Microsoft Word shaytanat4 ziyouz com doc
Download 5.08 Kb. Pdf ko'rish
|
Shaytanat 4- kitob (2)
www.ziyouz.com kutubxonasi
243 ajoyib kuyovim bor», deb maqtan. Manzura aytgan gapidan afsuslanib, pastki labini tishladi-da, erining yelkasini silagan bo‘ldi: — Adasi, darrov jahlingiz chiqmasin. Zaynabning ham ko‘ngliga qaraylik-da. — Zaynabning ko‘ngliga?.. — Asadbek shunday de-di-yu, jimib qoldi. Bu sukutdan foydalangan Manzura Zaynabning kunda ikki, ba’zan uch marta kasalxonaga borayotganini, Elchinning jiyanlari kelgani, ularga javoban «U mening erim, uni o‘zim olib chiqaman», deganlarini aytib berdi. Bu gaplarni eshitgan Asadbek «Erini yomon ko‘rardi-ku? Endi Jamshiddan ko‘ngli sovub, unga muhabbatli bo‘ldimi?» deb o‘yladi. — Zaynab bu yerda ancha siqilib qoldi, — dedi Manzura. — Kennayilari bilan akalari kulishib turishsa uning ko‘zlarida yosh miltillaydi. Kuyovingizni uyiga olib chiqsak... — To‘ydan keyin, — dedi Asadbek uning gapini uzib. — Hozir olib chiqsang, hamma to‘y harakati bilan ovora bo‘lib, qarovsiz qoladi. Onasi bilan suhbatlashganda Zaynab «Elchin akam chiqmasalar men to‘y bazmida nima qilaman? Beva xotinga o‘xshab shumshab o‘tiramanmi?» degan edi. Manzura eriga bu gapni aytay dedi-yu, jur’at etolmadi. Ikkovlari birgalashib pastga tushib, uyga kirdilar. O‘zining xonasidagi derazadan hovlidagi ota-onasiga qarab turgan Zaynab xo‘rsinib qo‘ydi. Zaynab nimani istasa onasi darrov rozi bo‘lar, otasidan esa ijozat tegishi mushkul vazifa edi. Erining to‘y bazmiga olib borilishi boshqalar uchun arzimas masala bo‘lsa-da, Zaynab uchun g‘oyat muhim edi. U to‘yda xizmat qilib yurgan Jamshid bilan ro‘para kelishdan yoki ko‘zlari to‘qnashishdan qo‘rqardi. Yarimjon erinnig yonida o‘tirishi uni shayton vasvasasidan qutqarardi. Jamshid o‘ldiga chiqarilganida Zaynab bir o‘lib, bir tiriluvdi. Yoshlik sururidan esdalik bo‘lmish bu yigit hovlida har paydo bo‘lganida u yana o‘lib, yana tirilaverdi. Ruhi qayta-qayta azoblanmog‘i uchun ham tirilaverdi. Asadbek xotinining gaplarini eshitib «Jamshiddan ko‘ngli qolibdi», deb o‘ylab yanglishgan edi. Yoshlikka xos chin sevgidan qutulish mumkin emasligini u bilmasdi. Chunki Asadbek bu kabi sururli damlarni boshidan kechirmagan edi. Dunyoda «muhabbat» deb atalmish ilohiy tuyg‘u borligini anglash yoshida fikru zikri qimor bilan band, uning muhabbati ham, sadoqati ham o‘shanda qimor edi. Yaqindagina xayolan Kumushbibiga aylanib, o‘z Otabegi bilan baxtiyor bo‘luvchi qiz baxtini sovurib, juvonlikning zimiston olamiga o‘tib qolganday edi. Bu olamda saodatdan umidvor qiluvchi bitta uchqunni ham ko‘rmas edi. U endi Kumushbibi emas, ertakdagi tosh malikaga aylanib qolishni istardi. O‘n yilmi, yuz yilmi o‘tgach, asliga qaytsa, atrofidagi g‘am-anduhni ko‘rmasa... U ba’zan bir yoriltoshga uchramoqni orzu qiladi. Suygani bilan o‘sha toshga borsa-da aytsa: «Yorilgin tosh, yorilginey, olgin bizni o‘z bag‘ringga...» So‘ng toshga aylanib yashasalar. O‘n yilmi, yuz yilmi... Shafqatsiz dunyo, alamli dunyo bu orzularga yo‘l berarmidi? O‘n yilmi, yuz yildanmi keyin bu dunyo shafqatliroq, baxtga mo‘lroq bo‘lib qolarmidi... Download 5.08 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling