Toshkent davlat yuridik universiteti


 §. Tovar chiqarilgan joy nomiga bo’lgan huquq


Download 5.5 Mb.
Pdf ko'rish
bet259/284
Sana16.11.2023
Hajmi5.5 Mb.
#1777668
1   ...   255   256   257   258   259   260   261   262   ...   284
Bog'liq
Fuqarolik huquqi II-qism

 
6 §. Tovar chiqarilgan joy nomiga bo’lgan huquq 
FKning 1108-moddasida hamda Qonunda tovar kelib chiqqan (tayyorlangan) 
joyning nomi tushunchasi, uni huquqiy muhofaza qilish asosi, tartibi belgilab 
berilgan. 
Har bir mamlakat, mintaqa, ma’lum bir hudud o’z iqlimi, havosi, tuproq 
tarkibi, o’simlik va hayvonot dunyosi va boshqa tabiiy sharoitlari bilan o’ziga 
xosdir. Ba’zan bu o’ziga xoslik o’sha hudud doirasida ishlab chiqariladigan 
tovarlar, bajariladigan ishlar, ko’rsatiladigan xizmatning o’ziga xos alohida sifatga, 
belgilarga ega bo’lishini belgilaydi. Boshqa joydagi aynan o’shanday ishlab 
chiqarilgan tovarlar, bajariladigan ishlar yoki ko’rsatiladigan xizmatlar o’shanday 
sifatga, belgilarga ega bo’lmaydi. Binobarin, ma’lum geografik hududning tabiiy 
sharoitlari yoki boshqa omillar (asosan, o’sha joyda yashovchilarning kasbi-kor 
malakasi, mahorati) bilan uzviy bog’liq ravishda tayyorlangan tovarlar boshqa 
joyda tayyorlangan aynan shunday tovarlarga nisbatan xaridorgir, yuqori sifatli, 
alohida xususiyatlarga ega, raqobatbardoshli hisoblanadi. Bozorda ushbu tovar 
tayyorlangan joy nomining o’zi tovar ma’lum sifat xususiyatiga ega ekanligi 
haqida o’ziga xos sertifikat hisoblanadi. Masalan, «Borjomi», «Essentuki», 
«Toshkent» suvlari, Uchqora mayizi, Urgut tamakisi, Yangiqo’rg’on anjiri, Quva 
anori va hokazo. Ba’zan tovar tayyorlangan joyning tabiiy shart-sharoitlari bilan 
emas, balki o’sha joyda yashovchi aholining ma’lum bir kasb-hunari, mahsulot 
tayyorlashda bo’lgan alohida mahorati, malakasi ushbu tovar sifatini belgilashda 
alohida muhim omil bo’lishi mumkin. Masalan, Chust pichog’i, Samarqand noni, 
Xiva gilami va hokazo. 
Tovar chiqarilgan (tayyorlangan) joy nomi sifatida mamlakat nomi 
ishlatilishi (Braziliya kofesi, Eron gilami, Gruziya choyi), aholi punkti yoki 
mintaqaviy hudud nomi (Toshkent suvi, Chust pichog’i), umuman, qandaydir 
geotrafik obyekt nomi (masalan, Tyan-Shan suvi) qo’llanilishi mumkin. Bunday 
maqsadlarda o’sha geografik obyekt tarixiy nomi ishlatilishi mumkin (Shampan 
sharobi, Kagor sharobi va hokazo). Bunda eng asosiy sabab o’sha joyda ishlab 
chiqarilgan tovarning yuqori sifati, alohida belgilarga ega ekanligi va xuddi shu 
holat tovarlar bozorida, xaridorlar orasida ma’lum ahamiyatga ega ekanligidir. 
Ba’zan bu tovar ishlab chiqarish bilan emas, xizmat ko’rsatish bilan bog’liq 
bo’lishi, bu holat ko’pincha joylarda tibbiy davolash, xizmat ko’rsatish sifati bilan 
bog’liq bo’lib, bunda o’sha joydagi balchiq, mineral suv, g’orlar, havo tarkibi, 
havo zichligi, atmosfera bosimi va hokazo holatlar muhim, belgilovchi omil 


590 
bo’lishi mumkin. 
Qonunning 5-moddasiga muvofiq, mamlakat, aholi punkti, joy yoki boshqa 
jo’g’rofiy obyektning (bundan buyon matnda jo’g’rofiy obyekt deb yuritiladi) 
tovarni belgilash uchun ishlatiladigan, uning alohida xususiyatlari tamomila yoki 
asosan mazkur jo’g’rofiy obyektga xos tabiiy sharoitlar bilan yoki boshqa omillar 
yoxud tabiiy sharoitlar va ushbu omillarning birikmasi bilan belgilanadigan nomi 
tovar kelib chiqqan joy nomi deb e’tirof etiladi.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, tovar kelib chiqqan joy nomiga 
bo’lgan huquq huquqiy jihatdan muhofaza qilinishi uchun quyidagi shartlar 
mavjud bo’lishi lozim: 
1) ma’lum joy, hudud o’zining tabiiy-iqlim va relyef shart-sharoitlariga 
ko’ra, unda yashovchi aholining kasb-kor mahorati, malakasi tufayli o’ziga 
xosliklarga ega bo’lishi; 
2) bu o’ziga xoslik ushbu joyda, hududda tayyorlanadigan, ishlab 
chiqariladigan tovarlar, ko’rsatiladigan xizmatlarning alohida sifati, xususiyati
belgilarini ta’minlovchi omil bo’lishi; 
3) yuqoridagi holat tovarlar bozorida ma’lum va mashhur bo’lishi talab 
etiladi. 
Yuqordagi shartlar mavjud bo’lgan holdagina tovar chiqarilgan joy nomi uni 
ro’yxatga olish asosida huquqiy muhofaza qilinadi. 
Ba’zi hollarda tovar nomi geografik obyekt nomi bilan bog’liq yoki bir xilda 
bo’lsa-da, biroq tovar boshqa joylarda ham aynan o’shanday tayyorlanishi mumkin 
(masalan, axaltekin otlari), boshqa hollarda esa bunday nom ma’lum tovarning 
yoki tovarlar guruhining nomi sifatida umumiste’molga kirib ketgan bo’lishi 
mumkin (golland pishlog’i, kyoln suvi-odekolon va hokazo). Bunday hollarda 
atama tovar chiqarilgan joy nomi sifatida tan olinmaydi va binobarin, huquqiy 
muhofaza maqsadlarida ro’yxatga olinmaydi. Biroq bu holat bunday ma’lum va 
mashhur nomdan insofsizlik bilan foydalanib, xaridorlarni, iste’molchilarni aldash, 
past sifatli tovarlarni o’tkazish vositasi sifatida foydalanilganda huquqi buzilgan 
shaxsning o’z huquqlarini himoya qilish, yetkazilgan moddiy va ma’naviy 
zararning qoplanishini talab qilish huquqidan mahrum etmaydi. Huquqi buzilgan 
shaxs FKning 11-moddasida ko’rsatilgan usullardan foydalanib, o’z huquqini 
himoya qilishga haqli. 
Quyidagi belgilar tovar kelib chiqqan joy nomi sifatida ro’yxatdan 
o’tkazilmaydi: 
- tovar kelib chiqqan joy xususida iste’molchini chalg’itib qo’yadigan 
jo’g’rofiy nom bo’lgan belgilar; 
- tovar kelib chiqqan haqiqiy joyni rasman ko’rsatuvchi, lekin tovar boshqa 
hududda chiqarilayotganligi haqida yanglish tasavvur beruvchi belgilar; 
- tovar tayyorlangan joy nomi bilan bog’liq bo’lmagan jo’g’rofiy nomni 
anglatuvchi va O’zbekiston Respublikasida muayyan turdagi tovar belgisi sifatida 
umum foydalanishda bo’lgan belgilar. 
Tovar chiqarilgan joy nomi O’zbekiston Respublikasi Intellektual mulk 
agentligida ro’yxatdan o’tkazdiriladi. Bunda FK 1108-moddasi 2-qismida 
belgilangan talablarga ishlab chiqariladigan tovarning javob berishi va ayni 


591 
o’shanday tovar ishlab chiqaruvchining o’sha hudud doirasida faoliyat yuritishi 
muhim omil hisoblanadi (masalan, Surxondaryoda faoliyat yuritayotgan 
hunarmand o’z mahsulotini Chust pichog’i deb bozorda sotishi maqsadga muvofiq 
emas). 
Intellektual mulk agentligi tomonidan ro’yxatga olish amalga oshirilganidan 
keyin tovar chiqarilgan joy nomidan foydalanish huquqi haqida guvohnoma 
beriladi. 
Tovar kelib chiqqan joy nomidan foydalanish huquqi guvohnomasi ma’lum 
muddatga beriladi, bu muddat tugagach, u uzaytirilishi mumkin. Ro’yxatga olishda 
tovarlarning u tayyorlangan joy nomi bilan bog’liq ravishda sifatga ega ekanligini 
tekshirish uchun ekspertiza tayinlanishi mumkin. Guvohnoma amal qilish muddati 
davomida vakolatli davlat organlari, iste’molchilarning uyushmalari tovarlarning 
maxsus sifati, xususiyati, belgilari bo’yicha talablarga muvofiqligi ustidan doimiy 
nazoratni olib boradilar. 
Guvohnomaning amal qilishi quyidagi hollarda muddatidan oldin bekor 
bo’ladi: 
a) ma’lum hudud, joy o’sha joyda ishlab chiqariluvchi tovarning maxsus 
sifati, belgisi, xususiyatini belgilovchi tabiiy iqlim, relyef va boshqa omillardan 
mahrum bo’lganda (mineral suv chiqmay qolganda, balchiq tugaganda, ma’lum 
kasb-hunar bilan aholi shug’ullanmay qolganda yoki malaka, mahorat 
yo’qotilganda); 
b) ishlab chiqariladigan tovarning maxsus sifat, belgi, xususiyatlarga ega 
bo’lishi haqidagi talablarga rioya qilinmagan taqdirda; 
v) joy nomi tovar yoki tovarlar guruhi nomi sifatida umumiste’molga kirib 
qolganda. 
Tovar chiqarilgan joy nomini ro’yxatga olish, bu nomdan foydalanish huquqi 
haqida guvohnoma berish, ro’yxatga olishni haqiqiy emas deb topish, ro’yxatga 
olish va guvohnomaning amal qilishini to’xtatish, ularning bekor bo’lishi tartibi va 
shartlari maxsus qonun hujjatlari bilan belgilanadi. 

Download 5.5 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   255   256   257   258   259   260   261   262   ...   284




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling