Toshkent davlat yuridik universiteti
§. Tovar chiqarilgan joy nomidan noqonuniy foydalanganlik uchun
Download 5.5 Mb. Pdf ko'rish
|
Fuqarolik huquqi II-qism
8 §. Tovar chiqarilgan joy nomidan noqonuniy foydalanganlik uchun
javobgarlik Tovar chiqarilgan joy nomidan qonunga xilof foydalanish deganda, eng avvalo, bunga tegishli guvohnomasi bo’lmagan holda tovar chiqarilgan joy nomidan foydalanish tushuniladi. Shuningdek, ishlab chiqarayotgan tovari maxsus sifatga, xususiyatga, belgiga ega bo’lmay qolgani sababli guvohnomasining amal qilish muddatidan oldin to’xtatilgan yoki bekor qilingan shaxs tomonidan tovar chiqarilgan joy nomidan foydalanish tushuniladi. Tovar chiqarilgan joy nomidan qonunga xilof foydalanish natijasida, eng avvalo, tovar chiqarilgan joy nomidan foydalanishga qonuniy haqli bo’lgan shaxslarning huquqlari buziladi, qolaversa, ko’p hollarda tovar chiqarilgan joy nomidan g’ayriqonuniy foydalanish natijasida iste’molchilar aldanadi, ularga past sifatli tovarlar maxsus sifatli, xususiyatli, belgili tovar sifatida o’tkaziladi. Ayni vaqtda, bu holat kelgusida tovar chiqarilgan joy nomi ishlatilgan har qanday tovarlarga nisbatan ham ishonchsizlik vujudga kelishiga sabab bo’ladi. Shu sababli ham tovar chiqarilgan joy nomidan qonunga xilof ravishda foydalanishga qarshi kurashda tovar chiqarilgan joy nomidan foydalanish huquqiga ega bo’lgan shaxslar va iste’molchilar huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar alohida mavqega va 593 huquqlarga ega. Chunonchi: 1) tovar chiqarilgan joy nomidan qonunga xilof ravishda foydalanayotgan shaxsdan huquqqa xilof harakatlarni to’xtatishni; 2) tovardan, uning idishi va o’rovidan, blankalar, reklamadan va boshqa hujjatlardan qonunga xilof ravishda foydalanayotgan nomni yoki shu nom bilan adashtiradigan darajadagi o’xshash belgilarni yo’q qilib tashlashni; 3) agarda tovardagi, uning idishi yoki o’rovidagi joy nomi yoki unga o’xshash belgilarni yo’q qilib, o’chirib tashlashning iloji bo’lmasa, tegishli ravishda tovarning idishi va o’rovini olib qo’yish, muomaladan chiqarib olish va yo’q qilib tashlashni talab qilishga haqli. Qoidabuzar ushbu talablarni ixtiyoriy bajarishdan bosh tortganda, u majburiy ravishda va qoidabuzar hisobidan amalga oshiriladi. Tovar chiqarilgan joy nomidan foydalanish huquqiga ega bo’lgan shaxs bu huquqni buzib, joy nomidan qonunga xilof ravishda foydalangan shaxsdan buning natijasida o’ziga yetkazilgan zararlarning to’la qoplanishini talab qilishga haqli. Bunda FKning 14-moddasida nazarda tutilgan qoidalar qo’llanadi. Tovar chiqarilgan joy nomidan foydalanish huquqiga ega bo’lgan shaxsga yetkazilgan zarar quyidagilarda namoyon bo’lishi mumkin: 1) qonunga xilof harakat natijasida bozorda uning tovarlarining o’tmay qolishi, shu sababli ishlab chiqarish hajmini qisqartirishi, to’xtatib qo’yishga majbur bo’lishi; 2) qonunga xilof harakat natijasida ololmay qolgan, biroq u sodir bo’lmaganda odatdagi normal fuqarolik muomalasida olishi mumkin bo’lgan daromad (joy nomi qo’llaniladigan tovarlar yoxud tovarlar guruhi bo’yicha); 3) qoidabuzar tomonidan past sifatli tovarlarning joy nomidan foydalanib, muomalaga kiritilishi natijasida iste’molchilarda joy nomi ishlatilgan tovarlarga nisbatan ishonchsizlik holati va uning oqibatlarini bartaraf etish bo’yicha xarajatlar. Qoidabuzar tomonidan joy nomidan g’ayriqonuniy foydalanish natijasida olingan daromad bu nomdan foydalanish huquqiga ega bo’lgan shaxs (shaxslar) foydasiga yoki o’sha tegishli hudud bo’yicha davlat byudjeti hisobiga undirilishi maqsadga muvofiqdir. «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to’g’risida» gi 1996 yil 26 aprelda qabul qilingan qonunning 5-6-moddalariga asosan iste’molchi tovar ishlab chiqargan shaxs, uning joylashgan joyi, tovar haqida ma’lumotlar bilan ta’minlanishi lozim. Ushbu Qonunning 7-moddasiga asosan, agarda tovar ishlab chiqaruvchi o’zi yoki tovar haqida yolg’on ma’lumotlar berish natijasida iste’molchiga sifati past tovar o’tkazilsa, iste’molchi shartnomani bekor qilishga va zararning undirilishini talab qilishga haqli. Tovarning kelib chiqishi joyining nomi sanoat mulkini muhofaza qilish bo’yicha Parij Konvensiyasi doirasida ham huquqiy muhofaza obyekti hisoblanadi. Shuningdek, buyumlarning chiqarilgan joylarini noto’g’ri yoki yolg’on ko’rsatganlik uchun sanksiyalar (jazo choralari) haqidagi 1891 yil 14 apreldagi Madrid bitimida tovarning chiqarilgan joyi haqida yanglishishga sabab bo’luvchi belgilar, nomlarni qo’yganlik uchun sanksiyalar belgilangan. Buyumlarning kelib 594 chiqish joylari ko’rsatkichlarini himoya qilish va ularni xalqaro qayd etish haqidagi 1958 yil 31 oktyabrdagi Lissabon ittifoqi organi tovar chiqarilgan joy nomlarini qayd etish mexanizmini ishlab chiqdi va amalga oshirmoqda. Dunyoning deyarli barcha davlatlarida tovarlarning chiqarilgan joylari nomlaridan g’ayriqonuniy foydalanish, bu joylar nomlari haqida noto’g’ri yoki yolg’on ma’lumot berish g’irrom raqobatning ko’rinishlaridan hisoblanadi va tegishli javobgarlik choralari (zararlarni to’latish, hududga olib kelishni taqiqlash, arest solish, tovarni yo’q qilib tashlash va hokazolar) ko’rilishiga sabab bo’ladi. O’zbekiston Respublikasining “Raqobat to’g’risida”gi 2012 yil 6 yanvarda qabul qilgan Qonunining 13-moddasiga asosan yuridik shaxsning intellektual faoliyati natijalaridan va ularga tenglashtirilgan individuallashtirish vositalaridan, mahsulotni, xizmatlar bajarishni individuallashtirish vositalaridan qonunsiz foydalanib tovar sotish, tovarning xususiyati, uni tayyorlash usuli va joyi xususida iste’molchini chalg’itish insofsiz raqobat hisoblanadi va taqiqlanadi. Download 5.5 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling