Mavzu: mustaqillik yillarida o‘zbekistondagi ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar
Download 399.83 Kb. Pdf ko'rish
|
10 Mavzu
- Bu sahifa navigatsiya:
- “Tadbirkorlar kuni”
Beshinchi bosqichda (2017-yildan) tadbirkor-fuqarolar soliqdan qochish emas,
uni vaqtida tо‘lashdan manfaatdor bо‘lishi kerak tamoyili asosida islohotlar boshlandi. Jahon bankining biznes yuritish sohasidagi 2018-yilgi reytingida mamlakatimiz qurilish bо‘yicha 134-о‘rinni egallagan. Bu esa sohada kо‘plab muammolar borligidan dalolat beradi. 2017-2021-yillarda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan 2 mingga yaqin qonun, farmon va qarorlar qabul qilindi. Ularga asosan, 114 ta litsenziya va ruxsatnoma bekor qilindi, 33 ta faoliyat turi xabardor qilish tartibiga о‘tkazildi. Ruxsatnomalarni rasmiylashtirish tartiblari soddalashtirilib, muddatlari о‘rtacha 2 baravarga qisqartirildi. Ortiqcha tekshirishlar, naqd pul, valyuta va xomashyo bо‘yicha kо‘plab cheklovlarga barham berildi. Bunday qulaylik va imkoniyatlar natijasida yangi subyektlar keskin kо‘payib, avvaldan ishlayotganlari faoliyatini kengaytirmoqda. 2017-2021-yillarda tadbirkorlar soni qariyb 3 baravar oshdi. Kо‘p ishbilarmonlar о‘z biznesini butun mamlakat miqyosida kengaytirib, minglab ish о‘rinlari yaratib, nufuzli yirik kompaniyalarga aylandi. Ichki va tashqi bozorda о‘z nufuzi va brendiga ega tadbirkorlar sinfi shakllana boshladi. О‘zbekiston Respublikasi Prezidenti S.Mirziyoyev 2021-yil 20-avgust kuni mamlakatimiz tadbirkorlari bilan ochiq muloqot о‘tkazdi. Bunday shakldagi uchrashuv ilk bor о‘tkazildi va unda jami о‘n mingga yaqin tadbirkor ishtirok etdi. Uchrashuvda prezidentimiz bunday ochiq muloqotni an’anaga aylantirib, har yili tashkil etish, 20- avgustni mamlakatimizda “Tadbirkorlar kuni” deb e’lon qilish taklifini bildirdi. Bu takliflar keng qо‘llab-quvvatlandi. Davlatimiz rahbari о‘z nutqida transport-logistika xizmatlarini rivojlantirish, tadbirkorlarning yuklarini tashishni yengillashtirish masalalariga tо‘xtalib о‘tildi. Yuk avtomobillari va temir yо‘l vagonlarini olib kirish bо‘yicha berilgan imtiyozlar yana 3 yilga uzaytirilishini ma’lum qildi. Tadbirkorlik faoliyatiga aralashuvlarni qisqartirish, subsidiyalar olish jarayonini osonlashtirish bо‘yicha ham kо‘plab kо‘rsatmalar berildi. Mazkur ochiq muloqot oldidan tadbirkorlarni qiynayotgan muammolar sо‘ralgan edi. Turli masalalarga oid 15 mingdan ortiq murojaatlar bо‘ldi. Prezidentimiz о‘z nutqida ularni hal qilishga qaratilgan 7 ta muhim yо‘nalishni kо‘rsatib о‘tdi. Birinchi yо‘nalish – biznesni moliyalashtirish, ikkinchisi – soliq tizimini takomillashtirish va biznesga soliq yukini kamaytirish, uchinchisi – yer ajratish, tо‘rtinchisi – infratuzilma, beshinchisi – eksportyor korxonalarni qо‘llab- quvvatlash, oltinchisi – transport- logistika, yettinchisi – sohadagi tartib-taomillarni soddalashtirish masalalariga qaratildi. Davlatimiz rahbari har bir yо‘nalish bо‘yicha dolzarb vazifalarni kо‘rsatib, yangi tashabbuslarni ilgari surdi. Masalan, murojaatlarning 40 foizi biznesni moliyalashtirish va moliya-kredit masalalari bilan bog‘liq bо‘lgan. Jumladan, kredit stavkalarining yuqoriligi va kо‘plab kreditlar qisqa muddatga, tadbirkor uchun noqulay shartlarda berilayotgani qayd etilgan. Shuningdek, xorijiy valyutadagi kreditlar valyuta kursining muntazam о‘sishi hisobiga tadbirkor uchun qо‘shimcha xarajatlarni yuzaga keltirgan. Shu bois banklarning kapitalini oshirish choralari belgilandi. Xususan, 2022- yilda banklarga Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan bozor tamoyillari asosida qо‘shimcha 600 million dollar ajratilishi, Xalqaro moliya bozorlarida 5 trillion sо‘mlik milliy valyutada yevrobondlar chiqarilishi va xorijiy banklar kirib kelishiga keng imkoniyatlar yaratilishi e’lon qilindi. Yana bir muhim yangilik – banklar resursni qanday valyutada jalb qilishidan qat’iy nazar, tadbirkorlarga kreditni sо‘mda va maqbul foizlarda berish tizimi yо‘lga qо‘yilishi, shu maqsadda Moliya vazirligi huzurida Valyuta xatarlarini boshqarish kompaniyasi va hududlarda uning filiallari tashkil etiladigan bо‘ldi. Ma’lumki, mamlakatimizda 2019-yildan boshlab joriy etilgan yangi soliq konsepsiyasining eng asosiy g‘oyasi soliq yukini kamaytirish, sodda va barqaror soliq tizimini qо‘llash bolgan edi. 2019-yilda yangi soliq siyosati doirasida ish haqiga soliq yuki 1,5 barobar kamaytirildi. Natijada rasmiy sektorda ishlayotganlar soni yil davomida 500 mingtaga kо‘paydi. Qо‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi 20 foizdan 15 foizga tushirildi. Buning hisobidan 2019-yili soliq tо‘lovchilar ixtiyorida 2 trillion sо‘m qoldi. Sо‘nggi yillarda Jahon bankining “Biznes yuritish” reytingida eng yaxshi 50 ta mamlakat qatoriga kirish bо‘yicha barcha tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar amalga oshirildi. 2019-yilda qabul qilingan yangi Soliq kodeksiga muvofiq, 2019-2021-yillar mobaynida soliq turlari 16 tadan 9 taga kamaytirildi. Soliqlarni tо‘lash muddatini uzaytirish yoki bо‘lib-bо‘lib tо‘lashga ruxsat berish bо‘yicha yengillashtirilgan mexanizmlar joriy etildi. Prezidentimiz tadbirkorlar bilan uchrashuvida soliq sohasida ham tadbirkorlarga qо‘shimcha qulayliklar yaratilishini qayd etdi. 2020-yil fevral oyida “Maxsus iqtisodiy zonalar tо‘g‘risida”gi qonun qabul qilingunga qadar iqtisodiy zonalarda rо‘yxatdan о‘tgan tadbirkorlarga berilgan imtiyozlar saqlab qolindi. Maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilariga qо‘shilgan qiymat solig‘ining ortiqcha qismini 7 kun ichida qaytarib berish tartibi joriy qilindi. Bu ularga aylanma mablag‘larini kо‘paytirish imkonini beradi. Qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalarga yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 2 barobarga kamaytirildi. Davlatimiz rahbari pandemiya sharoitida xizmatlar sohasini qо‘llab-quvvatlash muhimligini ta’kidlab, 2020-yili berilgan imtiyozlar muddatini uzaytirishga kо‘rsatma berdi. Umumiy ovqatlanish korxonalari yil yakuniga qadar yer va mulk solig‘idan, turizm kompaniyalari va mehmonxonalar 2 yil muddatga turistik yig‘imlardan ozod qilinadigan bо‘ldi. Tadbirkorlarni qiynayotgan muammolardan yana biri yer ajratish bilan bog‘liq. Bu masala bо‘yicha Prezidentga 4 mingdan ziyod murojaat bо‘lgan. 2021-yil 16-avgust kuni “Yer uchastkalarini ajratish va ulardan foydalanish, shuningdek, yerlarni hisobga olish va davlat yer kadastrini yuritish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan О‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga о‘zgartish va qо‘shimchalar kiritish tо‘g‘risida” qonun qabul qilindi. U bilan yerlarni iqtisodiy oborotga kiritish, ularni oldi-sotdi va garov obyektiga aylantirish uchun mustahkam huquqiy zamin yaratildi. Endi qishloq xо‘jaligi yerlari ochiq tanlov asosida faqat ijaraga beriladi. Qishloq xо‘jaligiga mо‘ljallanmagan yer maydonlari esa faqat auksion orqali sotiladigan tartib joriy qilindi. 2022-2023-yillarda respublika bо‘yicha qо‘shimcha 200 ta sanoat zonalari tashkil etilib, ularga ham kommunal va yо‘l infratuzilmasi davlat tomonidan yetkazib beriladi. Ushbu maqsadlar uchun 2022-yilda byudjetdan 2 trillion sо‘m mablag‘ ajratiladigan bо‘ldi. Tadbirkorlar e’tiroziga sabab bо‘layotgan yana bir muammo – elektr tarmoqlariga ulanishda kichik korxonalarga ham yirik zavodlar bilan bir xil talablar qо‘yilgan. Shu bois 2022-yildan bu borada qulay tizim joriy etiladigan bо‘ldi. Elektr tarmog‘iga ulanish tо‘liq elektron platformaga о‘tkaziladi va barcha jarayonlar bir bosqichga tushiriladi. Tadbirkorlarni elektr tarmog‘iga ulash muddati 20 kilovattgacha bо‘lgan quvvatlar uchun – 10 kun, 50 kilovattli quvvatlar uchun esa 20 kun etib belgilanadi. Agar, elektr ta’minoti korxonasi ishlarni muddatida yakunlamasa, tadbirkorlarga kompensatsiya tо‘laydi. Davlatimiz rahbari eksportyor korxonalarni qо‘llab-quvvatlash, kichik biznesni eksport faoliyatiga jalb qilish bо‘yicha ham qator tashabbuslarni ilgari surdi. Masalan, 2020-yili pandemiya davrida tо‘qimachilik korxonalariga eksportdan valyuta tushumini kutmasdan qо‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarib berish tartibi joriy etilgan edi. Endi ushbu tartib barcha tarmoqlarning halol va intizomli eksportyorlariga nisbatan ham tatbiq etilishi aytildi. Shuningdek, yiliga 20 million dollardan ortiq eksport qiluvchi korxonalarga 5 million dollargacha imtiyozli kreditlar ajratilishi belgilandi. Hozirgi kunda ayrim xomashyolar importi uchun boj stavkalari yuqori ekani kо‘rsatib о‘tildi. Oqibatda ular asosida mahsulot ishlab chiqarishdan kо‘ra chetdan olib kelish arzonroq bо‘lmoqda. Shu bois, hukumatga xomashyo va yarim tayyor mahsulotlar uchun import boji stavkalarini pasaytirish bо‘yicha topshiriq berildi. Shunday qilib, bugungi kuchli raqobat sharoitida milliy korxonalarimizning jahon xо‘jalik tizimiga izchil kirib borishida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik muhim ahamiyat kasb etdi. Aynan iqtisodiyotda tarkibiy qayta qurishni jadallashtirish, modernizatsiyalash va barqaror iqtisodiy о‘sishni ta’minlashda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning o’rni beqiyosdir. Download 399.83 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling