Ishlab chiqarishni boshqarish tizimlarining tasnifi. Texnologik jarayonlarini avtomatlashtirilgan tizimlarini tarkibi va strukturasi
Download 262.71 Kb. Pdf ko'rish
|
2-mavzu. ISHLAB CHIQARISHNI BOSHQARISH TIZIMLARINING TASNIFI. TEXNOLOGIK JARAYONLARINI AVTOMATLASHTIRILGAN TIZIMLARINI TARKIBI VA STRUKTURASI-конвертирован (1)
2.1.7. Konstruktorlik tayyorlash
Ishlab chiqarishni konstruktorlik tayyorlash yangi mahsulotni loyihalash va avval chiqarilgan mahsulotni modernizatsiyalash, shuningdek korxonani yoki uning ayrim bo‘limlarini rekonstruksiya qilish va qayta jihozlash loyihasini ishlab chiqishdan iborat. Loyihalashda mahsulotning xususiyati, uning konstruksiyasi, fizik-kimyoviy xususiyatlari, tashqi ko‘rinishi, texnik-iqtisodiy va boshqa ko‘rsatkichlari belgilanadi. Konstruktorlik tayyorlashning natijalari texnik hujjatlar - chizmalar, kimyoviy mahsulotning retsepturalari, materiallar spetsifikatsiyalari, tayyor mahsulot namunalari va hokazolar shaklida rasmiylashtiriladi. Yangi mahsulot loyiha-texnologik va ilmiy-tadqiqot institutlari, ilmiytexnologik markazlar, shuningdek korxonalarning konstruktorlik bo‘limlari va laboratoriyalar tomonidan ishlab chiqiladi. Ishlab chiqarishni konstruktorlik tayyorlash vazifalariga quyidagilar kiradi: - mahsulot sifatini doimiy yaxshilash; - tayyorlashning progressiv usullaridan foydalanib, mahsulotni tayyorlash jarayonini takomillashtirish. Bu esa mahsulotni tayyorlashda ishlab chiqarish resurslaridan foydalanish unumdorligini oshiradi; - tayyor mahsulotning iste’mol xususiyatlarini yaxshilash, mahsulot birligiga materiallar sarflanishining me’yorlarni kamaytirish, foydalanish xarajatlarini kamaytirish tufayli tayyor mahsulotning tannarxini kamaytirish; - mahsulotni loyihalashda mavjud standartlardan va unifikatsiyalashtirilgan yarim tayyor mahsulotlardan foydalanish. Ishlab chiqarishni konstruktorlik tayyorlash quyidagi bosqichlarga bo‘linadi: - loyiha topshirig‘ini, eskiz loyihasini ishlab chiqish; - tajriba namunasini tayyorlash va sinovdan o‘tkazish; - texnik loyihani, ish loyihasini ishlab chiqish; - tajribaviy partiyalarning mahsulotini tayyorlash va sinovdan o‘tkazish; - sinovlar natijalari bo‘yicha konstruksiyani moslab etkazish; - ish loyihasini aniqlash va uni rasmiylashtirish; - ish loyihasini ishlab chiqarishni texnologik tayyorlash organlariga topshirish. Buyurtmachi (korxona) yoki uning topshirig‘iga binoan loyiha tashkiloti tuzadigan loyiha (texnik) topshirig‘i yangi mahsulotni loyihalashning boshlanishi uchun asos bo‘ladi. Loyiha topshirig‘ida mahsulot nomi, uning maqsadi, qo‘llanish sohasi, ishlab chiqarish va foydalanish jarayonidagi texnik va iqtisodiy ko‘rsatkichlar ko‘rsatiladi. Loyiha topshirig‘ida yangi mahsulotning avval chiqarilgan mahsulotdan tub asosiy farqlari aniqlangan, uning ro‘yxati va tayyorlash zarurligining asoslanishi keltirilgan, ham iste’molchi uchun, ham ishlab chiqaruvchi uchun hisoblangan samarasini hisobga olgan holda yangi mahsulotning unumdorligini hisoblash keltirilgan bo‘lishi kerak. Buyurtmachining loyiha topshirig‘ini tahlil qilish va mahsulotlarning ehtimoliy echimlarining har xil turlarini taqqoslash, ishlab chiqiladigan va mavjud mahsulotning foydalanish xususiyatlarini, shuningdek patent materiallarini hisobga olib, echimlarni qiyosiy baholash natijasida texnik taklif - loyihani keyingi ishlab chiqishning maqsadga muvofiqligini texnik va texnik-iqtisodiy asoslashni o‘z ichiga olgan konstruktorlik hujjatlarining yig‘indisi tuziladi. Texnik taklif belgilangan tartibda kelishilgan va tasdiqlanganidan keyin eskiz (texnik) loyihani ishlab chiqish uchun asos bo‘ladi. Eskiz loyihasi - konstruktorlik hujjatlarning yig‘indisi bo‘lib, u mahsulot va undan foydalanish haqida umumiy tasavvur beruvchi tub asosiy konstruktiv echimlar, shuningdek, uning maqsadi va asosiy tavsiflarini belgilaydigan ma’lumotni o‘z ichiga olishi lozim. Eskiz loyihasini ishlab chiqishda yangi mahsulotning tub asosiy tavsifi aniqlanadi, eng samarali echimni, uning texnik, texnologik, foydalanish xususiyatlarini tanlash amalga oshiriladi. Eskiz loyihasi doimo bir necha variantlarda, keyin ulardan birini tanlash uchun tuziladi. Eskiz loyihasi belgilangan tartibda kelishilgan va tasdiqlanganidan keyin texnik loyihani yoki ish konstruktorlik hujjatlarini ishlab chiqish uchun asos bo‘ladi. Texnik loyiha - konstruktorlik hujjatlarning yig‘indisi bo‘lib, unda ishlab chiqiladigan mahsulotning tuzilishi haqida to‘liq tasavvur beruvchi yakuniy texnik echimlarni va ish hujjatlarini ishlab chiqish uchun boshlang‘ich ma’lumot bo‘lishi kerak. Texnik loyiha asosida materiallar va yarimfabrikatlar tanlanadi, mahsulotni tayyorlash prinsiplari ishlab chiqiladi va iqtisodiy jihatdan asoslanadi. Texnik loyiha belgilangan tartibda kelishilgan va tasdiqlanganidan keyin ish konstruktorlik hujjatlarini ishlab chiqish uchun asos bo‘ladi. Avval ishlab chiqilgan konstruktorlik hujjatlari odatda yangi mahsulotni ishlab chiqishda yoki tayyorlanadigan mahsulotni modernizatsiyalashda qo‘llanadi, bu esa loyihalash muddatlari qisqarishiga olib keladi. Ishlab chiqarishni konstruktorlik tayyorlashning yakuniy bosqichi chizmalar, yo‘riqnomalar, sxemalar va hokazolarni o‘z ichiga olgan texnik hujjatlarni: texnik sharoitlar, farmakopeya maqolalarini ishlab chiqishdir. Texnik sharoitlar (TSH) va farmakopeya maqolalari (FM) mahsulotning (buyum, material, modda va hokazo) texnik hujjatlar to‘plamining ajralmas qismi bo‘lib, uning sifatini belgilab beradi. MTH konstruktorlik yoki boshqa texnik hujjatlarida ko‘rsatish maqsadga muvofiq bo‘lgan mahsulotning sifatiga, uni tayyorlashga, nazorat qilish, qabul qilish va etkazib berishga qo‘yiladigan barcha asosiy talablarni o‘z ichiga olishi lozim. Tajribaviy partiyani sinovdan o‘tkazish va maromiga etkazishdan keyin ish loyihasi aniqlanadi, u yakunlangan shaklida ishlab chiqarishni texnologik tayyorlash uchun topshiriladi. Loyihalashning barcha bosqichlarida mahsulotning hamma texnik va iqtisodiy xususiyatlari aniqlanadi, muayyanlashtiriladi va yakuniy belgilanadi, mahsulotni takomillashtirishning boshida tanlangan yo‘lidan foydalanishning maqsadga muvofiqligi aniqlanadi va uni chiqarish yuzasidan qaror qabul qilinadi. Kimyo va oziq-ovqat sanoat sohalarida mahsulotni loyihalash amaliy tadqiqotlar, izlanishlar va ishlanmalar, shuningdek ishlab chiqarishni texnologik tayyorlash bosqichida bajariladi. Ishlab chiqarishni konstruktorlik tayyorlash uni o‘tkazish, sanoat, ilmiytadqiqot, loyiha-konstruktorlik tashkilotlari va korxonalari tomonidan ishlab chiqiladigan va qo‘llanadigan konstruktorlik hujjatlarini rasmiylashtirish va muomala qilishning yagona o‘zaro bog‘liq qoidalarini belgilaydigan davlat standartlarining to‘plamiga muvofiq amalga oshiriladi. Ularni qo‘llash ishlab chiqarishni ilmiy-texnik tayyorlashni chiqariladigan mahsulotlarning raqobatdardoshligini kafolatlashi, loyihalash vaqtini qisqarishi, bu jarayonning zaruriy bir xil yagonaligini ta’minlashi mumkin bo‘lgan yuqori darajasida ta’minlash uchun maqbul sharoitni yaratishga imkon beradi. Download 262.71 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling