Mavzu. Gfr ii-jahon urushidan keyingi yillarda RejA 1/Germaniyada ma’muriy-hududiy boshqaruv tizimi
Download 306.92 Kb.
|
doc. 11- MAVZU docx
Okkupatsiya davri.
Urushdagi qaqshatqich mag‘lubiyat Germaniyani iqtisodiy va ijtimoiy-ruhiy jihatdan halokat yoqasiga olib keldi. Urushda Germaniyaning talofati 13,5 million kishini tashkil etdi. Urush Germaniyani aholisining o‘ndan bir qismidan mahrum qildi. Ko‘pgina shaharlar, ayniqsa, Sharqiy hududlarda butunlay vayron qilindi. Sanoat korxonalarining asosiy qismi bombardimonlar tufayli vayronaga aylandi. 1946 yilda sanoat ishlab chiqarishi urushdan oldingi davrga nisbatan uch baravar qisqardi, qishloq xo‘jaligi o‘ttiz yil orqaga ketdi. Iqtisodiyotga ishchi kuch yetishmas edi. Transport tuzilmasi va energiya tizimi butunlay ishdan chiqqan edi, mintaqalararo savdo aloqalar uzildi. Yoppasiga olib-sotarlik, “qora bozor” va do‘konlarning bo‘m-bo‘sh rastalari odatiy holga aylandi. Urushdagi vayronalar va aholi ko‘chishi tufayli uy-joy masalasi og‘irlashdi. 1945 yilda aholining eng zarur narsalar bilan ta’minlanish darajasi aholi jon boshiga hisoblaganda quyidagicha edi: bir juft oyoq kiyimi - 12 yilga, kostyum-50 yilga, tarelka-5 yilga. Nemis xalqi ochlikka giriftor bo‘ldi. Moddiy talofatga moliyaviy tizimning butunlay ishdan chiqqanligi qo‘shimcha edi. Muomalada bo‘lgan pul miqdori mavjud bo‘lgan mahsulotga nisbatan bir necha marta ko‘p edi, davlat qarzlari 1938 yil oxiridagi 27,2 mlrd. markadan 1945 yil mayiga kelib 377,3 mlrd markaga yetdi. Inflyatsiya urushdan oldingi davrga nisbatan 600%ni tashkil etdi. Ish kuni 16 soat va undan ko‘p davom etardi, ammo oylik maosh 1940 yil darajasida saqlanib qolgan edi. Nemis jamiyatini qamrab olgan psixologik esankirash ham o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Odamlar kayfiyatini asosan ichki tushkunlik va umidsizlik kayfiyati, nafrat hamda kelajakka ishonchsizlik chulg‘ab olgandi. Fuqarolik boshqaruv organlarini shakllantirish nihoyatda murakkablashgan edi. Aholi katta qismining siyosiy faolligi juda past edi. Ilgarigi amaldorlar va siyosatchilarning katta qismi natsistlar bilan aloqada bo‘lganlikda ayblanib lavozimlaridan chetlashtirildi. Fransiya va Italiyadagi kabi yangi boshqaruv organlarini tuzish masalasida kelishmovchiliklar mavjud edi. 1945 yilning oktyabridayoq AQSh ma’muriyati Potsdam konferensiyasi qarorlari asosida nemis Markaziy boshqaruvlarini yaratish masalasini qo‘ydi. Ammo bu takliflga Germaniyani butunlay bo‘lib tashlash tarafdori bo‘lgan Fransiya qarshi turdi. Fransiya vetosiga qarshilik ko‘rsata olmagan AQSh 1945 yil noyabrida Ittifoqchilar Nazorat Kengashiga ikki yoki uch mintaqa (zona) uchun markaziy boshqarmalar tuzish to‘g‘risidagi taklifni kiritdi. Fransiya bilan do‘stona munosabatlarni saqlab qolishga intilayotgan va AQSh taklifiga shubha bilan qaragan SSSR AQSh taklifini Germaniyaning to‘rt tomonlama boshqarilishi tamoyilining buzilishi va unga barham berishga qaratilgan qadam deb baholadi. Tiklanish jarayonini boshqarish to‘liq okkupatsion hukumatlar ixtiyorida qoldi. Germaniyadagi Sovet Harbiy Ma’muriyatining (GS’HM) faoliyati aholining moddiy ta’minotiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Xususan sanoat uskunalari, iste’mol mollari, transport va xom ashyoni tovon hisobiga olish ichki ahvolni murakkablashtirdi. Germaniya hududidan 22 ming vagon xo‘jalik mollari, 73 ming vagon uy-joy qurilish mollari, 154 vagon matolar, mo‘ynalar va hattoki 24 vagon musiqa asboblari olib chiqib ketildi. SSSRga 2 million bosh qoramol olib ketildi. 3474 ta sanoat va xo‘jalik korxonalari asbob-uskunalari (demontaj) qismlarga ajratildi. Faqatgina 1947 yil yanvaridan boshlab, demontajni to‘xtatish va yirik korxonalarda sovet hissadorlik jamiyatlarini yaratish va ularda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni reparatsiya (tovon) hisobiga undirishga qaror qilindi. GS’HM zobitlari yetarli tajribaga ega bo‘lmaganligi sababli qattiq boshqaruv usulini va harbiylashgan tartibdagi xo‘jalik tizimini joriy qildi. Germaniya sovet harbiy ma’muriyati faoliyatida Xavfsizlik xizmatining, shuningdek, Tashviqot va Senzura Boshqarmasining o‘rni katta bo‘ldi. Sharqiy Germaniyada Ichki Ishlar Xalq Komissariati (NKVD) ham faollik ko‘rsatdi. G‘arbiy okkupatsion mintaqalardan farqli o‘laroq, Sharqiy Germaniyada tezda nemis boshqaruv organlari tashkil qilindi. Ammo ularning faoliyati to‘la Sovet ma’muriyati tomonidan nazorat qilinardi. 1945 yil oxiridan boshlab sovet zonasida iqtisodiy islohot o‘tkazish bo‘yicha faol qadamlar tashlandi. Harbiy yoki natsist jinoyatchi deb tan olingan shaxslarga tegishli sanoat korxonalarini musodara qilish ishi tezlashtirildi. Germaniyadagi Sovet Harbiy Ma’muriyati musodara qilingan korxonalar taqdirini belgilash maqsadida referendum o‘tkazdi, natijada bu korxonalar xalq mulki deb e’lon qilindi. Shunday qilib, Sharqiy Germaniya sanoatining 60% i davlat sektori ixtiyoriga o‘tdi. Bu sektor faoliyati rejalashtirish tamoyillari asosida va zavodlardagi kengashlar va kasaba uyushmalariga o‘z-o‘zini boshqarish bo‘yicha keng huquqlar berish bilan amalga oshirilardi. 1945-1946 yillarda agrar islohot ham o‘tkazildi. Yunkerlar va cherkovdan musodara qilib olingan 3,3 mln. gektar yer, ulardagi xo‘jalik inshootlari, chorva va 6 mingta traktorlar bilan birgalikda 560 mingta yersiz va kam yerli dehqonlarga bo‘lib berildi. Bu Sharqiy zonadagi qishloq xo‘jaligi yerlarining 33 %ini tashkil etardi. Ularda dehqonlarning o‘zaro yordam jamoa birlashmalari tuzila boshlandi, 1949 yilda esa islohot davomida dehqonlarga berilgan hamma yerlar “xalq mulki” deb e’lon qilindi va bu jamoa xo‘jaliklari tuzish uchun asos bo‘ldi. G‘arbiy mintaqalardagi iqtisodiy o‘zgarishlar boshidan boshqacha tus oldi. Vayronalarning Sharqiy hududlarga nisbatan kamligiga qaramasdan aholi ahvoli bu yerda yomonroq edi. Urushning oxirgi oylaridanoq Germaniya janubiga qochoqlar to‘plana boshlagan edi. Sovet zonasidan shuningdek Chexoslovakiya, Vengriya va Polshadan kelgan qochoqlar ham shu yerga to‘planayotgan edi. Agar 1945 yilda Sharqiy Germaniyada aholi 17 mln.dan iborat bo‘lgan bo‘lsa, ular g‘arbiy yerlarda 44 mln.ni tashkil etardi. Keyinchalik bu farq yanada kattalashdi. Nemis aholisining og‘ir ahvoliAQSh, Angliya va Fransiya davlatlarini g‘arbiy zonalardan mahsulotlar va sanoat asbob-uskunalarini tovon hisobiga undirishdan voz kechishga hamda nemis ishchilariga oylik maoshi to‘lanishini yo‘lga qo‘yishga majbur etdi. G‘arbiy zonalardan faqat ilmiy laboratoriyalar va texnika markazlaridagi maxsus qurilmalar olib ketiladigan bo‘ldi. Umuman, urush oqibatida G‘arbiy Germaniyaning iqtisodiy salohiyatining qisqarishi urushdan oldingi davrning 20%ini, sanoat korxonalarini qismlarga ajratish (demontaj) oqibatida esa 12%ini (Sharqiy Germaniyada bu ko‘rsatkich 45 va 25%) tashkil etdi. G‘arbiy mintaqalardagi okkupatsion hukumatlar dastlab amalga oshiriladigan iqtisodiy tadbirlarning aniq rejasiga ega emas edilar. Shuning uchun ular ishni uchala mintaqada fashist harbiylari va natsist-jinoyatchilarning mulklarini musodara qilishdan boshladi. Ammo u yoki bu mintaqa doirasida biror-bir markazlashgan boshqaruv tuzilmalarini shakllantirish va milliylashtirish bo‘yicha tayyorlangan loyihalar yo‘q edi. Bundan tashqari eng yaxshi ta’minlangan AQShning soldat va ofitserlari uchun “qora bozor”ning saqlanib qolishi ham foydali edi. Okkupatsion hukumatlarning barqarorlikni shakllantirish bo‘yicha turlicha qarashlarga ega ekanliklari 1946 yil mayida Tashqi ishlar Vazirlari Kengashi (TIVK)ning Parijda bo‘lib o‘tgan sessiyasida ma’lum bo‘ldi. Unda na Germaniya bilan tuziladigan sulh shartnomasining umumiy tamoyillari va na iqtisodiy o‘zgarishlarning yagona rejalari ishlab chiqildi. Mamlakatni bo‘lib yuborish alomatlari ko‘rina boshladi.Bunga zonalar aro olib sotarlik avj olganligi ham bahona bo‘ldi. Doimiy oylik maosh olib ishlaydigan g‘arbiy zonalar sovet zonasidan arzonroq mahsulotlarni va oziq-ovqatni olib ketishga urinardi. Natijada to‘rttala tomon ma’muriyati roziligi bilan 1946 yil 30 iyunida Sovet va g‘arbiy zonalar(hudud) o‘rtasidagi chegarada odamlar va mahsulotlar oqimi ustidan qattiq nazorat o‘rnatildi. 1946 yil yozidan boshlab Germaniyadagi ahvol keskinlasha boshladi. Iyul oyida AQSh davlat departamenti ma’muriy boshqaruv samaradorligini oshirish maqsadida AQSh va Buyuk Britaniya okkupatsion zonalarini birlashtirish to‘g‘risidagi istagini bildirdi. “Iqtisodiy birlashgan hudud” (Bizoniya) tuzish to‘g‘risida 1946 yil dekabrida bitim imzolandi. Birlashgan okkupatsion mintaqalar doirasida iqtisodiy infratuzilmani, iste’molchi bozorini, barqarorlashgan mehnat bozorini tiklashga qaratilgan va tartibga solingan siyosat amalga oshirila boshlandi. Bu jarayonda allaqachon nemis boshqaruv organlari, jumladan L.Erxard rahbarlik qilayotgan iqtisodiy Kengash muhim rol o‘ynadi. Bu choralarning hammasi Sovet davlatining roziligisiz amalga oshirildi. Germaniyaning Sharqiy va G‘arbiy yerlardagi siyosiy o‘zgarishlar jarayoni ham keskin farqlana boshladi. Avvaliga bu jarayon Potsdam kelishuvlari doirasida ro‘y berib, natsistlar partiyasi, Germaniya qurolli kuchlari, ofitserlar korpusi, yarim harbiy tashkilotlar tarqatib yuborildi. Siyosiy faoliyatga aralashish va fuqarolik lavozimlariga egalik qilish huquqi faqat siyosiy va ma’naviy sifatlariga ko‘ra Germaniyada demokratiyani rivojlantirishga yordam bera oluvchi shaxslarga berildi. Fuqarolik, irqiy, milliy tenglik tamoyillari asosida sud tizimi qayta tashkil qilindi. 1945 yil noyabri - 1946 yil oktyabrida Nyurnbergda xalqaro tribunal sudi faoliyat ko‘rsatdi. Uning davomida natsist va harbiy jinoyatchilar javobgarlikka tortildi. Denatsifikatsiya (fashizmni yo‘q qilish) bo‘yicha mahalliy nemis komissiyalari (shpruxkemmer) tashkil qilindi. Ular ittifoqchilarning tribunallari bilan hamkorlikda ayblanuvchilarning aybdorlik darajasini aniqlardi. Shunga binoan jinoiy ishlar beshta toifaga bo‘lindi: (“asosiy jinoyatchilar”, “jazo yuklanganlar”, “jazo bilan kamroq yuklanganlar”, “hamtovoqlar” va “teginmaganlar”). Jinoiy javobgarlik faqat birinchi toifa uchun belgilandi, shuning uchun ayblanuvchilarning 95%i oqlandi va qisman huquqlardan mahrum qilindi. Denatsifikatsiya va demokratlashtirish jarayoni yangilangan nemis siyosiy elitasining shakllanishi bilan birgalikda ro‘y berdi. G‘arbiy va Sharqiy mintaqalarda partiya qurilishi o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘ldi. Sovet ma’muriyati 1945 yilda Sharqiy Germaniya yerlarida 4 ta partiyaga faoliyat ko‘rsatishga ruxsat berdi: Germaniya kommunistik partiyasi (GKP), Germaniya sotsial-demokratik partiyasi (GSDP), Xristian-demokratik soyuz (XDS), Germaniya liberal-demokratik partiyasi (GLDP). 1948 yilda Germaniyada Sovet Harbiy Ma’muriyati yordami bilan milliy-demokratik partiya (MDP) va Demokratik dehqonlar partiyasi (DDP) tuzildi. Bu partiyalar so‘l blokning ijtimoiy-siyosiy bazasini to‘ldirishlari kerak edi. Germaniya Sovet Harbiy Ma’muriyati yordami bilan kommunistlar yangi politsiya, sud va prokratura organlari tuzish uchun yangi kadrlar tanlash imtiyoziga ega bo‘ldi. Kommunistlar ta’lim tizimini tubdan isloh qilish, ijodkor ziyolilar faoliyatini nazorat qilishda hal qiluvchi rol o‘ynadi va agrar islohotlar o‘tkazish tashabbusi bilan chiqdi. Kompartiya rahbariyatida Germaniyada sotsializm qurishni yoqlovchi Valter Ulbrixt rahbarligidagi kuchli so‘l-radikal qanot mavjud edi. Kompartiya rahbari Vilgelm Pik pozitsiyasi yumshoqroq bo‘lib, 1945-1946 yillarda u partiya faoliyatini umum nemis davlati doirasida parlamentar demokratik respublika yaratishga yo‘naltirishni yoqladi. Germaniya Sotsial Demokratik Partiyasidagi so‘l-radikal va mo‘tadil oqimlar o‘rtasidagi kurash yanada keskinroq edi. Ulardan biri O.Groteval rahbarlik qilayotgan Berlin Markaziy Qo‘mitasi bo‘lsa, ikkinchisi Buyuk Britaniya zonasi madadiga suyanuvchi K.Shumaxer boshliq Gonnaver byurosi edi. Germaniya Sotsial Demokratik Partiyasi rahbariyati kommunistlar bilan qo‘shilish va yagona Germaniya so‘l partiyasini tuzish tarafdori edi. Shu sabab 1946 yil aprelida ikkala partiyaning birlashtiruvchi s’ezdi bo‘ldi. Yangi partiya Germaniya birlashgan sotsialistik partiyasi (GBSP) deb nomlandi. Uning dasturida dolzarb iqtisodiy muammolarni hal qilish: “ekspluatatsiya va zulmga, qashshoqlik va ishsizlikka barham berish hamda imperializm tahdidan xolos bo‘lgan sotsializm qurish o‘z ifodasini topgan edi. GBSPning teng huquqli rahbarlari V.Pik va O.Grotevallar bo‘ldilar. Yagona birlashgan partiyaning dasturini qo‘llab-quvvatlamagan a’zolari yangi partiya safidan chetlashtirildi. K.Shumaxer guruhi birlashtiruvchi s’ezd natijalarini tan olmadi. O‘ng sotsial-demokratlar 1946 yil mayida Gonnaverdagi s’ezdda Germaniya Sotsial Demokratik Partiyasini qayta tikladi. Shumaxer kommunistlar va ularga qo‘shilgan sotsial demokratlarga nisbatan qattiq pozitsiyani egalladi va ulardan birini “sovet partiyasi”, ikkinchisini “nemis milliy manfaatlari sotqinlari” deb atadi. Sharqiy yerlarda faoliyat ko‘rsatishdan voz kechgan GSDP, Oder-Neyse daryolari bo‘ylab o‘tgan chegarani qayta ko‘rib chiqishni va hamma bosib olingan zonalarda tovon to‘lovlarini bas qilishni talab qildi. Shumaxer ayirmachilikning ashaddiy dushmani edi va yagona, mustaqil nemis davlati tarafdori edi. Shu bilan birga urushdan keyingi sharoitda Sovet harbiy-siyosiy ta’siridan qutulish uchun hattoki mamlakatning parchalanishiga ham tayyor edi. Shumaxer natsistlar lagerida 10 yilni o‘tkazgan murosasiz antifashist sifatida juda mashhur edi. GBSP ning tuzilishi va bir vaqtning o‘zida Germaniyada sotsial-demokratik partiyaning parchalanishi Germaniyaning g‘arbiga ham ta’sir qilmay qolmadi. G‘arbdagi okkupatsion hukumatlar GBSP bayrog‘i, ostida yagona kommunistik va sotsial-demokratik tashkilotlar tuzishni taqiqlab qo‘ydi. Natijada 1948 yil aprelida G‘arbiy Germaniya kommunistik tashkilotlari konferensiyasi Maks Reyman boshchiligida o‘z rahbariyatini sayladi va GKPning GBSPdan ajralib chiqishi 1949 yilning 3 yanvarida yuz berdi. Germaniyaning urushdan keyingi siyosiy hayotida xristian-demokratlar ham muhim o‘ringa ega bo‘ldi. Germaniya ko‘p asrlik xristian siyosiy harakati an’analariga ega edi. Ikkinchi jahon urushi tugagandan so‘ng nafaqat Germaniya, balki Italiya, Avstriya, Fransiya, Gollandiya, Belgiyada ham xristian-demokratik harakatning birlashuvi ro‘y berdi. Xristian demokratiyasi mafkuraviy sintez asosida rivojlandi: davlat qurilishi to‘g‘risidagi liberal-demokratik qarashlar ijtimoiy katolitsizm, “taraqqiyotning uchinchi yo‘li” mafkurasi bilan qorishib ketgan edi. Ijtimoiy katolitsizmning korporativ g‘oyalaridan voz kechgan xristian demokratiyasi jamiyatga yagona o‘zaro bog‘langan organizm deb qarash, insonni Xudo tomonidan yaratilganligini tan olish, insonning o‘z vijdoni va Xudo oldida javobgarligi g‘oyalariga asoslanar edi. Germaniya uchun xristian-demokratiyaning uyg‘onishi, nihoyatda muhim edi. Xristian demokratiyasi, vayronaga aylangan, o‘z o‘tmishidan hafsalasi pir bo‘lgan va kelajakka umidsizlik bilan qarayotgan mamlakatda yuzaga kelgan ma’naviy bo‘shliqni to‘ldira oldi, milliy g‘oya haqqoniyligini saqlab qoldi. Xristian Demokratlarning umumgerman tashkiloti (XDS) 1945 yil iyunida Berlinda tuzildi. Uning rahbari Andros Germes tezda sovet ma’umriyati tazyiqi ostida o‘z lavozimini tark etishga majbur bo‘ldi. Uning o‘rnini kasaba uyushmalari rahbari Yakov Kayzer egalladi. XDS sovet zonasida iqtisodiy islohatlarni amalga oshirish masalalarida so‘l partiyalarning faol raqibiga aylandi. GBSP tashkil topgandan so‘ng xristian demokratlar yanada radikal pozitsiyani egallashdi. 1947 yil oktyabrida Berlinda bo‘lib o‘tgan XDSning 2-s’ezdida Yakov Kayzer partiyani dogmatik markasizm va uning totalitar (mustabid) siyosatiga qarshi kurashga chaqirdi. Kayzer josuslikda ayblandi. Ta’qiblar ostida Kayzer va uning bir qator hamkasblari G‘arbiy Germaniyaga ketishga majbur bo‘ldi. Shundan keyin Sharqiy Germaniya Xristian Demokratik Soyuzga O.Nushke boshchilik qildi. G‘arbiy Germaniya Xristian Demokratiyasi rahbari 1933 yilda natsistlar tomonidan o‘z vazifasidan ozod etilgan va urushdan keyin saylangan sobiq Keln shahri meri Konrad Adenauer bo‘ldi. Adenauer 1945 yil 2 sentyabrida Kelndagi s’ezdda tashkil etilgan g‘arbiy zonalar XDSiga rahbarlikka saylandi. AQSh hukumati yordami bilan u obro‘li jamoat arboblari va yirik siyosiy guruh vakillaridan o‘z partiyasi yadrosini shakllantira boshladi. U partiya qurilishining “faollar” modelidan voz kechdi. XDS dasturida saylovchilarning keng qatlami qo‘llab-quvvatlashiga erishish va shu asosda yangi demokratik davlatchilikning ijtimoiy asosini shakllantirish ilgari surilgan edi. XDS “barcha xristianlar” va “barcha qatlamlar” birlashmasi, ya’ni barcha ijtimoiy guruhlar hamda ikkala xristian konfessiyasining manfaatlarini himoya qiluvchi partiya deb qaralardi. Shu bilan birga Adenauer XDSning antikommunistik yo‘nalishini ta’kidlab, ham natsistik, ham marksistik mafkuraviy ekstremizmni qattiq qoraladi. G‘arbiy zonalardagi okkupatsion hukumatlar tomonidan XDSning qo‘llab-quvvatlanishi, ittifoqchilar o‘zaro munosabatlarida 1946 yil oxiridan boshlab uzoqlashish paydo bo‘lganligini ko‘rsatardi. Germaniya parchalanishi tobora yaqqol namoyon bo‘la bordi. Adenauer G‘arbiy Germaniya davlatini tuzish g‘oyasini ochiqchasiga qo‘llab-quvvatlovchi nemis siyosatchilaridan biri edi. Adenauer prusscha an’analarni ko‘rarga ko‘zi yo‘q edi. G‘arb sivilizatsiyasi doirasida Germaniya buyukligini tiklashni orzu qilardi. Bunday siyosatni amalga oshirishda 1946 yilda Katolik xristian partiya (keyinchalik konfessiyalararo) sifatida Bavariyada tashkil topgan Xristian Sotsial Soyuz (XSS) XDS ning ishonchli ittifoqchisiga aylandi. XSS rahbari Frans-Yozef Shtraus XDSning umumiy tamoyillarini va Adenauerning siyosiy dasturini yoqlagan holda o‘z faoliyatida mustaqillikni saqlab qolishga intilar edi. G‘arbiy Germaniyaning qolgan yerlarida xristian demokratik harakatning birlashishi 1947 yilda ro‘y berdi. Liberal yo‘nalishdagi siyosiy partiyalar urushdan keyingi davrda Germaniyada so‘llar va xristian-demokratlar kabi mustahkam partiyaga aylana olmadi. Liberal-demokratik partiya sharqiy zonada 1945 yildayoq tashkil qilingan bo‘lsada, ammo Sovet ma’muriyatining qattiq tazyiqi ostida butun Germaniyaga o‘z ta’sirini ko‘rsata olmadi. Buning aksi o‘laroq 1946 yilning boshidan G‘arbiy zonalarda liberallarning mustaqil siyosiy harakati shakllandi va 1948 yilning dekabrida Erkin demokratik partiya (EDP) tashkil topdi. Uning rahbari Teodor Xeys edi. 1946 yilda bo‘lib o‘tgan zemel hukumatlari (landtaglar)ga bo‘lgan saylovlar Germaniyadagi yetakchi siyosiy kuchlarning ahvoli tang ekanligini namoyish etdi.Hattoki sovet zonasida ham saylovlar demokratik muhitda o‘tkazildi. Natijada GBSP landtaglar va zemellar boshqaruvida (GLDP) va XDSlar birgalikda egallagan mandatlar soniga teng mandatga ega bo‘ldi. G‘arbiy zonalarda xristian-demokratlar 6 ta, sotsial-demokratlar 5 ta zemel boshqaruviga ega bo‘lishdi. Ammo tez orada Sharqiy va G‘arbiy Germaniya siyosiy boshqaruvida o‘ziga xoslik namoyon bo‘la boshladi. Bunga okkupatsion hukumatlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri aralashuvidan tashqari nemis jamiyatining o‘ziga xos mintaqaviy xususiyatlari ham ta’sir ko‘rsatdi. Shimoliy va Sharqiy Germaniya bir necha o‘n yillar davomida ishchilar harakatining markaziga aylanganligi va kommunistlarning ta’siri eng kuchli bo‘lgan hudud bo‘lganligi bilan ajralib turardi. Aynan shu mintaqa nemis tuprog‘ida sotsialistik tuzumning qaror topishi uchun muhim tayanch bo‘ldi. G‘arbiy va Janubiy Germaniya tarixan ayirmachilik harakatlari va katolitsizm hukmronlik qilgan mintaqa edi. Reyn va Bavariya nemislari o‘ziga xos etnopsixologik xususiyatlarga ega ediki, bu xususiyatlar ularni nemis millatining etnik asosidan ajratib turardi. Shuningdek, muxojirlar va qochoqlarning ommaviy oqimi ham nemis jamiyati va siyosiy tarkibining qutblanishiga ta’sir ko‘rsatdi. Kommunistik tahdidga ko‘nikishni xohlamaydigan ko‘pgina nemislar G‘arbiy yerlarga qochib ketishdi. Kanslagerlar va muxojirlikdan qaytgan kommunistlar va so‘l sotsialistlar, albatta mamlakat sharqida to‘plangan edi.
Download 306.92 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling