Tayanch sharniri yuqori joylashgan segmentli zatvorlar (19 - rasm, f) past bosimli tug‘onlar oraliqlarini yopish uchun mo‘ljallanadi. Sharnirni yuqori joylashtirishda oraliq devor armaturalanmaydi va uning oqim bo‘yicha uzunligi kamayadi. Portal oyoqlari cho‘zilishga ishlashi, uning konstruksiyasini soddalashtiradi. Bunday zatvorlarni ekspluatatsiya qilish tajribasi shuni ko‘rsatdiki, sharnir hamma vaqt suv ostiga bo‘lishiga qaramasdan, ular yetarli darajada ishonchli ishlaydi.
Ikki qatorli segmentli zatvorlar (19 - rasm, d) ikki qismdan tashkil topgan-yuqori va pastki. Ular bir vaqtning o‘zida suv sarfini zatvor yuqori qirrasida va zatvor ostidan o‘tkazishni ta’minlaydi. Ularni katta muz o‘tkazuvchi inshootlarda qo‘llash maqsadga muvofiqdir.
Klapanli zatvorlar. Ular ikki qatorli zatvorlarga qaraganda keng tarqalgan bo‘lib, zatvorga mahkamlangan o‘q atrofida aylanadi. 19 - rasm, b da segmentli zatvor ko‘tarib turuvchi bikr qismi bilan va suyrisimon baliq ko‘rinishidagi klapan ko‘rsatilgan. Klapanli yoki ikki qatorli zatvorlarning qo‘llanilishi, ularning massalari 15...20% ga oshadi.
Sektorli zatvorlar
Umumiy ma’lumotlar. Sektorli zatvorlar gorizontal o‘q atrofida aylanuvchi, harakatlanuvchi qismining ko‘ndalang kesimi sektor ko‘rinishda bo‘ladi. Sektorli zatvorlarning aylanish o‘qi ham pastki ham yuqori byeflar tomonlaridan joylashishi mumkin. Bunday zatvorlar bilan bosim 8...9 m gacha bo‘lganda, kengligi 60...65 m li oraliqlar yopiladi. Sektorli zatvorlar vodosliv tepasi pastki byef tomonidan ko‘milmagan bo‘lsa qo‘llaniladi. Sektorli zatvorlarning xususiyatlari shundaki, ularni ko‘tarib-turishda ko‘tarish mexanizmlari ishlatilmasdan, kamerada suv sathi o‘zgarishi hisobiga gidravlik yo‘l bilan amalga oshiriladi. Gidravlik xususiyatlari bo‘yicha sektorli zatvorlar cho‘kuvchan va pukakli turlarga bo‘linadi (25 -rasm). Cho‘kuvchan zatvorlarda qoplama ikki yuza bo‘yicha – bosimli tomonidan egri chiziqli va yuqori radial tekislik bo‘yicha bajariladi. Pukakli zatvorlarda qoplama uch tomondan o‘rnatiladi.
25 - rasm. Sektorli zatvorlar turlari:
a-cho‘kuvchi, aylanish o‘qi pastki tomonga joylashgan; b-pukakli, aylanish o‘qi pastki tomonga joylashgan; d-pukakli, aylanish o‘qi yuqori tomonga joylashgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |