Murodulla mirzaev


Islom dini va uning jamiyatda tutgan o'rni


Download 1.97 Mb.
bet16/95
Sana05.01.2022
Hajmi1.97 Mb.
#220417
1   ...   12   13   14   15   16   17   18   19   ...   95
Bog'liq
O'quv qo'llanma-3

Islom dini va uning jamiyatda tutgan o'rni

Turkiyada asosiy din – Islom dini. Islom davlat dini emasligiga qaramay, aholining 99 foizini musulmonlar tashkil etadi. Mamlakatda hozirgi kunda 78 ming masjid faoliyat olib bormoqda. Islomiy tadbirlarda arab tili bilan birgalikda qisman turk tili ham amal qiladi. Turkiya rasmiy idoralarida diniy libos kiyish qonunan taqiqlangan. Masjidlar, boshqa diniy ibodatxonalarda, shuningdek, diniy marosimlar paytida kiyiladigan diniy liboslar bundan mustasno.

Turkiya islom ahkomlariga qat'iy rioya qiladigan, diniy nuqtai nazardan islom mamlakatlari orasida eng erkin dunyoviy davlat hamdir.

Turkiyaning aksariyat aholisi Islomning sunniylik mazhabiga mansub musulmonlar (taxminan 90 foiz) bo'lib, so'fiylik tariqati tarixan keng tarqalgan. Shunday yo'nalishlardan biri Jaloliddin Rumiy nomi bilan bog'liq.

Biroq Turkiya bu holga kelguncha juda qisqa davrda ko'lami nuqtai nazaridan ulkan tarixiy yo'lni bosib o'tgan. Bu yo'l ham shonli, ham qonli sanaladi. Usmoniylar davlatidan meros qolgan davlat xarobalari orasida Islom ham bor edi. Eskilik sarqitlariga qarata o'q otilar ekan, nishonda Islom markaziy o'rinda edi. Sovetlar Rossiyasida bo'lganidek, Turkiyada ham dahriylik ta'limoti asosidagi dunyoviy davlat barpo etish oson kechmagan. Hatto, ba'zan, g'ayriinsoniy xatti-harakatlar namoyish etilgan.

1996-yil Turkiya Prezidenti Sulaymon Demirel AQShga qilgan rasmiy tashrifida g'urur bilan Turkiyani mintaqada yagona demokratik dunyoviy davlat ekanligini ta'kidlagan. Zero, 1924-yilda qabul qilingan Konstitutsiyaning 2-moddasida Turkiyaning dunyoviy davlat ekanligi qayd etilgan.

Mutaxassislarning ta'kidlashicha, Turkiyada dunyoviylik tamoyili G'arbga qaraganda tadrijan emas, inqilobiy harakat asosida katta elita, davlat byurokratiyasi va qurolli kuchlar ofitserlari hamkorligida o'rnatilganligi bilan xarakterli. Bu jarayonda qanchadan–qancha ulamolarning qurbon bo'lgani haqiqat. Dunyoviylikka qarshi bo'lgan barcha islomchilar qatl etilgan.

Turk adabiyotlarida bu haqda ma'lumot kam. Bu o'rinda senzuraning qattiq taqiq qo'yganligini ham aytib o'tish o'rinli. Biroq XX asr 80-yillari oxiri va 90-yillar boshida islomiy doiralarda ayniqsa, universitetlarda Islom dini bilan bog'liq chiqishlar ko'zga tashlana boshlagan. Islomiy jamg'armalar faoliyati faollashgan. Ayniqsa Ko'nyada tashkil etilgan Turk–Anado'lu xayriya jamg'armasi kuchli ta'sirga ega edi. Bu jamg'armaning moliyaviy asosini musulmonlarning “zakot” mablag'lari tashkil etgan. Jamg'arma ta'sischilari “Biz kam ta'minlanganlar, haqiqiy ilmni olayotgan talabalar va o'z yurtini yaxshi ko'radigan vatandoshlarga yordam beramiz” shiori ostida faoliyat olib borgan. Jamg'arma Ko'nyada talabalar yotoqxonalari, imom–xatiblar tayyorlaydigan o'quv binolariga egalik qilgan. Yuzlab talabalarga maxsus stipendiyalar va o'qituvchilar uchun jamg'armalar ta'sis etilgan. Bu harakat faoliyati Turkiyaning boshqa shaharlari va sobiq SSSR turkiyzabon davlatlaridan kelib o'qiyotgan talabalarni ham qamrab olgan edi.

Turkiya davlat xavfsizlik xizmati va boshqa huquq-tartibot organlari hamda qurolli kuchlar tizimida bu islomiy harakat a'zolari muhim pozitsiyalarni egallaganliklari haqida ommaviy axborot vositalari ma'lumot bera boshlagan. 1992-yil 10-martda Xavfsizlik bosh boshqarmasida “Xavfsizlik boshqarmasi xizmatchilarining noqonuniy faoliyati” nomli ma'ruza tayyorlangan va unda boshqarma xizmatchilarining 120 ta norasmiy tashkilotlarlarga aloqadorligi ma'lum qilingan. Xavfsizlik xizmati vakillarining asosiy qismi Fathulla Gulen rahbarligidagi “Fathullachilar” guruhi bilan aloqadorligi ta'kidlangan.

Prezident Turgut O'zal vaqtida davlat boshqaruvidan harbiylar ketgach, ularning o'rnini “islom-turk sintezi” g'oyasi tarafdorlari bo'lgan millatchi va islomchilar tarafdorlari egallay boshlagan. Hullas, bu davrda Turkiyaning kuchli islomiy va turkiylik asosidagi mafkura ta'siriga tushish ehtimoli yuzaga kelgan edi.

Turgut O'zal mamlakat hududida Saudiya Arabistoni banklari faoliyatiga ruxsat bergan. O'tgan asr 80-yillarida Saudiyalik tadbirkorlar va banklar “Rabitai zanjiri” nomli mahfiy doirada ish olib borgan. Bu tashkilot Turgut O'zalning “Ona Vatan” partiyasini har tomonlama qo'llab kelgan.

XX asr 90-yillari boshida dunyo miqyosida ro'y bergan ulkan siyosiy o'zgarishlar Turkiya ichki hayotida ham tarixiy burilish yasagan. Ulkan imperiya - SSSR parchalandi. Uning o'rnida beshta mustaqil turkiyzabon davlat paydo bo'ldi. Kavkazda islomiy harakat jonlandi. Bu harakat O'rta Osiyoda ham qo'zg'aldi. Demokratiyani niqob qilib olgan ba'zi muxolif kuchlar harakati keskin tus ola boshlagan. Dunyoviy taraqqiyot yo'lidan ketayotgan Turkiya islomiy va panturkistik g'oyalar iskanjasida qolgan. Mamlakatda millatchi turkiy oqimlar jonlangan. Ular Markaziy Osiyo respublikalarida o'zlarining ta'sir doiralarini o'tkazishga harakat qila boshlagan.

Dunyo miqyosidagi 200 mln. dan ortiq turkiy xalqlarning diniy va etnik yaqinligi Turkiya e'tiborini tortmay qolmagan. Turkiyzabon davlatlarda mavjud foydali qazilmalar, gaz-neftь zahiralari, savdo-sotiq uchun qulay bozor mavjud joyda boshqacha bo'lishi ham mumkin emas edi. Chunki, davlat borki – tashqi siyosatda albatta o'z manfaatini birlamchi qo'yadi. Turkiya ham istisno emas. Shu sabab bu mamlakatlar bilan aloqalar bog'landi. Turkiya birinchi bo'lib ushbu respublikalar suverenitetini tan oldi. Turkiyaning demokratiya, bozor iqtisodiyoti, ko'p partiyaviylik borasidagi tajribasi Markaziy Osiyo republikalarining ham e'tiborini torgan edi.

90-yillar boshida poytaxti Olma-ota bo'lgan Turkiston islom respublikasini barpo etish haqidagi rejalar ham ko'tarilgan. Ba'zan, hatto, Turkiya davlati tashqi siyosatida musulmon davlatlar bilan diniy munosabatlar aralashib ketar edi. Turkiya hukumatining turk bo'lmagan musulmonlarni Turkiyadagi islomiy harakatlar doirasiga tortishga xayrixohligi ham sezilib turgan. Tashqi siyosatda haqiqiy ma'noda diniy va milliy ustuvorliklar raqobati yuzaga kelgan edi. Bu holat Turkiya davlati rahbariyatida ro'y berib turgan tez-tez o'zgarishlarda ayniqsa ko'zga tashlanar edi. Turklarning ta'biri bilan aytganda, Turkiya hukumati qila olmagan ishlarni “Nurchilik” deb atalgan mazkur diniy harakat qilayotgan edi. U haqiqiy ma'noda “davlat ichidagi davlat”ga aylangan edi.

1999-yilda Anqara Davlat xavfsizlik Mahkamasi “Nurchilar” yetakchisi Fatxulla Gulenni Jinoyat kodeksining 312- va 313-moddalari bilan “dunyoviylik printsiplarini buzishga intilish” bilan ayblagan. Shu yili Gulen AQShga “da'volanish uchun” chiqib ketganicha hali-hamon Vataniga qaytganicha yo'q.


Download 1.97 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   12   13   14   15   16   17   18   19   ...   95




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling