belgilari reestrida ro’yxatdan o’tkazadi. Davlat reestriga va tovar belgisining ro’yxatdan o’tganligi haqidagi guvohnomaga tovar belgisi, xizmat ko’rsatish belgisi tasviri, uning egasi haqidagi ma’lumotlar, ustuvorlik sanasi, ro’yxatdan o’tgan vaqti, ushbu belgini qo’yish mo’ljallangan tovarlar, xizmatlar ro’yxati kiritiladi, bu haqda ma’lumotlar Intellektual mulk agentligining rasmiy axborotnomasida a’lon qilinadi. Tovar belgisi Davlat reestrida ro’yxatdan o’tkazilganidan va belgilangan boj to’langanligi haqida hujjat olinganidan keyin uch oy ichida Intellektual mulk agentligi tovar belgisi egasiga guvohnoma beradi. Tovar belgisi, xizmat ko’rsatish belgisi ro’yxatdan o’tkazilganligi haqidagi guvohnoma belgining tovar belgisi, xizmat ko’rsatish belgisi sifatida ro’yxatdan o’tkazilganligi, tovar belgisi, xizmat ko’rsatish belgisining ustuvorligini, tovar belgisi, xizmat ko’rsatish belgisi egasining guvohnomada ko’rsatilgan mahsulotlar va xizmatlarga nisbatan mutlaq huquqini tasdiqlaydi. Tovar belgisi, xizmat ko’rsatish belgisi ro’yxatdan o’tganligi haqidagi guvohnoma ustuvorlik belgilangan sanadan e’tiboran o’n yil davomida amal qiladi. Bu muddat tegishli boj to’lab borilgan taqdirda har gal o’n yilga uzaytirib boriladi. Tovar belgisi egasi bu belgidan foydalanishda va uni tasarruf qilishda mutlaq huquqqa ega. Mutlaq huquq mazmuni Qonunning 26-moddasida belgilab qo’yilgan. Bunga asosan tovar belgisining egasi ushbu belgidan foydalanishda va uni tasarruf etishda, shu jumladan, unga o’zga shaxslar foydalanishiga ruxsat berish yoki yoki taqiqlab qo’yishda mutlaq huquqqa egadir. O’zbekiston Respublikasida muhofaza qilinayotgan tovar belgisidan uning egasi ruxsatisiz hech kim foydalana olmaydi. Tovar (xizmat) belgisini qonunda belgilangan tartibda har qanaqasiga va har qanday tarzda fuqarolik muomalasiga kiritish undan foydalanish deb hisoblanadi. Tovar belgisining egasi tomonidan yoki qonunda belgilangan tartibda litsenziya shartnomasi asosida shunday huquq berilgan shaxs tomonidan tovar belgisi qaysi tovarlarga qo’yish uchun ro’yxatdan o’tkazilgan bo’lsa, shu tovarlarda va ularning o’rovi ustida ishlatilishi tovar belgisidan foydalanish hisoblarida, rasmiy ish qog’ozlarida, osib qo’yiladigan lavhalarda, ko’rgazmalar va yarmarkalarda eksponatlarni namoyish qilishda ishlatish ham undan foydalanish deb topilishi mumkin. 586 Qonunning 27-moddasiga asosan tovar belgisining egasi undan foydalanishi shart. Tovar belgisi ro’yxatdan o’tganligi to’g’risidagi guvohnomaning amal qilishi tovar belgisi ro’yxatdan o’tkazilgandan keyin ishlatilmagan yoki guvohnomaning amal qilish muddatida besh yil davomida uzrli sababsiz umuman foydalanilmaganda, istalgan manfaatdor shaxsning arizasiga muvofiq sud chiqargan qaror asosida muddatidan oldin to’liq yoki qisman bekor qilinishi mumkin. Ushbu masalani hal etishda tovar belgisi egasi taqdim etgan va tovar belgisidan o’ziga bog’liq bo’lmagan sabablarga ko’ra foydalanilmaganligini (masalan, korxona rekonstruksiya qilinganligi, qayta jihozlanganligi sababli yoki bozorda tovarga talab bo’lmaganligi sababli uni ishlab chiqarish vaqtinchalik to’xtatilganligi va hokazo) isbotlovchi dalillar e’tiborga olinishi mumkin. Uzrli sababsiz tovar belgisidan foydalanmaslik deganda ushbu tovar belgisi ishlatilishi mo’ljallangan tovarlarni ishlab chiqarish va muomalaga kiritishda tovar belgisidan foydalanmaslik tushuniladi. Belgilangan qoidaga asosan tovar belgisidan nafaqat tovar belgisi egasining o’zi foydalanishi, balki bu belgidan foydalanish uchun boshqa shaxslarga litsenziya (ruxsatnoma) berilishi ham tovar belgisidan foydalanish hisoblanadi. Binobarin, tovar belgisidan belgi egasi besh yil davomida o’zi foydalanmagan holda, boshqa shaxslarga undan foydalanish uchun litsenziya berilishi FK 1104- moddasi 1-qismini qo’llamaslik uchun asos bo’ladi. Download 5.5 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling