Jalil rahmat
Download 0.5 Mb.
|
Munisaning munchog\'i
- Bu sahifa navigatsiya:
- TIYRA NIGOHIMDA…
JALIL RAHMAT MUNISANING MUNCHOG’I (sherlar va doston) «Buxoro» nashriyoti, 2010 yil Mazkur kitobga Jalil Rahmatning so`nggi besh yil davomidagi ijod namunalari kiritilgan. “Noshukrlik nonini yema” bo`limi asosan ohangdor she’rlardan iborat bo`lib, shukronalik, mehr-oqibat va muhabbat his tuyg`ulari tarannum etilgan. “Ey do`st onang tirigida” bo`limida yurt mehri, qishloq va bolalik xotiralari, ota-ona qadrini ulug`lovchi she’rlar jamlangan. “Munisaning munchog`i” muallifning ilk dostoni bo`lib, bu dunyoda muhabbat va nafrat, diyonat va xiyonat, adolat va jaholat, haqiqat va tuhmat, oqibat va qabohat naqadar bir-biriga yaqinligi, qizaloq Munisaning achchiq qismati qalamga olingan. “Umr uyg`oq kechar” bo`limidagi she’rlar ham odamiylik, sevgining shirin va achchiq iztiroblari haqida bo`lib kitobxonni chuqurroq falsafiy mushohada yuritishga undaydi. Xulosa qilib aytganda kitobni baholash she’riyat shinavandalari hukmiga havola. TIYRA NIGOHIMDA… Tiyra nigohimda yorishgan nursiz, Ko`zim, qarog`imda gavharsiz, dursiz, Ko`ksimda ko`kargan eng toza gulsiz, Goh meni sog`inib, yo`qlab turgan do`st. Siz borki, qaddim ham, qadrim ham yuksak, Qatida ishq qalqqan qalbim ham yuksak, Qanoatdan qurgan qasrim ham yuksak, Goh meni sog`inib, yo`qlab turgan do`st. Qismatdan qisilsam, she’r bir tasalli, Tasavvur oynamda xushrang tajalli, Siz kemtik ko`nglimning to`kis g`azali, Goh meni sog`inib, yo`qlab turgan do`st. Men 1965 yil, 29 may kuni Jondor tuman, Jo`ymo`min qishlog`ida tug`ilganman. Qishlog`im dalalarini kezib, ariqlariga olma oqizib, suv bo`yidan yalpizlar uzib ulg`aydim. Qishloqdoshlarimning samimiy nigohi, zaminida unib chiqqan gulu giyohi ko`ksimda ezgulik va go`zallik bog`ini yarata oldi. Jo`ymo`minim, “Jo`yi mehri”ng Bo`yida ko`k yalpizingman, Samolardan so`rab sehring, Ko`ksingda cho`g’ yulduzingman. Uzilganda har yaprog`ing, Bir qalqigan ildizingman, Bag`r ochsa gar tuprog`ing, Yori Xudo yolg`izingman. Qadrli kitobxon! Qaynoq qalbim qat-qatida qalqib turgan mehr chashmasining zilolini qatra-qatra sochar ekanman, ozgina bo`lsa-da, ko`ngil chamaningizga ko`rku tarovat, fayzu farog`at, yoqimli harorat, huzur va halovat baxsh eta olsam o`zimni baxtiyor sezaman. Shoirlikka da`vogar emasman. Ammo, onam allasidagi shirin nolani, qishlog`im ko`chalarini oyoqyalang changitib yurgan bolani, bahor yomg`iridan so`ng maysazorda ma`sumgina ochilib turgan lolani, saharlarda shudring chechaklarga taqqan jolani, ilk bora ishq chamaniga etaklagan qiz sochidan tushgan muattar tolani ҳamisha sog`inib yashayman. Ana shu sog`inch, ko`ksim osmonida titrab turgan his-tuyg`ular selobini she`r shaklida yog`diraveradi. Ko`ksimda bir parcha kuyugim mening, Kokillari hurkak kiyigim mening, Surati sururbaxsh suyugim mening, Ilhom parilari tug`ishgan singlim. Garchi, tug`ishgan bir singlim yo`q edi, Alamlar bag`rimga botgan cho`g` edi, Ko`kragim tog` endi, ko`nglim to`q endi, Ilhom parilari tug`ishgan singlim. Qalamim uchiga o`ralib sochi, Satrlarda sochar sunbulrang tomchi, Qalbim bahorining juft qaldirg`ochi, Ilhom parilari tug`ishgan singlim. Uyg`otar, sochimdan tortib yarim tun, Yana ishq, yana dard, yana bag`rim xun, Nigohlari ma’sum chehrasi gulgun, Ilhom parilari tug`ishgan singlim. Ijod jarayonida eng avvalo Allohdan, piru ustozlar, ota-onam ruhidan madad so`radim, O`zbekiston xalқ shoiri, ustoz Mahmud Toirning tanqidu tavsif, talab va tavsiyalariga tayandim, fan doktori, professor, ustoz Mels Mahmudovning hayot falsafasi o`gitlaridan ruhan o`sdim, mumtoz va zamonaviy adabiyot darg`alari, shuningdek, sharif zaminimizda samarali ijod qilib kelayotgan ustozlar Toshpo`lat Ahmad, Sadriddin Salim Buxoriy, Samandar Vohidov, Jahongir Ismoilov, Laylo Sharipova va boshqalar asaridan ilhom oldim. Shu fursatda, ularga o`z minnatdorchiligimni izhor etaman. Kitobni ilk dostonim “Munisaning munchog`i” nomi bilan atashga qaror qildim. Bu dunyoda muhabbat va nafrat, diyonat va xiyonat, adolat va jaholat, haqiqat va tuhmat, oqibat va qabohat naqadar bir-biriga yaqin yurishini ko`rib, hayratim va hasratim oshadi. Mazkur doston voqealaridan tegishli xulosa chiqarish kitobxonlar hukmiga havola. Muhtaram muxlis! Men bir oddiy, havaskor qalamkash sifatida, o`zim sezmagan holda kitobda uchrab qolishi mumkin bo`lgan sayoz satrlar, takroriy fikr va jumlalar uchun uzr so`rayman. Muallif Jalil Rahmat. 09.09.2009 yil. Download 0.5 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling