Microsoft Word +++Jinoyat huquqi Umum. Rustambayev 2006. doc
Download 1.81 Mb. Pdf ko'rish
|
Jinoyat huquqi Umum.Rustambayev 2006
- Bu sahifa navigatsiya:
- Jinoiy oqibat
3. Ijtimoiy xavfli oqibat
Jinoiy oqibat jinoyat qonuni bilan qo‘riqlanadigan obyektdagi ijtimoiy zararli o‘zgarishlar shaklida namoyon bo‘ladi. Tajovuz predmetini yo‘qotish (mulkning yo‘q qilinishi, hayotdan mahrum qilish, davlat sirlari bilan bog‘liq hujjatlarni yo‘qolishi), tashkilot, korxona, muassasalarining normal faoliyat olib borishining, fuqarolarining ijtimoiy, mehnat, uy-joy, saylov va boshqa huquqlarining buzilishi ijtimoiy xavfli oqibat hisoblanadi. Jinoiy oqibat tajovuz obyektlarida g‘ayriijtimoiy o‘zgarishlarni keltirib chiqarganligi sababli, ularning tarkibiy tasnifi ham to‘g‘ridan- to‘g‘ri bu obyektlarning tarkibiga bog‘liqdir. Shunday qilib, jinoyatlar siyosiy va iqtisodiy zararni davlatga, shaxsga qarshi jismoniy va ruhiy ziyonni keltirib chiqaradi. Jinoyatlar o‘zining tuzilishiga ko‘ra oddiy(bir vaqtdagi va bir negizdagi) va murakkab (ikki obyektli, davomiy) bo‘ladi. Bunday tasnif yoki jinoyat tarkibining ikki obyektdan iboratligi, yoki bir obyektning mohiyatidan, yoki zararli o‘zgarishlarni qilish jarayonining o‘ziga xosligi bilan belgilanadi. Masalan, bosqinchilik ikkita obyektli jinoyat hisoblanib, ular shaxsning sog‘lig’i va fuqarolarning mulkiy manfaatlaridir. Moddiy tarkibli jinoyatlar obyektiv tomonining ikkinchi zaruriy belgisi jinoiy oqibatdir. Jinoiy oqibat deganda qilmishning sodir etilishi natijasida jinoyat huquqi bilan qo‘riqlanayotgan ijtimoiy munosabatlarda yuz bergan o‘zgarish tushunilishi kerak. Shuningdek,, oqibat ijtimoiy munosabatlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri zarar yetkazadi yoki bevosita zarar yetkazish xavfini tug‘diradi. Jinoiy oqibatlar Jinoyat kodeksi tomonidan qo‘riqlanayotgan ijtimoiy munosabatlarni ma’lum darajada o‘zgartiradi(masalan, o‘zganing shaxsiy mulkiga zarar yetkazish, insonni hayotidan mahrum qilish, shaxsning sog‘lig’iga zarar yetkazilishi va hokazolar). Kelib chiqqan oqibat moddiy bo‘lmasligi ham mumkin (masalan, fuqarolarning teng huquqliligi, yozishmalar siri, telefon so‘zlashuvlari, boshqa xabarlarni eshitshi, fuqarolar bilan munosabatda bo‘lish, vijdon erkinligini buzish va hokazolar). 136 Moddiy va jismoniy zararni aniq o‘lchash imkoniyati mavjud. Shuning uchun bunday zararni jinoyat tarkiblarida miqdoriga ko‘ra farqlaydilar. Bunda oddiy, og‘irlashtiruvchi va maxsus tarkiblarga bo‘lish odat qilingan. Misol uchun mulkni talon-taroj qilishda: talon taroj oddiy, ko‘p va juda ko‘p miqdorda bo‘ladi ( shu asosda differensiallashtiriladi). JKning atamalarning huquqiy ma'nosi bo`limida ko`p miqdordagi zarar, ancha miqdordagi zarar, juda ko`p zarar, juda ko`p miqdor, ko`p bo`lmagan zarar, ko`p miqdor, ancha miqdorlarning eng kam oylik ish haqining muayyan baravari miqdorida hisoblanishining aniq mezonlari belgilab qo`yilgan. Biroq moddiy zararlarning siyosiy, mafkuraviy, tashkiliy, ruhiy, ijtimoiy va boshqa tomonlarini o‘lchash ancha murakkabdir. Bunday zararlarni o‘lchash birligi sifatida vaqt, tajovuz obyektida zararli oqibatining cho‘zilishi(davomiyligi), yetkazilgan zararning chuqurligi, qaytarib bo‘lmasligi kabilar tan olinadi. Nomoddiy oqibatni aniq o‘lchamay, aniqlamay turib, quyidagi savollarga javob topish mushkuldir: qilmish ijtimoy xavflimi yoki kam ahamiyatlimi? Jinoyat sodir etilganmi yoki huquqbuzarlikmi? Shaxsni jazoga tortishda yetkazilgan zararning ijtimoiy xavfliligi hisobga olinishi kerakmi? Misol uchun, ma’muriy mayda bezorilik jinoiy bezorilikdan jamoat tartibini buzishdagi qo‘pollik darajasining belgilariga qarab farqlanadi. Bezorilikdan kelib chiqadigan zarar murakkab tarkibli bo‘lib, bir qator tashkiliy, jismoniy, mulkiy, ma’naviy oqibatlardan iborat bo‘ladi. Sodir etilgan qilmishda yuqoridagilarning barchasi yoki ayrimlari mavjud bo‘lishi mumkin. Agar bezorilik nomoddiy va nojismoniy bo‘lmagan zararning o‘zi bilan cheklangan bo‘lsa, bunda tashkiliy yoki ma’naviy zararni o’lchash masalasini hal qilish zarur bo‘ladi. Bunda jinoyatning davomiyligi, sodir etilgan qilmishning joyi, vaqti, sharoiti, ishtrirokchilarning xususiyati kabi masalalar inobatga olinadi. Ijtimoiy xavfli qilmish natijasida kelib chiqadigan oqibatlarni moddiy va nomoddiy turlarga bo‘lish mumkin. O‘z navbatida moddiy oqibatlarni mulkiy va shaxsiy xususiyatdagi ikki to‘rga ajratish mumkin: Moddiy xususiyatdagi oqibatlar ma’lum o‘lchovga ega. Masalan, sog‘liqqa qarshi jinoyatlar, oqibatlariga qarab yengil, o‘rtacha og‘ir va og‘ir tan jarohatlariga ajratiladi. Yetkazilgan zarar obyektini aniqlash jinoyatni to‘g‘ri kvalifikatsiya qilish va adolatli jazo tayinlanishida muhim ahamiyatga egadir. Moddiy tarkibli jinoyatlarda sodir etilgan qilmishning oqibatlari bu qilmishlarni oxiriga yetkazilgan jinoyat sifatida kvalifikatsiyalash 137 imkoniyatini beradi. Qonunda ko‘rsatilgan oqibatlarning kelib chiqmaganligi qilmishlarni jinoyatga suiqasd qilish sifatida baholash imkonini beradi. Ayrim hollarda aynan qilmishning oqibatlari jinoyatning ma’muriy huquqbuzarliklardan farqlovchi belgisi hisoblanadi. Jinoyat huquqiy normalarda oqibatning ko‘rsatilish shakllari turli xil bo‘lishi mumkin. Ba’zi hollarda Jinoyat kodeksining moddasida oqibat to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatiladi(masalan, Jinoyat kodeksining 104- moddasida qasddan badanga og‘ir shikast yetkazishning ta’rifi berilib, ushbu jinoyatning oqibatlari aniq ko‘rsatilgan). Ayrim hollarda oqibat jinoyat huquqiy me’yorlarni izohlash yo‘li bilan aniqlanadi. Jinoyat tarkibining moddiy va formal jinoyatlarga bo‘linishi jinoyatni tamom bo‘lish vaqtini aniqlash va uni to‘g‘ri kvalifikatsiya qilish uchun ahamiyatlidir. Jinoiy oqibatning kelib chiqishi bilan jinoyat tarkibi tugaydi. Biroq ayrim hollarda, jinoyatni tamom bo‘lgan deb topish uchun zaruriy element hisoblangan oqibat kelib chiqqandan so‘ng ham bir qator oqibatlarning kelib chiqishi davom etadi. Bunday oqibatlar qo‘shimcha yoki navbatdagi oqibat deb nomlanadi. Jinoyatni kvalifikatsiyalashda ular ahamiyat kasb etmaydi, sud tomonidan og‘irlashtiruvchi holat sifatida inobatga olinadi. Misol uchun jabrlanuvchi o‘ldirilganidan so‘ng uning rafiqasi kasal bo‘lib qolishi, onasining aqldan ozishi va hokazolar. Mana shu holatlar sud tomonidan og‘irlashtiruvchi holat sifatida tan olinishi mumkin, qachonki ularning jinoiy qilmish bilan bog‘liqligi isbotlangan bo‘lsa. Xo‘jalik va mansabdorlik jinoyatlarida qo‘shimcha oqibat boy berilgan foyda, turli neustoykalar bo‘lishi mumkin. Shunday holatlar ham bo‘ladiki, sub’yekt kelib chiqishini xohlamagan, lekin oldindandan ko‘ra bilgan oqibatlar mustaqil jinoyat sifatida topiladi hamda jinoyatlar jami bo‘yicha ikki yoki undan ortiq jinoyatlarni sodir etganlik uchun javobgarlikka tortiladi. Masalan, agar sub’yekt avtomashinani olib qochib, g‘ildiraklari va magnitafonini yechib olib, mashinani odam ko‘rmaydigan joyga tashlab ketsa va bu yerda mashina yaroqsiz holatga kelib qolsa uchta jinoyatning jami bo’yicha avtomashinani olib kochish, o‘g‘rilik va mulkka zarar yetkazish uchun javobgar bo‘ladi. Jinoyat qonunida bir nechta murakkab tarkibli, ikki oqibatli jinoyatlar ham o‘z ifodasini topgan. Bunday jinoyatlar kvalifikatsion tarkibli deb nomlanadi. Bularga jabrlanuvchining o‘limiga olib kelgan og‘ir tan jarohatini yetkazish, insonlarni qurbon bo‘lishiga olib kelgan, mulkni nobud bo‘lishiga sabab bo‘lgan og‘ir oqibatlarni keltirib chiqargan 138 davlat sirini oshkor qilish va boshqalar. Bunday jinoyatlarda obyektga birinchi zararni yetkazuvchi asosiy jinoiy oqibat - bu tan jarohatini yetkazish, mulkni nobud qilish. Ikkinchisi, esa keyin kelib chiqqan og‘ir oqibatlar, bo‘lib bular ham moddaning dispozitsiyasida ko‘rsatilgan zaruriy oqibat hisoblanadi. Bunda aybning shaklida ham o‘ziga xos tomoni bor: asosiy oqibatga - to‘g‘ri qasd; ikkinchisi - albatta, ehtiyotsizlik orqasida ro‘y bergan bo‘ladi. Jinoyat huquqida alternativ, formal tarkibli jinoyatlar tushunchasi ham mavjud. Bular qatoriga obyektiv tomoni ikki mustaqil qismlardan tashkil topadigan jinoyat tarkibini kiritish darkor: bittasida faqatgina qilmishni sodir etilishi nazarda tutiladi, ikkinchisida qilmish bilan bir qatorda ijtimoiy xavfli oqibatni kelib chiqishi nazarda tutiladi. Misol uchun, Jinoyat kodeksi 186 1 –moddasida etil spirti, alkogolli mahsulot va tamaki maxsulotini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish yoki muomalaga kiritish, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan so’ng yoki ancha miqdorda sodir etilganligi uchun javobgarlik belgilangan. Ko‘rinib turibdiki, ushbu jinoyatning obyektiv tomoni ma’muriy jazo qo‘llanganidan so’ng ijtimoiy xavfli qilmishni sodir etishda; yoki ijtimoiy xavfli qilmish natijasida ancha miqdorda zarar yetkazilishida ifodalanadi. Ijtimoiy xavfli oqibatning ahamiyati quyidagilarda namoyon bo‘ladi: 1. Zarar va uning miqdori qilmishni kriminalizatsiya va dekriminalizatsiya qilish uchun asosiy mezon hisoblanadi; 2. Jinoyatlar va ularning tarkiblarida zaruriy element hisoblanadigan jinoiy oqibatlar barcha holatda jinoyatni tasniflashda ishtirok etadi; 3. Zarar – jinoiy va jinoiy bo‘lmagan huquqbuzarliklar, g‘ayriaxloqiy nojo‘ya harakatlarni farqlashda asosiy vositadir; 4. Kam ahamiyatli qilmishlarni ham aniqlashda zarar(oqibat)ning o‘rni muhimdir; 5. Keyingi qo‘shimcha oqibatlar agar shaxs ularni oldindandan ko‘ra bilgan bo‘lsa sud tomonidan jazoni og‘irlashtiruvchi holat sifatida qilmishni kvalifikatsiya qilishda inobatga olinadi. Download 1.81 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling