Mavzu. Siyosatshunoslik fani predmeti, maqsad va vazifalari
- MAZU. SIYOSIY QARASHLARNING PAYDO BO‘LISHI
Download 0.89 Mb.
|
Mavzu. Siyosatshunoslik fani predmeti, maqsad va vazifalari
- Bu sahifa navigatsiya:
- Qadimgi Sharq va G‘arbdagi siyosiy g‘oyalar va talimotlar
- «Ptaxotep na s ihatlari»
- Veda bitiklari
- «Artxashastra yoki siyosat ilmi»
2- MAZU. SIYOSIY QARASHLARNING PAYDO BO‘LISHI
VA RIVOJLANISHI Reja: 1. Qadimgi Sharq va G‘arbdagi siyosiy g‘oyalar va talimotlar 2. IX-XX asr boshlarida Markaziy Osiyodagi siyosiy qarashlar 3. XV-XIX asrlarda G‘arbdagi siyosiy fikr va siyosiy huquqiy g‘oyalar 4. Hozirgi davr siyosiy qarashlarining mohiyati. Siyosiy nazariyadagi asosiy yo‘nalishlar. Qadimgi Sharq va G‘arbdagi siyosiy g‘oyalar va talimotlar Siyosiy ta’limotlar tarixi faqat siyosatshunosliklikda emas, balki ijtimoiy fanlar tizimida ham muhim o‘rin tutadi. Zero, siyosiy ta’limotlarda turli sinflar va ijtimoiy guruhlarning manfaatlari o‘z ifodasini topadi. Mazkur manfaatlar siyosiy hokimiyat tomonidan himoyaga muhtoj bo‘ladi va ushbu ehtiyoj hukmron sinflarni o‘z nazariyalarini ishlab chiqish va asoslashga da’vat etadi. Bundan tashqari, siyosiy ta’limotlar tarixi - ulkan tajriba. Zamonaviy siyosiy hayotning biron-bir muhim masalasini usiz hal etish mumkin emas. Bu tajriba hozirgi davr uchun dolzarb bo‘lgan ko‘plab original echimlarni o‘z ichiga olgani holda, olimlar va amaliyotchilarga o‘z izlanishlarini o‘tmish tajribasi, oldingi davrning o‘ziga xos xususiyatlari bilan qiyoslashdan iborat noyob imkoniyatni ham yaratib beradi. Siyosiy fikr insoniyat sivilizatsiyasining vujudga kelishi bilan bir vaqtda paydo bo‘lgan. Sivilizatsiyaning ilk o‘choqlari Sharqda - Misr, Mesopotamiya, Hindiston va Xitoyda -taxminan milodgacha bo‘lgan 4 ming yillikda yuzaga keldi. SHaharlar, davlatlar, yozuv, atrofini o‘rab turgan dunyo haqidagi bilimlar aynan shu erda paydo bo‘lgan. Savdo-sotiq va hunarmandchilik rivojlangan, kishilar va kishilar guruhlari o‘rtasidagi mulkiy tengsizlik ularning ijgimoiy mavqei bilan asoratga solinishi natijasida vujudga kelgan. Sivilizatsiya insonning faqat oila, ypyg‘ jamoasi doiralaridagina emas, balki davlat doirasida, ya’ni, ijtimoiy-iqtisodiy va sinfiy tengsizlik hukmronlik qilish va bo‘ysunish sharoitlarida ham birgalikda yashay olish qobiliyatini taqozo etadi. Bularning hammasi insonlarning ilk siyosiy tasavvurlarida o‘z aksini topadi. Misrda hozirga qadar mahalliy hukmdorlar bo‘lmish fir’avnlar ulug‘vorligining ramzlari bo‘lgan maqbaralar - piramidalar saqlanib qolgan. Fir’avn siymosida hukmdorning oliy siyosiy hokimiyati ham, bosh kohin, ya’ni ma’naviy hukmdor ham birlashgan edi. U tabaqalarning ijtimoiy «piramidasi»ning tepasida turadigan va yaratuvchi xudo bilan odamlar orasida vositachi hisoblangan. Eng qadimgi siyosiy-diniy hujjatlardan biri - «Ptaxotep nasihatlari» (milodgacha bo‘lgan XXVIII asr) barcha misrliklarning fir’avnga so‘zsiz va mutlaq bo‘ysunishlari, ijtimoiy tengsizlikning zaruriyati va maqsadga muvofiqligi, xo‘jayinlarning «quyi» tabaqaga mansub odamlarga yaxshi munosabatda bo‘lishlari lozimligi haqida so‘z yuritilgan. Mesopotamiyada Vaviloniya, Ossuriya va Xett podsholigining qonunlari eng muhim yodgorliklardir. Ular podsholarni o‘z a’yonlari yordamida hukmronlik qiluvchi, xudolarga o‘xshash mavjudotlar sifatida tasavvur qilganlar. Masalan, Vavilon podshosi Hammurapi qonunlarida (milodgacha bo‘lgan XVIII asr) hukmdor qattiqqo‘l, ammo «kuchlining kuchsizni xafa qilishga yo‘l qo‘ymaydigan, etimlar va boylarga nisbatan adolat ko‘rsatilishi» haqida g‘amxo‘rlik qiluvchi, o‘z fuqarolarining adolatli otasi sifatida tasvirlangan. Qadimgi Hindistonda muqaddas matnlar va Veda bitiklari siyosiy g‘oyalarning asosiy manbai bo‘lib xizmat qilgan. Insonning to‘g‘ri, imonli hayot kechirishini belgilab beruvchi diniy-falsafiy, siyosiy, axloqiy va huquqiy qoidalarning yig‘indisidan iborat bo‘lgan «Manu qonunlari» (insonlarning afsonaviy ajdodi) ham muqaddas kitoblarning ta’siri sezilib turadi. Qadimgi Hindistonda yaratilgan eng mashhur va mazmundor siyosiy risola «Artxashastra yoki siyosat ilmi» bo‘lib (milodgacha bo‘lgan IV-III asrlar) uning muallifi braxman Kautilya hisoblanadi. Risolada eng muhim davlat, siyosat va xo‘jalik masalalarining butun majmuasi tahlil etilgan, amaliy maslahatlar berilgan. Ushbu kitobning davlat asoslariga bag‘ishlangan bo‘limida shunday deyiladi: «Davlatning asosiy unsurlari quyidagilar: podsho, vazir, mustahkamlangan shaharlar, qishloq joylari, xazina, qo‘shin va ittifoqlar». Asarda «podshoh ideali» juda mufassal tavsiflangan. Odamlarni uning tomoniga jalb qiluvchi sifatlar nuqtai-nazaridan u yuqori nasabli, baxtli va omadli, adolatli, so‘zidan qaytmaydigan, o‘z atrofiga yomon odamlarni yo‘latmaydigan kishi bo‘lishi lozim. U qiziquvchanlik, o‘qishga, bilishga bo‘lgan qobiliyat, bilgan narsasi xususida fikr yuritish, ma’nosiz fikrlarni rad etish va haqiqatni izchil himoya qilish singari aqliy sifatlarga ega bo‘lishi kerak. Uning faoliyati so‘zamollik, topqirlik, yaxshilik va yomonlikni qaytara olish, uzoqni ko‘rish, urush e’lon qilish yoki sulh tuzishda mohir bo‘lish kabi ijobiy xususiyatlar bilan ajralib turishi, shuningdek, u hirsdan, ochko‘zlik, parishonxotirlik, tuhmatga moyillik kabi salbiy sifatlardan holi bo‘lishi lozim. Asarning shu bo‘limida quyidagicha ogohlantirish ham mavjud: «ijobiy fazilatlarga ega bo‘lmagan shoh o‘z fuqarolari yoki dushmanlari qo‘lida halok bo‘ladi»2. Podshoh tomonidan o‘tkaziladigan mashvaratlarga (majlis, yig‘ilish) alohida e’tibor berilgan. Mashvarat yopiq bo‘lishi «undan biron so‘z tashqariga chiqmasligi, u erga qushlar ham nazar tashlay olmasligi» kerakligi uqtirilgan. Mashvaratning quyidagi beshta unsuri sanab o‘tiladi: •ishga kirishish usuli; •etarli miqdordagi material va odamlarning mavjudligi; •vaqt va joyning belgilanishi; •muvaffaqiyatsizliklarga qarshi tura olishi; •ishning xayrli yakunlanishi. Asarning «O‘z mamlakatida sodiq kishilarning va sotqinlik kayfiyatidagi odamlarning partiyalari orqasidan kuzatish» deb atalgan bo‘limi alohida diqqatga sazovor. Bu o‘rinda josuslik va provokatsiyalar texnikasi tasvirlab berilgan. Asosiy mansabdor shaxslar - oddiy shaharliklar, qishloq aholisi - barchaning ortidan doimiy kuzatuv olib borishi lozim. Josuslarga odamlar to‘planadigan joylarga - majlislar zallariga va, hatto, ibodat uchun tahorat olinadigan joylarga kirib olish tavsiya etilgan. Sochlari qirilgan yoki o‘rib olingan darveshlar qiyofasidagi josuslar odamlarning mamnunligi yoki noroziliklarini bilib olishlari zarur bo‘lib, bu hukmdor siyosatidan mamnun va rozi bo‘lganlarni podshoh o‘z tuhfa va in’omlari, iltifoti orqali siylab, norozilarni jazoga tortishi uchun asos bo‘lgan. Ko‘rinib turibdiki, podsho hokimiyati tomonidan josuslarga tavsiya qilinayotgan hatti-harakatlar nuqtai-nazaridan qaraganda «ideal shoh» obrazi o‘z jozibasini yo‘qotadi. «Artxashastra»da ta’kidlanishiga ko‘ra, davlat tashqi siyosatida oltita usuldan foydalanishi lozim: dushman tomonlarini o‘ziga bog‘lab qo‘yuvchi shartnoma tuzilishini taqozo etuvchi sulh;raqibga ziyon etkazish maqsadida urushish;befarqlik holatida kutish vaziyati;hujum, ya’ni dushmanga hujum qilish chora-tadbirlarini ko‘rish; chetdagi boshqa birov bilan, boshqa davlatlar bilan ittifoq tuzish yo‘lini izlash; goh urush, goh sulhdan foydalanishdan iborat ikki yoqlama siyosatdan foydalanish. Asarda ko‘rib chiqilgan quyidagi masala ham diqqatga sazovor: kuchli, lekin adolatsiz hukmdorga qarshi urush boshlash kerakmi yoki kuchsiz, lekin adolat bilan hukmronlik qilayotgan hukmdorga qarshimi? «Artxashastra»dagi javob quyidagicha: kuchliroq bo‘lgan, lekin adolatsizlik bilan hukmronlik qilayotgan podshohga qarshi borish zarur. Zero, bunday hukmdorga hujum qilinsa, uning fuqarolari unga yordam bermaydilar; ular o‘sha hukmdorni quvib yuborishlari yoki dushman tomonga o‘tishlari mumkin. Agar ancha zaif, lekin adolatli hukmdorga hujum qilinsa, u holda fuqarolari unga yordam beradilar va urushning oqibati qanday tugashi noma’lum bo‘ladi. Risolaning boshidan oxirigacha har qanday vositalar bilan hokimiyat va boylikni qo‘lga kiritish, himoya qilish va ko‘paytirish lozimligi ta’kidlanadi. Xususan, yaxshi vositalardan ham, shuningdek, agar ular ishonchli yoki birdan-bir imkoniyat bo‘lsa, yomon vositalardan ham bir xilda foydalanish kerak3. Bir necha ming yil o‘tgandan so‘ng bu fikrni italiyalik siyosatshunos Nikollo Makiavelli ham alohida takrorlagan. Qadimgi Xitoyda siyosiy fikrning tug‘ilishi va uning xususiyati jiddiy o‘ziga xoslikka ega edi. Garchi osmon irodasi oliy, belgilovchi ibtido - dao (yo‘l, qonun) sifatida tan olinsa-da, unga muqaddas kitoblar ta’sir ko‘rsatmagan. Xitoy donishmandlarining diqqat markazida davlatni tashkil etish, uni boshqarish, inson va jamiyat munosabatlari muammolari turar edi. Bu hol Xitoyning buyuk faylasufi Konfutsiy (asli nomi xitoychada — Kun Fu-szu— ma’nosi kun ustozi, miloddan oldingi 551-479 yillar) ijodida yaqqol namoyon bo‘ladi. Konfutsiyning asosiy asari «Lun-yuy» (Bahs va tahlil) hisoblanadi. Uning ta’limoti konfutsiylik deb atalib, Xitoy tarixida dinning o‘ziga xos ekvivalenti vazifasini bajargan. Konfutsiy Xitoyning Lu podshohligida tug‘ilib, hayotining aksariyat qismini shu erda o‘tkazgan. Konfutsiy yashagan davrda Lu podshohligida ichki ijtimoiy-siyosiy vaziyat o‘ta og‘ir bo‘lgan. Podshoh nomigagina taxtda o‘tirgan, asosiy siyosat va hukmronlikni o‘sha davrdagi kuchli qabila boshqargan. Ushbu vaziyatdan kelib chiqib, Konfutsiy o‘z asarlarida hukmdorning adolatli bo‘lishi, olib borilayotgan siyosatning xalq manfaatlariga mosligini ta’minlash haqida orzu qilgan. O‘z asarlarida u shu g‘oyalarga da’vat qilib kelgan. Konfutsiy ta’limotidagi eng muhim g‘oyalardan biri hokimiyat bilan xalq o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarda xalqning ishonchini saqlab qolishdan iborat edi. Aks holda, uning fikricha, davlat tanazzulga yuz tutadi4. Konfutsiy qadimgi davr me’yorlarini chuqur o‘ylagan, o‘zi yashagan voqelikni hisobga olgan holda ijodiy talqin qilgan. Hokimiyat kelib chiqishining ilohiy va tabiiy jihatlarini tan olar ekan, u odamlarning hayotini qay tarzda tashkil etish, davlatda adolatli va oqilona tartibni ta’minlashni o‘zining asosiy maqsadi deb bilgan. Bu tartib beshta turli xil o‘zaro teng bo‘lmagan munosabatlarni taqozo etadi: hukmdor va tobelar, er va xotin, ota va o‘g‘il, aka va uka, ustoz va shogird o‘rtasidagi munosabatlar. Ularda bir tomondan farmoyish, amr-farmon, ikkinchi tomonidan, so‘zsiz bo‘ysunish bo‘lishi lozim. Hukmdorlikni adolat va marhamat bilan olib borish, bo‘ysunganda esa sadoqat va samimiylik ko‘rsatish kerak. Shu bilan birga, Konfutsiyda do‘stlar o‘rtasidagi munosabatlar ham alohida o‘ringa ega bo‘lib, do‘stlikda har ikki tomon ezgulik qoidasiga amal qiladilar. Konfutsiyning siyosiy ta’limoti asosida ezgulik, insoniylik tamoyili yotadi. Insoniylik nima? - degan savolga u shunday javob bergan: «Uyda o‘zini odob bilan tutish, ishga ehtirom bilan qarash, boshqalar bilan munosabatda halol bo‘lish»5. Uning odob-axloq kodeksining oliy maqsadi - davlat va jamiyatda adolatli ijtimoiy-siyosiy rejim o‘rnatishdan iborat edi. Konfutsiy davlaning patriarxal-paterpalistik konsepsiyasini rivojlantirgan. Uning ta’kidlashicha, davlat-katta oiladir. Imperator hokimiyati go‘yo oila boshlig‘i- otaning hokimiyatidek adolatli va qo‘l ostidagilariga mehr-shavqatga asoslangan. Hukmdor va fuqarolar munosabati - oila azolarining munosabatini eslatadi: kichiklar kattalar qaramog‘ida va ularga itoat qiladi. Konfutsiy odamlarni ijtimoiy kelib chiqishiga ko‘ra 4 qatlamga ajratadi: 1) aslzodalar (har qanday bilimga tug‘ilishdan ega); 2) bilimlarga o‘qish-o‘rganish jarayonida ega bo‘lganlar; 3) bilimlarni qiyinchilik bilan o‘zlashtiruvchilar; 4) bilim olishga intilmaydiganlar. Shu tariqa odamlar o‘rtasida tengsizlik mavjudligi va omi odamlar, quyi tabaqalar, kichiklar oliy nasab aslzoda, kattalarga bo‘ysunishlari zarurligi belgilab beriladi. Hokimiyat oqsuyaklar qo‘lida to‘planishi lozimligiga asoslanadi. Konfutsiy hokimiyatning adolat va mehr-shavqatga asoslanishi, fuqarolar esa isyonlardan o‘zlarini tiyishlarini uqtiradi. Boshqarish— hammani joy-joyiga qo‘yish demakdir6. Davlat hokimiyati xalq ishonchisiz mavjud bo‘la olmaydi, ammo hukmdorlar hammaga o‘rnak bo‘lishlari lozim. Konfutsiy ta’limotiga ko‘ra «Hukmdor xalqni o‘z farzandidek sevishi, fuqarolar esa hukmdorni o‘z otasidek hurmat qilib, e’zozlashi lozim» deyiladi. Odamlarning «najib» va past kishilarga bo‘linishini o‘zgartirib bo‘lmaydi deyilgan. Bu ta’limot Xitoyda ko‘p asrlar hukmron ideologiya bo‘lib xizmat qilib keldi. Adolatli tuzum o‘rnatish barcha odamlarga, eng avvalo, ularni boshqarayotgan kishilarga daxldor bo‘lgan muayyan qoidalar (li) va me’yorlar (syao) ga rioya qilingan taqdirdagina mumkin bo‘ladi. Li - boshqaruvning pog‘onali tizimida odamlarning xulq-atvor qoidalari bo‘lib, ular ayrimlarni xushomadgo‘ylikdan, boshqalarni o‘zboshimchalikdan asraydi va ularning har biriga o‘z qadr-qimmatini saqlash imkonini beradi. Hukmdor mansabdorlardan li ga muvofiq ravishda foydalanishga, mansabdor esa li ga qatiy rioya etishga majbur. Li ga so‘zsiz rioya qilinmagan taqdirda butun boshqaruv tuzilmasi yaroqsiz bo‘lib qoladi va oxir-oqibat buziladi. Download 0.89 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling