Baxtiyor mengliyev
Download 1.62 Mb. Pdf ko'rish
|
3 b.mengliyev-hozirgi o‘zbek tili (darslik)
Mas’ul muharrir: SHOHIDA SHAHOBIDDINOVA Taqrizchilar: Z.XOLMONOVA filologiya fanlari doktori, professor Z.QODIROV filologiya fanlari nomzodi, dotsent UO‘K: 811.512.133(075.8) KBK: 81.2O'zb-923 ISBN 978-9943-993-61-7 © Baxtiyor Mengliyev, 2018 © «Tafakkur bo‘stoni»nashriyoti, 2018 MUALLIFDAN Ustoz, o‘zbek lingvistik tafakkuri rivojiga ulkan va beqiyos hissa qo‘shdingiz. Ushbu kitobni Siz – atoqli olim Hamid G‘ulomovich Ne’matovning porloq xotirasiga bag‘ishlayman. Darslik oliy o‘quv yurtlari uchun 5220100 – Filologiya va tillarni o‘qitish (o‘zbek tili) bakalavri yo‘nalishi “Hozirgi o‘zbek tili” o‘quv predmetining namunaviy dasturi asosida yozilgan. Ta’kidlash lozimki, o‘quv fanining avvalgi nomi (“Hozirgi o‘zbek adabiy tili”) XX asrning ikkinchi yarmida yetakchilik qilgan, asosiy maqsadi o‘zbek adabiy tili me’yorlarini yaratish, ona tili ta’limi uchun lingvistik material va tavsiyalarni ishlab chiqish bo‘lgan o‘zbek formal tilshunosligi ta’siri ostida shakllangan, an’ana sifatida o‘quv rejasidan o‘quv rejasiga ko‘chib kelayotgan edi. Zero, jamiyat oldida ommaviy savodxonlikni ta’minlash, adabiy nutq me’yorlarini ommalashtirish, xalqning yozma yodgorliklarini nashr etish va yoyish, ta’limni zamonaviy usullar asosida yo‘lga qo‘yish kabi amaliy vazifalar turgan paytda eng samarali va qulay lingvistik tavsif va ta’lim yo‘li formal usul bo‘lishi lozim edi. Shuning uchun jahonning barcha ilg‘or mamlakatlari tilshunosligida XIX asrning ikkinchi yarmidan boshlab bu ilmiy yo‘nalish keng ommalashdi. O‘zbek tilshunosligida bunday yo‘nalishga Abdurauf Fitrat, Elbek, Qayum Ramazon kabilar tomonidan asos solingan bo‘lsa-da, uning keng va izchil ommalashishi tilshunos Ayyub G‘ulomov faoliyati bilan bog‘liq. Bu davr tilshunosligi o‘zbek adabiy tili (aniqrog‘i, nutqi) me’yorlarini tadqiq qilish davrini bosib o‘tdi va keyinchalik adabiy nutq me’yorlarini ta’lim oluvchilarga singdirish o‘rta umumiy va o‘rta maxsus ta’lim zimmasiga yuklatildi. Shu boisdan akademik litseylarda bu vazifani ta’lim bosqichlariaro bog‘lanishga qo‘yilayotgan takroriylikdan xolilik va uzviy aloqadorlik talabi asosida “Hozirgi o‘zbek adabiy tili” o‘quv predmeti o‘z zimmasiga oldi. XX asrning oxirgi choragida davr, maqsad va vazifalar tubdan o‘zgardi, tilshunoslik, ijtimoiy ehtiyoj natijasi o‘laroq, sistem-struktur tahlil usullariga o‘tdi, o‘zbek tilida lison va nutqni izchil farqlash asosida tilimizning lisoniy sistemasi – lisoniy birliklari va munosabatlarini tadqiq qilish – lisoniy imkoniyatlarni ochish ustuvorlashdi. Tilga tafakkurni shakllantiruvchi va rivojlantiruvchi, 3 nutqiy muloqotda son-sanoqsiz shakl va ko‘rinishlarda voqelanadigan, har bir voqelanish ko‘rinishi o‘ziga xos maqsad va vazifalarga ega bo‘lgan imkoniyatlar xazinasi sifatida munosabatda bo‘lish kuchaydi. Shuning uchun ushbu darslikda o‘zbek tilini sistem-struktur usul asosida o‘rganadigan nazariy tilshunoslikning milliy ko‘rinishi – substansial yo‘nalish xulosalari aks etganligi sababli u an’anadagidan farqli ravishda “Hozirgi o‘zbek tili” degan nom oldi. Bugungi kunda dunyo miqyosida filologiya bakalavri uch yo‘nalishda tayyorlanmoqda: 1) nazariy filologiya; 2) pedagogik filologiya; 3) amaliy filologiya. Mamlakatimizda bu yo‘nalishlardan nazariy va pedagogik filologiya yo‘nalishi bo‘yicha bakalavrlar tayyorlanadi. Nazariy filologiya bakalavri, asosan, ilmiy tadqiqot sohasiga yo‘naltirilganligi bois, ular tilning lisoniy strukturasiga doir bilimlar bilan qurollantiriladi. Shuning uchun ham o‘zbek tili bo‘yicha filologiya bakalavriatida o‘zbek tili “Hozirgi o‘zbek tili” mazmunida o‘qitiladi. Pedagogik filologiya yo‘nalishida esa ixtisoslik xususiyatdan kelib chiqqan holda o‘zbek tili adabiy me’yorlarining ilmiy asoslarini o‘rgatishga mo‘ljallangan “Hozirgi o‘zbek adabiy tili” kursi o‘tilishi rejalashtirilgan. “Hozirgi o‘zbek tili” va “Hozirgi o‘zbek adabiy tili” o‘quv predmetlarini shu yo‘sinda farqlamoq lozim. Alohida ta’kidlash kerakki, o‘zbek tili strukturasi talqini adabiy til birliklari asosida olib borilishi ham mantiqan to‘g‘ri. Zero, har qanday lisoniy struktura til birliklarining adabiy variantlari asosida tushuntirilishi ta’lim oluvchilarning turli sheva vakillari ekanligidan kelib chiqadi. Darslik o‘quv-metodik maqsadlarni ko‘zlayotganligi va o‘zbek tilshunosligining ma’lum bir bosqichi (ya’ni, substansial yo‘nalishdagi tadqiqotlar)ni yakunlovchi ish bo‘lganligi sababli unda H.Ne’matov, A.Abduazizov, E.Begmatov, Sh.Bobojonov, O.Bozorov, I.Madrahimov, N.Mahmudov, B.Mengliyev, S.Muxamedova, M.Narziyeva, G.Ne’matova, A.Nurmonov, Sh.Orifjonova, Sh.Rahmatullayev, R.Rasulov, R.Safarova, B.Qilichev, S.G‘iyosov, N.Shirinova, Z.Yunusova, N.Vohidova kabi tilshunoslarning tadqiqotlariga tayanildi. 4 O‘zbek substansial tilshunosligi A.Fitrat, A.G‘ulomov, yetuk namoyandalari va takomillashtiruvchilari F.Abdullayev, G‘.Abdurahmonov, M.Asqarova, O.Azizov, A.Borovkov, A.Hojiyev, S.Ibrohimov, F.Kamolov, S.Karimov, A.Kononov, M.Mirtojiyev, M.Mirzayev, A.Muxtorov, R.Qo‘ng‘urov, I.Rasulov, V.V.Reshetov, U.Tursunov, F.Ubayeva, S.Usmonov, Sh.Shoabdurahmonov kabilar asoschilari bo‘lgan o‘zbek formal tilshunosligining bevosita davomi va unga asoslanishi sababli reallik, obyektivlik – lisoniy birliklarning nutqiy voqelanish ko‘rinishlari va xususiyatlari tavsifida 1950–80- yillarda amalda bo‘lgan darslik va qo‘llanmalarga ham tayanildi. Shu sababdan darslikda 1950 – 54-yillarda O‘zFA TAI tomonidan turli mualliflar tomonidan e’lon qilingan “Hozirgi zamon o‘zbek tili kursidan materiallar” risolalar sirasidan boshlab oxirgi nashri 1992- yilda amalga oshirilgan U.Tursunov, Sh.Rahmatullayev, A.Muxtorovlarning “Hozirgi o‘zbek adabiy tili” darsligigacha berilgan tavsiflarga ham tayanildi. Darslik bakalavriat bosqichidagi talabalar uchun mo‘ljallanganligi bois unda fanimizning hali yechimini topmagan munozarali nazariy masalalari chetlab o‘tildi. Darslikning maqsadi o‘zbek tili substansial xususiyatlarining hozirgi holatini lison va nutq farqlanishi nuqtayi nazaridan tavsiflashdan iborat. Substansial tahlilning bosh tamoyili asosida o‘zbek tili qurilishini yoritishda lisoniy birliklarning mazmun tomoniga umumiylik, mohiyat, imkoniyat, sabab (UMIS) va ularning voqelanishi natijasida hosil bo‘lgan nutqiy birliklarning mazmun tomoniga alohidalik, hodisa, voqelik, oqibat (AHVO) sifatida munosabatda bo‘lindi. UMIS va AHVO tushunchalari sun’iy qisqartmalar emas, balki o‘ta muhim ilmiy-falsafiy va metodologik umumiylik, ta’lim oluvchini ashyoviy fikrlashdan uzib, unda dialektik tafakkur malakalarini hosil qildirishning muhim vositalaridan. Gnoseologiya (bilish nazariyasi)dan ma’lumki, xususiylik umumiylikka (demak, alohidalik/xususiylik umumiylikka, hodisa mohiyatga, voqelik imkoniyatga, oqibat sababga) nisbat berilmaguncha, u ta’riflangan, tavsiflangan, o‘rganilgan deb sanalishi mumkin emas. Shuning uchun lisoniy imkoniyatlar tilshunosligi bo‘lgan substansial tahlilda bular yuksak umumiylikka ega bo‘lgan kategorial tushunchalar sifatida juda muhim va darslikning maxsus bo‘limi ayni shu masala sharhiga bag‘ishlanadi. 5 |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling