9-mavzu. G’arbiy Yevropa davlatlari V asr oxiri – XI asr o’rtalarida Maqsad
Angl-sakslar davrida davlat boshqaruv organlari
Download 140 Kb.
|
11 mavzu G‘arbiy Yevropa davlatlari XI asr o‘rtalari XV asr oxirida
Angl-sakslar davrida davlat boshqaruv organlari. Angl-sakslar davrida oliy davlat organi - vitanagemot - vitanlar, ya’ni "donishmandlar" kengashi bo‘lgan.Bu yig‘inda qirol, oliy ruhoniylar, dunyoviy zodagonlar, shuningdek, qirol tomonidan shaxsan taklif etilgan qirollik tanlari ishtirok etgan. Uning tarkibi 30 tadan 100 tagacha yetgan. Eduard Xudojo’y davrida vitanagemotda qiroldan yer va saroy mansablarini olgan ko‘pgina normanlar ham ishtirok etgan. Bundan tashqari, vitanagemot majlislariga Shotlandiya va Uels qirollari hamda Londondan saylanganlar ham taklif etilardi.
Barcha muhim davlat ishlari mazkur yig‘inning "maslahati va roziligi bilan" hal etilardi. Uning asosiy funksiyalari - qirollarni saylash va oliy sudni amalga oshirish edi. Qirol hokimiyati IX-XI asrlarda vitanagemotning ijtimoiy siyosatning ancha muhim masalalariga, jumladan, yerlarni taqsimlashga aralashuvini cheklashga erishdi. Vitanagemot kompetensiyasi turli davrlarda va turli angl-sakslar davlatlarida turlicha bo‘lgan. U qirol hokimiyatining qanchalik kuchli yoki kuchsiz bo‘lganligiga bog‘liq edi. Ko‘pincha qirolning funksiyalarini vitanagemotning funksiyalaridan ajratish qiyin bo‘lgan. Barcha muhim ishlarni hal etish, qonunlarni muhokama qilish, yangi soliqlar o‘rnatish vitanlar yig‘inining vakolatiga kirardi. Vitanagemot qirolni saylagan, urush va tinchlik masalasini hal etgan, yepiskoplarni saylagan va qirollik sudida sud ishlarini ko‘rishda qatnashgan. Qirol saroyi mamlakatni boshqarish markaziga, qirolning yaqinlari esa davlatdagi yuqori mansabdor shaxslarga aylanib, oqibatda vitanagemotning ahamiyati tobora pasayib bordi. Qirol saroyining asosiy boshqaruvchilari ichida kamerariy, marshal, qirollik kapelanlari katta ahamiyatga ega edi. Kamerariy qirollik mol-mulki va moliyasi ahvoliga javob bergan. Marshal esa qirollik otliq askarlarining qo‘mondoni hisoblangan. Qirollik kapelanlari davlatning devonxona ishlarini yuritganlar. Angl-sakslar qirollarining qo‘shini drujinachilar va xalq lashkarlaridan tuzilgan. Qirollarning drujinalari kam sonli, lekin yaxshi qurollangan edi. Drujinachilar qo‘shinning yadrosi hisoblangan. Qo‘shinning asosiy qismini har bir graflikdan to‘planuvchi ko‘ngillilar otryadlari (xalq lashkarlari) tashkil etgan. Xalq lashkarlari qurol ko‘tarishga qodir barcha erkin fuqarolardan to‘plangan. Buyuk Alfred armiyada islohotlar o‘tkazgan. U daniyaliklarga qarshi kurashishda qisman eski umumiy xalq lashkarlariga tayandi, qisman harbiy-feodal turdagi katta, o‘rtacha va mayda yer egalaridan iborat feodal qo‘shinning kuchaytirilishini quvvatladi. Shu tariqa, Angliyada risarlar vujudga kela boshladi. Bundan tashqari, Alfred daniyaliklarga qarshi kurashda juda ko‘p burglar - qal’alar qurib, ularga qo‘riqchi otryadlar qo‘ydi va dengizning qirg‘oq bo‘ylarini daniyaliklar hujumidan qo‘riqlash uchun dengiz floti qura boshladi. U doimiy soliq olishni joriy etdi, aynan shu soliq "daniyaliklar puli" deb ataldi. Buyuk Alfredning armiyada o‘tkazgan islohoti og‘ir qurollangan jangchilar sonini oshirish maqsadini ko‘zlagan edi. Besh gaydadan ortiq yerga ega bo‘lgan har bir yer egasi o‘z qiroliga harbiy xizmat o‘tashi va uning yurishlarida oti bilan to‘liq qurollangan holda ishtirok etishi lozim edi. Angl-sakslarda asosiy ma’muriy-hududiy birlik graflik (shire) bo‘lgan. Taxminan o‘sha vaqtda mamlakat hududi, asosan harbiy maqsadlarda 32 ta katta graflikka (okrugga) bo‘lingan edi. Graflikning markazi, odatda, mustahkamlangan shahar bo‘lgan. Ba’zi grafliklar ilgarigi kichik qirolliklarning hududini to‘liq qamrab olgan bo‘lsa, boshqalari ancha yirik qirolliklarning bir qancha grafliklarga bo‘linishi natijasida tashkil topgan edi. Grafliklar tepasida eldormenlar turgan. Eldormenlar qirol tomonidan vitanlar bilan kelishib, mahalliy feodallar orasidan tayinlanardi. Eldormen va uning uyi qirollik himoyasi ostida edi. Eldormen asosan graflik yig‘iniga va uning qurolli kuchlariga rahbarlik qilardi. Grafliklardagi sud jarimalarining bir qismi eldormenlarga xizmat vazifalarini ado etganligi uchun mukofot tariqasida kelib tushardi. Eldormenlar faqat qirol va grafliklar manfaatlarining rasman ifoda etuvchi vakillari bo‘lishgan. Amalda ular mahalliy yer egalarining manfaatlarini himoya qilardilar. Shu sababli angl-sakslar qirollari grafliklarga o‘zlarining shaxsiy vakillari – sheriflarini tayinlar edilar. Sheriflar dastlab faqat qirol hazinasi foydasiga pul yig‘ish bilan shug‘ullanardilar. X asrdan boshlab, qirol hokimiyatining kuchayishi bilan sheriflar eldormenlarning birinchi yordamchilariga aylantirilganlar va graflikni boshqarishning asosiy iplarini o‘z qo‘llariga olganlar. Shunday qilib, mahalliy boshqaruvda sheriflarning roli huddi franklar davlatidagi graflarning roliga o‘xshash edi. Bir qancha grafliklar tepasida bitta eldormen turgan joylarda sheriflarning vakolatlari va boshqaruvdagi o‘rni katta ahamiyatga ega edi. Sherifning majburiyatiga graflikda qirol imtiyozlariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish va qirol foydasiga o‘talishi lozim bo‘lgan majburiyatlarning bajarilishi ustidan kuzatib turish kabilar kirardi. Sherif barcha moliya masalalarida va sudda qirol hokimiyatining vakili sifatida chiqqan. Unga polisiyachilik funksiyalari ham yuklangan edi. Graflikdagi muhim organ graflik yig‘ini - folkmot bo‘lgan. U X asr oxiridan boshlab sherif tomonidan bir yilda ikki marta chaqirilib turilgan. Folkmot tarkibiga eldormen, sherif, graflikning yepiskopi, barcha yer egalari va har bir qishloq jamoasidan oqsoqol, ruhoniy va to‘rttadan aholining hurmatga loyiq kishisi kirgan. Grafliklar yig‘inlarida asosan muhim mahalliy ishlar, jinoiy va fuqarolik sud ishlari ko‘rib, hal qilingan. Bundan tashqari, ularda qirolga soliqlar to‘lash, grafliklardan drujinalar tuzish va graflikda xavfsizlikni ta’minlash bilan bog‘liq masalalar ham muhokama qilinardi. Angl-sakslar davlatlaridagi grafliklar yuzliklarga bo‘lingan. Yuzlik tepasida yuzboshi turgan. Yuzboshi yuzlik yig‘inida saylab qo‘yilgan. Yuzlik yig‘inlari (yuzboshilar majlislari) oyda bir marta to‘plangan. Ularda oqsoqol, ruhoniy, har bir qishloq jamoasidan to‘rttadan eng hurmatli dehqonlar va okrugning barcha yer egalari ishtirok etgan. Yuzliklar yig‘inlarida jinoiy va fuqarolik masalalari bo‘yicha sud ishlari ko‘rib, hal qilingan. Bunday yig‘inlarning kompetensiyasiga okrug doirasida yerga egalik huquqining bir shaxsdan boshqasiga o‘tkazilishini guvohlantirish va jamoalar o‘rtasida soliqlarni taqsimlash kabilar taalluqli edi. Angl-sakslar davlatining eng quyi ma’muriy-hududiy birligi qishloq (tun) jamoasi bo‘lgan. Jamoa yig‘ini - galimot qishloqning yuqori organi edi. Unda jamoaning barcha katta yoshli erkaklari ishtirok etib, xo‘jalik masalalari (ekin ekish, chorva boqish va hokazolar) hal qilingan, jamoa tarkibiga kiruvchi qishloq aholisi o‘rtasidagi mayda jinoiy va fuqarolik ishlari ko‘rib, hal qilingan. Jamoa tepasida saylab qo‘yiladigan qishloq oqsoqoli (tungerefa) turgan. Polisiyalik maqsadlarida jamoa o‘nta tomorqaga - oilaga bo‘lingan. Jinoyat sodir etilgan hollarda ana shu o‘nta tomorqa a’zolariga jinoyatchini ushlab, hokimiyatga topshirish majburiyati yuklangan. Aks holda, ular jamoaviy javobgarlikka tortilganlar. Yuzliklarning xalq yig‘inlarida yiliga ikki marta o‘nta tomorqaning faoliyati tekshiruvdan o‘tkazib turilgan. Bunda o‘nta tomorqaliklarning o‘zaro bir-biri bilan bog‘liqligi, barcha huquqbuzarliklarning aniqlanganligi va aybdor shaxslarning tegishlicha hokimiyatga topshirilganligi tekshiruvdan o‘tkazilardi. Shunisi xarakterliki, o‘nta tomorqa tarkibiga yirik yer uchastkasiga egalik qilib turgan jamoa a’zolari kirmagan. Yirik yer egalari imtiyozli tabaqa sifatida yuqoridagi majburiyatlardan ozod edilar. Angl-sakslar davlatlari tuzilgan davrdan shaharlar vujudga keldi. Shaharlar asosan qirollik yerlarida joylashgan edi. Shaharlarni boshqarish yo grafliklarning sheriflari tomonidan yoki buning uchun maxsus tayinlangan qirol amaldorlari tomonidan amalga oshirilgan. Shaharlar va portlar o‘zlarining xalq yig‘inlariga ega bo‘lganlar. Ular keyinchalik shahar va savdo sudlariga aylantirilgan edi. O‘nliklar, yuzliklar va grafliklar aniq o‘rnatilgan ierarxiya (bosqich-ma-bosqich bo‘ysunish) tizimi asosida tashkil etilmagan edi. Ular ma’lum darajada bir-biridan mustaqil, avtonom tarzda idora etilardi. Biroq, grafliklarda sherif lavozimining ta’sis etilishi shuni ko‘rsatadiki, angl-sakslar davridayoq joylarda markazlashtirilgan byurokratik boshqaruv, qirolga hisob beradigan va qirol buyruqlari asosida harakat qiladigan ma’muriy okruglarning mansabdor shaxslar tomonidan boshqarilishi joriy qilina boshlagan. Angl-sakslar davrida ko‘p jinoiy va fuqarolik ishlari grafliklar va yuzliklarning yig‘inlarida ko‘rib, hal qilingan. Grafliklarning yig‘inlarida jinoiy, fuqarolik va diniy ishlar ko‘rilgan. XI asrga kelib grafliklar yig‘inlarining yurisdiksiyasi (sud qilish huquqi) yanada kengaydi. Ko‘p ishlarni ko‘rib, hal qilish ularning qat’iy huquqi bo‘lib qoldi. Angl-sakslar qirollari tomonidan o‘z feodallariga berilgan immunitet yorliqlari yer egalariga qaram dehqonlar ustidan keng sud hokimiyatini berar edi. Votchina sudida dehqonlar jinoyatini ko‘rishda o‘lim jazosi tayinlash mumkin emas edi. Bu yuzliklar yig‘ini yurisdiksiyasining ma’lum darajada cheklanishiga olib kelgan. Davlatda oliy sud qirol sudi bo‘lgan. U davlatga xiyonat, qirol vassallari o‘rtasidagi nizolar va yerga egalik bo‘yicha kelib chiqadigan nizolar haqidagi ishlarni ko‘rib, hal qilgan. X I asrga kelib qirol sudining hamda graflik va yuzliklar yig‘inlarida ishlarni ko‘rishda qirol amaldorlari rolining kuchayishi sodir bo‘ldi. Bu vaqtga kelib, erkin aholi sud ishlarini hal qilishda ishtirok etishdan butunlay chetlashtirila bordi. Sud hokimiyatining yer egalari va qirol amaldorlari qo‘lida to‘planishi natijasida sudlar krepostnoylashtirilgan dehqonlar ommasiga qarshi kurash quroliga aylantirilgan edi. Download 140 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling