Angl-sakslar davrida qirol hokimiyati. Yagona angl-sakslar davlatining tashkil topishi daniyaliklarning ikki marotaba bosqiniga qarshi shiddatli kurash sharoitida sodir bo‘ldi va ingliz qiroli Eduard Xudojo’y davri (1042-1066 yillar)da nihoyasiga yetdi.Mamlakatning birlashtirilishiga qadar yagona davlatda har bir kichik qirollikning o‘z qiroli bo‘lgan. Bu davlatlarning ko‘pchiligida qirollar saylab qo‘yilardi. Bu xuddi ilgarigi qabila boshliqlari (dohiylar)ni saylash tartibiga o‘xshash edi. Davlat tashkil topgandan so‘ng dastlabki bosqichda angl-sakslar qirollarining hokimiyati kuchsiz bo‘lgan.
Qirol harbiy hokimiyat egasi sifatida davlatdagi "tinchlik va xavf-sizlik"ni qo‘riqlab turgan. Qirol oliy sudya bo‘lgan. Hukmron tabaqalar uchun ancha xavfli jinoiy ishlar bevosita qirol sudida ko‘rib, hal etilgan. Bunday hollarda qirol ishlarni vitanlar (donishmandlar) ishtirokida hal qilardi. Vitanlar yangi qonunlar ishlab chiqishda ham bevosita qatnashardilar. Angl-sakslar davrida qirol hokimiyati ancha o‘sgan va mustahkamlangan bo‘lishiga qaramay, qirolga harbiy sarkarda sifatida qarash va taxtni almashtirishda saylovlar tamoyili saqlanib qolgan edi. Biroq, monarx asta-sekin o‘zining yerga oliy egalik qilish, tangalarni tanho o‘zi chiqarish, butun erkin aholidan soliq va bojlar olish, harbiy xizmatlar talab qilish kabi huquqlarini o‘rnatgan. Angl-sakslarda qirol foydasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri soliq olish mavjud edi. Har bir chek yerga solinadigan va tobora ortib borgan "daniyaliklar puli" aynan shunday soliq edi. Bundan tashqari, harbiy yurishlarda ishtirok etishdan voz kechganlardan ham qirol foydasiga jarima olinardi.Yuqoridagilar bilan birga, IX-XI asrlardagi huquqiy yodgorliklar qirol hokimiyati huquq va vakolatlarining, xususan, o‘z hududida odamlarni sud qilish, jarimalar va yig‘imlar undirish, qo‘shin to‘plash kabi huquqlarining yirik yer egalariga o‘tkazilishi tendensiyasi bo‘lganligi haqida ham xabar beradi. Qudratli tanlar ko‘pincha qirollik vakillari ma’muriy okruglarning boshqaruvchilari etib tayinlanardi.
Do'stlaringiz bilan baham: |