Library ziyonet uz/ A lvido, ey
Alvido, ey Gulsari (qissa)
Download 0.88 Mb. Pdf ko'rish
|
alvido ey gulsari
Alvido, ey Gulsari (qissa)
Chingiz Aytmatov 84 library.ziyonet.uz/ Lekin Tanaboyning keyinchalik koʻrgan narsasi uni kuppa-kunduzi boʻlgan momaguldurakday larzaga soldi. U hamma narsa yaxshi boʻladi, deb oʻylamagandi, ammo sovliqlar qoʻzilaydigan qoʻyxonaning qamish tomi chirib, oʻpirilib tushganini, devorlari teshilib, derazasiz, eshiksiz boʻlishini, shamol u chekkasidan kirib, bu chekkasidan chiqayotganini xayoliga ham keltirmagan edi. Atrofda qorlar deyarli erib ketgan, qoʻyxona ichida esa hamon uyulib yotardi. Qachonlardir xarsang toshlardan qurilgan qoʻra ham xaroba, vayrona holda yotardi. Tanaboy shu qadar xafa boʻlib ketdiki, qizlari qoʻzichoqni koʻrib qanday xursand boʻlayotganlari koʻngliga sigʻmadi. Qoʻzichoqni ularning qoʻliga berdi-da, tevarak atrofni koʻzdan kechirgani ketdi. Qayergaki qadam qoʻymasin – hamma yerda toqat qilib boʻlmas darajada xoʻjasizlik. Urush boshlangandan beri bu yerda barcha narsa oʻz holiga tashlab qoʻyilgan, sovliqlarni qoʻzilatishni bir amallab eplashtirib, keyin hammasini yomgʻir va shamolga tashlab ketaverishgan boʻlishsa kerak. Saroy tomi ustida bir gʻaram chirigan xashak qiyshayib turardi, sochilgan somon uyumlari yotardi, agar burchakdagi ikki chala qop arpa uni, bir yashik tuzni hisobga olmaganda, butun otardagi qoʻzichoqlar hamda sovliqlarga atalgan yem-xashak va toʻshamaning bori mana shugina edi, xolos. Shu burchakning oʻzida shishalari singan bir necha fonus, kerosinli, zanglagan bidon, ikki bel va siniq panshaxalar tashlab qoʻyilgandi. Mana shularning hammasiga kerosin quyib, yondirib kulini koʻkka sovurgisi va bu yerdan boshi oqqan tomonga ketib qolgisi keldi... Tanaboy oʻtgan yilgi goʻng va qorning yaxlab qolgan uyumlariga qoqilib-suqilib yurar va nima deyishini bilmas edi. Soʻz topa olmasdi. Xuddi aqldan ozgan kishiday. «Shunday boʻlishi mumkinmi, a?.. Shunday boʻlishi mumkinmi, a?..» deb takrorlagani-takrorlagan edi. Keyin esa qoʻyxonadan yugurib chiqib, otini egarlashga otildi. Egarlayotganida qoʻllari titrardi. Hozir huv anavi yoqqa otini yeldirib ketadi, tun yarmida hammani oyoqqa turgʻizadi va ularga koʻrsatib qoʻyadi. Anavi Ibrohimni ham, rais Aldanovni ham, Choroni ham yoqasidan tutadi: undan rahm-shafqat kutishmasin! Ular Tanaboyga shunday qilishdimi – undan ham yaxshilik koʻrib boʻlishibdi! Boʻldi, tamom!.. – Qani, toʻxta-chi! – jilovni ushlab olishga ulgurdi Jaydar. – Qayoqqa ketyapsan? Otdan tush, gapimga quloq sol! E, qayoqda deysiz! Tanaboyni toʻxtatib boʻpsiz. – Qoʻyib yubor! Qoʻyib yubor! – baqirardi u jilovni tortib, xotinining ustiga ot surib, qamchini qarsillatib. – Qoʻyib yubor, deyapman! Men oʻldiraman ularni! Oʻldiraman! – Qoʻyvormayman! Sen biron kishini oʻldirging kelyaptimi? Meni oʻldir! |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling