Eski o’zbek adabiy tilida bitilgan baytlar:
Bu ulus to xublar ko’rdik, ey o’zbegim,
Dilrabolikda sizingdek sho’xi ra’no ko’rmadik. (ATOYI)
Shohu, toju xil’atkim, men tomosha qilg’ali
O’zbakim boshida qalpoq, egnida shirdog’i bas. (NAVOIY)
Qaro meng ol yangoqingg’a yaroshur,
Boshim doyim adoqingg’a yaroshur. (XORAZMIY)
Qarinchqa aydi: “Mavlodin ne tilading?”
Sulaymon aydi: “Andoq mulk tiladimkim, mandin o’zga kim ersada bo’lmasin”.
Qarinchqa aydi: “Bu so’zdin hasad isi kelur, manga bo’lgin, o’zgalarga bo’lmasun”.
(RABG’UZIY)
ESLATMA: “Devoni hikmat”, “Qissasi Rabg’uziy”, “Muhabbatnoma”, “Me’rojnoma”, “Muqaddimat ul-adab”, “Yusuf va Zulayho”, “O’g’uznoma” kabi asarlar XII-XIII asrlarda yaratilgan bo’lib, ularda eski o’zbek tilining mahalliy shevalari aks etadi.
HOZIRGI O’ZBEK ADABIY TILI
Bu davr adabiy tili aslida XIX asrning ikkinchi yarmidan boshlab shakllangan. XIX asrda o’zbek tilida dastlabki o’qish kitoblari va amaliy grammatika qo’llanmalari yuzaga keldi. Bu ish XX asrda yanada keng tus oldi. Hozirgi o’zbek adabiy tilining vujudga kelishida muhim bosqich eski o’zbek adabiy tili hisoblanadi. Chunki XIV asrdan XIX asrning ikkinchi yarmigacha bo’lgan tarixiy davr o’zbek xalqi tilining takomillashuvida muhim rol o’ynadi. Shuningdek, XIX asrning ikkinchi yarmida yuzaga kelgan siyosiy vaziyat ham muhim omil hisoblanadi. Ya’ni rus istilosi natijasida tilimizda ko’plab rusiyzabon va ovro’pacha so’zlar paydo bo’ldi: uyezd, gazeta, gimnaziya, general gubernator, veksel, poyezd kabi. Bu esa tilimizning zamonaviylashishiga sabab bo’ldi.
Hozirgi o’zbek adabiy tilida e’lon qilingan dastlabki gazeta – “Turkiston viloyatining gazeti” (1875)
XX asrning 20-yillarida Fitrat o’zbek tilining sarf (morfologiya) va nahv (sintaksis) sohalarini tadqiq qildi. Elbek, Zohiriy kabi olimlar o’zbek tilining turli sohalarining tahlil qildilar. Bu davrda, ayniqsa o’zbek shevalari keng o’rganildi. Borovkov, Polivanov, Abdullayev, G’ulomov, G’oziyev, Mutallibovlar bu sohada katta xizmat qildilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |