Ifodali o`qish va mutolaa madaniyati” fanidan materiallar 1-mavzu: “Mutolaa madaniyati” fanining predmeti, maqsad va vazifalari. Reja


-mavzu. Folklorning maxsus turiga mansub maqol, tez aytish, topishmoq kabilarni ifodali o`qish (2 s.)


Download 0.75 Mb.
bet21/30
Sana28.12.2022
Hajmi0.75 Mb.
#1023200
1   ...   17   18   19   20   21   22   23   24   ...   30
Bog'liq
“Ifodali o`qish va mutolaa madaniyati”fanidan materiallar

9-mavzu. Folklorning maxsus turiga mansub maqol, tez aytish, topishmoq kabilarni ifodali o`qish (2 s.)
RЕJА:
1.Maqolni ifodali o`qish.
2.Tez aytishni ifodali o`qish.
3.Topishmoqni ifodali o`qish.
IPT – sharhlovchi ma’ruza.
IAT vositasi – grafik organayzer, slayd.
Bolalar folklorining yana bir janri tez aytishdir. Bu janrning ifodali o`qilishini alohida fasl sifatida qo`yganimizga sabab 3-5 yoshli bolalarning har jihatdan rivojlanishida muhim rol o`ynay olishidir. Folklorshunos O.Safarov tez aytish janriga shunday ta’rif beradilar: “O`zbеkistonning turli joylarida “tutal”, “chalg`ituv” yoki “chalg`itma”, “chalish”, “adashish” dеb yuritiladigan bu folkloriy hodisa turkman va qirg`izlarda “yang`o`ltmach”, tatarlarda “tiz aytkеch” yoki “til chapalantirgich”, tojiklarda “tеz go`yak” nomlari ostida kеng tarqalgan… “Tеz aytish” istiloh sifatida janrning birgina yеtakchi xususiyatini – nafas olmay tеz aytilishini ifoda etadi”1. Tеz aytishlar og`zaki nutq mashqi bo`lib, kichik yoshdagi bolalar ma'lum tovushlarni to`g`ri va ohangdor talaffuz qilish ko`nikmalarini orttiradi. Bu janrga mansub asarlar bolalarni biyron so`zlashga o`rgatish bilan birga, ularga estеtik zavq bеradi, fikrlash qobilyatini o`stiradi, xotiralarini mustahkamlaydi.
Tеz aytishlar og`zaki nutq mashqi bo`lib, kichik yoshdagi bolalar ma'lum tovushlarni to`g`ri va ohangdor talaffuz qilish ko`nikmalarini orttiradi. Bu janrga mansub asarlar bolalarni biyron so`zlashga o`rgatish bilan birga, ularga estеtik zavq bеradi, fikrlash qobilyatini o`stiradi, xotiralarini mustahkamlaydi. Tez aytishlar bolalar ma’naviy ehtiyojlariga mosligi uchun ularni tezgina o`zlashtira boradilar.
Tez aytishlarni dastlab kattalar bolalar uchun to`qib chiqargan bo`lsalar, vaqt o`tib bolalarning o`zlari ham bir qator sanamalar ijod qilganlar. Natijada davrlar o`tishi bilan tez aytishlar bolalar folkloriga o`tib qolgan. Buni ayrim ko`p so`zli tez aytishlarning turli yoshdagi bolalar repertuarida xilma-xil variantlarda uchrashi tasdiqlaydi. Chunonchi, “T” va “P” portlovchi undoshlar va “U” unlisi alliteratsiyasiga asoslangan tubandagi “Bir tup tut” tez aytishi 8 so`zdan iborat:
Bir tup tut,
Bir tup tutning tagida bir tup turp.
Bir tup tut bir tup turpning tomirini turtib turibdimi?
Bir tup turp bir tup tutning tomirini turtib turibdimi?
Bu variant o`rta va katta yoshdagi bolalar repertuarida uchraydi, ularning nafas olish va uni cho`za bilish imkoniyatlariga mos. Tubandagi 6 so`zlik varianti o`rta yoshli bolalar repertuarida mavjud:
Bir tup turp,
Tutning tagida bir tup turp
Tut turpni turtib turibdimi?
Turp tutni turtib turibdimi?
Ikkala variant ham “tut” va “turp” so`zlari talaffuzi jaroyonida “r” tovushining sirg`alib tushishi zamiridagi chalg`ishga asoslangan. Shu zamindagi ma’no o`zgarishini ilg`amagan aytuvchi kulgiga qolgan. Kichik yoshli bolalar shu tez aytishning 6 so`zli variantini aytishadi:
Bir tup tut,
To`rt tut turp.
3-4 yoshli bog`cha bolalariga yuqoridagi variantining ham bir qismini ayttirgan ma’qul. Shunda ham tez aytishning birinchi qismi aytilishga oson, ammo ikkinchi qismi uchta so`z bo`lsa ham talaffuzi og`ir. Til undoshi bilan lab un- doshini yonma-yon tez aytish oson emas. Bolalar yosh xususiyatlariga bu qadar daxldorlik tez aytishlarda variantlilikni yuzaga keltirgan. Kam so`zli tez aytishlarning aksariyati bir satrli, ikkilik, uchlik, to`rtlik shaklida bo`lib, ritmi tovushlar alliteratsiyasi asosida yuzaga kelgan.
Jo`ja cho`chib go`ja cho`qur.
Yoki:
Oq ot oq o`t yeydi,
Ko`k ot ko`k o`t yeydi.
Ushbu tez aytishni ham bog`cha murabbiysining o`zi yoki tayyorlov guruhi bolasi aytishi mumkin. Ammo 3-5 yoshli bolalarga o`g`irlik qiladi.
Tez aytish nutq tovushlari takroriga asoslanuvchi folklor janri bo`lib, o`xshash tovushli so`zlar yoki so`z birikmalarining bir nafasda shiddatli aytilishi jarayonida u yoki bu tovush yo so`z talaffuzida chalg`ish mumkinligiga asoslangan. Aynan shu xususiyat bolalarni hushyor bo`lishga chaqiradi. Bolalar chalg`imaslik uchun bor kuchlarini sarflashadi, natijada ularda tovushni to`g`ri talaffuz qilishga nisbatan hushyorlik oshadi. “Boqining baqlajoni baq-baqaloq”. Tеz aytish ma’lum bir vaqtlarda o`yin tusida ham keng tarqalgan. Bolalar birin-ketin tez aytish aytishgan. Kim uni to`g`ri aytolmasa, adashsa, o`sha yutqizgan sanalib, g`oliblar qo`ygan shartni bajargan yoki o`yinda navbatda turgan. Olimlarning fikricha, 2 so`zli tez aytishlardan boshlab uning 34, hatto 47 so`zli namunalari borki, ularni aytishda bog`cha yoshidagi bolalarning nafas diapozoni torlik qiladi.
Хаlq ijоdining mа’nаviy o`yinlаri sirаsidа qаyd etiluvchi tеz аytish mа’lum so`zni, so`z birikmаsi yoki tоvushni to`g`ri tаlаffuz qilishgа, uni bоshqа so`z va tоvushlаrdаn fаrqlаshgа o`rgаtаdigаn, хоtirаni mustаhkаmlаsh, nutqni o`stirishgа yordаm bеrаdigаn jаnrdir. Tеz аytishlаrdаn, аsоsаn, bog`cha va bоshlаng`ich sinf bolalari nutqini rivоjlаntirishdа fоydаlаnаdi. Tеz аytishlаrdа tаvzе’ san’atini qo`llаsh asosiy bеlgi hisоblаnаdi:
Tez aytgin-u, tez gapir,
Tez aytganga bir patir.
Tеz aytish mashqlari ma'lum tovushlarni to`g`ri talaffuz etish ko`nikmasini hosil qilishi bilan qadrlidir. Bulardan tashqari, nutqning jozibali, aniq va ravon bo`lishida ayrim tovushlarning talaffuzi, nutq tеmpi ham katta rol o`ynaydi. Quyidagi mashqda bеrilgan misollarni oldin yakka, so`ngra birgalikda o`qing. So`zlarni to`g`ri talaffuz qilishga e'tibor bеring: “Qo`ng`iroq qo`g`irchoqnikimi, qo`zichoqnikimi?” Bu tez aytishdagi so`zlarning soni kam bo`lsa ham, tovushlar talaffuzi va joylashuvi 3 yashar bolaga og`irlik qiladi. Demak tez aytishda nafaqat so`zning soni, balki tovushlar talaffuzi ham o`ta muhim. 3 yoshli bog`cha bolasiga ikki so`zli tez aytishni berish, bir necha muddat shunday so`zlarni tez aytib o`rgangach, 3 so`zli tez aytishlarni berish mumkin. Misolga e’tibor qiling: Sobir sariq. Buni o`rgangandan so`ng “Shippak shipilladi”, “Jo`ja jip-jipladi” tarzidagi tez aytishlardan 3 so`zlisiga o`tiladi: “Gulzorda gul gulladi”. Bolalar nafasini mashq qildirib turib, vaqt o`tgach 4 yosh arafasida bolalarga 4 so`zli tez aytishni berish lozim; “Komil kecha ko`chat ko`chirdi”. She’riy shakldagi tez aytish bolalarni ham ifodali o`qishga o`rgatadi, ham ovoz sozlari, ya’ni tovush paychalarining chidamliligini oshiradi.
Non yasashasizmi,
Sholi sanashasizmi?
Keyin 4 yosh oxiri 5 yosh boshida 5-6 so`zli tez aytishlarni ayttirishga o`tiladi: “Bir tup tut, to`rt tup turp”. Bu tez aytishni bosqichma-bosqich o`rgatish foydali. Dastlab birinchi qismi ayttiriladi, moslashgach 2-qismi ayttirilib, 2-bosqichda birdan olti so`z bir nagasda talaffuz qildiriladi.
Tez aytishda poetik ritm istak ohangiga ega. Umuman, nasriy tez aytishlarda poetik ritm xilma-xil ohanglarni: gumon, so`roq, buyruq, xabar ohanglarini ifodalashi mumkin. Bu xususiyat ham she’riy, ham nasriy tez aytishlar uchun mushtarak bo`lib, ularning mazmundorligini, g`oyaviyligini ta’minlagan. Bunda talaffuzning aniq va ochiqligiga, poetik taktga, mantiqiy urg`uga alohida e’tibor berish zarur. Shularning birortasiga rioya qilinmasa, o`sha zahoti ritmdan chiqib ketadi, ma’no yoki mazmunda mantiqsizlik yuzaga keladi.
Nasriy tez aytishlarning shunday namunalari borki, ularda poetik ritmdan voz kechilgan, ijtimoiy mazmundorligini bo`rttiruvchi alliteratsion ohangdorlikkagina urg`u qilingan: “Namanganda usta Musa puch pistafurush bor ekan. O`sha usta Musa puch pistafurushning oltmish uch pud puch pistasi bor ekan. Oltmish uch pud puch pistasi bo`lsa ham o`sha usta Musa puch pistafurush, oltmish uch pud puch pistasi bo`lmasa ham o`sha Musa puch pistafurush”. Tez aytishda savdodagi qalloblikni fosh etish yetakchi motiv bo`lib kelgan. Demak tez aytish shunchaki tovushlar tizimidan iborat emas. Pistaning puchligini ta’kidlovchi “p” va “ch” tovushlari – tavze’ asosi. Binobarin, “puch pista” iborasi tez aytish uchun muddao husni – motivni ifodalovchi vositaga aylangan. Muddao husni ham she’riy, ham nasriy tez aytishlarda tugun vazifasini o`taydi. Ular motivnigina emas, balki qaysi tovushni tavze’ga solishni yoxud so`zni takrorlashni belgilovchi vosita sifatida so`z yoki so`z birikmasi shaklida namoyon bo`ladi. Bunday tez aytishlarni katta yoshli bolalar aytadi, o`shanda ham 20 dan ortiq so`zga ega bo`lgan tez aytishlarni bir bor bir nafas bilan aytish mumkin. Ikkinchi bor aytayotganda baribir nafas oladi, faqat qisqa nafas oladiki, tinglovchining sezishi qiyin bo`ladi. Bunday tez aytishlarni murabbiy aytib berishi mumkin. Bog`cha bolasining ovozini zo`riqtirish mumkin emas. Uning ovoz diapozonini bilish, ehtiyotlash, zo`rga qo`ymaslik shart. Yana bir muhim masala shundaki, 3 yoshli bolaga 2-3 so`zli, 4 yoshli bolaga 4 so`zli, 5 yoshli bolaga 5 so`zli tez aytishni ayttirar ekansiz, bu qoida hamma vaqt ham bir xilda qo`llanmaydi. Umrida tez aytish aytmagan 5 yoshli bolaga ham ikki so`zli tez aytish ayttirishdan ish boshlash lozim. Sababi, unda bu borada ko`nikma bo`lmagani uchun birdan zo`riqtirib qo`yolmaysiz. Jarayonni 3 yoshli boladagi kabi boshlaysiz.
Tez aytish bir nafasda ko`p bor aytilishi lozim. Murabbiyning o`zi bir nafasda o`ndan ortiq marta aytib bilsa, bog`cha bolalaridan so`ray oladi. Bog`cha bolalari uchun tez aytish ayttirish o`ta qiziqarli mashg`ulot. Ular bir-birlariga qiziqib, qayta-qayta aytishni, har safar kim o`zarga aytishni yaxshi ko`radilar. Tеz aytish mashqlari ham ma'lum tovushlarni to`gri talaffuz etish ko`nikmasini hosil qilar ekan, uni faqat “ifodali o`qish” mashg`ulotida emas, “yod olish”, “nutq o`stirish” mashg`ulotlarida ham ayttirish zarur va foydalidir. “Qobil qozonda qovurdoq qovurdi”, “Qodir qag`illagan qarg`aga qaradi”. Bu janrdagi asarlarni tez o`qish foydaliroq, bizningcha. Aynan shu janr bolalardagi ifodali o`qish qobiliyatini rivojlantirishdagi eng foydali janrlardan bo`la oladi. Tez aytishni ifodali ayttirish bog`cha bolalari uchun quyidagicha ahamiyat kasb etadi:
Ovozining jarangdorligini oshiradi.
Ovoz tembrini sozlaydi.
Tovushlarni, so`zlarni burro aytishga ko`nikadi.
Aytishga qiynaladigan tovushi qolmaydi.
Ifodali o`qish ko`nikmasi paydo bo`ladi.
“Ifodali o`qish”, “yod olish”, “nutq o`stirish” mashg`ulotlarida quyidagicha topshiriq berishingiz mumkin:
1.“S” tovushi takrorlangan tez aytish ayting! “Salima, Saida, Sokina sahifani sinchiklab o`qidilar”, “Salomat sanamay sakkiz demas”.
2. “G” tovushi takrorlangan tez aytish ayting! “Gulsara gulzor oralab gul sanadi”.
3. “Q” tovushi takrorlangan tez aytish ayting! “Qobil qozonga qovurdoq qovurdi”, “Qodir qag`illagan qarg`aga qaradi”.
4. “T” tovushi takrorlangan tez aytish ayting! “To`lqin topishmoqni to`g`ri topdi”. So`zlar sonini bolalar yoshiga moslab kamaytirish mumkin. Bunday tez aytishlarni murabbiy o`zi yodlatishi, keyin so`rashi mumkin. Bola ham ifodali va tez aytadi, ham tovushni farqlab, aynan so`ralgan tovush ishtirok etgan tez aytishni aytib beradi. Bunday mashqlar ovoz va nafasni birlashtiruvchi mashqlar sifatida barcha mashg`ulotlarda ishlatilishi mumkin. Asosiysi, tez aytishda so`zining soni qanchalar muhim bo`lsa, tovushlarning joylashish o`rni ham shunchalar muhim. “Halimani sanama, Salimani sana”. Bu tez aytish to`rt so`zli bo`lsa ham aytilishi oson. Demak murabbiy tovushlar talaffuzini chuqur idrok etishi, hech bo`lmasa so`zlarni o`zi aytib ko`rib, tez aytishning aytilish darajasini aniqlashi, shunga qarab yodlatishi lozim. E’tibor qiling: “Go`zalning gullari gultuvakda gulladi”. Besh so`zli bo`lishiga qaramay aytilishi “To`rt tut turp” tarzidagi uch so`zli tez aytishdan oson. Alliteratsion ritm u yoki bu tovushning to`g`ri va ravon talaffuzini ta’minlashga buysunganidan, ularni shovqin va shiddat bilan aytish zaruriyatga aylangan. Shu sababli tez aytishlarni kuylab bo`lmaydi. Bu xususiyat, ayniqsa, nasriy tez aytishlarda yanada ravshanroq bilinadi. Har bir so`z o`zaro o`xshash tovushli bo`lganligidan ichki alliteratsion ohangdorlkni yuzaga keltiradi. O`z navbatida, bu ichki turoqlanish asosida o`ziga xos poetik ritm hosil qiladi. Shu sababdan tez aytishlar ifodali o`qish obyekti bo`la oladi. Asosiysi, folklor janri bo`lmish tez aytishlar bolalar talaffuzini burro etishda, tovushlarning nozik ma’nolarini fahmlashlari hamda farqlashlarini ta’minlashda, ularga ham ta'lim, ham tarbiya berishda muhim vosita bo`lib kelmoqda.
Folklorning maxsus turi maqol, topishmoq, tez aytish kabi janrlarni o`z ichiga oladi. Bu janrlar yuksak axloqiy tarbiya vositasi, xalq donishmandligining, topqirligining, so`z ustasi ekanligining ajoyib namunasi hisoblanadi. Avvalo, mana shu jihatlarning o`zi maqol, topishmoq, tez aytish kabi janrlarni o`rganishning ilmiy-amaliy ahamiyati va zaruriyati ulkan ekanligidan dalolat bеradi. Bu janrlarni o`rgatishni aynan bog`cha bolasidan boshlash muhim.
Dum-dumaloq bo`yi bor,
Palovda obro`yi bor (Behi) . 
Topishmoqlar xalq og`zaki ijodining bolalarni o`ylashga, topqirlikka o`rgatuvchi qadimiy janrlardan biridir. Har bir topishmoq zamirida “Kim?”, “Nima?” so`roqlariga yashirin javob yotadi. Har bir topishmoq uni yaratgan xalqning hayoti, urf-odati , o`ziga xos rasm-rusumlari bilan bog`liq holda bo`lib, bolalar o`rtasida kеng tarqalgan. Xalq orasida topishmoq, jumboq, matal, top-top, cho`pchak kabi terminlar bilan yuritilib kelingan topishmoq janri o`zbek folklorida qadim zamonlardan hozirgacha yashab kelmoqda va rivojlanmoqda. Uzoq o`tmish davrlarda topishmoq insonni o`rab olgan muhit va tabiatning turli-tuman hodisalari haqidagi tushunchalarining badiiy ifodasi sifatida maydonga kelgan. Tog` va o`rmonlar, daryo va ko`llar, cho`l-u biyobon, yer va osmon, quyosh va oy, yulduz va fasllar, zulmat va yorug`lik, toshqinlar, chaqmoq va momaqaldiroq, hayvonot olami, oila-ro`zg`or jihozlari, dov-daraxt, mehnat qurollari va boshqalar haqida jamoa ijodning mahsuli bo`lib to`qilgan topishmoqlar avloddan-avlodga o`tib, katta va kichikka hayot, tabiat sirlari haqida o`ylashni, bilishni o`rgatib kelganligi bilan g`oyat ahamiyatlidir.
Topishmoq aytish qadimgi zamonlardan boshlab turli xalqlarning hayoti, ijtimoiy shart-sharoitlari, dunyoqarashlari, urf-odatlari, mufologik tasavvurlari bilan bog`liq bo`lgan. Rus xalqi orasida dekabr, yanvar oylarida, turkmanlarda navro`z bayrami oqshomlarida topishmoq aytish rasm bo`lgan. O`zbek xalqi ham boshqa qardosh xalqlar kabi kuz va qish kechalari g`o`za chuvish, charx yigirish, olacha to`qish kabi qo`l mehnati bilan bajariladigan turli-tuman ishlar davomida topishmoq aytishgan. Topishmoq aytish qaysi bir xalqda bo`lmasin, u aql-ziyraklik musobaqasi, ko`ngil ochish, o`yin-kulgi vositasidir. Topishmoq aytish, asosan, bolalarning so`z boyligini oshirish, hayot va uning hodisalari haqidagi bilim-tushunchasi, idroki va mulohazalarini kengaytirish uchun zarur tarbiya vositalaridan biri bo`lgani tufayli ular soddadan murakkabga, osondan qiyinga borish usulida yaratilgan. Topishmoqlar orasida maktab yoshigacha bo`lgan bolalar osonlik bilan topa oladiganlari bo`lgani kabi katta yoshdagi bolalar, hatto turmush tajribasi ko`p kishilarning ham boshini qotirib, o`ylashga majbur qiladiganlari ham bor. Masalan, “Otdan baland, itdan past”, “Qoziq ustida qor turmas” kabi egar, tuxum haqidagi topishmoqlar xalq orasida keng tarqaganligidan topishmoq aytilib bo`linmay, eshituvchilar uning javobini topa oladi. Ammo “Uzundan uzoq, havoga tuzoq” (tutun) kabi topishmoqlar ancha o`ylantirib qo`yadi. Topishmoqni hamma – katta-kichik aytadi, uni topishda ham ko`pchilik ishtirok etadi. Xalq orasida nisbatan ko`p topishmoq biladigan kishilar topishmoqchi, jumboqchi ham deb yuritiladi.
Topishmoqlarda savol tarzida aytiladigan fikrlar ma’lum bir badiiy shaklga tushgan bo`ladi. Ular xuddi maqollar kabi ixcham, quyma, ta’sirchan tarzda yaratiladi. Badiiy tafakkur mevasi bo`lgan topishmoqlarda fikr timsoliy yo`l bilan ifodalanadi, uning savol va javobini ichki mantiqiy qiyoslash boshqarib turadi.
Topishmoq aytishning muayyan tartib-qoidalari mavjud. Topishmoqning javobi topilishi bilan ketma-ket aytila beriladi. Agar topishmoqning javobini topa olmasa, o`tmishda ”shahar” talab qilinardi. Bunday usuldan tayyorlov guruhlarida foydalanish mumkin. Bu usul bolalarning zerikib qolmasligini, topishga astoydil harakat qilishini, butun diqqatini sarflashni talab qiladi. Qadimda topishmoq aytuvchi topishmoq javobini topa olmagan, ”shahar bergan” kishini ma’lum vazifani bajarishga majbur qilgan. So`ng ”Sen topmasang, men topay, uning o`zi...” deb javobini aytgan. Bunda topishmoq aytuvchi bilan topuvchi o`rtasidagi ”sotdim-oldim” diologida, xuddi topishmoqdagidek, narsalarning bir-biriga ma’lum tomonlari o`xshatiladi. ”Sotdim-oldim”da kishilarning obrazli fikrlashi topishmoqning uzviy bir qismi bo`lib davom ettiriladi:
– Sotdim.
– Oldim.
– Nimani?
– Qo`lingni.
– Nima qilasan?
– Panshaxa qilib, xirmon sovuraman.
Topishmoq aytuvchi qanoat hosil qilguncha shu tariqa savol-javob davom etadi. Javob topa olmagan shaxsning deyarli barcha tana a’zolari ”sotib olinadi”. ”Sotdim-oldim”da kishining ko`zini jinchiroqqa, burnini hushtakka, boshini toshga, og`zini o`raga va boshqa a’zolarini turli-tuman narsalarga o`xshatib, masxara qilinadi. Ko`rinib turibdiki, topishmoq aytishish mehnat ahlining o`ziga xos ko`ngil ochishi, xursandchilik qilishining bir yo`lidir. Topishmoq aytish orqali davrada ajoyib xushchaqchaqlik, ruhiy ko`tarinkilik paydo bo`ladi. Topishmoqlarni yaxshi biladigan keksalarning guvohlik berishicha, topishmoq aytish kechalari juda maroqli o`tgan, ayniqsa, yoshlarga tarbiyaviy-ta’limiy jihatdan katta foyda yetkazgan.
Ayrim topishmoqlar maqollik xususiyatiga ham ega bo`ladi. Masalan, “Hammaga to`n tikaman, o`zim yalang`och” (igna) topishmog`i chuqur ijtimoiy mazmuni bilan ajralib turadi. Ehtimol, bu topishmoq va maqol janrining yonma-yon yashab kelganining ta’siri tufaylidir.
Qofiya, vazni topishmoqning silliq, ixcham, ohangdor, esda qoladigan bo`lib tuzilishini ta’minlashga xizmat etadi. Masalan:
Yungi – igna,
Burni tugma.
Ko`zi munchoq,
Bag`ri – yumshoq.
Topishmoq, tez aytishdan foydalanish jarayonida murabbiy mashg`ulot o`tishning “Qora quti”, “Aqliy hujum”, “Qadamba-qadam”, “Rasmli topishmoq”, “Uchinchisi ortiqcha” kabi interfaol usullaridan foydalanishi mumkin.
Ifodali o`qishda fikrni to`g`ri ifodalash uchun mantiqiy to`xtamdan tashqari, ruhiy to`xtam ham muhim o`rin tutadi. Bu to`xtam, ko`pincha, o`quvchining his-hayajoni orqali ifodalanib, gapning turli o`rinlarida bo`lishi mumkin. Shuningdek, fikr ifodalashda mantiqiy urg`u ham katta ahamiyatga ega. Mantiqiy urg`uni noto`g`ri qo`llash mazmunni buzadi. Bundan tashqari asar matnidagi fikrlar bir-biri bilan bog`liq bo`lgani uchun gapni o`qishda oldingi va keyingi gaplar mazmunini ham hisobga olish muhim ahamiyatga ega. Bunday vaziyatda folklor asarlari asrlar sinovidan o`tganligi ahamiyat kasb etadi.


10-mavzu. Lirik janrlarda ohang va musiqiylik (4 s.)
REJA:
1.Lirik janrlar asosida marom va musiqiylik, voiz nutqida marom va ohang.
2.Barmoq vaznidagi she’rlarni ifodali o`qish.
3.Aruz vaznidagi she’rlarni ifodali o`qishning o`ziga xosligi.
4.Erkin vazndagi she’rlarni ifodali o`qish.
5.Ovoz tovlanishlari.

Download 0.75 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   17   18   19   20   21   22   23   24   ...   30




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling