Islom ensiklopediyasi


Download 5.13 Kb.

bet18/55
Sana09.02.2017
Hajmi5.13 Kb.
1   ...   14   15   16   17   18   19   20   21   ...   55

 
IBN ar-RAVONDIY, Axmad ibn Yahyo Abul Husayn (9-a.) - ilohiyotchi; umri davomida 
o‘zining diniy-siyosiy qarashlarini bir necha marta o‘zgartirgan. Marvarrudda tug‘ilib, 
Bag‘dodda katta bo‘lgan. Bu yerda mu’taziliy Bishr ibn al-Mu’tamir (825 y. dan keyin 
v.e.)ning izdoshi bo‘lgan, uning ilohiyot maktabida ta’lim olgan. Dastlabki asarlari 
mu’taziliylar g‘oyasini targ‘ib etishga bagashlangan, keyinchalik u mu’taziliylardan 
yiroqlashgan va ko‘pgana muarrixlar fikricha, "xudosiz" (mulxid) bo‘lgan. Mu’taziliylar 
uni jazolashni xalifadan so‘rashgan. I. ar-R. qochishga majbur bo‘lib, Kufada bir 
yahudiyning uyiga yashiringan. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, u 9-a. 60-y.da Bag‘dodda, 
taxm. 40 yoshda vafot etgan, boshqa ma’lumotlarga ko‘ra esa, 10-a. boshlarida taxm. 
80 yoshda vafot etgan. 
I. ar-R. 40 dan oshiq asar yozgan. Ularning aksariyati, ham mu’taziliylar, ham 
umummusulmon aqidalarini rad etishga bag‘ishlangan. Xususan, "Kitob az-zumurrud" 
asarida u payg‘ambarlikni, xususan, Muhammad (sav)ni tanqid qilgan, payg‘ambarlar 
ko‘rsatadigan mo’jizalar va Qur’onni rad etgan, ba’zi diniy aqidalar sog‘lom aqlga to‘g‘ri 
kelmaydi deb da’vo qilgan va b. Ibn al-Murtadoning ta’kidlashicha I. ar-R. asarlari 
ma’lum mukofot evaziga yahudiylar, nosarolar, duapistlar va b. uchun yozilgan bo‘lsa 
kerak. Xususan, imomiylar haqida rofiziylar uchun yozgan risolasi uchun u rofiziylardan 
30 dinor olgan. 
 
 
IBN RUSHD Abdulvalid Muhammad (lot. Averroes) (1126, Kordova - 1198.12.12, 
Marokko) - arab faylasufi va tabibi. Andalusiya va Marokashda yashagan, qozi va saroy 
hakimi bo‘lgan. Aristotel asarlariga sharxlar yozgan. Razoliy ta’limotiga qarshi "Tahofut 
ut-tahofut" ("Raddiyatni rad etish") asari bilan falsafada muayyan o‘rin tutadi. I. R. 
moddiy dunyo abadiy, uning boshi xam yo‘q, oxiri ham bo‘lmaydi, degan. Lekin, 
uningcha, moddiy dunyo fazoda cheklangan. Xudoning borligini tan olgan I. R. uning 

Islom Ensiklopediyasi 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
113
olamdan oldin bo‘lganligiga ishonmagan va xudo yaratilgan olam bilan birga abadiy, deb 
hisoblagan. U ruh o‘lmaydi, oxirat bor degan gaplarga qarshi chiqqan. I. R. - ikki haqiqat 
nazariyasini ilgari surib, bilimni e’tiqodga, falsafani ilohiyotga qarama-qarshi qo‘ydi 
hamda fanning, inson aqlining roliga yuqori baho berdi. I. R. kishi oliy kamolotga zikru 
sano orqali emas, balki ilmiy-falsafiy bilim orqali erishadi, deb hisoblagan. O’z davrining 
ilg‘or kishisi bo‘lgan I. R. adolatli jamiyat qurishni, xotin-qizlarga teng huquq berilishini, 
hurlik g‘oyalarini targab qildi. I. R. g‘oyalari o‘rta asr falsafasiga katta ta’sir ko‘rsatdi. I. 
R. 7 jildli qomusiy tibbiy asar "Kitob al-kulliyot" (tibbiyot bo‘yicha umumiy qo‘llanma) 
muallifidir.  
 
 
IBN SINO, Abu Ali al-Xusayn b. Abdulloh Buxoriy (980-1037) - o‘rta osiyolik qomusiy 
olim. Yevropada Avitsenna nomi bilan mashhur. Buxoro viloyatining Afshona qishlog‘ida 
amaldor oilasida tug‘ilgan. Otasi ismoiliylar firqasiga mansub bo‘lgan. I.S. yoshligidan 
ilm-fan o‘rganishga kirishadi, Sharq mutafakkirlari asarlarini, qad. yunon tabiiy-ilmiy va 
falsafiy merosini o‘rganadi. I.S. asarlari 280 dan oshadi, bizgacha ularning 160 ga yaqini 
yetib kelgan. I.S. iste’dodli, xotirasi kuchli, zehni o‘tkir bo‘lib, 10 yoshidayoq Qur’onni 
yod bilgan. I.S.ning ilohiyotga oid qarashlari "Ash-shifo", "An-najot", "Ishorat va 
tanbehot" kabi asarlarida bayon etilgan. Uning fikricha, olamdagi barcha mavjud 
narsalar ikkiga bo‘linadi: zaruriy vujud (vujudi vojib) va imkoniy vujud (vujudi mumkin). 
Zaruriy vujud - hech narsaga bog‘liq bo‘lmagan, irodali, qudratli Tangridir. Qolgan 
hamma narsa imkoniy tarzda mavjud bo‘lib, zaruriy vujud - Tangridan kelib chiqadi. 
I.S. "At-ta’liqot" risolasida "insonlarning aqli haqiqiy mohiyat va haqiqatni, "birinchi"ni 
(ya’ni, Xudoni) idrok qilmaydi" deb yozadi. 
I.S. fikricha, vujudi o‘zidan bo‘lgan narsagana hakdir. Binobarin, Xudo hakdir va undan 
boshqa har qanday narsa botildir. Vujudi vojib uchun biror isbot ham yo‘q va o‘zidan 
o‘zgacha yo‘l bilan uni bilib bo‘lmaydi. Chunonchi, u Qur’oni karimdagi fikrga qo‘shilib, 
"Alloh guvoxlik beradiki, undan boshqa iloh yo’qdir" deydi. I.S. "Donishnomaye aloiy" 
asarida yozadi: "Uning barakotidan shu narsa kelib chiqadiki, olamning avvali bordirki, U 
olamga o‘xshaydi. Olamning borlig‘i Undan, Uning vujudidandir. U esa, vojib va o‘z-
o‘zicha vujuddir. Barcha narsalarning borlig‘i Uning tufaylidir". I.S. dinga e’tiqod qilsa 
ham o‘z davridagi ba’zi tasavvurlarga e’tiroz bildirgan. I.S. ijodi, ilmiy faoliyati Sharq va 
Yevropadagi fan, ma’rifat va madaniyat taraqqiyotiga katta ta’sir ko‘rsatdi.  
 
 
IBN TAYMIYA, Taqiy ad-Din Ahmad (1263 - 1328) - hanbaliylik mazhabiga mansub 
faqih va ilohiyotchi olim. Harron (Suriya)da tug‘ilgan 1269 y otasi oilasi bilan 
Damashqqa ko‘chib o‘tadi. I.T. dastlab otasi asos solgan Sukkariya madrasasida ta’lim 
oladi, so‘ng shu madrasaga o‘zi rahbarlik qiladi. 1306-1312 y.larda Misrda yashagan. 
Shu davrda u Misr ilohiyotchilari bilan keskin bahslar yuritdi va natijada 2 marta 
zindonga tashlandi. 1313 y. Damashqqa qaytib yana mudarrislik faoliyatini davom 
ettirdi. Ammo, bu yerda ham 1321 va 1326 y.da zindonga tushadi va pirovardida 
qal’ada vafot etadi. 
I.T. o‘z dunyoqarashiga ko‘ra, hanbaliylik mazhabining salafiya oqimiga mansub edi. U 
Payg‘ambar (sav)ning sahobalari fikrlarini to‘rt mazhab asoschilarining ta’limotlaridan 
ustun qo‘yish, ijtihod masalasida esa, Qur’on va hadis matnlari bilan cheklanish tarafdori 
edi. I.T. islomning "sof"ligi uchun kurashib, falsafa, kalom (xususan, ash’ariya)ni, 
avliyolarga sig‘inish va Payg‘ambar(sav) qabrlarini ziyorat qilishni keskin qoraladi. 
Siyosat bobida I.T. davlat va dinning birligi g‘oyasini targ‘ib etdi. U yozgan ilmiy va diniy 

Islom Ensiklopediyasi 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
114
asarlar o‘rta asrlar islom merosining tarkibiy qismini tashkil etadi va hamma tomonidan 
e’tirof qilinadi. Ammo, ayni vaqtda hanbaliylik ta’limotining to‘la shakllanishida katta 
xizmat qilgan bu asarlar Yaqin Sharq tarixining keyingi davrlarida radikal islom oqimlari 
uchun nazariy asos vazifasini o‘tay boshladi. Hanbaliylarga xos ijtimoiy-siyosiy faollik 
I.T. asarlarida yuqori darajaga ko‘tarilganining sababi shundaki, u davrda Suriya 
(Shom)dan sharkda joylashgan yerlar mo‘g‘ullar qo‘l ostida, ammo, aholisi musulmon 
edi. Hatto Eron va Iroqda hukmron bo‘lgan ilxonlar (xulaguiylar) ham islomga 
kirgandilar. Lekin, I.T. ularni haqiqiy musulmon deb hisoblamas, ularga qarshi jihodga 
da’vat etardi. I.T. ta’limoti uning hayotligi chog‘ida keng tarqalmagan bo‘lsa-da, 18-a.da 
vahhobiylikning kelib chiqishiga manba bo‘ldi. 
 
 
IBN TUMART, Muhammmad ibn Abdurahmon (1078 yoxud 1081-1130) - Shim. 
Afrikadagi al-"Muvahhidun" harakati rahbari va sulolasi asoschisi. Susa (Jan. 
Marokash)da tug‘ilgan. Ko‘pgana muarrixlar uning shajarasini Ali ibn Abu Tolib (kv)ga 
bog‘laydilar, biroq Ibn Xaldun uni barbarlardan hisoblaydi. 1106 y. I.T. Qurtubaga kelib 
fiqh bilan mashg‘ul bo‘lgan, 1108 y. Iskandariyada mashg‘ulotini davom ettirgan, bir 
muncha vaqt Bag‘dodda tahsil olgan. Sharkda I.T. ash’ariylarning izchil izdoshi bo‘lgan, 
hadislarga tayanmay mustaqil hukm chiqarishga qarshi chiqqan. Dinni poklash, uning 
asl, ilk manbalariga qaytish (usul) haqidagi va’zlari natijasida uni Bijayndan quvg‘in 
qilishgan. 1120 y. Marokashda al-Muvahhidun amiri Ali ibn Yusuf (1106) I.T. bilan 
mahalliy ulamolar o‘rtasida munozara uyushtirgan. Ulamolarning I.T. qarashlariga 
bo‘lgan noroziligi shu qadar bo‘lgan-ki, u hibsga olinishdan zo‘rg‘a qutilib qolgan. 
Shundan e’tiboran I.T. dinni poklash shiori ostida "al-Muvahhidun"ga qarshi ochiqtsan-
ochiq siyosiy qarshi chiqqan (11-a. o‘rtasi - 1147). Uni ko‘plab barbar qabilalari qo‘llab-
quvvatlashgan. Uch yillik urushdan so‘ng u Nfis daryosining yuqori oqimidagi tog‘li 
Tinmalal qal’asi (Marokashdan 75 km jan.da)da o‘rnashib olgan. U har tomondan 
Muhammad (sav)ga o‘xshashga da’vo qilgan. Tinmalalga ko‘chishni hijrat, yaqin 
safdoshlarini - ashoblar deb atagan va b. O’zini gunohlardan xoli imom va Mahdiy deb 
atagan. 1130 y. Marrokashni 6 kun muvaffaqiyatsiz qamal qilgach, I.T. qo‘shini tor-mor 
keltirilgan, bir ozdan so‘ng o‘zi ham vafot etgan. Uning vafot etganini yaqin do‘sti va 
yordamchisi Abdulmo‘min harakatga rahbarlikni o‘z qo‘liga olgunga qadar (1132 y.) 
yashirishgan. I.T.ning Tinmalaldagi qabri 16-a.gacha ziyoratgoh bo‘lgan.  
 
 
IBN FARID, Sharafiddin Umar ibn Ali Abu Hafs (yoxud Abul Qosim) al-Misriy as-Sa’diy 
(1181-1235) - yirik arab mutasavvif shoiri. Qohirada, Xama sh. (Suriya)dan bo‘lgan 
mol-mulkni taqsimlash bo‘yicha vakil (farid) oilasida tug‘ilgan, laqabi - Ibn al-Farid 
shundan. Yoshligidan otasi diniy ilmlarni o‘rgatgan. Ibn Asokir va al-Munziriydan hadis 
ilmidan saboq olgan. O’smirlik chog‘idanoq I.F. odamlardan xoli bo‘lib yashashni 
yoqtirgan, otasining roziligi bilan al-Muqattam tog‘iga borib uzoq vaqt yolg‘izlikda 
yashagan. 15 yilga yaqin Hijozda yashab, aksariyat asarlarini o‘sha yerda yozgan. 
Qohiraga qaytgan I.F. valiy sifatida kutib olingan. I.F. al-Azhar masjididan qo‘nim 
topgan, uni boylar va kambag‘allar ziyorat qilishgan. I.F, vafotidan so‘ng uning al-
Muqattam tog‘idagi qabri ziyoratgohga aylangan. 
I.F. tasavvufga oid 2 mashhur qasida - "al-Xamriya" va "Nazm as-suluk" (uni ko‘pincha 
"at-Ta’iya al-Kubro" deb atashadi) muallifi bo‘lgan. 
 
 

Islom Ensiklopediyasi 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
115
IBN XALDUN Abdurahmon Abu Zayd ibn Muhammad (1332, Tunis - 1406, Qohira) - 
arab tarixchisi va faylasufi. Ibn Rushdning izdoshi. 1349-75 ylarda Tunis, Fes, G’arnota, 
Bujjoya (Jazoirda) hukmdorlari saroyida yuqori lavozimlarda ishlagan. 1382 y. Misrga 
kelib, mudarrislik qilgan, umrining oxirida molikiylar mazhabi qozisi bo‘lgan. Asosiy 
asari: "Kitob ul-ibar"("Ibratli misollar kitobi", 1370). Asarda I.X. jamiyat taraqqiyoti 
xususida o‘z fikrlarini hamda Sharq musulmon xalqlari (xususan, Mag‘rib) tarixini bayon 
qilgan. I.X. kishilar hayot tarzidagi tafovutlarni, asosan, geografik va b. moddiy 
omillarga bog‘liq deb hisoblagan. Asarda I.X. o‘z tarixiy-ijtimoiy nazariyasini bayon qilib
axloq va ijtimoiy muassasalar kishilar turmushi bilan bog‘liqligani hamda mehnat va 
kishilarning o‘zaro munosabati jamiyat hayotida muhim ahamiyatga ega ekanligini 
ta’kidlagan. I.X. tarixiy-ijtimoiy taraqqiyotning moddiy tamoyillarga asoslanishi haqida 
fikr yuritgan.  
 
 
IBN SHIHOB, to‘liq ismi Abu Bakr Muhammad ibn Muslim ibn Ubaydullo ibn Shihob az-
Zuhriy al-Madaniy (670-721) -tobe’inlarning ulug‘laridan, hofiz va muhaddis. Ibn Umar, 
Anas ibn Molik, Samu ibn al-Musayyab va b.dan hadis va fiqh ilmini o‘rgangan. 
Allomalardan imom Molik ibn Anas, al-Avzo’iy, Suf’yon ibn Uyayna, Savriy va b.ning 
ustozi bo‘lgan. Kuchli xotira va qobiliyat egasi bo‘lib, aytishlaricha, 80 kunda Qur’onni 
yod olgan. Ilmga ko‘p xizmati singgan zotlardan. I.Sh. ilm haqidagi "Hech bir bandaning 
ilmga xizmat qilishdan ko‘ra ulug‘roq ibodati bo‘lmagay" degan. 
 
 
IBN XAZM, Abu Muhammad Ali ibn Ahmad (994-1064) - andalusiyalik ilohiyotchi va 
faqih, zohiriylar huquq maktabining yirik vakili. Zohiriylar an’anasini davom ettirib, I. H. 
muqaddas matnlarni qanday bo‘lsa, shunday sharhlashni qat’iy talab qildi; fiqhning 
asoslari sifatida faqat Qur’on va sunnani tan oldi (o‘zi tan olgan ijmo’ni faqat 
Payg‘ambar(as) sahobalari ijmo’si sifatida tushunar edi); qiyos, ra’y, istihson, ta’lil 
(asoslash) kabi huquqshunoslik usullarini rad etdi; kalomnnng barcha ko‘rinishlariga, 
jumladan, Ash’ariy kalomiga ham qarshi chikdi. Shu bilan birga I. H. payg‘ambargagana 
ergashishni yoqlab, taqlidni rad etdi (uning fikricha, ergashish takdid emas). I. H. ning 
asarlaridan eng mashhuri "al-Fisol fi-l-milal va-l-ahvo va-n-nihal" ("Dinlar, oqimlar, 
mazhablar xususidagi bahs") bo‘lib, Qohirada (1938 y.) bosilib chiqqan. Bu asarda 
musulmonlarni ko‘p mazhab va oqimlarga ajratib yuborgan ilohiyot muammolarini 
oshkora madh etdi. Uning huquqshunoslikka bag‘ishlangan "al-Muhallo" ("Shirinlangan") 
asari ham bor. O’zini fiqh sohasida I. H.ning muxlisi hisoblovchi Ibn Arabiy mazkur 
asarning qisqacha bayonini "al-Mu’allo" ("Baland martabaga ko‘tarilgan") nomi bilan 
ta’lif etgan. 
 
 
IBN HIBBON Abu Hotam Muhammad ibn Hibbon al-Bustiy (? - 965) - muhaddis. 
Shofi’iylik faqihlaridan. Samarqandda voyaga yetgan va u yerda bir muddat qozilik 
qilgan. Tib, falakiyot va b. ilmlardan voqif bo‘lgan. Movarounnahr, Iroq, Xuroson, Shom, 
Hijoz kabi islom ilm markazlarini kezib, hadis bilimdonlarining ko‘pchiligidan istifoda 
etgan va ko‘pgana asarlar ("Al-anvo vat-taqosim", "Kitobus-sahoba", "Kitobul-fasli 
baynannaqala", "Kitobul-ilal", "Ashobut-tavorix", "Kitobu atboit-tobein", "Kitobus-siqat" 
va b.) yozgan.  
 
 

Islom Ensiklopediyasi 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
116
IBN HISHOM (? - 834) - arab adibi. Ibn Ishoqning "Siyra" asarini qaytadan ishlagan va 
shu kitob hozirgacha yetib kelgan.  
 
 
IBODAT (arab. - qulluq qilish, bo‘ysunish, o‘zini past olish, itoat qilish) - xudoga 
sig‘inish, iltijo qilish. Musulmon ulamolari I.ni bir-biriga yaqin ma’noda turlicha 
ta’riflaganlar. I. Allohga bo‘ysunish va unga o‘zini xokisor tutishning oliy darajasidir. I. 
faqatgana Allohni ulug‘lash uchun Uning amriga binoan amal qilishdir. I. Alloh 
yoqtiradigan va rozi bo‘ladigan so‘zlar, ishlar va zohiriy hamda botiniy amallardir. 
Allohga kurbat hosil qilish uchun niyat bilan qilinadigan barcha amallar I.dir va h.k. 
Fuqaholar I.ni tor doirada olganlar. Ularning nazdida namoz, ro‘za, haj, zakot, Qur’on 
qiroati, zikr, xayri sadaqa kabi narsalar I. hisoblanadi. Shu ma’nodagi I. jismoniy, 
moliyaviy va jismoniy-moliyaviy I.larga taqsimlanadi. Jismoniy I.ga namoz, ro‘za kabilar 
kiradi. Moliyaviy I.ga zakot, sadaqai fitr kabilar kiradi. Jismoniy-moliyaviy I.ga haj, umra 
kabilar kiradi. I. farz, vojib, sunnat, mustahab darajalarida bo‘ladi. Farz I.ni inkor qilgan 
kofir, uni tan olib, amal qilmagan osiy bo‘ladi. Vojib I.ni qilgan savob oladi, qilmagan 
gunohkor bo‘ladi. Sunnatni bajargan savob oladi, bajarmagani itob qilinadi. Mustahabni 
qilgan savob oladi, qilmaganga hech narsa yo‘q. I.ni ado qilishda boshqaning 
yordamidan foydalanish mumkin. Birovning yordami ila I. qilish imkoni bor odam I. 
qilishga qodir hisoblanadi va qilmasa gunohkor bo‘ladi. I. qilish uchun uning hammasini 
ado etishga niyat bo‘lmog‘i lozim. Ba’zisini ado etishga niyat qilsa-yu, qolganiga niyat 
qilmasa I. to‘g‘ri bo‘lmaydi. Aqli raso bo‘lmagan kishilardan I. soqit bo‘ladi. Uzrli 
kishilardan I.nish ba’zisi soqit bo‘ladi. Mas., bemor odam turishga qodir bo‘lmasa, o‘tirib 
namoz o‘qiydi. Musofir odam to‘rt rakaat o‘rniga ikki rakaat namoz o‘qiydi. I.ni ado 
etmaslik uchun hiyla qilish joiz emas. Mas., namoz vaqti yaqinlashganda uyqu dori ichib 
olib, uxlab qolib namozni o‘tkazib yuboribman deyish. Zakot farz bo‘lganda molining 
yarmini o‘g‘liga hadya qilib, molim nisobga yetgani yo‘q, deyish kabilar. I. ado 
etilayotgan paytda buzilsa, u boshqatdan ado etiladi. Agar I. jarayonida uni tuzatish 
imkoni bo‘lsa, tuzatib ham olish mumkin. Mas., namozni fosid qilmaydigan xato sodir 
bo‘lsa, uni sahv sajdasi ila tuzatib olish mumkin. I. ta’abbudiy va g‘ayri ta’abbudiy 
(hikmati ma’lum va hikmati ma’lum emas) ga bo‘linadi. Mas., ro‘za I.ining sabr, chidam, 
sog‘liqqa foydasi kabi hikmatlari ma’lum. Ammo namozning nima uchun peshinda 4, 
shomda 3, bomdodda 2 rakaat farz bo‘lganining hikmati ma’lum emas. Shunga o‘xshash 
ta’abbudiy I.larni amr bo‘lgani uchun hikmatini surishtirmay ado etilaveradi.  
 
 
IBODIYLAR, abodiylar - xorijiylarga mansub 4 asosiy firqa (jamoa)ning eng "mo’tadil" 
hisoblangan qismi, Abdulloh ibn Ibod (yoxud Abod) (7-a.ning 2-yarmi)ning izdoshlari. 
684 y. Basradagi xorijiylar orasida bo‘linish sodir bo‘lgan: azraqiylar umaviylarga qarshi 
chiqishgan, Abdulloh bo‘lsa, Basrada qolib, qurolli kurashdan voz kechgan va 
xorijiylarning "mo’tadil" qanotiga rahbarlik qila boshlagan. I. firqasining haqiqiy asoschisi 
va rahnamosi Jobir ibn Zayd (Ummonda tug‘ilgan, 717 y.v.e.) edi. 9-a. oxirigacha 
Ummon I.i mustaqil bo‘lishgan, so‘ngra mamlakat yana abbosiylar tasarrufiga o‘tgan, 
lekin 11-a. boshidan e’tiboran I. Ummonda yana hokimiyat tepasiga kelganlar. Hozirda 
bu mamlakat aholisining yarmidan ortig‘ini I. tashkil etadi. I. diniy-siyosiy dasturi asosini 
imomat haqidaga ta’limot tashkil qiladi. I. imomatning mavjud bo‘lishi shart emas, bir 
vaqtning o‘zida islom dunyosining turli qismlarida bir necha imomlar bo‘lishi mumkin deb 
hisoblaganlar. Imom shayxlarning maxfiy kengashi tomonidan saylanib, bu qaror xalqqa 
e’lon qilingan. Ko‘pincha saylovlar bitta qabila yoki urug‘ doirasi bilan cheklanib qolgan. 

Islom Ensiklopediyasi 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
117
I. imomi - hokim (lashkarboshi, qozi, faqih) ham bo‘lgan. I. aqidasida sunniylar va 
mutaziliylar aqidasidagi tamoyillar aks etgan. I. odamlarning qilmishini vujudga 
keltiruvchi Allohdir, deb biladilar. Siyosiy va diniy sabablarga ko‘ra, kishini o‘ldirishni rad 
etganlar. I. ta’limoti tarafdorlari garchi ko‘p mamlakatlarga tarqalgan bo‘lsalar-da, ular 
diniy sohada ham, siyosiy sohada ham yakdil bo‘lmaganlar. Hoz. Shim. Afrikada, 
Ummon, Zanzibar o.da I. jamoalari mavjud. Ularning diniy e’tiqod va marosimlari 
sunniylik va shialikdagi oqim, firqalardagi e’tiqod va marosimlardan o‘zining ayrim 
xususiyatlari bilan farq qiladi. 
 
 
IBROHIM (as) - Qur’onda nomi zikr etilgan payg‘ambarlardan biri, o‘zidan keyin o‘tgan 
barcha payg‘ambarlarning bobokaloni, arablar va yahudiylarning umumiy ajdodi. 
Yakkaxudolikni targ‘ib qilgan. Allohning chin do‘sti (xalilulloh), imom ("jamoa rahbari"), 
siddiq ("haqiqatgo‘y") va hanif ("yakkaxudolikni targ‘ib qiluvchi") deb ta’riflanadi. 
Yahudiy-xristian diniy adabiyotlarida Avraam nomi bilan ma’lum. Bobilda tavallud 
topgan. Avvaliga yudduz, oy, quyoshga sig‘inmoqchi bo‘lgan, keyin yolg‘iz Allohga ibodat 
qila boshlagan. Otasi Ozor va qavmlarini ham ana shunga da’vat qilgan. Bu hakda 
Qur’onda (Anbiyo surasi 53-56-oyatlar) kelgan. Ular bilan bahslashgan, ammo 
ishontirolmagach, otasi va qavmlari sig‘inib yurgan hamma butlarni sindirib tashlagan 
(Anbiyo surasi 58-60-oyatlar). Shu sababli uni yondirib yubormoqchi bo‘lib o‘tga 
tashlaganlar, ammo, u Alloh irodasi bilan olovdan sog‘-salomat chiqqani Qur’onda bayon 
qilingan (Anbiyo surasi 68-72-oyatlar). Qur’onda yozilishicha, Alloh I.(as)ga qariganda 
ikki farzand bergan. Bular Ismoil va Ishok; (as)lardir. Ismoil (as) Muhammad (sav)ning 
katta bobosi, Ishoq esa, Iso (as) va undan avval o‘tgan payg‘ambarlarning katta 
bobosvdir. I.(as) tushida qilingan ilhomga asosan Allohga bo‘lgan chin e’tiqodi evaziga 
bitta o‘g‘li (Ismoil)ni kurbon qilishga qaror qilgan, lekin Alloh bolaning o‘rniga qo‘chqor 
yuborgan (q. Kurbonlik). Makkai mukarramada Baytulloh (Allohning uyi)ning bunyod 
bo‘lishi, islom arkonlarining 5-farzi - haj qilish I. (as)ga borib taqaladi. Ka’ba yaqinidagi 
"I. joyi" ("I. maqomi") musulmonlar ziyoratgohidir. Odatda, xatna qilishni ham I. (as) 
nomi bilan bog‘laydilar. Manbalarda I. (as)ning 175 yil umr ko‘rgani, o‘g‘illari tomonidan 
Madinatul Xalil (Xevron, Falastin)ga dafn etilgani yozilgan. Bu qabr ziyoratgoh 
hisoblanadi.  
 
 
IBROHIM OTA MAQBARASI -Toshkentdagi me’moriy yodgorlik (15-17-a.lar). 
Rivoyatlarga ko‘ra Ahmad Yassaviyning otasi Ibrohim ota mozori ustiga qurilgan deb 
taxmin qilinadi. Maqbara (tarhi 6,7x9,34 m, balanddiga 5,65 m) bir xonali, oldi peshtokli 
(balandligi 5,65 m), gumbaz tomli. Tarzlari bezaksiz, ichkarisi ganch suvoq qilingan. 
Poliga g‘isht yotqizilgan. Eshik tepasidagi tuynukka panjara ishlangan. Maqbaraning 
g‘arbida yer sathidan 1,5 m chuqurlikda chillaxona ham bor. Maqbara keyingi asrlarda 
bir necha marta ta’mir qilingan.  
 
 
IDDA, i d d a t a l-m a r ‘ a (arab. -ma’lum vaqt, ayollar uchun belgilangan muxdat) - 
shariat bo‘yicha eri o‘lgan yoki eridan ajralishgan xotinlar boshqa erga chiqishi uchun 
o‘tishi shart bo‘lgan muxdat. Bunday ayollarga I. o‘tmaguncha erga chiqish taqiklangan: 
beva uchun I. 4 oy-u 10 kun, eridan ajralishgan hayz ko‘rmaydigan ayol uchun 3 oy, 
hayz ko‘radigan ayolning I.si uch hayz belgilangan. Muxdatning belgilanishi Qur’onga 
asoslangan holda shariatga kiritilgan bo‘lib, ayolning ajralgan yoki o‘lgan eridan homilasi 

Islom Ensiklopediyasi 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
118
bor yoki yo’qdigani aniqlash bilan bog‘liq bo‘lgan. Eridan taloq ila ajragan ayol, I.ni eri ila 
yashagan uyda o‘tkazishi lozim. Chunki bu, yana qayta yarashish uchun berilgan 
imkoniyatdir. Homilador ayolning eri vafot etsa yoki taloq qilgan bo‘lsa, I.si tug‘guncha 
bo‘lib, tug‘sa I.dan chiqadi. 
 
 
IDRIS (as) - Qur’onda nomi zikr etilgan payg‘ambarlardan biri. Rivoyat qilishlaricha, I. 
(as) yer yuzida 365 yil yashagan. Bu olijanob, taqvodor insonni Alloh "yuksak 
martabaga ko‘targan" (Qur’oni karim, 19:56-57). Islomshunoslar I. (as)ni Bibliyadaga 
Enoh, ba’zan Ezdra kabi afsonaviy shaxslar bilan taqqoslaydilar. I. (as) islom 
rivoyatlaridagi Ilyos (as) va Xizr (as) hazratlari singari "abadiy barhayot" hisoblanadi. U 
xat va yozuvni, kiyim tikib, kiyinib yurishni boshlab bergan, yulduzlarga qarab takdirni 
aytib berishni, vaqt hisobini bilgan pamg‘ambardir.  
 
 
IDRISIYLAR, banu Idris -Mag‘ribdagi birinchi alaviylar sulolasi (789-926). Asoschisi - 
Idris I, Hasan ibn Alining chevarasi, Madinada Abbosiylarga qarshi alaviylar qo‘zg‘oloni 
(786) qatnashchisi bo‘lib, ta’qibdan qochib Shim. Marokashga eson-omon yashiringandi. 
Barbar - zenatlar sardorlarining qo‘llab-quvvatlashiga tayanib, markazi Ulili bo‘lgan 
kichik davlat barpo etgan (788), Ulili yaqinida yangi shahar - Fes qad ko‘targan. 
Idrisning ukasi Sulaymon, bir oz vaqtdan so‘ng markazi Tlemsen sh. (G’arbiy Jazoir) 
bo‘lgan yana bir davlatga asos solgan. I. davlatining ravnaqi Idris II (808-828) va uning 
o‘g‘li Muhammad (828-836) hukmronliklari davriga to‘g‘ri kelib, bu davrda davlat hududi 
Baland Atlas tog‘laridan shim.-garbdagi butun hududni qamrab olgan. Bu davrda Fes va 
Tlemsen juda tez taraqqiy etgan, yanga shaharlar vujudga kelgan. Idris II davlatni ko‘p 
sonli merosxo‘rlari o‘rtasida taqsimlagan, bu o‘zaro nizolarni keltirib chiqargan. 917 y. 
Fotimiylar Yahyo IV ni tor-mor keltirganlar, u tobelikni bo‘yniga olgan, lekin 919-920 
y.da qamoqqa olinib, qatl qilingan. Fotimiylar va Umaviylarning Marokash uchun olib 
borgan uzoq kurashlaridan foydalanib I. Rifdagi mulklarini saqlab qolganlar. 974 y. 
Umaviylar so‘nggi I.ni asir olishgan. Ulardan biri, al-Hasan, Qohiraga qochib borib, 
Fotimiylarni yordam berishga ko‘ndirgan, biroq yana asirga tushib qatl etilgan. 
1010 y. I.ning uzoq tarmoqdaridan biri -Hammudiylar Malaga va Alxesirasni egallab, u 
yerda viloyat hokimi sifatida 1057 y.gacha hokimlik qilishgan. Marokashda I.ning 
avlodlari (shariflar, mahalliy lahjada- shorfa) ko‘pchilik bo‘lib, hozirgacha ta’sir kuchiga 
ega. 
 

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   14   15   16   17   18   19   20   21   ...   55


Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2017
ma'muriyatiga murojaat qiling