Mavzu. Gfr ii-jahon urushidan keyingi yillarda RejA 1/Germaniyada ma’muriy-hududiy boshqaruv tizimi


Birlashgan Germaniyaning siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti


Download 306.92 Kb.
bet14/14
Sana16.06.2023
Hajmi306.92 Kb.
#1506722
1   ...   6   7   8   9   10   11   12   13   14
Bog'liq
doc. 11- MAVZU docx

Birlashgan Germaniyaning siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti.
Germaniyaning birlashishi mamlakatning xalqaro mavqeini ancha mustahkamladi. Ammo dunyo siyosati tizimidagi yangi mavqe GFRga imtiyozlar berish bilan birga zimmasiga buyuk davlatga xos yangi siyosiy, moliyaviy va axloqiy majburiyatlarni ham yukladi. 1990 yilning yanvaridayoq G.Kol GFRning xalqaro maydondagi muammolarni hal qilishdan, mojarolarni bartaraf etishdan chetga qola olmasligini ta’kidlagan edi. Bu juda ramziy bayonot edi, chunki uning e’lon qilinish vaqti BMT bayrog‘i ostida Fors ko‘rfazi mintaqasida harbiy harakatlarning boshlanishi davriga to‘g‘ri keldi. Gap GFR harbiy doktrinasini tubdan o‘zgartirish to‘g‘risida borayotgan edi. Uzoq davom etgan bahs-munozaralardan so‘ng federal Konstitutsiyaviy sud “Germaniya barqarorligi va birligiga zarar keltirishi mumkin bo‘lgan mojaro va krizislarni bartaraf etish uchun” Bundesverni GFR va NATO a’zolari hududlaridan tashqarida ham ishga solish qonuniyligi to‘g‘risida qaror qabul qildi. Qurolli kuchlar tarkibi ham qayta tuzildi. Bundesver tarkibida 54 ming kishidan iborat “inqirozli vaziyatlarda harakat qiluvchi kuchlar” tuzildi. Keyingi yillarda GFR NATOning xalqaro xavfsizlikni ta’minlash strategiyasi, jumladan, bu blokni Yevropa sharqiga qaratib kengaytirish rejalarini qo‘llab-quvvatlab keldi. Bundesver uchun birinchi sinov Bosniya va Gersogovinadagi “tinchlikparvarlik” operatsiyasida qatnashishi bo‘ldi.
GFRning NATOdagi siyosiy mavqeining o‘zgarishi uning ittifoqchilari tomonidan har tomonlama qo‘llab-quvvatlandi. AQSh prezidenti katta J.Bush Shimoliy Atlantika bloki rahbariyatida GFRning ishtirokini ko‘zda tutgan holda “teng huquqli rahbarlik” g‘oyasini ilgari surdi. Ammo G.Kol tashqi siyosatda Rossiya bilan ham do‘stona aloqalarni saqlab qolishga urindi. Bu yo‘nalishda hal qiluvchi qadam 1992 yil dekabrda Moskvaga tashrifi davomida qo‘yildi. Yelsin va Kolning 1992 yil 16 dekabrdagi qo‘shma Bayonoti o‘zaro aloqalarini mustahkamladi. Bayonnotda: Rossiya tomoni Rossiya (sobiq SSSR) G‘arbiy guruh qo‘shinlarining kuchmas mulkiga da’vosidan Germaniya esa Rossiya qo‘shinlari joylashtirilgan yerlarda atrof-muhitga yetkazilgan zararni qoplash bo‘yicha da’vosidan voz kechdi deyilgandi. Rossiya qo‘shinlarining Germaniyadan chiqarilishi 1994 yil 31 avgustda yakunlandi. Keyinchalik, Kol va Yelsin o‘rtasidagi munosabat do‘stona xarakterga ega bo‘ldi. 90-yillarning o‘rtalarida Rossiya-Germaniya siyosiy muloqotining xalqaro munosabatlar tizimdagi rivojlanishi 80-yillardagi Sovet-Amerika munosabatlarini eslatar edi.
G.Kol rahbarligi davrida Germaniya tashqi siyosatidagi eng ustivor yo‘nalish G‘arbiy Yevropadagi integratsiya jarayoni bo‘lib qoldi (Turli mamlakatlar iqtisodiy hayotining yagona iqtisodiy siyosat asosida o‘zaro bog‘langan holda rivojlanish formasi). Mamlakat birlashuvi keltirib chiqargan ulkan iqtisodiy qiyinchiliklarga qaramasdan, GFR Maastrixt kelishuvlari asosida integratsiyani chuqurlashtirishning faol tarafdorlaridan bo‘ldi. 1995-1996 yillarda Fransiyaning yangi prezidenti J.Shirakning bu masalada bosiqlik bilan siyosat yuritishidan foydalanib, G.Kol Yevropa integratsiyasi jarayonida yetakchilik rolini o‘z qo‘liga oldi. 1996 yilda Parij va Bonn Yevropa Hamjamiyatlari ta’sis hujjatlaridagi bir qator nizomlarni o‘zgartirish va Maastrixtda bayon qilingan integratsiya dasturlariga aniqlik kiritish bo‘yicha tashabbus bilan chiqdilar. Gap eng avvalo Yevropa pul birligiga o‘tish mexanizmlarini ishlab chiqish va Yevropa Ittifoqining kelajakda kengayishi masalasini hal etish to‘g‘risida borardi. G.Kol sanab o‘tilgan barcha masalalarni muhokama qilishda va YeIning XX1 asr boshida rivojlanish strategiyasini belgilab bergan 1997 yil Amsterdam shartnomasini tayyorlashda hal qiluvchi rol o‘ynadi.
Birlashgan Germaniyaning Yevropa ittifoqida yetakchilik qilish da’volari faqatgina uning rahbariyati da’volaridan emas, balki yangi geopolitik vaziyatda ham ko‘rinardi. Germaniya u bilan hamkorlik qilishni mo‘ljallagan qo‘shni davlatlar va Yevropa bozorlari markazida turar edi. Benilyuks Ittifoqi (Belgiya, Niderlandiya, Lyuksemburg) mamlakatlari, Avstriya va YeIga kirgan Skandinaviya mamlakatlari bilan birgalikda Markaziy Yevropa yadrosini tashkil etar va Germaniya diplomatiyasining uzoq yillik orzusini ifodalardi. Germaniya Sharqiy Yevropada ham faollashib Vengriya, Chexiya, Polsha, Boltiq dengizi mamlakatlarini jalb etuvchi strategik ittifoqchiga aylandi. 1991 yilda GFR hukumati Yugoslaviyadan birinchi bo‘lib ajralib chiqqan ikkita Sloveniya va Xorvatiya respublikalari suverenitetini tan oldi. G.Kolning bu qadami federatsiyaga qattiq zarba bo‘lsa-da, biroq Germaniyaning Sloveniya va Xorvatiyadagi xalqaro mavqeni mustahkamladi.
Germaniya birlashishining ichki oqibatlari ancha murakkab kechdi. Turlicha ijtimoiy tuzumda o‘nlab yillar davomida yashash, bir millatni bo‘lib tashlab bir-biriga qarama-qarshi qo‘ygan tashviqotning faolligi, ijtimoiy munosabatlar, hayotiy va milliy qadriyatlarni turlicha qabul qilish, tarixan shakllangan psixologik xususiyatlar - buning hammasi yagona nemis millatining qayta shakllanishini qiyinlashtirdi. Birlashish jarayonida o‘zaro qarama-qarshilik, jirkanish, mensimaslik va G‘arbiy Germaniyadagi ishbilarmon va siyosiy doiralar tomonidan sharqiy nemislarni yashirincha kamsitishlar ro‘y berdi. GDR aholisining ilgarigi sara guruhi-harbiy xizmatchilar, sportchilar, madaniyat xodimlari va ziyolilardan sanoqli kishilargina o‘zlariga yarasha arzigulik ish joyiga ega bo‘lishdi. Germaniya birlashishining mo‘jizaviy iqtisodiy samarasi haqidagi umidlar xom-xayol bo‘lib chiqdi. Ijtimoiy-iqtisodiy tizimlarni birlashtirish strategik rejalashtirishsiz, sinovlar va xatolar yo‘li bilan amalga oshirildi. Oldingi ishlab chiqarish va savdo infratuzilmasining barbod bo‘lishi, tuzilmaviy qayta qurishning boshlanishi “yangi yerlar”da ishlab chiqarishning keskin pasayib ketishiga olib keldi. Bu yerda ishchi o‘rinlarining 50%dan ko‘prog‘i yo‘q qilingan edi. Ishsizlik, 30%ni tashkil etdi. 1990 yil iyulida pul islohotining o‘tkazilishi Sharqiy Germaniya uchun kutilmagan hol bo‘ldi. GDR markalari doychmarkalarga almashtirildi. O‘tish davrida oylik maoshi, stipendiyalar, nafaqalar, yashash joyi uchun ijara to‘lovlarining oldingi hajmi saqlab qolindi va aholi uchun almashtirish 1:1 koeffitsent bilan bolalarga 2 ming markagacha, kattalarga 4 ming markagacha va nafaqaxo‘rlarga 6 ming markagacha amalga oshirildi. Bundan ortiq mablag‘lar 1:2 nisbatda almashtirildi. Ammo tez orada Sharqiy Germaniyadagi mahsulot bozori izdan chiqdi va bu yerlarda aholi turmush darajasi nihoyatda pasayib ketdi.
Sharqiy Germaniya sanoatini ma’muriy qayta qurishga urinish ham qiyin va samarasiz kechdi. G‘arbiy germaniyalik mutaxassislar hisobiga ma’muriy xodimlarni yoppasiga yangilash muammosi, mutlaqo boshqa ishlab chiqarish madaniyati, asbob-uskunalarning texnologik qoloqligi, an’anaviy bozorlarning izdan chiqishi va boshqalar katta ishlar qilish kerakligini bildirdi. Buning hammasi GFR hukumatini sharqiy yerlarni yangilash federal dasturlarini uzoq muddat ichida saqlab turishga majbur qildi. Zemellarga moliyaviy mablag‘lar qo‘yish 1991 yilda 140-mlrd, 1992 yilda - 152 mlrd va 1993 yilda esa 182 mlrd. markani tashkil etdi. GFR esa bu davrda yangi iqtisodiy krizisni boshdan kechirayotgan edi.
90-yillarning boshida G‘arbdagi yetakchi mamlakatlar iqtisodiy tanazzulga duch keldi. Germaniya iqtisodiyoti ham eng og‘ir ahvolda edi. Inqirozning eng yuqori nuqtasi 1993 yilga to‘g‘ri keldi, unda YaIM o‘sishi 1,1% ni tashkil etdi. Mashinasozlikning yetakchi tarmoqlarida ishlab chiqarishning pasayishi 20-25%ni tashkil etdi. Ishsizlikning turg‘un o‘sishi boshlandi, u 1991 yilda 5,5%ni, 1993 yilga kelib esa 8,9%ni tashkil etdi. Bunday jiddiy iqtisodiy inqiroz sabablari qisman birlashish muammolari bilan bog‘liq edi. Sharqiy Germaniya iqtisodiyotini yangilash dasturlarini amalga oshirish G‘arbiy Germaniya iqtisodiyoti barqarorligi poydevori bo‘lgan moliyaviy tizimning zo‘riqishiga sabab bo‘ldi. Byudjet muvozanati izdan chiqqan edi. Bu holat keyinchalik ham, butun 90-yillar davomida ham saqlanib qoldi. Davlat qarzlari o‘sib bordi, inflyatsiya belgilari paydo bo‘la boshladi. Hukumat soliqlarni va banklardagi foiz ko‘rsatkichlarini oshirishga majbur bo‘ldi. Ammo bu tadbirlar, moliyaviy yo‘qotishlarni kam miqdorda qoplab, ishbilarmonlik faoliyatini pasaytirdi va ishlab chiqarishning qisqarishini yanada chuqurlashtirdi.
1994 yilda iqtisodiy ahvolning jonlanishi ko‘zga tashlandi. YaIMning o‘sishi 2,8%ni tashkil etdi. Ammo 1995-1996 yillardayoq yangi inqiroz boshlandi. Ishlab chiqarishning keskin pasayishi ro‘y bermagan bo‘lsa-da, barcha makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar tizimda jiddiy nomutanosibliklar saqlanib qolganidan darak berardi. 1997 yilga kelib ishsizlar iqtisodiyotdagi faol aholining 11,3%ini tashkil etdi. O‘n yillik boshida YaIM 40%ini tashkil etgan davlat qarzlari ham muntazam o‘sib bordi va 1996 yilga kelib YaIMning 60%dan oshib ketdi. YaIM o‘sishi bilan birga yuz bergan 1997 yildagi inqirozni yengib o‘tish asosan eksportning oshishiga bog‘liq edi. Bunday sharoitda hukumat o‘z siyosatiga tuzatishlar kiritishi kerak edi. Asosiy shior har tomonlama iqtisod qilish bo‘lib qoldi. G.Kol hukumati umumiy ish haqining yarmidan ko‘proq darajasigacha soliqlarni oshirishga, davlat xajaratlarini, jumladan sharqiy yerlarni iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash uchun ajratilgan xarajatlarni keskin kamaytirishga majbur bo‘ldi. “Mehnatga ko‘maklashish to‘g‘risdagi qonun”ga muvofiq (1996 y) malaka oshirish, qayta tayyorlash uchun mablag‘lar, va ishsizlik nafaqasi ancha qisqartirilgan edi. Sog‘liqni saqlash va nafaqa uchun to‘lov xarajatlari kamaytirildi. Bunday choralarning qo‘llanilishi hukumat obro‘sining tezda tushib ketishiga sabab bo‘ldi.
Germaniyada 90-yillarning birinchi yarmida siyosiy vaziyat barqaror edi. Kuzda ro‘y bergan mamlakatning birlashish jarayoni uning tashkilotchisi - xristian demokratlar ustunligini mustahkamlashga xizmat qildi. Bu 1994 yili G.Kol partiyasiga navbatdagi tantanani tuhfa etdi. May oyida mamlakat prezidenti etib, XDS vakili, 1987 yildan GFR Konstitutsion sudi raisi vazifasida ishlab kelayotgan 60 yoshli huquqshunos R.Xersog tanlandi. 1994 yil kuzida Bundestagga navbatdagi saylovlar bo‘lib o‘tdi. Muxolifot o‘z mavqeini ancha mustahkamlashga muvaffaq bo‘ldi. GSDP 36,4% ovoz va 252 mandatga ega bo‘ldi. Shunga qaramasdan hukumat koalitsiyasi parlamentda ko‘pchilikni tashkil etdi. XDS 34,2% ovozga (244 mandat), XSI - 7,3% ovozga (50 mandatga) ega bo‘ldi. Qiyin iqtisodiy ahvolni hisobga olganda, bu yutuq G.Kolning katta shaxsiy muvaffaqiyati edi, Kolning Germaniyani birlashtirishdagi xizmatlarini nemis xalqining qadrlashi deb e’tirof etildi. Navbatdagi 1998 yilgi Bundestag saylovlarigacha o‘tgan to‘rt yil mobaynida xristian demokratlar na o‘z obro‘larini oshirishga va na dasturlarini yangilashga muvaffaq bo‘lishdi. Faqat 1998 yil davomida iqtisodiy ko‘rsatkichlarning o‘sishi saylov kompaniyasining omadli bo‘lishiga umid tug‘dirardi xolos YaIMning o‘sishi dastlabki 8 oy ichida 2,2% ni tashkil etdi. 1998 yil saylovlari arafasida sotsial-demokratlarning obro‘si oshganligi ko‘rinib turardi.
1998 yil saylovlari sotsial demokratlarga uzoq kutilgan g‘alabani hadya etdi. GSDP 40,8% ovoz va 298 mandatga ega bo‘ldi. Parlament saylovlarida g‘alaba qilish uchun “alvon-yashil koalitsiya” tashkil qilindi. 67% ovoz va 47 mandatga ega bo‘lgan “Ittifoq-90 yashillar” bloki uning a’zosi bo‘ldi. Birinchi marta DSP 5%li to‘siqni oshib o‘tdi (5,1% va 35 mandat). XDS/XSS bloki 35,3% ovozga (245 mandatga), EDP esa-6,2% ovoz (44 mandatga) ega bo‘ldi. Gerxard Shreder Germaniyaning yangi kansleri bo‘ldi. Shreder hukumatda tashqi ishlar vaziri “Ittifoq-90 yashillar” bloki yetakchisi Yoshka Fisher bo‘ldi. 1999 yil may oyida sotsial-demokratlar muvaffaqiyatli ravishda prezident saylovlarini o‘tkazdi. Bu lavozimni Yoxannes Rou egalladi.
Ichki siyosatda Shreder “neokonservativ to‘lqin” pozitsiyasida turgan yangi siyosatchilar Bleer va Jospen tajribasidan foydalandi. Ustivor yo‘nalishlar: kompaniyalar soliqlarini kamaytirish, mehnat bozori egiluvchanligini ta’minlash va ish kuni davomiyligini o‘zgartirish, mehnatga haq to‘lash uchun chegirmalarni qisqartirish, iqtisodiyotdagi ijtimoiy sektorni yangilashdan iborat bo‘ldi. Ijtimoiy bozor, iqtisodiyot tizimini tubdan qayta tuzish amalga oshirilmadi, ammo iqtisodiy o‘sish davridagi maqbul siyosat juda samarali bo‘lib chiqdi. Davlat xarajatlarni tejashga asosan zemellar byudjetlari hisobidan erishildi. 1999 yilda hukumat ta’lim sohasini keng miqyosda isloh qilish qarorini ma’lum qilib, bu sohaga bo‘lgan xarajatlardan oqilona foydalanish ratsionallashtirish va uning samaradorligini oshirishga xarakat qildi. Istiqbolli ilmiy-texnik tadqiqotlar uchun qo‘shimcha mablag‘lar ajratila boshlandi.
Tashqi siyosatga ham Shreder katta tuzatishlar kiritdi. 1999 yilda Germaniya YeIning raisi bo‘lishiga qaramasdan, valyuta ittifoqini shakllantirishga qaratilgan Umumevropa dasturlari loyihalarini ma’qullashga shoshilmadi. Germaniya integratsiya jarayoniga qatnashishga tayyor ekanligini namoyish etdi, ammo boshqa mamlakatlar uchun mablag‘ to‘lashdan bosh tortdi. 1999-2000 yillarda Germaniya NATO tarkibida faolroq bo‘ldi. Shreder Kosovadagi mojaroga nisbatan o‘ta murosasiz yo‘l tutdi. Rossiya bilan o‘zaro munosabatlarda esa sovuqlik davri boshlandi. Oxirgi parlament saylovlari vaqtida Rossiya prezidenti Yelsin tomonidan Kolning ochiqchasiga qo‘llab-quvvatlanishi Moskvaning yangi hukumat bilan yaqinlashishiga to‘sqinlik qildi. 2000 yilda shu yo‘nalishda Germaniya diplomatiyasi Rossiyaning tashqi qarzlari masalasida yetarlicha murosasiz yo‘l tutdi.
Hozirgi GFR yalpi milliy mahsuloti miqdori bo‘yicha Yevropada birinchi, jahonda 3-chi o‘rinda turadi. YaMM miqdori 1 trln 950 mlrd.dollar; jon boshiga 30150 dollar; (2005y) yillik o‘sish 2,6 foiz (2008 yil). GFRga jahon YaMMning 7,8 foizi, YeIYaIMning 28 foizi to‘g‘ri keladi. GFR jahon sanoat mahsulotining 6,8 foizini bermoqda. Mamlakat sanoatida metallurgiya, kimyo, elektro texnika, mashinasozlik sohalari, qurilish sanoati yuqori darajada rivojlangan.Yiliga 43 mln tonna po‘lat, 6 mln. Dona avtomobil (“Oppel”, “Mersedes Bens” mashinalari hammaga yaxshi ma’lum.) ishlab chiqaradi 780 mlrd. kVt.soat elektr energiya ishlab chiqaradi. Atom energiyasi 20 foizni tashkil etadi. Energiya manbai toshko‘mir (35 foiz). Uning zahiralari 20 mlrd.tonnaga teng.
Mamlakat nihoyatda unumli qishloq xo‘jaligiga ega bu sohada YaMM ning 15 foizi to‘g‘ri keladi. Bu sohada aholining 5 foizi band. Ichki iste’molning 90 foizi shu hisobdandir. Agrar sohada chorvachilik yetakchi hisoblanadi. Mahsulotning 67 foizi shu tarmoqqa to‘g‘ri keladi. Yil davomida jon boshiga o‘rtacha 97 kg go‘sht mahsulotlari iste’mol qilinadi. Mamlakatning g‘arbiy o‘lkalarida gektaridan 65-67 sentner, sharqiy o‘lkalarda esa 52-54 sentnerdan hosil olinadi.
GFRdagi transport tizimida asosan davlat tasarrufidagi federal temir yo‘llar yetakchilik qiladi. Ularning umumiy uzunligi deyarli 41 ming kilometrdan oshiq bo‘lib, shulardan 50 foizi elektrlashtirilgan. Avtomobil transporti ham yaxshi rivojlangan, jami 50 mln.ga yaqin avtomashina bor, shulardan 40,5 mln.engil avtomobillardir. Avtomobil yo‘llarining umumiy uzunligi 224 ming km. Savdo flotida 110 dan ortiq kema bor.Davlatning tashqi savdo aylanmasi 1 trln.350 mlrd markadan oshiq, shundan ekasport 700 mlrd.markani tashkil etadi. Savdo sheriklari asosan Yevropa ittifoqi mamlakatlariga to‘g‘ri keladi(aylanmaning 51 foizi). AQSh, Rossiya MDH, shu jumladan, O‘zbekiston bilan ham savdo, texnikaviy, ilmiy va amaliy munosabatlar o‘rnatgan. Sayyohlik GFR iqtisodiyotida salmoqli o‘rinni egallaydi. Bu soha yiliga 17-18 mlrd.marka daromad keltiradi. Ayniqsa, Boltiqbo‘yi qirg‘oqlari, Saksoniya Shveysariyasi, Baden ko‘li, Alp tog‘ yonbag‘rlari sayyohlarning sevimli maskanlari hisoblanadi. Davlat byudjeti kamomadi 2008 yilda YaMMning 4 foizini, inflyatsiya darajasi 4-4.5 foizga yaqin bo‘ldi. Jami ishsizlar soni 5,2 mln. Federal bankning oltin zahiralari 13,500 mlrd marka.
Germaniyaning iqtisodiy taraqqiyotidagi bosh omil uning xalqidir. Milliy an’analar, yoshlikdan singdiriladigan urf-odatlar tufayli aniq hisob-kitob, mehnatsevarlik, tozalik va pokizalikka intilish asosiy rol o‘ynaydi. Qonun-qoidalarga so‘zsiz amal qilish nihoyatda ibratlidir. Yo‘lda hech qanday transport bo‘lmasa ham yo‘lovchilar yo‘lni faqat yashil chiroqdagina kesib o‘tishadi. Agar biror sabab bilan qo‘shni o‘z atrofini ifloslantirsa (masalan, safarda bo‘lsa), yon qo‘shnisi bundan or qilib, yashirincha tozalab qo‘yadi. Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi. Xo‘sh, 16 yil davomida hukumatni boshqarib kelgan, ikki nemis davlatining birlashishida buyuk siyosiy rol o‘ynab, Germaniya tarixida o‘chmas iz qoldirgan “ulkan amaki” Gelmut Kolning 1998 yil noyabrdagi parlament saylovlarida mag‘lubiyatga uchrashiga nima sabab bo‘ldi. Qolaversa, Shreder dasturining qaysi jihatlari Kol hukumatiga nisbatan afzalroq bo‘ldi. Shuningdek, 2002 yilgi saylovlarda Shrederning 2-marta kanslerlikka saylanishiga nimalar sabab bo‘ldi? Shuni aytish joizki, nemis xalqi tarixiy birlashuv sharaf-shoniga, unga aytilgan madhiyalardan charchadi. Garchi bu voqea davlat tarixida qanchalik ahamiyatli va qimmatli bo‘lmasin, aniq o‘lchovni sevadigan nemislarni boshqa muammolar tashvishlantirardi. Mazkur muammolar xalq xo‘jaligining turli yo‘nalishlarida bo‘lib, ularning eng asosiylarini qo‘ydagicha izohlash mumkin.
Birinchidan, ishsizlar muammosidir, Kol hukumati qanchalik urinmasin, ularning sonini qisqartiraolmadi. Aksincha, ularning soni mamlakatning sharqiy qismida iqtisodiy islohatlarning salbiy mevasi sifatida paydo bo‘lgan ishsizlar hisobiga yanada ortib ketdi.
Ikkinchidan yirik muammo-bu immigratsiya masalasidir. Immigratsiya, ya’ni xorijdan doimiy yoki vaqtincha yashash uchun Germaniyaga kelayotganlar mamlakatda juda ko‘plab tashvishlarni yuzaga keltirdi. 1998 yilda Germaniyada 7,5 milliondan ziyodroq chet el fuqarolari bo‘lib, ularning soni yil sayin ortib bordi. Eng achinarli va xavfli tomoni chet elliklarning mamlakatga to‘xtovsiz oqib kelishi bu yerda millatchilik kayfiyatlarni ham avj olishiga sabab bo‘ldi.
Uchinchidan soliqlar bilan bog‘liq muammo. Saylovchilarning aksariyat qismi uchun bu eng ahamiyatlidir. Chunki rivojlangan bozor iqtisodiyoti shakllangan mamlakatlarda davlat xazinasi uchun “Kimdan qancha olish kerak” masalasi g‘oyat muhimdir. Saylovdan oldin bu borada barcha partiyalar o‘z dasturlarini saylovchilar ixtiyoriga taqdim etgan edilar. Shreder hukumati bu sohada ham ularning ko‘nglini ola bildi. 2002 yilgi parlament saylovlarida ham Sotsial Demokratik partiya ko‘p ovoz olib Shreder ikkinchi marta kanslerlik lavozimini egalladi.Biroq, Shreder hukumati mamlakatdagi mavjud muammolarni to‘liq bartaraf qilolmadi. 2006 yilgi Bundestagga bo‘lgan saylovlarda XDS va unga ittifoqchi bo‘lgan partiyalar g‘alaba qozondi. A.Merkel GFR kanslerligi lavozimini egalladi. U 2010 yilgi parlament saylovlarida ham g‘alaba qilib, navbatdagi muddatga qayta saylandi. 2008 yilda AQShda dastlab moliyaviy inqiroz sifatida boshlangan so‘ngra iqtisodiy sohani ham qamrab olgan inqiroz dunyoning rivojlangan mamlakatlarini, shu jumladan GFRni ham qamrab oldi. Sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish qisqardi, ishsizlar soni 8 mln. kishidan oshdi, tashqi savdo qisqardi. Qishloq xo‘jaligi izdan chiqdi, o‘nlab banklar sindi. Aholining daromad quvvati kamaydi. Shunga qaramay GFR Yevropa Ittifoqida yetakchi davlatligicha qolmoqda.

-Germaniyaning birlashuvi va O‘zbekistonning mustaqillikka erishuvchi tarix mezonlariga qaraganda deyarli bir vaqtga to‘g‘ri keldi. Har ikkala voqea ham XX asr oxirida jahoniy evrilishlar natijasi bo‘ldi. Germaniyada O‘zbekiston bilan munosabatlar masalasini ana shu nuqtai-nazardan baholashadi, har ikkala tomon siyosiy va iqtisodiy ijtimoiy turmushning barcha sohalarida hamkorlik rishtalarini mustahkamlamoqda. O‘zbekiston bilan GFR o‘rtasida 1992 yil 6 martda diplomatik munosabatlar o‘rnatildi. Ikkala davlatning oliy martabali rahbarlarining o‘zaro tashriflari, ishbilarmonlar, madaniyat arboblarining uzviy aloqalari iqtisodiy va madaniy yaqinlikni yaratdi. Bu yaqinlik O‘zbekiston Prezidenti I.A.Karimovning 1993, 1995 va 2001 yillardagi GFRga rasmiy tashriflari asosiga qurildi. 2006 yilning iyul va noyabr oylarida GFR davlat ministri Gernart Erlerning, shuningdek, GFR tashqi ishlar ministri Frang-Valter Shtaynmayerning O‘zbekistonga tashrifi hamda Prezident I.A.Karimov tomonidan qabul qilinishi o‘zaro munosabatlarning rivojlanishida katta ahamiyat kasb etdi.


O‘zbekiston GFR munosabatlarida parlamentlararo o‘zaro tashriflarning ahamiyati katta bo‘ldi. Oliy Majlis va Bundestag rahbarlarining 1996, 2002 va 2003 yillardagi o‘zaro tashriflari ikkala davlat o‘rtasidagi munosabatlarda, yangi sahifa ochdi. 2007 yilning 29 sentyabridan 4 oktyabrigacha Berlin shahar deputatlar palatasi prezidenti V.Momperning, 2008 yil 10-13 martda Bundestag deputati M.Bekning O‘zbekistonga tashrifi, 2009 yil 1-2 iyulda nemis ekspertlarining Toshkentda o‘tkazilgan “Hozirgi zamon parlamentchiligida saylov va uni rivojlantirish masalalari”: “O‘zbekiston tajribasi” mavzusidagi xalqaro konferensiyada ishtiroki muhim ahamiyat kasb etdi. Germaniya O‘zbekiston iqtisodiyotiga sarmoya kiritayotgan yirik davlatdir. GFR sarmoyachilari ishtirokida O‘zbekistonda 1 mlrd yevrolik 100 dan ortiq loyihalar ishga tushirildi. Ikki o‘rtadagi moliyaviy va texnikaviy hamkorlik miqdori 240 mln.evrodan oshib ketdi. “ABB”(“AVV”) kompaniyasi Toshkent, Navoiy va Termiz shaharlari aeroportlari va qo‘nish maydonchalarini kengaytirishda, “Knauf” (Knauf) kompaniyasining Buxoro gips zavodini qurishdagi faoliyatlari e’tiborga molikdir. “TaxTeks” tekstil fabrikasi (2005 yil avgust) “Pekon” oyna (shisha) zavodi qurilishlari, Milliy teleradiokompaniyaning “Simens” (“Simens”) firmasi tomonidan jihozlanishi va “Klaas”(“Claas”) bug‘doy o‘rgich kombaynlarining keltirilishi o‘zaro munosabatlarning yorqin sahifasidir.2009 yil oktyabrda Berlin shahrida “O‘zbekiston xalq xo‘jaligi kunlari” o‘tkazildi. Madaniy hamkorlik ham rivojlanib bormoqda M: 1996 yilgi O‘zbekistonda “Germaniya madaniyat haftaligi”, 1997 yil aprel, noyabr oylarida Germaniyada “O‘zbek madaniyati kunlari”, 2009 yil 11-14 martlarda Toshkent, Urganch va Samarqand shaharlarida Germaniya san’at ustalarining konserti bo‘ldi. 2009 yil sentyabrda Toshkentda “Evropa kelajagi” mavzusida nemis-o‘zbek muloqati bo‘lib o‘tdi. Fan, ta’lim va ijtimoiy hayotda birgalikdagi loyihalar ro‘yobga chiqarilmoqda.
Download 306.92 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   6   7   8   9   10   11   12   13   14




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling