«xorazm dostonlaridagi nomlarning antroposentrik talqini»
Download 209.35 Kb.
|
BMI-18
Eymir. “Yusuf va Ahmad” dostonida uchraydi:
...Arzimni eshiting turnalar shohi, Bor Eymir elidin Bo’zo’g’lon kelsun. Rafiqim, munisim, ko’nglim xushgohi, Bor Eymir elidin Bo’zo’g’lon kelsun1... Bu etnonim xalq orasida Eymur eli, Eymir eli, Emreli kabi shakllarda qo’llaniladi. Ayrim toponimlar tarkibida esa, bu nom butunlay o’zgacha fonetik shaklga aylangan. Mahmud Koshg’ariy o’g’uzlarning o’n birinchi urug’i əymÿr ekanligini aytadi. (DLT, I, 91). Rashididdin Takxonning ikkinchi o’g’lining ismi Eymir ekanini va bu so’z “cheksiz xushfe’l va davlatli bo’lsin” degan ma’noni ifodalashini yozadi. Abulg’ozi bu nomni Imir tarzida tilga oladi va uni “juda boy” (rus. богатейшый) ma’nosini anglatishini aytadi. Ayrim tadqiqotchilar Eymir etnonimini turkmanlarning imreli urug’i (dostonda emreli; G-1, 174-b.) bilan aloqador deb hisoblaydilar. Turkmanlarning imreli urug’i 1803/1804 yilda Avaz inoq hukmronligi davrida janubiy Turkmanistondan ko’chganligi ma’lum. Ular dastlab Amanquli kanali bo’ylaridan yer olib, Xo’jayli (Xoja eli)da yashaganlar. 1806 yili u yerdan Yangiariq tumani hududiga ko’chib kelganlar. 1827 yili ularning yana bir katta guruhi Atek rayonidan Xorazmga ko’chib o’tgan2. Emrelilarning asosiy qismi Tashauz hududida joylashgan. Bu ma’lumotlar eymur//imur urug’ining turkmanlar tarkibidagi qismiga taalluqlidir. Xorazm hududida esa, o’g’uzlarning imur urug’iga xos etnik guruhlarning yashaganligi juda qadimga borib taqaladi. Xorazmdagi Yÿmr’, Yÿmr’täỳ//Jum’rtäỳ kabi toponimlar, shubhasiz, shu etnonim bilan bog’liq. Yÿmr’täỳ oronimining ma’nosi haqida turli qarashlar mavjud. Xalq orasida Yÿmr’ (yumriq, yumaloq) nomi tog’ning shakliga ko’ra berilgan, bu tog’ dumaloq ko’rinishga ega degan talqin mavjud. Ammo tog’ning shaklini aniqlash ancha mushkul ish. Tog’larning nomi ko’pincha, uning balandligi, rangi kabi xususiyatlariga qarab beriladi. Ayrim tadqiqotchilar tog’ nomini jovmard “saxiy, sherdil, mard, botir” so’zi bilan bog’laydilar. S.Qoraev bu fikrni isbotlash uchun S.P.Tolstovning bir fikriga ishora qiladi. S.P.Tolstov o’zining “Qadimgi Xorazm madaniyatini izlab” nomli asarida, haqiqatan ham Eron afsonaviy qahramoni Govmard//Kayumars//Jo’mard haqida gapiradi. Ammo bu qahramon nomini Yÿmr’täỳ oronimi bilan bog’lamaydi. Yuqoridagi qahramon nomini xorazmliklarning yaqin o’tmishdagi e’tiqodlarida – Avestoda va Pahlaviy afsonalaridagi qahramon bilan bog’lanadigan an’analarning mavjudligini ko’rsatish uchun keltiradi. Bunday an’analarning ayrim izlarini Xo’jayli va Amudaryoning so’l sohilidagi Jumurtov rayonida kuzatganini aytadi, xolos1. Shunday ekan, Yÿmr’täỳ ning jo’mard bilan hech qanday aloqasi yo’q. Sheva vakillari tilida bu nomning Jumrtov varianti mavjud. Bu oddiy fonetik o’zgarish bo’lib, qipchoq shevalaridagi j-lashish hodisasi bilan bog’liq. Qiyos qiling: yo’l – jo’l; yur – jur va boshqalar. Demak, Yÿmr’täỳ, Yÿmr’ toponimik nomlari eymur//imur etnonimi bilan aloqadordir. Buni ayrim tarixiy materiallar ham tasdiqlaydi. Qadimgi yozma manbalardan biri – “Nuzxat al-mushtak” qadimgi o’g’uzlarning yashagan joylari haqida ma’lumot berar ekan, ularning Orol dengizi bo’ylarida yashaganligini va bu dengiz (yoki Xorazm ko’li) bo’yidagi tog’ Chakrao’g’uz deb nomlanganini qayd etadi. S.G.Agajanov manbalarda tilga olingan Chakrao’g’uz (o’g’uz tog’i) hozirgi Sulton Uvays tog’i ekanligini aytadi2. Demak, bu tog’ yaqinida qadimdanoq o’g’uzlarning yashagani aniq. Mahalliy xalq bu o’g’uzlarning kimligini yaxshi bilgan. Tog’ning nomini konkret urug’ nomi bilan yuritganlar. Shunday ekan, Eymur//Imur etnonimi bilan Yÿmr’täỳ oronimi aloqadordir. Xorazm hududida bulardan tashqari turkman xalqi tarkibiga kirgan o’nlab urug’-qabila nomlari bilan ataluvchi joylar uchraydi. Download 209.35 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling