H. P. Abdulqosimov O‘zmu iqtisodiyot nazariyasi kafedrasi
Iqtisodiyot nazariyasida inson modeli
Download 5.61 Mb. Pdf ko'rish
|
1 tom Mamedov, H., Muminov, N., Umarov, A., Ismailov, A.
1.2. Iqtisodiyot nazariyasida inson modeli
Inson shaxsi, uning yagonaligi, xilma-xil faoliyati, iqtisodiy hayotini ilmiy tahlil qilish, uning tarixiy shakllanishidan, harakat qilishidan kelib chiqqan holda inson modelini tuzish mumkin. Bu model o‘z ichiga quyidagi asosiy o‘lchamlarni oladi, ya’ni uning shaxs sifatidagi xarakterini, iqtisodiy faoliyatini, maqsadini, jismoniy xususiyatini, psixologiyasini, aql-zakovatini, umuman, insonlarning o‘z maqsadiga erishish yo‘lida namoyish etadigan hamma jihatlarini hisobga oladi. 33 Shu o‘rinda muhim bir narsani eslatmoq lozim, ya’ni hamma ijtimoiy- gumanitar fanlar, jumladan, insonni, jamiyatni o‘rganish bilan bog‘liq bo‘lgan fanlarning (falsafa, tarix, sotsiologiya va hokazo) hammasi o‘z predmeti, o‘z nuqtai nazari, o‘z maqsad-vazifasidan kelib chiqqan holda ularni tavsiflay oladi, shuning uchun ham bu fanlar ma’lum darajada bir tomonlamali xususiyati bilan ajralib turadi. Shu o‘rinda hammaga ma’lum bir oddiy haqiqatni eslash joizdir. Masalan, qo‘li bilan filning oyog‘iga tekkan so‘qir kishi uni daraxt, ya’ni mening oldimda daraxt turibdi, deb faraz qilishi, filning xartumidan ushlasa, bu ilon deb ishonishi mumkin. Inson–shaxs to‘g‘risidagi aniq, to‘g‘ri tasnifni hamma gumanitar fanlar berishi mumkin, ammo ular o‘zlari erishgan bilim doirasidan tashqari chiqolmaydi. Albatta, «iqtisodiy inson» obrazini yoki «homo–economicus»ni bir tomonlama o‘rganish qandaydir kamchiliklarga yo‘l qo‘yadi, sababi u faqat «iqtisodiy inson» emas. Shunga qaramasdan kishilarning iqtisodiy faoliyati– insonning shaxs sifatida o‘zini namoyish etishining muhim sohasidir. Chunki mehnat sharoiti, asosi hamda turli tomonlari ham alohida inson, ham butun jamiyat uchun xosdir. Shu o‘rinda insonlarning iqtisodiy faoliyatida muhim bo‘lgan psixologik holatlarni eslatib o‘tish lozim. Axir o‘tmish va hozirgi zamon nazariyotchilarining hammasi bo‘lmasa ham, aksariyati insonlarning iqtisodiy xulqini tushuntirishda «havas», «orzu», «afzallik», «niyat» degan tushunchalarga bekorga urg‘u berishmagan. Misol uchun, sobiq ittifoqdan ajralib chiqqan mustaqil davlatlar 70 yildan ko‘proq kommunistik mafkura muhitida, mustabid tizmda yashadilar. Hozirgi vaqtda ular bozor islohotlarini o‘tkazishda juda katta siyosiy va iqtisodiy to‘siqlarga duch kelishmoqda, sababi ular uzoq vaqt markazlashgan reja munosabatlarida bo‘lganlar. Endi esa, iqtisodiy alohidalik va iqtisodiy hamkorlik zarur. Hozirgi zamon inson modelining ko‘p yo‘nalishlari ichidan to‘rttasini ajratib ko‘rsatish mumkin: Birinchi yo‘nalish–bu ingliz klassik maktabi, marjinalizm (eng yuksak naflilik) va neoklassik yo‘nalish bo‘lib, bu yo‘nalish doirasida inson xudbin bo‘lib, moddiy boylikka, ya’ni pulga intiladi. Uning pulga qiziqishi sababli, rag‘bat «iqtisodiy inson» modelida asosiy o‘rin egallaydi. XVIII asrda ishlab chiqilgan bu modelning bugungi kungacha yetib kelishining sababi bor, hozirgi zamon iqtisodiyot nazariyasi darsligida ham uning o‘z o‘rni bor. 34 Bunday model keng ko‘lamli tushuncha, fikr, axborot olish, chuqur bilimga ega bo‘lish imkoniyatini, ya’ni erkin raqobat sharoitida biron maqsad ommalashishini ta’minlashdan iboratdir. Insonning bunday harakatida iqtisodiy tizim hech qanday boshqa tomonning (asosan, davlatning) aralashishi ortiqcha, aks holda, bozor tizimi deformatsiyaga uchraydi, bundan tashqari, erkin bozor muvozanatini saqlash qoidasiga rioya qilish talab etiladi. «Iqtisodiy inson» modeli doirasida kishilarning iqtisodiy xulqini tahlil qilishda ularning ratsional xulqidan foydalanish mo‘ljallanadi. Bunday harakat asosida cheklangan iqtisodiy resurslar sharoitida shaxslarning minimal sarf-harajatlar qilib, maksimal natija olishga intilishi yotadi. Kishilar o‘zlarining sub’ektiv manfaatlarini qoniqtirish uchun har safar, hamma joyda cheklangan iqtisodiy boyliklardan foydalanishning muqobil usullarini tanlashga majbur bo‘ladi. Shaxslar o‘zlarining ratsional xulqini amalga oshirishda erkin tanlov imkoniga ega bo‘lishlari shart. Kishilarning erkin tanlov darajasi rivojlanishi bilan iqtisodiy xulqi o‘sib boradi, bu sekin- asta siyosiy, mafkuraviy, huquqiy, qat’iy tabaqalashgan va boshqa cheklangan erkinliklarning tugatilishiga olib keladi. Ikkinchi yo‘nalish – bu Keynsning institutsionalizm tarixiy maktabiga xos yo‘nalish. Unda inson modeli ancha murakkab ravishda berilgan. Rag‘batlantirish asosi o‘ziga faqat moddiy, pul boyliklariga intilishni emas, balki aniq psixologik xarakterga ega bo‘lgan elementlarni, ya’ni rahmdillik, biror maqsadga erishish bilan bog‘liq bo‘lgan an’analarni, obro‘-e’tibor, ta’sir va bo‘sh vaqtdan foydalanishni ham o‘z ichiga oladi. Bu modelga erishishdagi qiyinchiliklar xo‘jalik sub’ektlarida kerakli darajadagi har xil axborotlarning yetarli emasligi, ular aql–zakovatlarining turli saviyasidan, xulqlarining bir xildaligi bilan bog‘liq odatlaridan, diniy tushunchalari va hokazolardan iborat. Bu sharoitlarda xo‘jalik sub’ektlarining erkin raqobat orqali o‘z maqsadlariga erishishining qiyinchiligi va iloji yo‘qligi, ayniqsa, shaxslardan tashqari guruhlar manfaatlari, xo‘jalik agentlarining o‘z maqsadiga intilishida guruhlar manfaatining ustunligini o‘zaro tashkillashtirish yo‘li bilan «iqtisodiy xudbinlik»ning cheklanganligiga barham berish kerakligi bilan xarakterlanadi. Bu maqsadlarda jamiyat ancha murakkab tuzilishga ega bo‘ladi, uning muvozanatini qo‘llab-quvvatlash uchun iqtisodiy munosabatlarga davlatning aralashishi talab etiladi. Uchinchi yo‘nalish - bunda hozirgi zamon voqeligini aks ettiradigan ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar sub’ekti modeli mutlaqo yangicha berilgan. Bu 35 modelda nafaqat moddiy boylik, balki pullik rag‘batlantirish asosiy o‘rin egallaydi. Bu modelning o‘zgarishida, yangicha o‘sishida shaxslarning ma’naviy, ruhiy, madaniy ehtiyoji (mehnat jarayonlaridagi ijtimoiy ahamiyati, murakkabligidan rozi bo‘lmoq) yotadi. Bundan tashqari bu modelga dunyo, jahon taraqqiyoti to‘g‘risida axborot olmoq–jahonda yashayotgan hamma kishilarning yuqori darajadagi ma’lumotga, madaniyatga ega bo‘lishi, ma’naviy, ruhiy erkinlikka erishish, har xil ehtiyojlarning qondirilishi, kishilarning ijtimoiy–siyosiy dunyoqarashlarining o‘zgarishi xos hisoblanadi. Muhimi O‘zbekiston Respublikasida, mustaqillikka erishganimizdan keyin insonlarning dunyoqarashi umuman o‘zgardi, vatan, millat, davlat bilan bog‘liq yangicha milliy g‘urur, milliy g‘oya, yangi fikrlar tug‘ildi. Misli ko‘rilmagan, tengi yo‘q yangi mafkura yaratildi. Jamiyatimiz mafkurasi xalqni–xalq, millatni–millat qilishga xizmat etmoqda. Shundan ma’lum bo‘ladiki, g‘oyaga qarshi faqat kuchli g‘oya, fikrga qarshi faqat kuchli fikr, jaholatga qarshi faqat so‘nmas, charaqlab nur sochib turgan ma’rifat bilan baxsga kirishish, kurashish mumkin. Bu model ijtimoiy o‘ziga xos insonning jamiyat tushunchasida demokratik–mustaqil poydevorga asoslangan, rivojlangan guruhlar o‘rtasidagi bog‘liqlik va yuvilib ketgan, qotib qolmagan ijtimoiy jamiyat o‘rtasidagi chegaradir. To‘rtinchi yo‘nalish – bu o‘ziga xos xususiyatga ega sobiq «sovet iqtisodiy insoni» modeli bo‘lib, o‘zining ildizi bilan eski mustabid, qatag‘on davrlarini o‘z ichiga oluvchi, inson iqtisodiy xulqining asosiy xususiyatlarini aks ettiruvchi, ma’muriy buyruqbozlik tizimidagi xo‘jalikdir. Bu model, avvalo shaxsning iqtisodiy xulqini, butun funksiyasini, shaxsiy farovonlikka intilishini aniqlashtiradi. Unda mehnat davlat uchun sarflangan, uning natijalari davlat tomonidan taqsimlangan. Shuning uchun mehnat xarajatlarini minimallashtirishga intilish ustun bo‘lgan, kayfichog‘lik, boqimandalik ilohiylashtirilgan, ko‘pincha davlat mulkini o‘g‘irlash, soxta kamtarinlik mehnat natijasiga ko‘ra emas, faqat o‘z ish joyida bo‘lganligini mukofotlash qat’iy kafolatlangan. Albatta, har qanday inson iqtisodiyot nazariyasini o‘rganishni boshlar ekan, xohlaydimi yo‘qmi, uni shunday savol qiziqtiradi: shaxsan uning iqtisodiyot bilan qanday bog‘liqligi bor? Haqiqatan ham bu muhim ahamiyatga ega, chunki, insonning xo‘jalik bilan aloqasi uning turmushini va shaxsiy farovonligini ta’minlaydi. Iqtisodiyot–oilaning, korxonaning, firmaning, davlatning, umuman jamiyatning xo‘jalik yuritish faoliyatidir. Asosiy vazifasi 36 kishilarni, jamiyat a’zolarini hayotiy zarur moddiy boyliklar bilan ta’minlashdilar. Moddiy boylik deganda biz – mahsulot, tovar va xizmatlar majmuasini, ya’ni kishilarning qandaydir ehtiyoji qondirilishini, mehnat natijasini tushunamiz. Inson hayotining muhim o‘lchovi bor: ya’ni, inson o‘zi uchun oiladan, jamiyatdan har xil moddiy boyliklarni oladi va yana qaytarib beradi. Insonlarni har xil yoshda solishtirib qaraganda, qiziq bir xususiyat ko‘zga tashlanadi: u o‘zicha nimani o‘zlashtiradi va nimani boshqalar foydasiga qoldiradi, bu bir xil emas. Shuning uchun har qanday inson jamiyat menga nima berdi deb emas, men jamiyatga nima berdim, deb yashashi kerak. Olimlar ishlab chiqarishda band bo‘lganlar o‘rtasida tekshiruv o‘tkazdilar. Ular hisoblab chiqqanlarida har qaysi inson har yili qancha milliy daromad yaratishi va qancha iste’mol qilishi ma’lum bo‘ldi. Yosh bolalarni rivojlanish davrida (16 yoshgacha) umuman, oila va jamiyat ta’minlaydi. Respublikamiz Konstitutsiyasiga binoan bolalarning mehnatidan ishlab chiqarishda foydalanish qat’iyan man etilgan, shuning uchun ham bolalar faqat iste’mol qiladilar. Yigit-qizlar taxminan 20 yoshdan boshlab o‘zlarini o‘z mehnati bilan qisman bo‘lsada ta’minlaydilar. Bu vaqtda ularning mehnati natijasida yaratilgan milliy daromad ularning shu vaqtda iste’mol qiladigan summasidan ancha ortib ketadi. Insonlarning ehtiyoji kengayib boradi va uni qondirish xohishi tezlashadi. Bu ularning ishlab chiqarish mahsulotini ko‘paytirish, ish sifatini yaxshilash va ish haqi miqdorini oshirishga imkoniyat yaratadi. 30–40 yoshga yetgach, ular eng yuqori mehnat unumdorligiga va ehtiyojiga erishadilar. Eng ko‘p mahsulot ishlab chiqarish tufayli ishchilarning yaratgan daromadi, ularning shaxsiy o‘zlashtirish miqdoridan 3–4 marotaba oshib ketadi. Agar, bunga sof iqtisodiy nuqtai nazardan qaralsa, shuni sezish mumkinki, inson umrining ikkinchi va uchinchi davrida oilaga va jamiyatga yosh vaqtlarida olgan «qarzlar»ini qaytaryapti. Bundan tashqari, u «avans» sifatida o‘zining qarilik chog‘i uchun moddiy zamin yaratmoqda. Mana endi, biz yuqorida aytganlarimizni umumlashtiramiz. Bir ishchining, oilasining va umuman. jamiyatning hayotiy sharoitini yaxshilash, mehnatga qobiliyatli yoshida yuqori sifatli mahsulot ishlab chiqarishga erishishini bildiradi. Bunday natijaga erishish tufayli ishchilar jamiyatdan o‘zlarining ehtiyojini qondirish uchun qayta–qayta katta miqdorda moddiy boyliklar va xizmatlar oladilar. 37 Shu o‘rinda yana bir hayotiy muhim shartni eslash kerak. Oila jamiyatning ilk bo‘g‘ini hisoblanadi. Oila boyligining asosiy manbai ikki yo‘l bilan to‘planadi. 1. Mehnat uchun korxona va idoralar beradigan mukofot; 2. Ijtimoiy fondlardan tushadigan to‘lovlar (stipendiya, nafaqa, davlatning moddiy yordami va hokazolar). O‘zbekistonda ham boshqa davlatlardagi kabi mehnat haqi deganda hamma pul tushumlari: ish haqi, pul mukofoti, mualliflik va boshqa gonorarlar, individual mehnat faoliyatidan tushadigan daromadlar va boshqalar tushuniladi. Yalpi daromadga tekin ta’lim qiymati, tibbiyot xizmati va boshqalar kirmaydi. Shu o‘rinda, bir narsa ma’lum bo‘ladiki, har qaysi inson va oilasining farovon hayoti–inson mehnati natijasi va birgalikdagi xo‘jalik faoliyati, umuman, jamiyatdagi iqtisodiy mavqei qandayligi bilan bog‘liq. Shu yo‘l bilan har bir hayotiy manfaat aniqlanadi. Albatta, biz juda ham muhim narsani aytib o‘tishimiz lozim, ya’ni har yili O‘zbekistonda aholiga pul ifodasida beriladigan ish haqi, pensiya, stipendiya va ijtimoiy nafaqalar oshib bormoqda. Lekin o‘z navbatida bozordagi narx-navo, oziq-ovqat bahosi, transport haqi noo‘rin ravishda oshib ketmoqda. Buni iqtisodiyot, inson turmush darajasi, umuman, jamiyatning, davlatning obod va ozod rivojlanishi, kelajagi nuqtai nazaridan to‘g‘ri deb bo‘lmaydi. Yana shuni qo‘shimcha qilib aytish kerak: 1994 yilning 1 iyunidan o‘zimizning milliy valyutamiz joriy etildi, bu davlatimiz, fuqarolarimiz hayotida misli ko‘rilmagan, tengi yo‘q tarixiy voqea bo‘ldi. Pul islohotida oldingi so‘m-kupon 1000: 1 qilib almashtirildi, lekin narx- navo o‘z holida qoldi va yanada oshib ketdi. Agar narx-navo ham shu nisbatda kamayganida, qimmatchilikka yo‘l qo‘yilmagan bo‘lar edi. Har qanday islohotni o‘tkazish vaqtida albatta, davlat tomonidan kuchli nazorat bo‘lishi kerak. Shuningdek, bozor munosabatiga to‘liq o‘tmaguncha narx-navoni erkinlashtirib bo‘lmaydi. Bu aholi turmush darajasini pasayishiga olib kelishi mumkin. Ishchilarning aql–zakovati, qobiliyatini suiste’mol qilish, amaldorlar, boshqaruvchilar nazoratidan o‘zlarini muhofaza qilish maqsadida, ularning buyruqlarini chetlab o‘tish, yolg‘onchilik va qo‘shib yozish, xudbinlik, alohida jamoalar manfaatining davlat manfaatiga qarama–qarshi qo‘yilishi mustabid tizim uchun tabiiy hol edi. 38 «Sovet iqtisodiy insoni» modelining ikki yoqlama xususiyatga egaligi iqtisodiy rivojlanishining umumiy samarasini pasaytiribgina qolmay, shu bilan birga ahloq sohasida qo‘shimcha sarf-xarajatlarga olib kelgan. Qiziqarli tomoni shundaki, maqsadlarning ikki yoqlamaligini inson xususiyatlarining «homo economicus» modelida cheksiz ekanligidir. Xatto totalitar tizim doirasida ham inson o‘zining sarf-xarajatlarini minimallashtirishga va foydani maksimallashtirishga intilgan. Bu mutlaqo ratsional iqtisodiy xulq deganidir. Inson o‘zining nimalarni afzal ko‘rishini cheklangan resurslar dunyosida yuzaga chiqaradi, u har qanday xo‘jalik tizimida o‘zining sarf-xarajatlarini minimallashtirishga va foyda olishni maksimallashtirishga intiladi. Bu tamoyil har tomonlama izlanuvchi olimlarga uni nafaqat iqtisodiyot nazariyasida qo‘llash, balki odamlarning harakat qilish sababi boshqa noiqtisodiy hayot sohasiga ham bog‘liq, deb xulosa chiqarishlariga imkon berdi. Iqtisodiyot nazariyasida inson modelining qisqacha, asosiy tavsifi shulardan iborat. Albatta, ushbu darslikning hamma boblarida asosiy o‘rinni inson egallaydi. Shuning uchun kelgusi ikkinchi bobda iqtisodiyot nazariyasi fanining asosi va asoschilari to‘g‘risida va bu fanning fan sifatida paydo bo‘lishi tarixini o‘rganamiz. Download 5.61 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling