Zbek tilida nutqiy odat birliklarining lisoniy xususiyatlari


Download 0.56 Mb.
bet8/27
Sana09.02.2023
Hajmi0.56 Mb.
#1180897
1   ...   4   5   6   7   8   9   10   11   ...   27
Bog'liq
Naimaxon Soliyeva Diplom ishi (2)

1.2. Nutqiy odat birligi frazeologizmlarning lisoniy xususiyatlari.
Soʻzlashuv nutqi yozma nutqqa qaraganda ta’sirchanligi, hissiyotga boyligi, yangi soʻz qoʻllashlar mavjudligi bilan ajralib turadi. Bu uslubda soʻzlovchining barcha imkoniyatlari namoyon boʻladi. U nutqiga hissiyotini ham qoʻshib gapiradi, bunda turli imo-ishoralar, qoʻl va tana a’zolari harakatlaridan foydalaniladi. Bu vositalar nutqda aytilmay qolishi mumkin boʻlgan soʻz va iboralarning oʻrnini toʻldiradi hamda bayon qilinayotgan fikrni yanada aniqlashtiradi. Soʻzlashuv uslubi uchun nutqning dialogik shaklda boʻlishi, soʻzlarning koʻchma ma’noda qoʻllanilishi, mazkur uslubga xos boʻlgan har xil takrorlar, intonatsion vositalar ( gumon, ishonch, piching, qat’iylik, hazil)ning koʻproq boʻlishi, soʻzlovchi his-tuygʻularidan, muno-sabatidan kelib chiqadigan emotsional-ekspressivlikning mavjudligi, nutqiy muloqot-ga xos situatsiya (vaziyatlik), yuzma-yuzlik, hazil-mutoyiba elementlarining koʻproq boʻlishi, haqorat, erkalov, kichrayturuv, oddiy muomalaga oid soʻzlarning koʻproq boʻlishidir. Uslubiy boʻyogʻi bilan ajralib turadigan lugʻaviy birliklar soʻzlashuv nutqining asosiy qatlamini tashkil etadi. Ularda soddalik, ta’sirchanlik, erkinlik, vaziyatboplik sezilib turadi.
Tilning asosiy funksiyalaridan biri ekspressivlikni ifodalash soʻzlashuv nutqida alohida ahamiyatga ega. Chunki soʻzlashuv nutqi jonli nutq boʻlib, soʻzlovchi va tinglovchi munosabati muhim oʻrin egallaydi. Soʻzlashuv nutqida tilning pragmatik xususiyatlari toʻla namoyon boʻladi. Pragmatika tilning nutqiy vaziyatlar bilan bogʻliq xususiyati boʻlib, nutq subyekti, nutq obyekti tushunchalari muhim oʻrin egallaydi. Nutq obyektining ijobiy yoki salbiy xususiyatlarini soʻzlovchi munosabati bilan uygʻunlikda ta’sirli ifodalashda, soʻzlashuv nutqida emotsional-ekspressivlikni oshirishda frazeologizmlarning alohida oʻrni bor. Oʻzbek tilining boy lingvistik imkoniyatlarini koʻrsatuvchi vositalardan biri frazeologizmlardir. Sh.Rahmatullayev asos solgan oʻzbek frazeologizmshunosligi keyingi yillarda katta yutuqlarga erishdi. Turli hajmdagi ilmiy maqolalar, risolalar, nomzodlik dissertasiyalari bilan bir qatorda A.E.Mamatovning “Hozirgi oʻzbek adabiy tilida leksik-frazeologik norma muammo-lari” (1991), B.Yoʻldoshevning “Hozirgi oʻzbek adabiy tilida frazeologik birliklar-ning funksional uslubiy xususiyatlari” (1994), A.Mamatovning “Oʻzbek tili frazeolo-gizmlarining shakllanishi masalalari” (2000) nomli doktorlik ishlari muvaffaqiyatli himoya qilindi. Sh.Rahmatullayev tomonidan 1978- yilda yaratilgan “Oʻzbek tilining izohli frazeologik lugʻati” esa hozirgacha muhim qoʻllanma sifatida foydalanib kelinmoqda.
Iboralar tuzilishiga koʻra soʻz birikmasiga, gapga teng, semantik jihatdan bir butun, umumlashgan ma’no anglatadigan, nutq jarayonida yaratilmay, nutqqa tayyor holda kiritiladigan lugʻaviy birlik25 boʻlib, voqelikni obrazli tasvirlashda, uni kitobxon koʻzi oʻngida aniq va toʻla gavdalantirishda ularning oʻrni va ahamiyati beqiyosdir. Tilshunos olim Mamatov fikricha, iboralar tilning alohida birligi boʻlib, tuzilishiga koʻra erkin bogʻlanma yoki gapga teng, toʻliq yoki qisman semantik qayta shakllangan obrazli, turgʻun soʻz birikmalarini oʻz ichiga oladi.26 Iboralar hayotdagi voqea-hodisalarni kuzatish, jamiyatdagi maqbul va nomaqbul harakat-holatlarni baholash, turmush tajribalarini umumlashtirish asosida xalq chiqargan xulosalarning oʻziga xos obrazli ifodalaridir.27 Umuman olganda, frazeologik ma’noning hajmi leksik ma’noning hajmiga nisbatan keng va murakkab-ligi bilan ajralib turadi. Soʻz ma’nosida boʻlmagan, uchramagan komponentlar koʻp frazeologizmlar ma’nosida mavjud boʻladi.28
Shakl va mazmun birligidan iborat boʻlgan frazeologizmlar lisoniy birlik sifatida uch yoʻnalishida oʻrganiladi:
a) struktur jihatdan (frazeologik birlikning qurilish xususiyatlari);
b) semantik jihatdan (frazeologik birlikning lugʻaviy ma’nosi);
v) funktsional jihatdan (frazeologik birlikning lison va nutq strukturasida tutgan oʻrni).
Frazeologizmlar tashqi koʻrinishi jihatidan soʻz birikmasi va gap koʻrinishida boʻladi. Soʻz birikmasi koʻrinishidagi frazeologizmlar: koʻngli boʻsh, enka-tinkasini chiqarmoq, jigʻiga tegmoq, bel bogʻlamoq, terisiga sigʻmay ketmoq va h. Gap tipidagi frazeologizmlar “gap kengaytiruvchisi + kesim” qolipi mahsulidir: istarasi issiq, ichi qora, labi-labiga tegmaydi, koʻngli ochiq, tarvuzi qoʻltigʻidan tushmoq, kapalagi uchib ketdi, poʻkonidan yel oʻtmagan, tepa sochi tikka boʻlmoq va h.
Ayrim leksik birliklar frazeologizmlarning tadrijiy taraqqiyoti mahsulidir: dardi-sar, toshbagʻir, boshogʻriq kabi. Demak, leksemalar hosil boʻlish manbalaridan biri sifatida frazeologizmlarni qayd etish mumkin.
Frazeologizmlar, asosan, belgi va harakat ifodalaydi. Shuning uchun ularning aksariyati grammatik jihatdan belgi va harakat bildiruvchi soʻz turkumlariga mansub.
Harakat ifodalovchi frazeologizmlar: me’dasiga tegmoq, yaxshi koʻrmoq, holdan toymoq, sabr kosasi toʻlmoq, tepa sochi tikka boʻlmoq, ogʻziga talqon solmoq, podadan oldin chang chiqarmoq.
Belgi ifodalovchi frazeologizmlar: koʻngli boʻsh, rangi sovuq, yuragi toza, avzoyi bejo, dili siyoh, kayfi buzuq.
Harakatning holatini ifodalovchi frazeologizmlar: ipidan-ignasigacha, ikki dun-yoda ham, miridan-sirigacha, ha-hu deguncha.
Frazeologizmlarning ayrimlari gap tipida boʻladi: turgan gap, shunga qaramay, katta gap kabi.
Oʻzbek tilshunosligida frazeologik birliklarning tabiati va hosil boʻlish usullari, frazeologik ma’no tabiati, frazeologik omonimiya, sinonimiya, antonimiya, variant-doshlik kabi hodisalar, frazeologik birliklarning morfologik strukturasi va paradig-matikasi, gap tarkibidagi vazifasi, badiiy va publitsistik uslub frazeologiyasi kabi masalalar tahlil qilib kelinmoqda. Frazeologizmlarning antropotsentrizm nuqtayi nazaridan yondashish, bunday birliklarning pragmatik funktsiyalari va nutqiy mulo-qot jarayonidagi ahamiyatini yoritish ham dolzarb masalalardan sanaladi.
Frazeologizmlarning asosiy qismi shaxsga xos xarakter-xususiyat, harakat, holatni ifodalashga xizmat qiladi. Chunki ijtimoiy hayotning, nutqiy muloqotning markazida inson va ular oʻrtasidagi munosabatlar turadi. Shuning uchun ham oʻzbek tilidagi frazeologizmlarning aksariyat qismini tana a’zolarini ifodalovchi leksemalar bilan shakllangan iboralar tashkil etadi. Masalan, oʻzbek soʻzlashuv nutqida qoʻl leksemasi bilan shakllangan quyidagi frazeologizmlar bor: qoʻli ochiq, qoʻl kelmoq, qoʻlidan kelmoq, qoʻl urmoq, qoʻli egri, qoʻli uzun, qoʻli qisqa, qoʻl ostida, qoʻli baland kelmoq, qoʻl uchida, qoʻl siltamoq, qoʻlni yuvib qoʻltiqqa urmoq, oyogʻini qoʻliga olib, qoʻlini sovuq suvga urmaydi, besh qoʻlini ogʻziga tiqmoq, qoʻlni qoʻlga bermoq kabi. Ogʻiz leksemasi bilan shakllangan frazemalar: ogʻiz solmoq, ogʻzi qulogʻida, ogʻzi katta, ogʻiz-burun oʻpishmoq, qoʻ yogʻzidan choʻp olmagan, ona suti ogʻzidan ketmagan, ogʻzi oshga yetganda, ogʻziga talqon solmoq, ogʻzida qatiq ivitmoq, bir ogʻiz, ogʻzi boʻsh, ogʻzi mahkam, ogʻzi qattiq kabi. Bosh leksemasi bilan shakllangan quyidagi frazeologizmlar bor: boshi koʻkka yetmoq, bosh koʻtarmoq, bosh egmoq, boshiga koʻtarmoq, boshini yemoq, boshiga yetmoq, boshiga chiqmoq, bir yostiqqa bosh qoʻymoq, boshida yongʻoq chaqmoq, ishi boshidan oshmoq, bir yoqadan bosh chiqarmoq, bosh qashimoq, boshiga bitgan balo, biror ishning boshini ushlamoq, boshini qovushtirmoq, bosh qotirmoq, boshini qotirmoq, boshini bogʻlamoq, boshini silamoq, boshini tikmoq kabi.
Bundan tashqari, inson tana a’zolarini ifodalovchi bet, koʻz, quloq, burun, qovoq, yurak, oyoq leksemalari asosida shakllangan bir qator frazeologizmlar mavjud. Bunday frazeologizmlarning aksariyati shaxsga xos holat va harakatlarni ifodalagani uchun Sh. Gʻaniyeva ularni “personallik” semasiga ega frazeologizmlar sifatida qayd etadi.
Inson tana a’zolarini ifodalovchi leksemalar asosida shakllangan frazeolo-gizmlarni leksik-semantik jihatdan quyidagi guruhlarga ajratish mumkin:

  1. Ruhiy holatni ifodalovchi frazeologizmlar. Bunday frazeologizmlarning aksariyati dil, qalb, jon, ogʻiz, bosh kabi leksemalar ishtirokida hosil boʻlgan. Masalan: ogʻzining tanobi qochgan, ogʻzi qulogʻida, boshi koʻkka yetmoq, dili siyoh, koʻngli gʻash kabi.

  2. Xarakter-xususiyat ifodalovchi frazeologizmlar: ogʻzi boʻsh, ogʻzi mahkam, ogʻzi qattiq (iqtisodiy munosabatlar jarayonida), qoʻy ogʻzidan choʻp olmagan kabi.

  3. Ijtimoiy-iqtisodiy holat ifodalovchi frazeologizmlar: qoʻli uzun, qoʻli qisqa, biror ishning boshini ushlamoq kabi.

  4. Shaxslararo munosabatlarni ifodalovchi frazeologizmlar:

a) ijobiy munosabat ifodalovchi frazeologizmlar: ogʻiz-burun oʻpishmoq, boshiga koʻtarmoq, bosh egmoq, bir yoqadan bosh chiqarmoq, qoʻlni qoʻlga bermoq kabi.
b) salbiy munosabat ifodalovchi frazeologizmlar: boshiga yetmoq, boshiga chiqmoq, oyoq osti qilmoq, yuziga oyoq qoʻymoq, yuz oʻgirmoq, qoʻlni yuvib qoʻltiqqa urmoq, beti qattiq kabi.
Frazeologizmlarning pragmatik funksiyalari quyidagilarda koʻrinadi:

  1. Soʻzlovchining tinglovchiga ijobiy yoki salbiy munosabatini ta’sirli ifodalash.

Ogʻzingga talqon solganmisan, nimaga indamaysan?
Ogʻzimni ochsam baloga qolyapman-u! (Soʻzlashuvdan)
Yoki:
Luqmonov beti qattiqroq odam edi. Uni hozirgina minbardan sharmanadalarcha tushirib yuborishdi. Profsoyuz lideri bilan tayyorlash ministri sha’niga juda xunuk, hatto ogʻizga olib boʻlmaydigan gapni minbardan turib baralla aytganida zalda toʻpolon boʻlib ketdi. (“Jimjitlik”,10-b)
Luqmonovga gap kor qilmasdi. U beti qotib ketgan odam edi. Oqsoqolning bu gaplari uning yuziga tushgan achchiq tarsaki edi. Bu gapning unga mutlaqo aloqasi yoʻqdek u qulogʻidan kirib, bu qulogʻidan chiqib ketgan edi. (“Jimjitlik”, 12-b)
Sh. Rahmatullayevning “Oʻzbek tilining izohli frazeologik lugʻati” da bet bilan bogʻliq somatik frazemalar ichida yuqoridagi ikki iborani uchratmaymiz. Bu ikki ibora ma’nosi beti chidamoq frazemasining ifoda semasiga tengdir. Beti chidamoq iborasi nomus qilmaslik, uyalmaslik, andisha qilmaslik kabi ma’nolarda qoʻllanila-di.29

  1. Soʻzlovchining nutq obyektiga munosabatini ta’sirchan ifodalash.

  2. Nutqning uslubiy boʻyoqdorligini oshirish.

Soʻzlashuv nutqi frazeologizmlari oʻzining obrazliligi, ta’sirchanligi, hamma uchun tushunarliligi va jonliligi bilan xarakterlanadi. Ma’lumki, frazeologizmlar ma’noni kuchli, obrazli, emotsional-ekspressiv ifodalovchi til birligidir, shu sababli ulardagi konnotatsiyani anglash uchun frazeologizm ma’nosini unga ma’nodosh soʻz semantikasi bilan qiyoslash zarur. Masalan, quvonchi ichiga sigʻmaydi frazeologizmi xursand soʻzi bilan ma’nodosh sanaladi. Frazeologizmdagi konnotatsiya faqat xur-sandchilikni ifoda etuvchi ma’nonigina bildirib qolmasdan, shu bilan birga, xursand-chilikning yuksak darajada sodir boʻlganligini ham anglatadi. Bu frazeologizmning semantik tarkibida konnotatsiyaning emotsionallik va ekspressivlikdan tashqari baho-lov komponenti ham mavjudligini sezish mumkin. Chunki sodir boʻlgan voqea-hodi-saga soʻzlovchining yoki tinglovchining ijobiy munosabatini ham bildiradi. Soʻzla-shuv nutqi uslubidagi frazeologizmlarni konnotativ va polisemantik ma’nolariga koʻ-ra tasniflash lozim boʻladi.
Soʻzlashuv nutqi uslubiga xos baholash munosabatini ifodalovchi frazeologizmda soddalik, ta’sirchanlik, koʻtarinkilik, ulugʻvorlik, erkinlik sezilib turadi. Masalan; almisoqdan qolgan, daqyonusdan qolgan frazeologizmlari juda eski, qadimgi ma’nolarida soʻzlashuv uslubiga xosdir. Chunki har bir frazeologizm biror predmet yoki hodisaning nomini atash bilan birga ijobiy va salbiy ma’nolarni ham ifodalaydi. Frazeologizmlarni baholash munosabatiga asosan ikki guruhga ajratish mumkin:
1. Ijobiy ma’no munosabatini ifodalovchi frazeologizmlar. Bunday frazeologizm-larda soʻzlovchining tinglovchiga boʻlgan ijobiy muomalasi, soʻzlovchining zavq-u shavqi ifodalanadi. Masalan, baxti kulgan, ogʻzi qulogʻida, baxti ochiq, terisiga sigʻmaydi iboralari soʻzlashuv nutqi uslubida shodlik, baxtlilik, xursandchilik tushunchalarini ifodalash xizmat qiladi.
2. Salbiy ma’no munosabatini ifodalovchi frazeologizmlar. Bunday frazeologizm-larda suhbatdoshning tinglovchiga nisbatan kinoyasi, dagʻalligi, kamsitishi, kesatishi, nafrati, soʻkishi, koyishi, qargʻishi kabi salbiy munosabati oʻz ifodasini topadi. Tepsa tebranmas, ammamning buzogʻi, koʻzi och kabi belgi ifodalovchi frazemalar shular jumlasidandir.
Baholov munosabatining ifodalanishi frazeologizmlarning pragmatik xususiyatlari bilan bogʻliq. Iboralar hayotdagi voqea-hodisalarni kuzatish, jamiyatdagi maqbul va nomaqbul harakat-holatlarni baholash, turmush tajribalarini umumlashtirish asosida xalq chiqargan xulosalarning oʻziga xos obrazli ifodalaridir. Misol keltiramiz:

Download 0.56 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   4   5   6   7   8   9   10   11   ...   27




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling