Library ziyonet uz/ A lvido, ey
Alvido, ey Gulsari (qissa)
Download 0.88 Mb. Pdf ko'rish
|
alvido ey gulsari
Alvido, ey Gulsari (qissa)
Chingiz Aytmatov 104 library.ziyonet.uz/ Hamon xayolidan Bektoy ketmasdi, befoyda gʻazab Tanaboyni ruhan ezib, iztirobga solayotgan edi. Bosh olib yotib qolganligi uchun emas (oʻsha yoqdan daf boʻlsin), boshqalarning iniga tuxum qoʻyib ketgan kakku qush singari oʻz otarini unga tashlab ketganligi uchun ham emas, pirovardida, birontasini yuborib, uning qoʻylarini olib ketishlari ham mumkin edi. Bu muttahamning avra-astarini ochib tashlay olmagani, bir gap bilan uni uyaltirib yerga kirgizib yubormagani unga alam qilardi. Goʻdak! Mishigʻini eplay olmagan goʻdak! Tanaboy boʻlsa keksa kommunist, butun hayotini kolxoz ishiga sarflagan kishi unga boplab javob qaytarish uchun soʻz topolmasa! Choʻponlik tayogʻini uloqtirganicha ketdi bu ona suti ogʻzidan ketmagan mishiqi. Tanaboy shunday voqea yuz beradi deb oʻylaganmidi? Uning jonajon ishi ustidan birov kuladi deb oʻylaganmidi? «Bas!» oʻzini toʻxtatdi u va bir daqiqadan soʻng yana oʻsha fikr koʻnglini buza boshladi. Mana, yana bitta sovliq qoʻziladi, egizak tugʻibdi, qanday chiroyli qoʻzichoqlar. Ammo ularni qayerga joylashtiramiz? Qoʻylarning yelini ham shalvirab yotibdi, ha, ularda qayoqdan ham sut boʻlsin? Demak, bulari ham nobud boʻladi? Eh, falokat! Ana, allaqachon u yerda sovuqda qoʻy-qoʻzilar oʻlib yotibdi. Tanaboy oʻlimtik qoʻzichoqlarni yigʻib olib chiqarib tashlashga ketdi. Halloslaganicha oldiga qizchasi yugurib keldi. – Ota, boshliqlar kelishyapti. – Mayli kelishaversin, – toʻngʻillab qoʻydi Tanaboy. – Sen bor qizim, oyingga qara. Tanaboy qoʻyxonadan chiqib, ikki otliqqa koʻzi tushdi. «O! Gulsari! – quvonib ketdi u. Qalbidagi eski tor bir ovoz chiqarib qoʻydi. – Koʻrishmaganimizga qancha vaqt boʻldi! Uning yurishiga qara, hamon oʻshandogʻ!..» Ularning biri Choro. Yoʻrgʻa otda kelayotgan charm pal'toli kishini esa tanimadi. Tumandan birontasi boʻlsa kerak. «Ha, nihoyat kelishdi», oʻyladi u alamzadalik bilan. Bu yerda uning shikoyat qilishi, oʻz qismatini aytib yuragini boʻshatib olishi mumkin edi, biroq uning bunday qilishi mumkin emasdi, u zorlanmaydi, mayli ular uyalishsin, ular qizarishsin. Shunday ham boʻladimi! «Oʻl» deb tashlab qoʻyib, endi qoralarini koʻrsatishayotgan boʻlsa... Tanaboy ularning kelishini kutib turmay harom oʻlgan qoʻzichoqlarni qoʻyxona burchagidagi uyumga olib borib tashlash uchun ketdi. Shoshilmasdan qaytib keldi. Ular bu orada qoʻraga kirishgan edi. Otlar ogʻir nafas olardi. Choro gunohkor va ayanchli bir qiyofada koʻrinardi. Demak, doʻsti oldida javobgarligini sezgan. Yoʻrgʻa ot ustidagi kishi esa gʻazabli, dahshatli koʻrinardi. U hatto Tanaboy bilan salomlashmadi ham. Darhol tutaqib ketdi: – Bu qanday yaramas ish! Qayerga borma shu ahvol! Bu yerda nimalar boʻlayotganini koʻryapsanmi! – oʻshqirdi u Choroga yuzlanib. Soʻng Tanaboy tomon oʻgirildi. – Bu nima qilganing, oʻrtoq, – dedi u qoʻli bilan nobud boʻlgan qoʻzichoqlarni Tanaboy olib borib tashlagan tomonga ishora qilib, – choʻpon, kommunist, qoʻylar boʻlsa oʻlyapti. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling