Monopoliyaga qarshi davlat organlari tabiiy monopoliyalarning quyidagi faoliyatlari ustidan nazorat qiladi:
1) tabiiy monopoliya sub‘ekti asosiy vositalarga nisbatan mulk huquqini yoki foydalanish huquqini qo‘lga kiritadigan bitimlar ustidan (agar bunday asosiy vositalarning balans qiymati tabiiy monopoliya sub‘ekti o‘z kapitali qiymatining 10 foizdan ortiq bo‘lsa);
2) tabiiy monopoliya sub‘ekti asosiy vositalarning bir qismiga nisbatan mulk huquqini yoxud ularga egalik qilish va ulardan foydalanish huquqini xo‘jalik yurituvchi boshqa sub‘ektga o‘tkazadigan bitimlar ustidan (agar bunday asosiy vositalarning balans qiymati tabiiy monopoliya sub‘ekti o‘z kapitali qiymatining 10 foizdan ortiq bo‘lsa);
3) iste‘molchilarga etkazib beriladigan tovarlar hajmi bo‘yicha shartnomalarga rioya etilishi ustidan;
4) tovarlar narxini belgilash hamda narxlar (tariflar)ni qo‘llash tartibiga rioya etish ustidan;
5) tabiiy monopoliya sub‘ektlarining tashkil etilishi, qayta tashkil etilishi va tugatilishi ustidan.
Nazoratning boshqa bir xil usuli – bu tabiiy monopoliya sub‘ektlarining qiladigan ayrim xatti-harakatlari uchun tegishli ruxsat berish yo‘li bilan amalga oshirilib turiladi.
O‘zbekiston iqtisodiyotida tabiiy monopoliya sub‘ektlariga nisbatan o‘rnatilgan bunday nazorat usullari jahon amaliyotiga mos keladi va ular tabiiy monopoliya sub‘ektlarining o‘z ustun mavqeini suiiste‘mol qilishlarining belgilangan narxlarning asossiz oshirilishining oldini olishga, iste‘molchi manfaatlariga mos ravishda sifatli xizmat qilishga, tovar bozorlaridagi ularning ustun mavqeni qattiq nazorat qilib turishga qaratilgan.
Monopol faoliyatni tartibga solish chora-tadbirlari.
Monopol faoliyatni tartibga solish – bu davlatning ishlab chiqaruvchilarning bozorni monopollashtirish imkoniyatini cheklash maqsadida amalga oshiradigan qonunchilik, ma‘muriy va iqtisodiy tavsifdagi chora-tadbirlaridir.
Antimonopol qonunchilik asosida maxsus antimonopol muassasa (qo‘mita) tashkil qilinib u davlatning monopoliyalarga qarshi siyosatini amalga oshiradi. Uning asosiy vazifalariga quyidagilardan iborat: bozor tuzilishini joriy tahlil qilish; monopollashuv omillarini aniqlash; antimonopol qonunchilikni amalga oshirish; sohaga tegishli qonun va hukumat qarorlarini ekspertizadan o‘tkazish; monopolist korxonalarga sanktsiyalar qo‘llash; monopoliyalarni bo‘lish va qayta tashkil qilish bo‘yicha takliflar berish.
Ma‘muriy chora-tadbirlar dekartel va detrest tavsifiga ega bo‘lishi mumkin. Masalan, Germaniya va Yaponiya iqtisodiyotida ikkinchi jahon urushidan keyin ana shunday tadbirlar qo‘llanilgan. Iqtisodiy tadbirlar odatda monopol ishlab chiqaruvchilar mahsulotlariga narx o‘sishini cheklashga qaratiladi va tegishli narx siyosatini taqozo etadi. Narx siyosati ijtimoiy xizmatlardan tashqari tovarlarning ko‘pchilik guruhiga narxlarni erkinlashtirishni ko‘zda tutadi. Bu siyosatning asosiy maqsadi milliy bozorga chet ellik ishlab chiqaruvchilarning kirib kelishini yo‘l qo‘yiladigan darajada nazorat qilish asosida raqobatni rag‘batlantirish, mavjud monopoliyalarga qarshi turuvchi raqobatchi korxonalarni moliyaviy, soliq va kreditli vositalar orqali rag‘batlantirish, ishlab chiqarishni diversifikatsiyalash uchun shart-sharoit yaratishdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |