Mavzu. Gfr ii-jahon urushidan keyingi yillarda RejA 1/Germaniyada ma’muriy-hududiy boshqaruv tizimi
yilgi Berlin inqirozi va Germaniyaning parchalanishi
Download 306.92 Kb.
|
doc. 11- MAVZU docx
Germaniya masalasining keskinlashishi SSSRning tovon undirish masalasida qattiq turib olishidan tashqari AQShning tashqi siyosatidagi o‘zgarishiga ham bog‘liq edi. “Trumen doktrinasi” tufayli SSSR-AQSh o‘rtasidagi qarama-qarshilikning boshlanishi birinchi navbatda Yevropa mamlakatlari taqdiriga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. AQSh Yevropaga harbiy blok strategiyasi nuqtai nazaridan qaray boshladi. Bu yo‘nalishdagi ilk qadam “Evropaning tiklanishi va rivojlanishi” (Marshall rejasi) dasturining ishlab chiqilishi bo‘ldi. 1947 yilning iyunida ishlab chiqilgan va 1947 yil iyulida Parij konferensiyasida ko‘rilgan bu reja 1948 yil aprelda qonuniy kuchga kirdi. 1948 yil yanvarida Bizoniya vazirlar majlisida g‘arbiy yerlarda iqtisodiy islohotni amalga oshirish bo‘yicha qaror qabul qilindi. Oliy sud va Markaziy Bank tashkil qilindi. Iqtisodiy kengash va direktoratga birlashtirilgan markaziy boshqarmalarning vazifalari kengaytirildi. Fransiya hukumati bilan kelishuvga erishildi. Tovon to‘lash o‘rniga Fransiyaga Saar viloyati ijaraga berildi Fransiya o‘ziga tegishli okkupatsion zonaning AQSh va Angliya okkupatsion zonalari bilan qo‘shilishiga rozi bo‘ldi. 1948 yil fevralida Trizoniya tashkil etildi. Saar viloyati 1957 yilgacha ya’ni GFR tarkibiga kiritilgunga qadar Fransiya ixtiyorida qoldi. 1948 yilning fevral-iyun oylarida Germaniya masalasi bo‘yicha London konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda birinchi bor sovet delegatsiyasi ishtirok etmadi. Konferensiya yangi Germaniya davlatining konstitutsiyasini ishlab chiqish uchun ta’sis yig‘ilishini chaqirishga qaror qildi. O‘sha davrda AQSh ma’muriyati Marshall rejasini Germaniyaning g‘arbiy okkupatsion zonalariga joriy etish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu masalaga oid shartnomada ta’kidlanishicha G‘arbiy Germaniya iqtisodiyotining tiklanishi “shaxsiy erkinlik”, “erkin boshqaruv”, “sog‘lom iqtisodiy muhit”, “mustahkam xorijiy aloqalar” va “moliyaviy barqarorlikni ta’minlash” tamoyillariga asoslangan Yevropa rivojlanish rejasining asosiy qismi edi. Iqtisodiy islohot ustidan AQSh maxsus organlarining nazorat qilishi, nemis bozorida bojxona cheklashlarini bekor qilish, monopoliyaga barham berish siyosatini davom ettirishni ta’minlandi. Marshall rejasi amalga oshirila boshlaganining birinchi yilidayoq G‘arbiy Germaniya AQShdan 2,422 mlrd dollar (bu ko‘rsatkich Fransiya va Buyuk Britaniya birgalikda olgan mablag‘iga teng bo‘lib, Italiya olgan mablag‘dan qariyb 3,5 baravar ko‘p) mablag‘ oldi. Ammo Germaniyada ishlab chiqarilgan mahsulotning bir qismi qarzni qoplash uchun AQShga jo‘natilayotganligi sababli, daromadning 10%i (6,7 mlrd.marka)si Germaniyada qolar edi. Germaniyada iqtisodiy islohotni amalga oshirishning asosiy muammosi “mustahkam valyuta”ni yaratish, giperinflyatsiyaning halokatli oqibatlarini bartaraf etishdan iborat bo‘ldi. 1947 yildan beri Iqtisodiy Kengashda markazlashgan rejaviy xo‘jalik va monetor siyosat tarafdorlari o‘rtasidagi qizg‘in bahs-munozaralar davom etmoqda edi. Lyudvig Erxard rahbarligidagi bir guruh mutaxassislar qadrsizlangan pulning katta hajmidan qutulishga qaratilgan moliyaviy islohot loyihasini tayyorladi. Erxardning fikricha bunday islohotni amalga oshirish ishlab chiqarishni faol rag‘batlantirish va iste’molchilarning eng nochor qatlamini himoya qilish, iste’molchi bozorini barqarorlashtirish va ishlab chiqarishni yo‘naltirishga qaratilgan bir qator qo‘shimcha chora-tadbirlarni amalga oshirishdan iborat. Dastlab, AQShning ushbu islohotni barcha 4 tala zonada amalga oshirish kerak degan rejasi natija bermagach 1948 yildan boshlab ko‘zda tutilgan ishlar faqat Trizoniya doirasida tayyorlana boshlandi. G‘arbiy zonalarda pul islohoti 1948 yil 20 iyunda boshlandi. Almashishning rasmiy nisbati 10 reyxsmarkaga 1 yangi nemis markasi qilib belgilandi (bundan tashqari har bir fuqaro 1:1 kurs bo‘yicha 40 markani almashtira olishi mumkin edi). Avvaliga almashtirilgan pulning faqatgina 5%ini qo‘lga olish mumkin edi. Daromadlarning qonuniyligi aniqlangach soliq hukumati tomonidan yana 20%, keyinchalik, 10% beriladigan bo‘ldi. qolgan 65% bekor qilinadigan bo‘ldi. Almashinuv kursining so‘ngi kvotasiga ko‘ra 6,5, nemis markasiga 100 reyxsmarka to‘g‘ri keldi. Nafaqa, oylik maosh, ijtimoiy yordamlar 1:1 nisbatda qayta hisoblandi. Davlatning barcha oldingi qarzlari bekor qilindi. Shunday qilib, katta pul hajmi qisqartirildi. “Ishonchli pullar”ning paydo bo‘lishi “qora bozor”ga barham berdi va barter ayirboshlashlar tizimini izdan chiqardi. Islohot boshlanishidan ikki kun o‘tgach markazlashgan rejalashtirishni bekor qiluvchi va narxlarni erkinlashtiruvchi qonun xujjatlari kuchga kiritildi. Ammo shu bilan bir vaqtda transport va pochta xizmati, asosiy oziq-ovqat mahsulotlari, uy-joy narxlari ustidan cheklovchi nazorat saqlab qolindi. Aholini eng zarur mollar bilan arzon narxlarda ta’minlashga qaratilgan maxsus “har bir kishi uchun” dasturi qabul qilingan edi. Erxard monopoliyaning eng ashaddiy shakllariga yo‘l qo‘ymaslik siyosatini saqlab qolish, “davlat tadbirkorligi” (jamiyat uchun zarur bo‘lgan xizmat ko‘rsatish va ishlab chiqarishda, transport, energetika, axborot infratuzilmasini rivojlantirishda davlatning bevosita aralashuvi) tizimini rivojlantirishni talab qilishda davom etdi. Bunday iqtisodiy mexanizmni Erxard jamiyat va shaxs manfaatlarini birday qondiruvchi “sotsial bozor xo‘jaligi” deb baholadi. 1948 yildagi muvaffaqiyatli iqtisodiy islohot Germaniyada siyosiy vaziyatning keskinlashuvi bilan birga o‘tdi. G‘arbiy zonalarda pullarni almashtirishga tayyorgarlik ketayotganligi to‘g‘risida berilgan ma’lumotlarga qaramasdan Germaniyadagi Sovet Harbiy Ma’muriyati iste’mol bozorini izdan chiqaruvchi, qiymatini yo‘qotgan eski markalarining Sharqiy Germaniyada paydo bo‘lishining oldini olishga qaratilgan hech qanday chora ko‘rmadi. To‘g‘ri, 1946 yil 30 iyunda yopilgan zonalararo chegara bunga to‘sqinlik qilishi mumkin edi, ammo to‘rtta sektorga bo‘lingan Berlin bundan mustasno edi. 1948 yil 24 iyunda Sovet qo‘shinlari G‘arbiy Berlinni qurshab olib uni g‘arbiy zonalardan uzib qo‘ydi. Bu harakat ko‘proq siyosiy xarakterga ega edi. Shunday qilib, G‘arbdan katta pul hajmi oqib kelishi xavfi bartaraf qilindi. G‘arbiy Berlinning qamal qilinishi esa G‘arb mamlakatlariga tazyiq o‘tkazish vositasi edi. Ammo bu harakat kutilganiday emas balki teskari natijaga olib keldi. G‘arbiy Berlin aholisini qutqarish uchun AQSh havo ko‘prigini barpo etdi. Qamal davrida AQSh samalyotlari deyarlik har daqiqada Tempelxof aerodromiga qo‘nib turdi. Har kuni shaharga 13000 tonna oziq-ovqat yetkazib turildi. Bu oldingi oylardagi mahsulotlarga nisbatan 3 marta ko‘p edi. Javob chorasi sifatida G‘arb tomoni sovet zonasiga mahsulot kiritishga nisbatan taqiq (embargo) joriy qildi. Keskin muzokoralardan so‘ng 1948 yil 30 avgustda Berlinda g‘arbiy markani bekor qilish to‘g‘risida to‘rt tomonlama bitimga kelindi. Ammo uni amalga oshirish texnik sabablarga ko‘ra uzoqqa cho‘zildi va G‘arbiy Germaniya davlatchiligi rasmiylasha borgani sayin uni amalga oshirish amri mahol bo‘lib qoldi. Berlin muammosi eng qizg‘in pallaga kirganda 1948 yil 15-22 iyulda Ryudesxaymda G‘arbiy yerlarning vazir-prezidentlari yig‘ilishi bo‘lib, unda Berlin ober-burgomistri Ernst Reyter tezda G‘arbiy Germaniya davlatini tuzib, unga G‘arbiy Berlinni qo‘shishga da’vat etdi. Yig‘ilish qatnashchilari 1948 yil 1 sentyabrda ta’sis majlisini chaqirish to‘g‘risidagi qarorni tasdiqlashdi. Ammo keyinchalik, ayirmachilik to‘g‘risidagi bahs-munozaralardan qutulish uchun “ta’sis majlisi” va “konstitutsiya” atamalari olib tashlandi. 1949 yil aprelda Vashingtonda, AQSh, Angliya va Fransiya tashqi ishlar ministrlari “okkupatsion statut” (Nizom)ni qabul qildilar va G‘arbiy Germaniyada mavjud 9 ta zemel (o‘lka)dan iborat Germaniya Federativ Respublikasini tuzish to‘g‘risida bitim tuzdilar. 1949 yil 8 mayda parlament kengashi tomonidan Germaniya Federativ Respublikasining asosiy qonuni ishlab chiqildi. Bu konstitutsiya tarixga “Bonn Konstitutsiya”si nomi bilan kirdi. Bir vaqtda Sharqiy Germaniya davlatchiligi ham shakllana bordi. 1947 yildayoq sovet zonasida Nemis Xalq Kongressi (NXK) faoliyat ko‘rsata boshlagan edi. Uning 1947 yil dekabrida bo‘lib o‘tgan birinchi sessiyasida yagona Germaniya uchun keng ommaviy harakatni shakllantirish masalasi qo‘yilgan edi. 1948 yildagi ikkinchi sessiyada Nemis Xalq Kongressi (NXK) barcha nemis yerlarida Germaniyaning yagonaligi to‘g‘risida referendumni o‘tkazish tashabbusi bilan chiqdi. Ammo shu vaqtning o‘zida Nemis Xalq Kengashi (NXK) ham tashkil qilindi. U sharqiy Germaniya davlati konstitutsiyasi loyihasini tuzish vakolatiga ega bo‘ldi. Konstitutsiya loyihasi GBSP vakillari tomonidan ishlab chiqildi va 1949 yil 19 martdagi Nemis Xalq Kengashi (NXK) yig‘ilishida qabul qilindi. 1949 yilning 29-30 mayida bo‘lib o‘tgan Nemis Xalq Kengashi (NXK) uchinchi sessiyasi Germaniya Demokratik Respublikasi konstitutsiyasini tasdiqladi. 1949 yil 7 oktyabr GDR tashkil etilgan kun bo‘lib tarixga kirdi Germaniyaning parchalanishi nihoyasiga yetdi. 1949 yil may-iyunida Tashqi Ishlar Vazirlari Kengashining Parij sessiyasi ham bu jarayonning oldini olib qola olmadi. Shunday qilib, Germaniyaning bo‘linib ketishi urushdan keyingi davr tarixidagi eng murakkab muammolardan biriga aylanib qoldi. Download 306.92 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling