Library ziyonet uz/ A lvido, ey
Alvido, ey Gulsari (qissa)
Download 0.88 Mb. Pdf ko'rish
|
alvido ey gulsari
Alvido, ey Gulsari (qissa)
Chingiz Aytmatov 81 library.ziyonet.uz/ Esdan chiqmaydigan oʻsha qish boshlandi, ammo uning oqibatini kim bilsin? Qor erimay yotardi, bir necha kundan soʻng yana gupillab yogʻib berdi, keyin yana, yana yogʻdi va choʻponlarni kuzgi manzillaridan haydab tushirdi. Otarlar daydib, tarqalishib, daralar, ovloq joylar, kam qorli yerlarga bekina boshladilar. Choʻponlar oʻz hunarlarini – boshqa bir odam bu yerda qordan boʻlak hech narsa yoʻq, deb qoʻl siltab ketgan joylardan otarlarga yem-xashak izlab topib berish hunarlarini ishga solishdi. Shuning uchun ham ularni choʻpon deyishadi-da... Ba’zan biron boshliq kelib qarab turadi-da, uni-buni surishtiradi, bir dunyo narsani va’da qiladi va darhol togʻdan joʻnab qoladi. Choʻpon boʻlsa yana yolgʻiz oʻzi qish bilan yuzma-yuz qoladi. Kolxozdagilar qoʻzilatishni qanday oʻtkazish haqida nima oʻylayotganliklarini, hamma ishlar qilinganmi, hamma narsa jamgʻarilganmi – shularni bilish uchun Tanaboy koʻpdan beri kolxozga bir amallab borib kelmoqchi boʻlardi. Ammo qayoqda deysiz! Bosh qashishga ham qoʻli tegmasdi. Jaydar bir kuni internatga oʻgʻlining oldiga borib keldi, lekin u yerda uzoq turmadi: usiz juda qiyin boʻlishini bilardi, Tanaboy oʻshanda qizlari bilan qoʻylarni boqardi. Kichik qizini egarning oldiga oʻtqizib, poʻstin bilan oʻrab olardi, u issiqda tinch edi, kattasi esa sovqotardi, u otasining orqasida oʻtirardi. Hattoki oʻchoqdagi olov ham boshqacha boʻlib gʻaribona yonardi. Ertasiga onalari qaytganda esa nima boʻldi deng-a! Bolalar uning boʻyniga tashlanishdi, kuch bilan ajratib olishga toʻgʻri keldi. Ha, ota albatta ota-yu, lekin onaning oʻrni boshqa. Vaqt shu zaylda oʻtib borardi. Havo oʻzgarib turadi, goh qish qahriga olar, goh bir oz yumshardi, ikki marta boʻron ham boʻldi, keyin tinchib, yerlar eriy boshladi. Tanaboyni xuddi mana shu narsa tashvishlantirardi. Qoʻylarning qoʻzilashlari iliq kunlarga toʻgʻri kelsa yaxshi-ya, agar toʻgʻri kelmasa-chi, unda nima boʻladi? Bu orada qoʻylarning qorinlari tobora kattalashib borardi. Bolasi yirik yoki egizak boʻlgan ayrim sovliqlarning qorinlari osilib qolgan edi. Sovliq qoʻylar ehtiyotkorlik bilan zoʻr-bazoʻr qadam tashlashardi, juda ozib ketishgandi. Orqa suyaklari turtib chiqib qolgandi. Hayron qoladigan joyi ham yoʻq buning – bola qorinda oʻsib, onasining bor- yoʻgʻini soʻrib yetilib-toʻlishardi, bu yerda boʻlsa har bitta oʻtni qor ostidan timirskilab topish kerak. Choʻpon qoʻylarni ertalab va kechqurun qoʻshimcha boqsa, toqqa yem- xashaklar keltirsa boʻlardi-yu, lekin kolxoz omborlarida hech narsa topilmasdi. Urugʻliklar va aravaga qoʻshiladigan, miniladigan otlar uchun asrab qoʻyilgan sulidan boʻlak hech narsa yoʻq edi. Tanaboy har kuni ertalab qoʻylarni qoʻralardan haydab chiqarayotganda sovliqlarni koʻzdan kechirar, qorni, yelinini paypaslab koʻrar edi. Agar hamma balo-qazolardan sogʻ-omon chiqarsa, chamalab qoʻzilar boʻyicha majburiyatini bajarishi, jun boʻyicha bajara olmasligiga koʻzi yetardi. Qish ichida qoʻylarning juni yomon oʻsdi, ba’zilariniki hatto siyraklashib qoldi, toʻkila boshladi, ularni yanada yaxshiroq boqish kerak edi. Tanaboyning qosh-qovogʻi osilardi, gʻazablanardi, ammo hech narsa qila olmasdi. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling